Alisherning dunyoga kelishi

Muhammad Ali,

O'zbekiston xalq yozuvchisi

 

Alisherning dunyoga kelishi

(“Mangu quyosh” tarixiy romanidan parcha)

 

Zabardast adib, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali o'z ijodida Vatan tarixini, xalqimizning ulug' farzandlari hayotini chuqur tahlil qilgan betakror asarlari bilan yurtdoshlarimizga yaxshi tanish. U Spitamen, Kleopatra, Amir Temur, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab, Dukchi Eshon va sarbador bobolarimiz haqidagi asl tarixiy haqiqatlarni yuzaga chiqarish yo'lida tinimsiz izlanadi va bu ezgu yo'lda katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Misol tariqasida hozirgacha to'rt marta nashr qilingan to'rt tomli “Ulug' saltanat” roman-epopeyasini eslash kifoyadir.  

Yaqinda sevimli adib Alisher Navoiy va Sulton Husayn Mirzo do'stligiga bag'ish­langan yangi “Mangu quyosh” tarixiy romanini yozib tugatdi. Quyida mushtariylarimiz e'tiboriga ana shu romandan parcha havola etildi.

“Mangu quyosh” tarixiy romani to'laligicha “Sharq yulduzi” jurnalida e'lon qilinmoqda.

 

Peshin mahali   Navoiyga dorussaltana Hirotdan chopar borligini, podsho Sulton Husayn Mirzo farmonini olib kelganini bildirdilar. Shuningdek, ul zot maktub ham jo'natibdurlar, undagi so'zlar musofirlik damlarini boshdan kechirayotgan faqiru haqir shoir qaddini sarbaland qilib qo'ydi…

Navoiy farmonni o'qib, favqulodda quvonib ketdi! Xuroson podshosi o'g'li Badiuzzamon Mirzoni saroyga chorlamakda ekanlar!

Farmondan ko'ngli taskin topgan Navoiy   Amir Boboalini yoniga olib Badiuzzamon Mirzo uyiga tashrif buyurdi. Ota bilan o'g'ilni bir-biriga do'st aylash, oradagi gina-kuduratlarni yo'qotish – uning doimiy maqsadi! Shunda yurtga tinchlik inadi, el-xalq xotirjam yashaydi.

Shahzoda shahar shimolida, yangi qurilgan masjid ko'chasida turardi. Hovlibog' kenggina, o'rtada shinam yashnagan gulzor ko'zga tashlanadi.

Badiuzzamon Mirzo nozik mehmonlar tashrifini kutmagandi, shoshib qoldi, darhol devorlariga eron gilamlari osilgan, to'kin das­turxon yoziqliq muhtasham mehmonxonaga bosh­ladi. Joylashdilar. Navoiy gulobdan bosh­­qa hech narsaga qo'l tekkizmadi, Boboali u-bu tanovul qilgan bo'ldi.

– Muborakbod etamen, shahzodam! – dedi Navoiy mamnuniyat ila. – Podsho otangizdan farmon kelibdur. Ul zot, o'g'lim Badiuzzamon Mirzo nabiram Mo'min Mirzoni olib saroyga yetib kelsun, sog'inib qoldik, deb yozibdurlar… Tavfiq rafiq bo'lsin, omin.

Shahzoda yerga qaradi.

U Navoiyga bildirmay ichida otasidan o'pka qilib yurar, shuncha vaqt o'tsa ham padari buzrukvorim bizga biron-bir   yurtni yo mansabni inoyat aylamadilar, nazar etmadilar, derdi. Hatto podsho Mo'min Mirzoning beshik to'yida ham Xoqoni mansur og'zini poyladi. Ammo bu haqda biron so'z eshitmadi.

Uning ustiga, Badiuzzamon Mirzoning sulton otasiga nafrati pasaymagan, volidai zorining saroydan quvilishi alami yuragiga tosh­day botgan, bitmas yaraga aylanib madda boylab yotardi. Bir tomondan onasining ko'ng­­li eziladi, ikkinchi tarafdan otasi o'ksinadi… Bu yoqda – otasi, u yoqda – onasi… Ne yo'l tutsun, bechora shahzoda? Qayoqqa qayrilsa ham uning sha'niga og'ir isnoddur…

Badiuzzamon Mirzoning ichi zardobga to'lgandi, ammo sirtga chiqarmadi va dedi:

– Shundaymi?.. Xayriyatki, bizning peshonamizga ham oftob shu'lasi tegibdur…

Navoiy uning ko'nglida kechgan o'ylarni yaqqol ko'rib turardi. Shahzoda bundan hayron qoldi:

– Ota mehribonchilik ayon etib turg'onda farzand peshona, taqdir va hokazo borasida gap so'qmasdan, qo'lini ko'ksiga qo'yib:   “Qulluq!” demagi vojibdur… –   yumshoqroq dedi Navoiy.

