Ezgulik mag'lub bo'lmaydi

Men garchi, Sarvar Azimov degan shaxs nomai a'moli haqida eshitib, o'qib yurgan bo'lsam-da, uni yaqindan tanib-bilganimga qadar faqat bir marta ko'rgan edim xolos. O'shanda yozuvchilarning “Do'rmon” ijod bog'ida edim. Yig'ilishlar xonasida rusiyzabon shoir Lev Oshaninning yangi she'riy pyesasi rahbar-adiblar ishtirokida, tor doirada muhokama qilinayotgan edi. Uch-to'rt kishi zaldan ancha beridagi joyda suhbatlashib o'tiruvdik. Muhokamadan chiqqanlar – Yozuvchilar uyushmasining o'sha vaqtdagi birinchi sekretari Sarvar Azimov, sekretarlari (u vaqtlarda shunday atalardi) Sa'dulla Karomatov, O'ktam Usmonov, Boris Parmuzin hamda O'zbekiston Madaniyat vazirining birinchi muovini O'lmas Umarbekovlar biz tomonga yurib qolishdi. O'rnimizdan turib ularni qarshi oldik. Kattalar to'xtab, biz bilan hol-ahvol so'rasha boshladilar. Shunda Sa'dulla aka bizni rahbarga tanishtirgan va men ham boshqalar qatori Sarvar Azimov bilan qo'l berib so'rashgan edim.

1982 yil boshlarida belog'riq dardiga duchor bo'lib, Andijonda yetti oy davolandim, lekin tuzalib ketolmadim. Kimdir poytaxtdagi durustroq bir shifoxonada davolanishimni maslahat berib qoldi. Tavakkal qilib, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sarvar Azimov nomiga holimni bayon etib, ariza yozdim-da, uni qadrdon ukamiz, shoir va jurnalist Abdunabi Boyqo'ziyevdan berib yubordim. Oradan biroz fursat o'tgach, Abdunabidan Toshkentga borib, Yozuvchilar uyushmasining poliklinikasiga uchrashim kerakligi, Semashko nomidagi ilmiy-tekshirish institutiga qarashli sihatgohga yo'llanma berishadigan bo'lgani to'g'risida xabar oldim. Yo'llanma 1 sentyabrdan ekan, men o'sha kuni qadrdonim Bahromning yengil mashinasida tushga yaqin yetib bordim. Bosh vrach Sulaymon Xalifayev xursand bo'lib ketdi. “O'zbekiston madaniyati” (hozirgi “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”) gazetasida ishlab yurganimda uchrashib turganim bois bu yerda meni tanishardi.

—Bugun ertalab Sarvar Olimjonovich sizning kelgan-kelmaganingizni surishtiruvdi, — dedi u qandaydir mamnunlik bilan.

E'tiborni, g'amxo'rlikni, xotirani qarang! Axir u kishi meni shaxsan tanimasalar, biron marta yuzma-yuz gaplashmagan bo'lsak…

Men bu payt dard zo'riqqani bois, qo'ltiqtayoqsiz yurolmas edim. Ana shu e'tibor va g'amxo'rlikning ruhiyatimga ijobiy ta'sirimi, Semashko shifokorlarining malakasi tufaylimi, salkam bir oyda sihatgohdan ashaddiy og'riqlardan forig' bo'lib, dunyoga qayta kelganday, qo'l hassada o'zim yurib chiqdim.

Keyin esa men ana shunday beqiyos g'amxo'r rahbar, bag'oyat olijanob inson Sarvar Azimov qo'li ostida nasr kengashi adabiy maslahatchisi sifatida ishlashdek sharafga musharraf bo'ldim. Men o'shandan sal avvalroq oilam bilan Andijonda padari buzrukvorim Kenjaboy Umrzoq o'g'li huzurida yashar va ishlamayotgan edim. Otamdan, Toshkentda sog'ayganimni ro'kach qilib, izn so'rab, yana poytaxtga ko'chib borgan, “Sergeli-2” massividagi “dom”imizda istiqomat qilardik.

1983 yil mart oyi edi. Bir kuni Yozuvchilar uyushmasi mas'ul kotibi, iste'dodli fantast yozuvchi, o'ta madaniyatli inson qo'ng'iroq qilib, bizga bir kelib ketsangiz, deb qoldi. Bordim.

—Sizni Sarvar Olimjonovich yo'qlayapti, — dedi u hol-ahvol so'rashganimizdan keyin.

Hayron bo'ldim. Rais nima sababdan yo'qladiykin?..

