Palagi toza (hikoya)
Ochil XUDOYBERDIYEV
Muallif haqida:
Ochil XUDOYBERDIYEV — 1942 yili Jarqo'rg'on tumanida tug'ilgan. 1972 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakulteti jurnalistika bo'limini tugatgan.
Muallifning “Bahor sog'inchi”, “Sensiz bu dunyo”, “Mehringni darig' tutma”, “Kechikkan baxt”, “Armonli dunyo”, “So'qmoqdagi odamlar”, “Sadoqat”, “Alvido yoshlik” singari qator she'riy va nasriy kitoblari chop etilgan.
Qariyb 50 yildan ziyod Surxondaryo viloyatidagi turli matbuot nashrlarida xizmat qilgan. Hozirda nafaqada.
Palagi toza
(hikoya)
Xiyobonning yolg'izoyoq yo'lakchasidan oq sariqdan kelgan, o'rta bo'yli, qotma kishi ketib borardi. Yozning dilgir kunlarida qayrag'ochlarning soyasida yurishning gashti bo'lak. Yana yolg'iz bo'lsang! Xohlaganingcha xayol surishing, fikrlashing mumkin. Yo'lovchi ham o'ylari ummonida g'arq edi go'yo. U o'ttiz yildan beri temirchi usta bo'lib ishlaydi. Ismi Qurbonboy. Rafiqasi Zulayho bilan uch o'g'il, bir qizni voyaga yetkazishgan. To'ng'ich o'g'li — muallim. O'rtancha o'g'li ota kasbini tanlagan. Qizi Oybibi va kichik o'g'li Oybek hali maktabda o'qishadi.
Qurbonboy xayolini shu kunlarda qo'shnisi haqidagi o'ylar band etgan. Qadrdon do'sti Sodiqboy hafta, o'n kun ilgari boshqa qishloqqa ko'chib ketdi. Qo'shniyam jigarday gap bo'larkan. Yomon xafa bo'ldi. “Essizay, vatan degani shu qishloqdan boshlanadiku. Nahot, do'stim Vatanini tashlab ketdi”, deb qayg'urdi. Ko'p o'tmay uning hovlisini Erkin Oqbo'tayevich degan kishi sotib oldi. Hamma gap shundan keyin boshlandi.
Yangi qo'shni tuman markazidagi yirik korxona rahbari ekan. Ular ko'chib kelganlaridan uch-to'rt kun o'tib Qurbonboy “qo'shni chaqirdi” qildi. Uy boshlig'i yo'q ekan, mehmondorchilikka uy bekasi Zulxumor va kenja qizi Feruza kelishdi. Ayollar bir piyola choy ustida qizg'in suhbatlashib, oxiri eski hamqishloq chiqib qolishdi. Shu-shu ikki oila o'rtasida bordi-keldi boshlanib ketdi.
Erkin Oqbo'tayevich Sodiqboydan qolgan imoratni buzib, o'rnida qo'sh qavatli hashamatli bino qurdirdi. Bu xonadonga tez-tez mehmon kelib turardi. Qo'shnining ayoli navbatdagi mehmondorchilikka turmush o'rtog'ining iznisiz Qurbonboyni ham chaqirgan edi. Ko'plar kelib bo'lgan payti Qurbonboy ham darvozadan kirib kela boshladi. Uy bekasi peshvoz chiqib, uni mehmonxona tomon boshlab borarkan, Erkin Oqbo'tayevich ro'parasidan chiqib keldi. U qo'shnisi Qurbonboyga ko'zi tushishi bilan qovoq solib, ayoliga o'shqirdi:
— Qayoqlarda yuribsan, na o'choq boshida, na uyda topib bo'lmay qoldi seni?!
Erining ko'z qarashidan cho'chigan Zulxumor lom-lim demay o'choq boshiga ketdi.
— Ey sen qayoqqa ketayabsan, qo'shnini bolalar ovqatlanadigan xonaga olib o't, — dedi-da o'zi bamaylixotir mehmonxonaga kirib ketdi.
Qurbonboy qo'shnisining bu muomalasidan keyin bir necha daqiqa serrayib qoldi. So'ng shartta ortiga burilib, chiqib ketdi.
Shu voqeadan ko'p o'tmay, yana bir gap chiqdi. Erkin Oqbo'tayevich o'g'li Vohidga tug'ilgan kuni munosabati bilan avtomobil sovg'a qilibdi. O'ninchi sinfda o'qiyotgan Vohid mashinali bo'lganidan so'ng ancha-muncha o'zgardi-qoldi. U ba'zan darsga bormaydigan odat chiqardi. Fe'l-atvori, yurish-turishi yomonlashdi. Hatto bir kuni sinf rahbarining topshirig'ini bajarmay, unga kuch ishlatibdi. Yana bir kun sinfda dars payti yonidagi jo'rasining bosh kiyimini doska tomon irg'itib yuboribdi. Bunga ko'zi tushgan muallim Vohidni o'rnidan turg'azib, do'ppini o'rtog'iga olib berishini talab qilgan. U esa bundan bosh tortibdi.