Hazratni ranjitib qo'yishdan cho'chib ketgan shahzoda darhol o'zini o'ngladi:

– Yo'q, yo'q!.. Albatta, bu o'zlarining sa'y­harakatlari mevasidur, Hazratim! O'zlaridan minnatdormen!

– Zinhor, shahzodam! Bu so'zlarg'a e'tirozim bor! Kamina hali Siz haqingizda og'iz ochib ulgurmag'ondim. Bari faqat Sultoni G'oziyning dilidan chiqqan pok niyatlar! Ma'zur tutadurlar…

Shahzoda Navoiyning biroz kuyunganini his etdi va vaziyatni o'nglashga kirishdi:

– Uzrimni qabul etsunlar! Men yoshligimga boribmen. Siz Haqsiz, Hazratim! Padari buzrukvorimizdan minnatdormen, shubhasiz…

– O'zlari bag'oyat aqlli shahzodadurlar, saltanat bog'ining oldingi guli. Aqlli kishi taqdirga gina saqlamaydur… Ayniqsa, sizdek oqil insonning behudaga kuyunmagi afsuslanarli hol… O'g'li-yu nabirasini sog'insalar, nur ustiga nur-ku! Darvoqe… biz ham nabiramizni ko'rgimiz kelib qoldi-da… Navoiy gapni boshqa yoqqa burishga urindi. – Ko'rishib ham qo'yaylik… Lekin aytayki, Mo'min Mirzoni juda ardoqlaymen. Ha, ha, sizni qanday hurmat etsam, uni ham shu maqomda ko'ramen! Yuragimning to'ridadursiz! Shoh G'oziyga ham aytamen, xursand bo'lurlar! Jillaqursa, tarix aytadur hali!

– Qulluq, qulluq, Hazratim! – dedi Badiuzzamon Mirzo ko'ngli favqulodda iyib. – Xudoning suygan bandalaridan ekanimga imon keltirdim! Chunki kaminani sizday avliyo zotga shogird etib qo'ydi! Ollohga shukr!

Shahzoda o'rnidan turib Hazrat to'ni peshini uch bor o'pib, ko'zlariga surtdi.

– Nabiramizni ko'rishni istab qoldik, dedilar, Hazrat… Chaqaloqli uyga farishta kirmas ekan, pokiza uyga kirmagimga hojat yo'q, dermish-da… – so'zga qo'shildi Amir Boboali.

Hozir, hozir… – dedi shahzoda chehrasi yorishib, ichkariga yo'nalarkan. – Enaga! Ho, enaga!.. Hozir Mo'min Mirzo chiqib, o'zlarini ziyorat qiladur, Hazratim…

Birozdan keyin u oq ipak choyshabdagi olti oylik chaqaloqni ohista qo'lida ko'tarib chiqdi.

Bu Mo'min Mirzo edi.

Navoiy taraddudlandi:

– Subhonollo! E-e… Kelsinlar! Kelsinlar-chi… Qani…

Navoiy chaqaloqni suyub qo'liga oldi. Chaqaloq shirin uxlardi. “U hozir tushida jannatda yuribdi!.. – dedi ichida Navoiy go'dakka favqulodda mehri jo'shib boqarkan. – Olam kirdikorlaridan, qabohatlaridan mutloq yiroqda… Mushtdekkina pokiza xilqat… Inshoolloh, u   to'ng'ich nabira, Shavkatli Temuriylar saltanatining davomchisi erur!..”