Chaqiruv sababini Hojiakbar ham aytmadi.

Uchinchi qavatga ko'tarilib, Uyushmaning 1-sekretari xonasiga kirdim. Xona to'g'risidagi katta stol orqasida o'tirgan, tasavvurimdagidan-da salobatli, vazmin fe'lli Sarvar Olimjonovich o'rnidan qo'zg'aldi. Yaqinlashib borganimda menga qo'l uzatdi va o'tirishga taklif qildi.

Men rahmat deb, o'zimni tanitib, ilgariroq kelib minnatdorlik bildirolmaganim uchun uzr aytdim.

— Hechqisi yo'q. Yaxshi davolangan bo'lsangiz bas, — dedi rahbar va asosiy muddaoga o'tdi. — Sizni bir maslahat bilan chaqirtiruvdik. Uyushmaning Andijon viloyat bo'limi mas'ul kotibini yangilamoqchimiz, shu vazifaga o'rtoqlar sizni tavsiya qilishyapti. Nima deysiz?

Men Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi badiiy adabiyotlarni propaganda qilish byurosining viloyat vakili sifatida uyushmaning Andijon bo'limi mas'ul kotibi Olimjon Xoldor bilan ikki yilcha birga ishlagan va to'g'risi, u bilan sal kelishmay qolib, ishdan chiqib olgan edim. Lekin buni aytmadim-da, “o'zi Andijondan yaqinda qochib keluvdim” dedim. Bu gapning naqadar beo'xshov va mantiqsiz chiqishi mumkinligini o'ylamay katta “qovun” tushirgan edim.

— Ie, odam o'z yurtidan ham qochadimi? —dedi taajjublangan Sarvar Azimov yanada jiddiy tortib.

Men Andijonda radikulitga chalinib uzoq yotganim va Toshkentga kelib tuzalganimni nazarda tutganimni aytib, xatoimni o'nglashga urindim.

Rahbar mendan mazkur vazifaga andijonlik ijodkorlardan kimni lozim ko'rishimni so'radi. Men ajoyib qissalari bilan tilga tushgan taniqli yozuvchi Rustam Rahmon nomzodini ko'rsatdim.

— Anorboy Quronboyevchi? — so'radi yana Sarvar Olimjonovich ko'ngli to'lmaganday.

— U kishi ham yaxshi inson, lekin ko'proq jurnalistlikka moyil ijodkor-da, —   dedim ikkilanibroq.

— Hay, mayli. Siz dam olib turavering. Lekin Andijonga biz bilan birga borasiz, yigitlar aytishadi, — deya suhbatga yakun yasadi rahbar.

May oyida Sarvar Azimov boshliq katta ijodiy guruh Andijonga keldi. Yozuvchilar uyushmasi sekretariatining ko'chma yig'ilishida 1968 yildan beri ishlab kelayotgan Olimjon Xoldor boshqa ishga o'tishi munosabati bilan, taniqli shoir To'lan Nizom O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi mas'ul kotibi etib tayinlandi (u ikki yilgina ishladi xolos – yangi ochilgan Bo'z pedagogika bilim yurtiga direktor bo'lib o'tib ketgach, o'rniga baribir meni ta­yinlashdi).

Oradan ko'p o'tmay, tag'in Hojiakbar qo'ng'iroq qilib, chaqirib qoldi. Bordim. “Sizni yana Sarvar Olimjonovich yo'qlatdi. Bizga nasr bo'yicha maslahatchilikka qo'ymoqchi. Bu gal xo'p demasangiz, Sarvar Olimjonovich xafa bo'ladilar”, dedi Hojiakbar. To'g'risi, men bunday xushxabarni kutmagan edim. Aslida o'tgan safargi taklifini rad etganim uchun Sarvar Azimovdan xijolat bo'lib yurgandim. Rahbar meni odatdagiday jiddiy, sipo, ammo ochiq chehra bilan kutib oldi, hol-ahvol so'radi, sog'ligimni surishtirdi, so'ng Hojiakbar aytgan masalaga to'xtaldi. Bajonidil rozi bo'lib, minnatdorlik bildirdim, chunki men barcha ijod ahli talpinib turadigan muqaddas dargohda, bevosita Sarvar Azimovday rahbarning qo'l ostida ishlashni yuksak sharaf deb bilardim. Yana, birdaniga eng yirik, salmoqli adabiy janr – proza jabhasiga-ya… (Bu vazifada mendan ilgari Odil Yoqubov, Vahob Ro'zmatov, Jumaniyoz Jabborov va boshqa taniqli adiblar ishlagan edilar).