Muallimning “Do'stingning do'ppisini olib bersang, biror joying kamayib qoladimi?” degan gapiga zarda qilib, shitob bilan o'rnidan turib, sinfxona eshigini tepib chiqib ketibdi.
O'quvchisining bu nojo'ya harakatidan so'ng sinf rahbari Erkin Oqbo'tayevichning xonadoniga bordi. Ota esa yumshoq kursida oyoqlarini chalkashtirib o'tirarkan, naridan beri salom-alikdan so'ng “xo'sh xizmat” deganday muallimga yuzlandi.
— Men o'g'lingiz Vohidning sinf rahbariman. Negadir keyingi paytlar uning xulq-atvori yomon tomonga o'zgarib borayapti. Boladagi bu holatni tuzatib olish uchun siz bilan suhbatlashgani kelgandim, — dedi muallim.
— Mening arslon o'g'lim nima ayb qilibdi?! O'zi senga kim qo'yibdi mening bolamni muhokama qilishni? Biz palagi toza odamlarmiz. Vohid nojo'ya harakat qilmaydi. Boshqa gap yo'q. Qani, domulla, sizga ruxsat! — dedi Erkin Oqbo'tayevich kiborlarcha.
– O'g'lingizning xatti-harakatini birgalashib tuzatmasak, ertasi nima bo'ladi? Shuni o'ylayabsizmi?! — dedi sinf rahbari o'zini bosishga urinib.
— O'g'limning ertasi bilan senlarning nima ishlaring bor?
— Men vaziyatni xolis tushuntirishga urinib ko'rdim. Befoydaga o'xshaydi. Qolganini o'zingiz bilasiz, — dedida muallim chiqib ketdi.
Maktabda yozgi davlat imtihonlari boshlangan kunlar edi. Qishloq ko'chasidan mashinasini yelday uchirib kelayotgan Vohid ko'cha bo'ylab kelayotgan o'smir bolani urib ketdi. Mahalladoshlar bolani shifoxonaga olib borishdi. O'smirning chap oyog'i ikki joyidan singan ekan.
Erkin Oqbo'tayevich bu noxush xabarni ertasi kuni eshitib, shifoxonaga bordi. U avval bolani davolovchi shifokor bilan uchrashdi. O'smir yotgan xonaga kirib bola va uning otasi bilan suhbatlashdi.
— Aka, bu bir falokat-da. O'g'lim bolangizni qasdlab urib ketgani yo'q, — deya yon cho'ntagini kovlab, bir bog'lam pulni uzatdi. — Olib qo'ying, dori-darmonlarga ishlatasiz. O'zim tag'in xabarlashib turaman.
…Maktabda imtihonlar tugadi. Vohidni otasi katta shaharga olib ketdi. Shu yili uni huquqshunoslik oliygohiga o'qishga joylab qo'ydi. Vohid dastlabki bosqichda maktabda olgan bilimi sayozligi bois yil yakunida ko'p fanlardan qarzdor bo'lib qoldi. Har doimgidek otasi “tanka”larini ishga solib, uni ikkinchi bosqichga o'tkazib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
Ammo ko'za kunda emas, kunida sinadi, deyishganidek, Vohid ikkinchi bosqichda o'qish davomida giyohvandlar davrasiga qo'shilib qolgan ekan. U hamtovoqlari bilan qoradori oldi-sotdisi payti qo'lga tushdi va uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm etildi. Bu safar Erkin Oqbo'tayevich qanchalik yelib-yugurmasin o'g'lini jazodan qutqarib qololmadi.
Shunday qilib, yangi qo'shnining “palagi toza” o'g'li ota-onasiga ko'p tashvish keltirdi. Erkin Oqbo'tayevichning ham “ketmoni uchmay qoldi”. U shu yili kuzda vazifasidan ozod etildi. Bu voqealardan so'ng u to'shakka yotib qoldi. Yolg'iz qizi Feruza ham bir yigitning etagini tutib, nomussizlik qildi. Shundan so'ng Erkin Oqbo'tayevichning tez-tez yuragi sanchib, qon bosimi ko'tarilib turardi. Oxir oqibat el-yurtga qo'shilmay qoldi.
Bir kuni u tomorqa adog'idan kelayotib, yo'lak yonidagi jo'yakka bor bo'y-basti bilan yiqilibdi. Ayoli erini o'zi ko'tarolmay, qo'shnisi Qurbonboyni chaqirdi. Qurbonboy uni xonasiga olib kirdi. Zulxumor esa shosha-pisha tez yordam mashinasini chaqiribdi. Shifokor kelib, bemorning allaqachon joni uzilganini aytibdi, xolos.
Qurbonboy xiyobon oralab ketarkan, shu voqealar kino lentasidagi tasvirlar kabi birin-ketin xayolidan o'tar edi. Hayot — shu yolg'izoyoq yo'l kabi. Yolg'iz kelding, yolg'iz ketarkansan. Kibru havo, molu dunyo qolib ketaverarkan-da. Insondan yaxshimi, yomonmi, faqatgina nom qolarkan…