Navoiy go'dakka tikilib birdan ko'ngli bo'shashib ketdi… Go'yo bezavol saltanat alomatlari uning go'zal yuzlarida tovlanar, ulug'lik nurlari dillar puchmoqlarini yoritardi, Hazrat nazarida…

Badiuzzamon Mirzo Hazratni kuzatarkan, ichki shuur bilan ul zotda qandaydir evrilish­lar yuz berayotganini payqadi. Chindan ham, shoir murg'akkinadan ko'z olmasdi, unga shu jimitgina chaqaloq, chaqaloq emas, subhonollo, balki olam, mavjudot, borliq, tabiat, tirik jonning bir uzvi sifat tuyuldi va… o'zini esa, ajabki, uning o'rnida bamisli shu chaqaloq kabi his qildi! Chaqaloqligi ko'z o'ngida jonlana boshladi…

Shu palla Navoiy tafakkuri bag'oyat tiniq, xayoli bir lahzada olamni kezib chiqishga qodir darajada uchqur va chopog'on ekanini sezdi! Negadir o'zini o'zi idora etolmagan holga tushdi, jazaba yuz berdi shekilli, xayollari tezlashib kechmishga qarab yeldi…

Bir paytlar rahmatli onasi Gulbegim gapirib bergan, keyinchalik zuhro peshonali enagasi Munajjima momo takror-takror so'ylaganidan yod bo'lib ketgan voqealar birdan quyulib keldi va atrofini o'rab oldi, barini Alisher durri gavharday yuragida saqlardi… Hali hech kimga aytmag'on… Xotiralar qaynoq, o'chmas edi. Barini eslash shartmidi, dedi-yu, ammo eslamaslikning ham ilojini topolmadi…

…Xoqoni said Shohrux Mirzo zamonlari. Podsho a'yonlaridan biri Amir G'iyosiddin Kichkina o'zining jufti haloli Gulbegim bilan Hirotda yashashar edi.

…Gulbegim o'sha kuni ertalabdanoq negadir zil-zambilday boshqacha bo'lib yurdi, hech o'ziga o'xshamas, qo'l-oyoqlari ham xuddi birovnikiday tuyulardi. Joyga cho'zilish istagi hol-joniga qo'ymas, qani endi bir rohatlanib boshini yostiqqa qo'ysa…

Lekin uning yonidan jilmagan enaga Munajjima momo: “Hay, bola   kattarib ketadi, bekajonim!” — deya vahima qilar, qo'yarda qo'ymay kezishga boqqa olib chiqardi. Momo hammasini hisoblab qo'ygan, soat-soniyasi qachonligini bilmaydi-yu, u Xudoga ayon, lekin kunini aniq ayta oladi – bekasi xuddi shu bugun ko'z yorisa ehtimol…

Munajjima momo asli andijonlik, taqdir taqozosi bilan Hirotga kelin bo'lib tushgan qiz edi, boyi1 – Shohrux Mirzo lashkarboshisi, Ozarbayjon yurishida halok bo'lgandi. O'shandan beri   G'iyosiddin Kichkina xonadonida enagalik vazifasini ado etardi. Munajjima momo favqulodda xushsurat ayol edi, odobli, muloyim tabiatli, tutumi so'ziday chiroyli. Gulbegim yonida bamisli onaizorday parvona bo'lar, tin bilmaydi.

Kobullik Shayx Abu Said Bekning qizi Gulbegim Sohibqiron Amir Temurning volidai g'amguzori Tegina Xotunni ardoqlab eslashni xush ko'rar, unga havas qilardi. Tegina Xotun ham buxorolik shayxning qizi edi. Temurbekning avlodlari, amirzodalar xonadonlarida, har xil yig'in, to'y-to'ychiqlarda ayollar, xotin-qizlar orasida   doim Sohibqiron xonadoniga mansub malikalar, ayollar, xususan, Tegina Xotun, Bibixonim, Tuman oqa, Xonzoda xonim, Gavharshod begim va boshqa xonimlar haqida gurunglar qizg'in kechar, xotiralar   sahifalari varaqlanardi. Gulbegim malikalar haqida enaga Munajjima momoga ko'p bor hikoyalar so'ylab bergan.

Muborak ramazon oyining o'n yettinchi kuni qoq yarim kechasi Gulbegimni ilk marta rasmana to'lg'oq tutdi…

– Xayriyat! Xayriyat! Bu yaxshi xabar! Xudoning o'zi madadkor, bekam! – tinchlantirdi enaga Munajjima momo. – Ilohi, Bibi Seshanbaning o'zi qo'llasun!