Sarvar Olimjonovichning menga qilgan avvalgi g'amxo'rligi, ishonchi-yu, unga meni kim tavsiya qilgani, men haqimda qaerdan qanday ma'lumot olgani, yaqindan tanimagan, bilmagan odamini dabdurustdan ancha mas'uliyatli vazifaga tayinlashga nechuk qaror qilgani kaminaga qorong'uligicha qoldi. Taxminimcha bu Hojiakbar Shayxovning tashabbusi edi (u bilan ancha yaqin edik). Lekin bu borada u biror marta og'iz ochmadi, shama ham qilmadi.

 

Sarvar Azimovning rahbarligi juda ibratli edi. Talabchan, batartib edi, intizomlilikni xush ko'rar va o'z talablariga, avvalo, o'zi hamisha rioya qilardi. Biroq salkam uch yil mobaynida ovozini ko'tarib gapirganini, bironta xodimni jiddiyroq koyiganini ko'rmaganman. U jamoani tili, do'q-po'pisasi bilan emas, mavqei, salobati, ohista, bir maromdagi zalvorli yurishi va g'amxo'rona munosabati bilan boshqarardi. Har kimning vazifasi tayin va Sarvar Olimjonovich Aliga yuklangan ish natijasini hech qachon Validan so'ramasdi.

 

Yana bir xislati ham saboqqa loyiq edi. Hadeb majlis qilavermas, yig'ilishni aytilgan muddatdan kechiktirmasdi. Masalan, yig'ilish soat 10:00ga belgilangan bo'lsa, u o'ndan besh minut o'tganda kirib kelar, ya'ni vaqt degan bebaho boylikni behad qadrlar, yig'ilish qatnashchilarini – yuzlab odamlarni soatlab kuttirib, ularning har daqiqasi oltinga teng umrlarini havoga sovurib, asabiylashtirib huzur qiladigan boshliqlar toifasidan emas edi. Kechikib kirgan kishiga ham tanbeh bermas, zero, kechikib keladiganning o'zi bo'lmasdi. Hamma — Uyushmaning boshqa rahbar, xodimlari-yu tashqaridan keladiganlar ham shu tartibga, shu yo'singa o'rgangan edi. Sarvar Azimov gapni ham cho'zmas, bitta gapni ikki marta takrorlamasdi. O'zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov ta'kidlaganidek, o'nlab masala ko'riladigan yig'ilishni yarim soatning nari-berisida yakunlardi. Adabiy maslahatchi va boshqa xodimlarni bo'lar-bo'lmasga to'playvermasdi. Uning uchun amaliy ish va samara muhim edi.

Lekin shunday rahbarni birdan ishdan olishdi. U “XVI plenum” atamasi bilan O'zbekiston tarixida qolgan, ayrim chinorlarni ham qo'porib yuborgan mash'um siyosiy-mafkuraviy to'fon shamoliga uchragan edi.

Sarvar Olimjonovichga qo'yilgan ayblar kurakda ham turmas edi. Masalan, qay bir oilaviy to'yda mehmonlarga 200 six kabob torttirgani uning bo'yniga kattagina “jinoyat” sifatida ilingan edi. Shuningdek, Uyushma a'zolarini ko'paytirib yubordi, deya ayuhannos solindi. Ha, bunisi to'g'ri edi, ammo…

