Donishmandlik fasli

Iqtidorli adib Ismat Ko'chiyev ijodiga bir nazar

 

Yoshi ellikdan oshgan odamni kitob bilan hayratlantirish qiyin – hayotiy tajriba bizlarni beixtiyor shubhagarga aylantiradi: biror odamni maqtashda shoshilmaysan hamda adabiyot olamida mo''jizalar ro'y berishiga kamdan-kam ishonasan. Bu davrda hayotning har bir daqiqasi g'animat hisoblanadi, uni navbatdagi bema'ni kitobni o'qishga sarflashni istamaysan. Ammo ba'zan avval tanish bo'lmagan bir muallifning kitobini ochar ekansan, muallifning boy hayotiy tajribasi va donishmandligi, qahramonlarining halolligi va mardligi, o'tkir tafakkuri va nazokatli ekani, qolaversa, shu kitob o'zing uchun tamomila yangi va qiziqarli nimanidir bilish yoki azaldan senga ma'lum haqiqatni yangi nuqtai nazardan anglashga ko'maklashishiga ishonsang, quvonib ketasan kishi.

Yozuvchi Ismat Ko'chiyevning ijodi bilan tanishuvim 2019 yilda, uning Minskdagi “Alfa-kniga” nashriyotida chop qilingan “General-gubernator. Do's­tim haqida qissa” asarini o'qishdan boshlangan. Bu kitob mening qo'limga tasodifan tushib qoldi. Kitobni ochdim va dastlabki sahifasida quyidagi samimiy va haqqoniy jumlalarni o'qiganim hamona unga qanday sho'ng'ib ketganimni bilmay qoldim:

“Kitobini nomladimu to'xtab qoldim. O'yga cho'mdim…

Do'st degan yuksak nomga da'vo qilish huquqiga mutlaqo ega bo'lmagan odamlarni, afsuski, ko'pincha “do'stim” deymiz! Xususan, tanish-bilishlar, qo'ni-qo'shnilar, xizmatdoshlarni… Ular o'zlari uchun foydali pallalarda yoningizda paydo bo'ladi; yutuqlaringizdan samimiy quvonmaydi; kutilmaganda boshingizga biron ko'rgulik tushadigan bo'lsa, yordamga kelishi ham dargumon. Ruhan yaqin, istalgan vaqtda yelkasini tutadigan, salkam tug'ishgan birodaringday va hatto o'z birodaringdan ham yaqin odam bilan insoniy muomala baxtini hech qachon his qilmagan kimsalarga har doim achinaman”.

Xotiralar Ismat Ko'chiyevning talqinida muayyan bosh qahramonga ega badiiy nasr tusini oladi va uning qimmati faqat rossiyalik taniqli davlat va siyosat arbobi Georgiy Sergeevich Poltavchenkoga bag'ishlanganida emas, balki birinchi galda uzoq unutilishdan keyin muallif do'stlik mavzusini adabiyotga qaytarganidadir. Darvoqe, bu vazifa dabdababozlikdan holi ravishda uddalangan, kitobdagi voqealar sodda va ishonarli bayon qilingan.

“Do'stim haqida qissa” asarini o'qiganimdan keyin muallifga tabiiy qiziqish uyg'ondi. Qator savollar paydo bo'ldi, ularga javob qidira boshladim. Millati o'zbek bo'lgan muallif rus tilida ravon asar yaratgan, bu borada hatto tarjimonning qisman xizmatiga ham muhtoj bo'lmagan hamda o'z asarini Belorusdagi nashriyotda nashr qildirgan. Mana shu holatning o'ziyoq odamni ma'lum ma'noda hayratga soladi. Yana ham diqqatga sazovor jihati shundaki, muallif ancha ulg'aygan paytida (50 yoshdan keyin) ilk asarini yozgan, bundan oldin adib sifatida tanilmagan.