To'lg'oq tobora kuchayib borardi. “Bolajonim tug'ilishni istamayotirmu… Gunohkor yerga oyoq qo'yishni xohlamayotirmu… Olloh o'zing yo'l bergil, yumushimizni oson etgil!..” – iztirobga cho'mdi ona ming bir xil andishada. Enaga Munajjima momo uni chalg'itish, sabr­-toqat tilash bilan ovora. Ota-bobolardan meros to'lg'oqning o'ziga xos rasm-rusumlari borligini, ularni ado etish ayolning burchi ekanini qayta-qayta uqtiradi:

– Gunohga qolib yurmangiz tag'in! Axir Hasan-Husan o'g'illarini dunyoga keltirishda Bibi Fotima onamiz roziyallohu anhoning chekkan iztiroblarini eslangiz, bekajonim! – dedi enaga. – Biz ayollarga bunday azoblar parvardigor tomonidan azaldan belgilab qo'­yilg'on-da!

Bularni eshitgach, bechora ona o'ziga sabr tilashda davom etadi.

Tong qorong'isiga borganda birdan tabiat junbushga keldi.   Momoqaldiroq ovozi olamni tutdi, har yoqdan qars–qurs, olata'sir guldirak sadolari eshitilardi. Enaga ilg'adi: ulkan bir yashin Hirot uzra Musallo minoralari ustidan uchib o'tib, Gozurgoh yoqlarda   yaraqlab yolqin tashladi!   Chaqmoq ikkinchi bor o'zining bukilmas qilichini yerga urganda sachragan shu'lalardan borliq yorishib ketdi! Kutilmaganda parvardigor obi rahmatini yog'dirdi – shovullab yomg'ir yog'a boshladi!

Besh oylik yukli ekanida shayx padari buz­rukvorining aytgan ushbu bashoratomuz so'zlari Gulbegim esiga tushdi: “Ey, mening guldan pok ojizam, dono qizim! – degan edi shayx. – Barhaq olam egasi, barcha toshu tog', dala-vodiylar, mamlakatlar, podshohliklar, Yeru osmonning mutlaq hukmdori, kabiru zuljalol, jabboru g'affor Qudratning donolardan dono hikmati shuni taqozo etadurki, har necha zamonda bir marta   tug'ilish ufqidan sohibjamol xulqli, yaraqlagan nuridan olamlarni yog'duga burkaydurg'on, insoniyat qalbini munavvar aylaydurg'on bir quyosh yuz ko'rgizadur. Alalxusus, martabasi ulug' xoqon, dunyo va din tayanchi Shohrux Mirzo saltanati zamonida, izzatu iqbol chamanida orzu-umidlari hech qaerga sig'mas bir nihol unib chiqsa, martaba va buyuklik osmonida so'nmas bir quyosh porlasa ne ajab?.. Ne qilsa O'zi qilur!..” Boboning niyati ana shunday   edi.

…Birdan   bir marta “Inga-a-a!..” ovozi eshitildi!

Ovoz chaqmoqlar shovqinini bosib ketdi Gulbegim nazarida…

– O'g'il, bekam! O'g'i-i-il!! – quvonchi ichiga sig'may qichqirdi yig'lamsiragan Munajjima momo kalovlanib. – Xudoyim o'g'il ato qildi-i-i!!.

Gulbegim chaqaloqqa bir boqishga o'zida kuch topa oldi. Qaradi. Ajabo, kim u?.. Chaqaloq emas, bir farishta dunyoga kelgandi, farishta! Chaqaloq, yo'q, onaning yonida falakdan tushgan farishta yotardi! Undan qandaydir ilohiy nur taralib turardi! Onani qo'rquv hissi chulg'adi va hushidan ketganini bilmay qoldi…

U farishta – Alisher edi.

Munajjima momo: “Qo'rqmang, bekam! Qo'rqmang!” – deya,   ohista ona yuzlariga shakarrez suv sepib, boshlarini silay boshladi. Har silaganda: “O'zim o'rgilay!.. O'zim…”– deb hapqirardi.

Beshak-shubha¸ shu kuni osmonlarda falak kotibi o'zining xos daftarida farishtalarni mamnun etib, sidqu   ixlos ila   bu ismni qayd qilib qo'ydi. Farishtalar o'z saflariga kim qo'shilganini, rahnamolari kelganini bildilarmu ekan, yo'qmi?..