Sarvar Olimjonovich O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Birinchi sekretari bo'lib kelgach, sobiq SSSR tarkibidagi boshqa qardosh respublikalar Yozuvchilar uyushmalarining tashkiliy-iqtisodiy-moliyaviy holati, ijodkorlarining shart-sharoitlari, imkoniyatlari, imtiyozlarini o'rganib chiqib, bir narsaga g'oyatda taajjublangan edi: nega salkam 20 millionga yaqin (u paytda O'zbekiston aholisi shuncha edi) fuqaroga ega bo'lgan mamlakatning O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va unga tegishli ijodiy tashkilotlar, nashrlarda faoliyat ko'rsatuvchi xodimlarning oylik maoshlari, qalam haqi me'yorlari va boshqa imtiyozlari aholisi biznikidan bir necha barobar oz respublikalardan, masalan, Gruziyadagidan ancha kam?.. Sababini surishtirsa, aholisi 4 millionga yetib-etmaydigan u mo''jazgina respub­likada Yozuvchilar uyushmasi a'zolari O'zbekistondagidan ko'p bo'lib, Moskva, ya'ni sobiq Ittifoqning Yozuvchilar uyushmasi va uning g'aznasi bo'lgan Adabiyot fondi oylik maosh, qalam haqi, mukofot va boshqa to'lovlar, imtiyozlarni Uyushma a'zolarining soniga qarab belgilar va kategoriyalarga taqsimlanar ekan. Shu jihatdan Gruziya Yozuvchilar uyushmasi yuqori daraja va imkoniyatlarga ega ekan. Shunda Sarvar Azimov Uyushmaning mutasaddilari va boshqa mas'ul xodimlariga Toshkent shahrida va viloyatlarda yashab, ijod qilayotgan, Uyushma a'zoligiga munosib shoir-yozuvchilarni va xususan yosh qalamkashlarni aniqlash yuzasidan ko'rsatma beradi. Bir nechtadan kitob chiqarib, azbaroyi poytaxtdan – e'tibordan uzoqligi, har turli talab va cheklovlar, boshqa sabablarga ko'ra Uyushmaga a'zo bo'lolmay yurganlar esa ko'p edi. Sarvar Olimjonovich o'zi bosh-qosh bo'lib Uyushma boshqaruvining joylarda ko'chma yig'ilishlarini tashkil etishi natijasida chekka-chekkalarda dardi-armoni ichida yurgan, turli yoshdagi qalamkashlarning ham ko'chalarida bayram bo'lib, Uyushma a'zoligiga qabul qilinadilar. O'sha jarayonda bitta-yarimta iste'dodi bundayroqlar ham o'tsa, o'tgandir, axir sholi kurmaksiz bo'lmaydi-ku. Ammo umuman olganda, bu holat ijtimoiy-siyosiy yo boshqa jihatlardan muayyan bir ziyon keltiradigan tadbir emas edi. Yangi a'zo bo'lganlar boshqalarning iste'dodi yo shuhratiga rahna solib, yo qalam haqlariga sherik bo'lib, nonlarini yarimta qilib qo'ygani ham yo'q edi. Uyushma a'zolarining ko'payishini xato deb bilganlar balki ko'pchilik orasida qaddi-basti yaxshiroq ko'rinmay qolishidan xavotirlanishgandir…

 

Vaholanki, Sarvar Azimov O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, o'zbek ijodkorlarining obro'-e'tibori, mavqeini ko'tarmoqchi, imtiyozlarni ko'paytirmoqchi bo'lgan va bu niyatiga erishgan ham edi. Bu esa nimagadir ayrim kattakonlarga xush kelmadi. Faqat kattakonlarga bo'lsa, go'rga edi…

 

Yozuvchilar uyushmasining katta majlislar xonasida o'tgan navbatdan tashqari Plenum yig'ilishida sobiq Respublika Kompartiyasi markaziy mahkamasidan kelgan kotiba opa odatdagidek, rus tilida ma'ruza qilib, Sarvar Olimjonovichning yelkasiga bir dunyo ta'na-dashnom yukini ilib, bu yukdan qutilishning birgina chorasi ishdan bo'shash ekanligiga shama qildi. Zal suv quyganday, go'yo hamma karaxt edi. Yo'q, o'ylab ko'rsam, karaxt emas, balki qarsak chalib yuborishdan qo'llarini arang tutib o'tirishgan ekan…

Muzokarada birinchi va oxirgi bo'lib so'zga chiqqan xalq shoiri ilk jumlasini “Men hozir siyosiy doston tinglaganday bo'ldim” deb boshladi, albatta, ma'ruza qilingan tilda. Ya'ni ig'voyu bo'htondan iborat ma'ruzani yuksak saviyada bitilgan badiiy asarga tenglashtirdi va opaning ayblovlarini chandon quvvatlab yubordi. To'lqinlanib ketgan bu notiq ham asosiy urg'uni Uyushma a'zolari sonining oshirilishiga qaratdi.

Shu bilan Plenum majlisi yakuniga yetdi. Chunki zalda o'tirgan 150 nafar chamasi saralangan yozuvchi-shoirlardan birontasi so'z so'ramadi. Biron kas o'rnidan turib “Birodarlar, nega jimsizlar?! Axir bular mayda va mantiqsiz gaplar-ku! Axir Sarvar Azimov yaxshi ishlar ham qiluvdi-ku? Yozuvchilar uyushmasining, ijod ahlining qaddi-bastini ko'tarib qo'yuvdi” deyishga yaramadi. Holbuki, shu yerda o'tirganlar orasida Sarvar Azimov tashkilotchiligi va sa'y-harakati bilan, Uyushma vositachiligida mutasaddi mahkamalardan o'z narxida, ya'ni “shapka”siz (u paytda bu imkonsiz masala edi) yengil mashina sotib olmagan, ko'p qavatli binolardan tekinga turarjoy, Chorvoq tomonlardan bepul dala hovli olmagan odam deyarli yo'q edi.