Yozuvchi bilan shaxsan uchrashganimdan keyin barchasi oydinlashdi. Ona Vatanimiz O'zbekistonni jondan ortiq yaxshi ko'radigan Ismat Ko'chiyev shunday odamlar toifasiga mansubki, ular nafaqat milliy, balki umuminsoniy tuyg'ular sohibi bo'lishadi. Rus tilini ona tili kabi qadrlaydigan yoki millatlar­aro muomala tili sifatida e'zozlaydigan bu inson yoshligidayoq tilni puxta o'zlashtirgan edi. Oliy filologiya ta'limini olgan (u Samarqand davlat universitetini tugatgan) I. Ko'chiyev butun umr rus va o'zbek tilida she'rlar yozgan va batafsil kundalik tutgan, o'z mulohazalarini, kechinmalari, hayotida ro'y bergan voqealar va o'zi uchratgan odamlarga oid mulohazalarini yozib borgan. Lekin jiddiy lavozimda xizmat qilishi o'zini adib sifatida ko'rsatishga imkon bermagan. U hozirgi paytda ham qator xorijiy va mahalliy kompaniyalarda maslahatchi lavozimida ishlaydi. Nihoyat, endilikda stolining g'aladonida to'planib qolgan qo'lyozmalarni chiqarishni va kitobxonlar hukmiga havola qilishni lozim deb bilgan. O'zining bag'rikengligi bilan nom qozongan belorus xalqiga alohida mehr bilan qaraydigan yozuvchi shunday qarorga kelgan: uning adib sifatidagi ovozi birinchi galda aynan mana shu makondan yangrashi kerak! Asosan rus tilida ijod qiladigan Ismat Ko'chiyev o'z asarlarini dastlab Minskda nashr qildirdi, mazkur asarlarni Internetga joyladi, natijada rusiyzabon millionlab o'quvchilar ulardan bahramand bo'ldi.

“General-gubernator. Do'stim haqida qissa” kitobi Ismat Ko'chiyevning xorijiy yurtda nashr qilingan yagona kitobi emas. “Hayot yo'lim” – navbatdagi asar hisoblanadi. Xotiranavis Ko'chiyev bilan tanishgan kitobxon shoir Ko'chiyevni ham bilish imkoniyatiga ega bo'ldi. Rus va o'zbek tilida nashr qilingan “Vsyo luchshee v sebya   vmestilo serdse” va “Jannat rayhonlari” – ikkita she'riy to'plam rusiyzabon va o'zbek adabiyotshunoslari tomonidan munosib e'tirof qilindi.

Qadimiy va hamisha navqiron Urgut farzandi Ismat Ko'chiyev birinchi galda otashnafas shoir. Uning she'riyati haqida fikr yuritganda, birinchi galda O'zbekiston xalq shoiri Shukrulloning fikrlari yodga keladi:

“Ismatjonning she'rlarini o'qiganimda sezdimki, bu satrlarning muallifi Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar avlodining vakillaridan bo'lsa kerak. U paytlar hali she'r bir hodisa o'laroq qabul qilinar edi. O'sha lirika, o'sha jonbaxshlik, o'sha mas'umlik, ko'ngli shikastalik va o'ktam bir dard…

Ismatjonning iqtidori tarixdan, ajdodlar merosidan kuch oladi va oshiq bir qalbdan, isyonkor dildan chiqib, nafis bir tilga ko'chadi. Qalbdan chiqqan satrlari qalblarga ham yetadi”.

Darhaqiqat, Ismat Ko'chiyev o'z she'rlarida ona yurtini alohida mehr bilan tarannum etadi. Shoirning vatan vasfiga bag'ishlangan manzumalari nazm­bozlikdan yiroq ekani, latif zarofat bilan yo'g'rilgani e'tiborga molik:

Urgut tog'laridan shamollar keldi,

Ko'nglimga bir   turfa xayollar keldi,

Yodimga qoshlari   hilollar keldi,

Ko'zimga yosh bo'lib   savollar keldi –

Bahor, yana   qaytib kelganing rostmi?!

She'r yozish ham oson, ham qiyin. Osonligi shundaki, so'zlarni vaznga va qofiyaga sola bilgan odam qiynalmay she'r yozaveradi. Qiyinligi esa vazn va qofiyaga solingan fikrlarning hammasi ham she'r bo'lavermaydi. Dastlabki toifaga mansub qalamkashlar biroz istehzo bilan “nazmbozlar” deb ta'riflanadi. Haqiqiy she'r bita oladigan ijodkorlar esa mo''tabar shoirlik maqomiga yuksaladi. Ismat Ko'chiyevning she'rlarini o'qir ekanmiz, shoir degan sharafli nomga munosib ekaniga qayta-qayta ishonch hosil qilamiz. Uning she'rlarida tabiat jonlanadi:

Hatto qirlaridan   tushib qizg'aldoq,

Har kelgan   mehmonga yozar poyondoz.