Alisher hijriy-qamariy solnomaning tovuq yilida, sakkiz yuz qirq to'rtinchi yil ramazon oyining o'n yettinchisida2 yo'qlik olamidan borliq dunyosiga qadam qo'ydi.

Tovuq yili amir oilasi uchun serbaraka keldi. Uzoq kutilgan o'g'il – Alisher tug'ilganda otasi G'iyosiddin Kichkina va go'zal chehrali onasi Gulbegim   parvardigorga shukrona aytib, to'y marosimini boshlab yubordilar, nazr va sadaqalarning yuziga qaramadilar, hamma narsani mo'l-ko'l qildilar. Qanchalar kutishdi-ya bu kunlarni! Ularning ko'chasida ham oftob chiqdi.

G'iyosiddin Kichkina kulib dedi:

– Bir narsaga hayratdadurmen: bek o'g'lim mohi ramazonning o'n yettinchisida dunyoga ko'z ochdi, bekam!

– Voy o'lmasam! – deb yubordi Gulbegim…

– Nima bo'ldi, bekam? – so'radi tashvishlanib G'iyosiddin Kichkina.

– Axir payg'ambar sallalohi vasallamga   vahiy kelishi va Qur'oni karimning tushirilishi ham xuddi shu kuni yuz berg'on-da, muhtaram amirim! – dedi hayajonda baxtiyor ona…

– Ana shuni aytmoqchiydim-da. To'g'ri ayt­dilar, bekam! Bu juda xosiyatli kun! Esingizdamu, axir Badr jangi ham xuddi shu kuni ro'y berg'on. “Badr jangida kuchingiz oz ersa ham, Olloh sizlarni g'olib qildi-ku!” – oyati nozil bo'lgandi o'shanda. Tarixchilarning aytishlaricha, qadr kechasi ham mohi ramazonning o'n yettinchisida yuz berar ekan. Men sizga aytsam, go'dagimizning o'zida ham xosiyat bor, faqat uni anglamoqdan bizlar ojizdurbiz… Uning qutlug' chehrasi va baxtli manglayiga qarab,   tole shu'lasini ko'rgandaymen, ilohi…

– Rost aytasiz, menga ham shunday tuyuladur… Voy o'lmasam!.. – deb yubordi yana Gulbegim…

–   Tinchlikmi, bekam?

– Qarasam… to'yimiz ham xuddi shu kuni o'tg'on ekan, muhtaram amirim!..

– Yo'g'-e!.. Yo rabbiy!..

Ikkisi ham bundan bag'oyat taajjubga tushdilar. Alisherning tug'ilishi turfa sirlarga to'la edi.

Shavharining3 tikilib turganini ko'rgan Gulbegim uyalgancha yerga tikildi va darhol mavzuni o'zgartirdi:

– Chaqaloq tug'ilganda   qattiq yig'laydi, deb eshitg'ondim, amirim… O'g'limiz faqat bir marta “inga-a…” dedi xolos…

Tetik chaqaloq xuddi bu gaplarni tushunganday oyoqchalarini o'ynatib, nozik lablarini cho'chchaytirib   jilmayishga harakat qilardi.

Chaqaloq on sayin o'sardi. Parvonadek girdikapalak ota-onasi buni har lahzada sezishardi. Yigirmanchi kuni ko'p mehmonlar kelishdi, katta beshik to'yi boshlandi. Turfa sovg'a-salomlarni qo'ymoqqa joy topilmay qoldi. Kayvoni ayollar va enagalar chaqaloqni silab-siypashib, aylanib-o'rgilishib, tilak-­duolar bildirishib naqshinkor beshikka beladilar, beshik esa kimni olib yotganini sezganday mamnun tebranar, bir lahza to'xtamasdi.

Gulbegim bilan enaga irimiga, baxmaldan yo'rgak bichtirishdi, kimxobdan qovuz tiktirishdi, suv o'rniga bol ichirishdi… Ilk bor alla aytganida Amir G'iyosiddin Kichkina dunyo­­ga sig'mas darajada quvonib ketdi! Axir uning xonadonida birinchi marta sehrli alla ohang­lari yangradi-da!