Darvoqe, Sarvar Azimov Uyushmaga avvalgi safar rahbarligi davrida ham (1957-1958 yillar) o'ttizga yaqin ijodkorlarni yangi uy-joy bilan ta'minlagan ekan.

Umuman, Sarvar Olimjonovich boshqa masalalar qatori kitob chiqarish, poytaxt nashrlarida ko'rinib turish borasida doimiy intilish va qiyinchiliklar ichida yashagan qatlamga ham e'tibor qaratar, bayramlarda deyarli har bir ijodkorga tabriklar, shuningdek, maxsus nomalar yo'llab, ijodiy rejalari, istaklari, muammolari bilan qiziqib turar va mumkin qadar ko'mak berish payida bo'lardi.

To'g'ri, Azimov ham xom sut emgan banda, u ham qaerdadir, qandaydir xatoga yo'l qo'ygandir, qay bir sohada nimanidir e'tiborsiz qoldirgandir. Lekin mening nazarimda, bu mo''tabar insonning taqdiri muhokama etilayotgan, unga nohaq ta'na toshlari otilayotgan paytda hamma mum tishlab o'tirishi lozim bo'lgan darajada katta ayblari yo'q edi-yov… Menimcha, uning “gunohi” – yuksak tashkilotchiligi, iste'dodining barkamolligi, obro'-e'tiborining balandligida edi. Xuddi shu jihatlar qay bir mansabdorlarning ko'ngliga g'ulg'ula solgan, unga “kreslo”sini oldirib qo'yishdan cho'chib, bu “falokat”ning oldini olish choralarini ko'rish lozim degan qarorga kelishgan bo'lsa ham ehtimol. Aks holda ijtimoiy-siyosiy, adabiy-mafkuraviy faoliyati shu qadar rang-barang va ko'lamli, martabali shaxs, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori o'rinbosari, O'zbekiston Madaniyat vaziri, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri, Respublika Ministrlar Soveti raisi o'rinbosari (ikki qayta), sobiq Ittifoqning Livan, Pokiston mamlakatlaridagi uzoq muddatli Favqulodda va Muxtor elchisi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ikki karra (1957-1958; 1980-1985 yillar) rahbari kabi yuqori mansablarni ko'rgan, odamga kimning dushmanligi bor edi? Hamid Olimjondek zabardast adib ijodining tadqiqotchisi, qisqasi, butun salo­hiyati, kuch-quvvati va umrini mamlakat rivojiga, jamiyat manfaatiga, ma'naviyat va ma'rifatning takomillashuviga bag'ishlab kelayotgan taniqli olim, yetuk ijodkor, jamoat va davlat arbobi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, O'zbekiston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari doktori, maktablar uchun bir qancha dolzarb va muhim darsliklar, o'ziga xos uslubda yozilgan qissalar, dramalar, kinossenariylar muallifini badnom qilishga urinish kimga, nimaga zarur bo'ldiykin? Boringki, tashkilot rahbari sifatida qandaydir kamchiliklarga yo'l qo'ygandir, lekin uning yozuvchilik sha'nini, insoniy fazilatlarini ko'ngil uchun bo'lsa ham zikr etib qo'yish mumkin edi-ku!

Lekin birov olib qo'yolmaydigan qalamidan, hech kim tortib ololmaydigan iste'dodidan boshqa katta mansabi yo'q shoir-yozuvchilar-chi? Ular nega sukut saqlashdi? Balki bu holat 30-40-50-yillardagi qatag'onlarning asorati, ta'siridir. Zalda o'tirganlarning aksariyati o'sha davrlarda yurak oldirib qo'yganlar avlodi edi-da. Ammo sirasini aytganda, xalqimizning favqulodda iste'dodli, millatparvar farzandi yangi davr o'zbek she'riyatini bir necha pog'ona yuksakka ko'tarib yuborgan zabardast shoiri, dramaturg, adib, tarjimon, 16 yoshidayoq “Adabiyot yashasa millat yashar” deya bong urgan adabiyotshunos, adabiyotimizning eng porloq siymolaridan biri Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lponni O'zbekiston Madaniyati xodimlarining II-Qurultoyidan haydab chiqarganlar, uning, shuningdek, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirlarning qatliga hukm o'qilishi uchun “hissa” qo'shganlar yo jim turganlar ham ularning yuzsiz, qo'rqoq, xudbin hamkasblari, millatdoshlari edi. Demak, “Jon qutqazgan botir” degan maqol hamma zamonga xos ekan-da?