Daraxtlar beliga   oq belbog' taqib,

Mehru muhabbat-la   chiqadi peshvoz.

 

…Turibman sen tomon tikib ko'zimni,

Shabboda, eslab   qol aytgan so'zimni.

Urgutdan o'chirma   qolgan izimni,

Buloqlar sug'orsin bor ildizimni,

Bahor, yana   qaytib kelganing rostmi?!

Shoirlarning ulug'ligi shundaki, ular o'z vatani va xalqining tarixiga alohida ehtirom bilan munosabatda bo'ladi, o'zlari yashagan, yashayotgan davrning barcha murakkabliklarini dildan his qilib iztirobga tushadi, ayni paytda yurtining obodligi, xalqining farovon hayotini orzu qiladi. Binobarin, ayni shu asno u nainki shoir, balki vatan va xalq taqdirini teran anglaydigan, bu xususda qayg'uradigan Shaxs darajasiga yuksaladi. Shoir qay bir mavzuda she'r yozmasin, tarixni, buyuk ajdodlarni beixtiyor satrlarga joylaydi:

Yassaviyning tal'ati   sensan,

Temur qalbin   shiddati sensan,

Atoiyning hayrati sensan,

Usmon Nosir ham Cho'lpon tilim,

Turon tilim, Turkiston tilim!

Ma'lumki, shoir shunchaki she'r ilmini egallash bilan kifoyalanib qolmasdan tarixni ham chuqur bilishi zarur. Tarixni yaxshi biladigan I.Ko'chiyevning qator she'rlarini o'qir ekansiz, tarixdan saboq olib, zamondan xulosa chiqarib boraverasiz:

Temur   Malik   tushimga   kirdi,

Qon oqardi   yaralaridan.

Uyg'ondimu, o'ylandim: ruhi

Rozimi biz   bolalaridan.

Adib o'z xalqining olis va yaqin tarixiga, o'zbek xalqining shonli farzandlari xotirasiga katta hurmat bilan munosabatda bo'ladigan, tarix haqida teran fikrlay oladigan kishi sifatida ham keng jamoatchilik e'tirofiga sazovor bo'lgan. Xususan, uning qalamiga mansub atoqli davlat va siyosat arbobi Sharof Rashidovga bag'ishlangan – “Sharof Rashidov: G'olib” va “Sharof Rashidov: Bunyodkor” kitoblari jamoatchilik tomonidan qizg'in kutib olindi. Jumladan, Belorus Yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Oltin Kupidon” adabiy ko'rigining g'olibi, adiba Irina Maslenitsina “Sharof Rashidov: G'olib” kitobiga salmoqli   so'zboshi yozib, uning o'ziga xos fazilatlarini alohida ta'kidlaydi:

“Ismat Rahmatovich Ko'chiyevning ko'plab turli materiallar, tarixiy hujjatlar, shubhaga hojat qoldirmaydigan manbalardan olingan ishonarli ma'lumotlar hamda shohidlarning guvohliklari, eng muhimi, bevosita kitob qahramoni Sharof Rashidovga tegishli fikr-mulohazalar – “paxta ishi” nomli dahshatli uydirma va O'zbekiston xalqiga nisbatan qilingan adolatsizlik borasida nafaqat bilimlarimni ko'paytirdi va ko'zimni ochdi, shuningdek, ko'plab muhim savollarga javob topishimda yordam berdi. Tarixda shaxsning roli qanchalar muhim ahamiyat kasb etishi mumkinligiga tarixchi sifatida XX asrning buyuk siyosat arbobi Sharof Rashidov tarjimai holi misolida ishonch hosil qildim.

Ko'p farzandli xonadon sifatida Rashidovlar oilasi misolida farzandlarni bag'rikeng va halol inson qilib tarbiyalash tajribasini o'rgandim.