Ikki yoshga kirganda Alisherning musichaday ilk guvranishlarida qandaydir ma'nolarni uqish mumkin bo'lib qoldi. Buni hammadan oldin Munajjima momo ilg'adi. U doim chaqaloq atrofida parvona edi. Chaqaloqqa xuddi o'zi tuqqanday kuyunib qarardi. “Bolam gapir­yapti, bolam gapiryapti!” – suyunchiladi u bir kuni Gulbegimga… Ona xursandchilikdan o'zini yo'qotib qo'yayozdi.

Shundan keyin bolani gapga soladigan odat chiqardilar.

Alisherning favqulodda gapirib yuborgan, ilhom nishonalari ko'rinib turgan kutilmagan so'zlari   kishini o'ylantirib qo'yar, hayratlarga chulg'ardi. Ilmu hikmat oyati uning manglayiga yozilgani ayon. Go'yoki, “Unga go'daklik chog'idayoq hikmat(va ilm) ato etduk”4 oyati, astag'furilloh, Alisher uchun nozil bo'lganday tuyulardi padari buzrukvori nazarida.

G'iyosiddin Kichkina o'g'liga qarab, Gulbegimga dedi:

– Pirimiz Shayx Tobadgoniy dedilarki, bola sekin-asta o'sib mutafakkirlikka yetishadi, axir qamish ham sekinlik bilan qandga aylanadi-ku…

– Aytg'oningiz kelsun… – deydi   onaning ko'ng­­li iyib.

G'aroyibi shu ediki, bolani hamma talashib tomosha qilardi. Kimdir suyub boshini silab qo'yar, kimdir joniqib tiyrak ko'zlariga tikilar, juda yoqimli bola ekanmi, bunaqa shirin bolani hali ko'rmag'ondim, der, qariyalar esa ardoqlab,   ilohi ko'z tegmasun, bahodir, um­ringni bersun, deya manglayidan o'pib qo'­yishardi. Munajjima momo esa bolani bosh­qalardan qizg'anar, ichida: “Namuncha?.. Bola ko'rishmaganmi? Bolajonimni charchatib qo'­yishmasin-da, ishqilib…” – deya kuyinardi.

Hirotlik nufuzli duoxon momolardan biri Gulbegimga, bunday bolalar ta'bi juda nozik keladi, ins-jinsdan asrash uchun unga tumor taqib qo'yinglar, deb tayinladi. Enaga   duoxonga borib chiroyli zarhal   tumor qildirib keldi. Tumorni Alisherning bo'yniga taqib qo'ydilar.

Sulton Husayn Mirzoning otasi, salobati Amir Temurga tortadigan, qo'llari uzun G'iyosiddin Mansur Mirzo Alisherni o'z o'g'liday ko'rar, uni Temuriy o'g'lon, derdi. Faqat u-mas, xotini Feruza begim,   uchragan ayolu erkak, bosh­­qa xeshu aqrabolar ham shu go'dakkinadan yaxshi so'zlarini ayashmas, suyub   boqqanlarida har birining   ko'zidan mehribonlik nurlari   yog'ilar, bolakayning qandaydir hech nimaga o'xshamaydigan jozibasi borligidan hayratga tushishardi.

Hashamatli amir G'iyosiddin Kichkinaning mukarram va aziz obo-ajdodlari qadim zamonlardan beri Umarshayx Mirzo bahodir ibn Amir Temur Ko'ragon xonadonining ichkilari qatoridan joy olgandilar, taqdir e'zoz qalami bilan ko'kaldoshlik baxti naqshini ularning ko'ngil lavhlariga bitib qo'ygandi.

– Xudo bizga boylik, xazina, suyanch bo'ladurg'on tog' ato etibdur, bahodir! Bolangning ko'zlari charaqlab turg'onini ko'rdingmu? – boqib zavqlanardi G'iyosiddin Mansur Mirzo.

– Ko'rdim, sultonim, ko'rdim…

G'iyosiddin Kichkinaning   yuragi bir qalqidi-yu tasdiq ma'nosida bosh tebratdi. Beixtiyor o'ta mehr va iltifot bilan chaqaloqqa qaradi. Bu – uning birinchi farzandi! Eh-he… o'g'lini kuta-kuta uning ham, Gulbegimning ham ko'zlari to'rt bo'ldi-ya! Uyga kiradilar… tashqariga chiqadilar. Yana-yana… Ammo shamsiz, parvonaning o'zi bilan   uy yorishganini birov ko'rganmi?.. Nahotki, barhaq egam, bizga farzand ato etmasa, Ollohning oldida ne gunoh qilgan ekanmiz, degan o'y necha yillar ularga tinchlik bermas, oila qurganlariga ham yigirma yildan oshib borardi.