Ismat Rahmatovich voqealarni dalil va isbotlar bilan ishontirgan holatda mulohazakorlik va xotirjamlik bilan hikoya qiladi. Iroda qudrati va donishmandlik haqida… Hasad va tubanlik haqida…

Inson o'sib borar ekan, qadam-baqadam insoniy va ma'naviy maqomga yuksalishi to'g'risida… O'z xalqiga qanday qilib va qay tartibda xizmat qilish to'g'risida… Qahramonlar barcha davrlarda dunyo­­ga kelishlari mumkinligi to'g'risida…”

Bilamizki, ijod yo'li qilich tig'i bo'ylab odimlash singari qaltis va ayni paytda sharafli hisob­lanadi. O'tgan asrning 60-70 yillarida sobiq ittifoqda siyosiy vaziyat ancha yumshaganiga qaramasdan badiiy ijod borasida to'la erkinlik hukmron emas edi. Buning oqibatida Erkin Vohidov “O'zbegim” qasidasini yozgandan keyin uning boshida qora bulutlar aylana boshlaydi, uni millatchilikda ayblashlari ehtimoli paydo bo'ladi. Shunday og'ir sharoitda Sharof Rashidov siyosiy mavqeiga putur yetishini o'ylab o'tirmasdan ayrim rahbarlardan Erkin Vohidovni tinch qo'yishlarini talab qiladi. Favqulodda iste'dodi bilan hatto tegishli huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini ham shoshirib qo'ygan Abdulla Oripov ijodining dushmanlari ham hamlaga o'tishga chog'langan bir paytda Sharof Rashidov uni ham himoya qilishning oson yo'lini topadi. U Moskvadagi “Sovetskiy pisatel” (“Sovet yozuvchisi”) nash­riyoti direktori N. V. Lesyuchevskiyga maktub yozadi va ayni maktub bilan Abdulla Oripovni uning huzuriga yuboradi. Natijada A. Oripovning she'rlari rus tilida Moskvada kitob holida nashr qilinib, u barcha nohaq malomatlardan omon qoladi.

Bu haqda kitobda ma'lumotlar berilgan:

“N. V. Lesyuchevskiy murakkab shaxs bo'lib, stalinizm yillarida o'zining qalamkash birodarlari ta'qibga uchrashida faol qatnashgandi. Lekin Mos­kvada juda katta ta'sirga ega aynan u o'zi xayrixohligi bilan kitobi nashr qilingan muallifning yagona ishonchli kafili bo'la olardi. Rashidov res­publikada malomatga uchragan Abdulla Oripov uchun qalqon sifatida N. V. Lesyuchevskiyni tanlab, tavakkal qiladi. U “Sovetskiy pisatel” nashriyo­tining vahimali direktori bilan uchrashish uchun A.Oripovni Moskvaga yuboradi. O'zbekiston rahbarining mazkur nashriyot direktoriga yozgan maktubi saqlangan:

           “Moskva, “Sovetskiy pisatel”

nashriyoti,

               o'rtoq N.V.Lesyuchevskiyga

Qadrli birodarim, Nikolay Vasilyevich!

Sizga Toshkentdan samimiy salom! O'rtoq Abdulla Oripovni Sizning huzuringizga yuborayapman. Yaqinda uning “Yurtim shamoli” kitobi o'zbek tilida nashrdan chiqdi. Men bu kitobni diqqat bilan o'qib chiqib, undan naqadar ajoyib she'rlar o'rin olganini ko'rib hayratlandim. Aytishim kerakki, Abdulla Oripov va Erkin Vohidov – shunday talant sohiblariki, ular yaqin vaqt ichida o'zbek sovet she'riyati darajasini, umuman o'zbek sovet adabiyoti darajasini belgilab beradilar.

Shuning uchun ham Sizdan astoydil iltimos qilaman, Abdulla Oripovni shaxsan qabul qiling, u bilan tanishing, suhbatlashing. 1978 yilda moskvalik eng yaxshi tarjimonlar tarjimasida uning she'rlar to'p­lamini rus tilida nashr qilish kerak. Uning she'rlari yuksak darajada tarjima qilinishida Siz yordam berishingiz uchun uni Moskvaga yuborayapman.

Menga ishoning, Abdulla Oripovning she'rlari Sizga Rasul Hamzatov, Eduard Mejelaytis va bosh­­qa ko'plab talantli shoirlarning she'riyatini eslatadi. Binobarin, Siz bilan biz bu talant egasiga jiddiy yordam berishimiz kerak.

Qadrli do'stim va birodarim, fursatdan foydalanib Sizga mustahkam sog'liq, ishlarda yutuqlar, hayotiy baxtu saodat va quvonchlar tilab qolaman.