– Bolaning nasl-nasabi tozaligi chehrasidagi nurdan ko'rinib turadur, bahodir… – faylasufona dedi yana G'iyosiddin Mansur Mirzo G'iyosiddin Kichkinaga. – O'zing bilasen, uch yil burun o'g'lim Sulton Husayn tug'ilg'onda unga bobosi Sulton Husayn Mirzo ismini qo'yg'onmen, chunki onasi shuni tiladi. Haq tao­­lo endi Alisherni berib, Sulton Husaynga do'st va o'rtoq ato etdi! Xudo xohlasa, farzandlarimiz zo'r insonlar bo'lishadi. Olam donolarga, kamoliga yetgan aqllarga hamisha muhtojdir…

Bahodir oqibatli va mehribon   ko'kaldoshining yorqin tilaklaridan quvondi. Ular ikkisi yaqin sirdosh do'st edilar. Esida, Sulton Husayn dunyoga ko'z ochganini eshitganda G'iyosiddin Kichkinani kuchli hayajon chulg'adi, shitob odamlardan xoli joyga yugurib ketdi. O'shanda menga ham o'g'il ato et, deya yolvorib, osmonga boqib,   Ollohga iltijolar aylab, o'ksib-o'ksib yig'ladi.

Alisherning uch yarim yoshlarda she'rlar yodlay boshlagani barchani hayratga soldi.   U she'rlarni shunday   muloyim tarzda so'zlarni dona-dona qilib   o'qir ediki, ovozi xuddi jannat qushlarining ovoziday jaranglardi. Ota-­onasi bunday fazilat o'g'illarida qaerdan   kelganini bilmasdilar. Faqat o'z bag'rida o'stirgan, yaproqlar orasida qip-qizil bo'lib pishib osilib turgan oltinday mevasiga hayronu lol qarab qolgan daraxtlarday, bir-birlariga boqib: “Xudoning o'zi asrasun!” deyishardi xolos.

Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoga juma namozi kuni masjidda bir nobakor, nopokning pichoq urgani voqeasidan keyin bir oylar o'tgach, G'iyosiddin Kichkina xonadonida mehmonlar to'plandilar, hammaning og'zida o'sha xunuk hodisa aylanardi. G'iyosiddin Mansur Mirzo, Alisherning mehribon tog'alari – aka-uka shoirlar Mir Sayid Kobuliy va Muhammad Ali G'aribiylar, qarindosh-urug'lar davra qurishgan. Yetti yashar Sulton Husayn Mirzo ham shu yerda, ular Alisher bilan bir-biridan ajralmas, inoqliklari tobora ortib borardi.

– Amirzodalar she'rlar o'qib berishsun! – dedi G'iyosiddin Mansur Mirzo. U bolalarning shirin tilda so'zlashlarini, she'r o'qishlarini joni-dilida ko'rardi.

Etti yashar Sulton Husayn Mirzo o'rtaga chiqdi. Qaysi she'rni o'qisam ekan, degancha o'ylanib atrofga jovdirab qaradi. U ancha–muncha g'azallarni yod bilardi. Keyin shu pallalar Hirotda yoyilib ketgan Mavlono Lutfiyning bir baytini aytishni lozim topdi:

Sensen sevarim, xohi inon, xohi inonma,

Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma!

Olqishlar yangradi.

– Mavlono Lutfiy! Ofarin senga! – maqtab qo'ydi o'g'lini G'iyosiddin Mansur Mirzo.

– Tasanno! – olqishladi Kobuliy.

Navbat Alisherga keldi. U dadil chiqib o'rtog'i Sulton Husayn Mirzo yonida qad rostladi va forsiyda ravon she'r o'qib ketdi:

Rindemu oshiqemu jahonso'zu joma chok,

Bo davlati g'ami tu zi fikri

                                                           jahon   chi bok?5

– O, O, O!.. – deb yubordi G'iyosiddin Mansur Mirzo…

– Amir Qosim Anvor! – xitob qildi G'aribiy. – Rind shoir!

G'aribiyning fikricha, Hirotda yashab o'tgan, asli ozarbayjonlik mashhur so'fiy va faylasuf Shayx Qosim Anvorning bu bayti Alisherning umrida yodlagan birinchi she'ri edi! Uning ustiga, shunday mo''tabar davrada ilk bor o'qib turibdi.

Qosim Anvorning rutbasi shoirlik darajasini ortda qoldirgan, katta obro'ga ega edi. Shayxning purmazmun va fayzli g'azal-masnaviylari karim ul-xulq ozodalar, azim ush-sha'n shahzodalar, amirzodalar davralarida, ya'ni hur, ozod fikrli, xushchaqchaq kishilar orasida katta e'tibor qozongandi, ularni izlab yurib topishar, darhol ko'chirib olishib bir-birlariga ulashishardi. Otashnok nafasli shayxning nazmiga el   chindan ham moyil edi.

G'iyosiddin Mansur Mirzoga Sulton Husayn Mirzoning ravon she'r o'qishi juda yoqdi. To'rt yashar Alisherning Qosim Anvorday ulkan shoir she'rini qiynalmay yodlab olganini, uning so'fiyona falsafiy mazmunini chuqur ang­laganini ko'rib hayratdan yoqa tutdi, darhol o'rnidan turib bolalarni o'z quchog'iga oldi, hech birini ayri ko'rmay ardoqladi, mehr bilan bag'riga bosib, peshonalaridan suyub o'pib qo'ydi:

– Xudo xohlasa, bu yigitlar ikki baquvvat qanotim bo'lurlar! O'sib kamolga yetingiz, o'g'illarim! Kamolga yetingiz!.. – jo'shib dedi yurakdan.

– Ahsanu ahsan! – qichqirdi shoir Kobuliy.

– Ofarin! – qo'shildi unga G'aribiy. Tog'alar mushtdekkina jiyan bilan sidqidildan faxrlanar, undan g'ururlanardilar.

Maqtovlar olqishlarga ulanib ketdi.

Hamma duoga qo'l ochdi.

Alisherning tog'alari Kobuliy va G'aribiylar sekin bir-birlariga qarab: “Ko'rdingizmu?” deganday, ma'noli   bosh tebratib qo'ydilar…   Axir, ular taniqli shoirlar bo'la turib ba'zan anglashlari mushkul sehrli she'riyat jilovini jiyanlari Alisher hozirdanoq qo'lga kiritibdur!

– “Rind” so'zining ma'nosini ilg'ay olg'onmikin, jiyanimiz? –   so'radi yaxshi tab'i bor Kobuliy ukasidan sekin. –   Rind nimaligini bilarmikin? Yosh bola…

– Ilg'ag'on, biladur! – komil ishonch ila javob qildi akasiga xushsuhbat, xushxulq, xushtab' dardmand yigit G'aribiy. U sozlarni yaxshi chalardi. Uni va uslubi xo'b erdi. Musiqiy ilmidan xabardor, ayni paytda husni xat sohibi sifatida tanilgandi.

– Ilg'ag'on u, bag'oyat aqlli, og'a! Ilg'amasa, yodlamaydur. “Rind” so'zi barcha boylik, lavozim, zohiriy iltifotu mulozamatlardan yuz o'girib, olam va basharning eng yuksalgan maqomiga chiqqanida ham o'zini ozod sezuvchi hur fikr­­li insonni anglatur…

Kobuliy G'aribiyga tushundim, deganday bosh irg'ab qo'ydi.

G'iyosiddin Kichkina hamisha o'g'lining g'ayrioddiy harakatlarini ko'raverib o'rganib ketganidan indamay qarab turardi. Gulbegim esa o'g'liga boqar, “G'aroyib o'g'lim bor-da!.. Ilohi, umrini uzoq qilgin!” – der, ko'zlaridagi lim-lim yosh yuzlarini yuvarkan, ham qo'rqar, ham quvonardi…

 

1Boy – bu yerda turmush o'rtog'i.

2Milodiy 1441 yil 9 fevral.

3Shavhar (fors.) – turmush o'rtog'i, yostiqdosh.

4Qur'oni karim. Maryam surasi, 12–oyat

5Rinddurmenu oshiqdurmen,

                                        kuygan yoqavayron kas,

G'aming bilan oboddurmen,

                                kim ne der – pisand ermas.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + nineteen =