Sizni qattiq bag'riga bosib qoluvchi, Sh. Rashidov.

1977 yil 2 fevral,

Toshkent shahri”.

Sharof Rashidovning say'-harakati o'z samarasini beradi. Abdulla Oripovning she'rlari yaxshi shoirlar tomonidan tez rus tiliga tarjima qilinadi va alohida kitob holida nashrdan chiqadi, shu zahoti rusiyzabon jamoatchilik e'tiborini qozonadi. Rossiya adabiy jamoatchiligi tomonidan bildirilgan juda ham ijobiy fikrlar shoirga nisbatan har qanday malomat toshlari otilishi oldini oladi.

Sharof Rashidovning o'zbek she'riyatining ikki buyuk vakiliga ko'rsatgan g'amxo'rligi “Xamsa” dostonlarini yozib tugatgan hazrat Navoiyni shohona tulporiga o'tqazib, unga jilovdorlik qilgan Sulton Husayn Boyqaroning himmatini beixtiyor yodga soladi.

Muallifning “Sharif Rashidov: Bunyodkor” asarida uning shoir va romannavist sifatidagi ijodi keng tadqiq qilingan. Sh. Rashidov romanlarining batafsil tahlili shuni ko'rsatadiki, uning asarlari o'n minglab nusxalarda nashr qilingan va boshqa xalqlarning tillariga bajonidil tarjima qilingan, ammo sovet davrida ham u munosib baholanmagan. Postsovet davriga kelib esa “qishloqlarda sotsialistik qurilish mavzusi” ko'tarilgani uchun uning romanlari va qissalaridan yuz o'girdik. Agar badiiy asar mahorat bilan yozilgan bo'lsa, mavzuni ayblab bo'lmaydi. M. Sholoxovning “Ochilgan qo'riq” va atoqli belorus adibi I. Mejelning “Botqoqlikdagi odamlar”i bunga yorqin misol bo'la oladi. Shu talqinda Ismat Ko'chiyev Sh. Rashidov asarlarini ham mazkur adiblarning asarlari bilan bir qatorga qo'yadi.

Ismat Ko'chiyevning shoir ekani Sharof Rashidovga bag'ishlangan har ikki asarning o'qimishli va muvaffaqiyatli chiqishini ta'minlagan. Dastlabki asar muallifning “Mag'rurlik qo'shig'i” dostoni bilan boshlanadi. “Sharof Rashidov: Bunyodkor” kitobida esa muallif o'zini mahoratli tarjimon sifatida ko'rsatgan. U Sharof Rashdovning ilgari rus tiliga o'girilmagan qator she'rlarini tarjima qiladi. Natijada rusiyzabon kitobxonlar ham Sh. Rashidovning she'riyatiga oid to'la tasavvurga ega bo'lishlari mumkin.

Ismat Ko'chiyev hamisha bezovta va serg'ayrat ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning “Mangulik sari besh qadam” dostoni ham yaqqol misol bo'la oladi. Mazkur doston xalqimizning faxri va g'ururi mutafakkir Alisher Navoiyga bag'ishlangan. Aytish mumkinki, mazkur dostonda hokimiyatni xolis niyatli odamlar boshqarishi kerakligiga oid bahs davom etgan.

Shu yilning boshida Minskdagi “Al'fa-kniga” nashriyotida Ismat Ko'chiyevning yana bir – “Bobur asrlar osha” dostoni nashr qilindi. Buyuk sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag'ishlangan mazkur doston o'ziga xos tarzda to'rtliklardan tashkil topgani bilan diqqatga sazovor. Minsk shahrida bo'lgan Bobur Mirzo tavalludining 540 yilligi tantanalarida mazkur dostonning taqdimoti ham o'tkazildi. Endigina nashrdan chiqqan doston tadbir qatnashchilariga sovg'a qilindi.

O'zbekiston va Belorus Yozuvchilar uyushmalarining a'zosi, iqtidorli shoir va teran mulohazali adib Ismat Ko'chiyev shoir va publitsist adib sifatida katta ijodiy rejalar bilan yashamoqda. Undan vatanimizning tarixiy va zamonaviy hayotini tarannum qiladigan navbatdagi she'riy guldastalar va salmoqli nasriy asarlar kutishga haqlimiz.

Abduhamid PARDAYEV,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − six =