Aytmoqchi, nazdimda Sarvar Olimjonovichning yana bir “gunohi” bor edi – u iste'dodli yoshlarni, navnihollarni, ya'ni madadga, ko'makka ehtiyojmandlarni ko'proq qo'llab-quvvatlar, ularga mehribonchilik ko'rsatardi. Masalan, Uyushma xodimlari, adabiy maslahatchilarning ham aksariyati yoshlar edi. Bu narsa ulug'lar – katta “chinor”larga sal malol kelar, ular o'zlarini e'tibordan chetda qolishayotganday tuyu­shardi chamasi. Xo'p, hammaning mum tishlab o'tirganini, biron kishining S.Azimovni himoya qilmasa-da, loaqal sal yoqlab gapirmaganlarini tushunish, qabul qilish, kechirish mumkindir, biroq opadan keyin shitob minbarga chiqib, g'arazli ma'ruzani siyosiy dostonga tenglashtirgan Xalq shoiri qilmishini qanday baholasa bo'ladi? Shunchalik hushomad u bandai noshukurga nimaga zarur bo'ldiykin? Axir u har jihatdan to'kis, ayt­gani aytgan, degani degan, xalq orasida ham mavqe-darajasi balandlardan biri edi-ku? Balki o'shanda u boobro' shaxsni qi­yin-qistovga olib, ssenariydagidek nutq irod qilishga ko'ndirishgandir.

 

O'shanda xalq shoiridan keyin hech kim so'zga chiqmagach (balki ssenariy bo'yicha), so'nggi so'z Sarvar Azimovga berildi. U o'zining odatiy-zalvorli yurishi bilan minbarga ko'tarildi va ikki so'zdan iborat birgina gap aytdi, ya'ni zalda o'tirganlarga qarab: “Hammangizga rahmat!” dedi. Anglagan odamga bu himoyada turib berilgan og'ir zarb edi. Bu – shaxs­ning omma ustidan g'alabasi, tantanasi edi.

 

O'sha zalda o'tirganlardan bir kishi – Ozod Sharafiddinov hechdan ko'ra kech qabilida “Tengqurlarning Sarvari” sarlavhali maqola yozib, xuddi shunday holat, xuddi shunday adolatsizlik avvalroq O'zbekistonning uzoq yillik birinchi rahbari, atoqli arbob, o'ta kamtar va dono rahbar Sharof Rashidovga nisbatan sodir etilganda birgina Sarvar Azimov uni himoya qilib chiqqani (balki uning “gunohi” shundan boshlangandir), ammo “o'z faoliyati bilan yangi o'zbek adabiyotida chuqur iz qoldirgan”, “odamlarga yaxshilik qilishni o'zining asosiy shiori qilib olgan” “katta inson” (O. Sharafiddinov ta'riflari)ning o'zi Sh. Rashidov ko'yiga tushganda uni himoya qiladigan, dalda bo'ladigan bir vallomat topilmaganligini alam va iztirob bilan eslaydi. Biroq maqolaning kechroq yozilgani va kerakli odamlarning hammasi o'qimaganiga (ba'zilari o'tib ketishgan edi) juda achindim. Ming afsus­ki, ushbu tom ma'nodagi oqlovni bo'htonu g'alamisliklar qurboni bo'lgan jabrdiydaning o'ziga ham ko'rish, taskin topish nasib etmadi.

Men mazkur maqolani o'qib, uni xuddi o'zim yozganday, alamdan, xumordan chiqdim. Zero, o'sha qorong'u zulmat ichida miq etolmaganlar orasida men ham bor edim. Ammo men Sarvar Azimov qo'li ostidagi oddiy bir xodim edim, xolos. Binobarin, shuncha “ulug'”lar turganda mening so'zim o'sha yerda, o'sha vaziyatda odob doirasiga sig'mas, tosh ham bosmas, balki aksincha, teskari rezonans berib yuborishi ham mumkin edi.

Ha, ilojsiz qolgan paytlarim avval ham bo'lgandir, lekin nazarimda o'sha kungisi eng bechoraholligim bo'ldi, deb o'ylayman. Biroq shuni dadil e'tirof etishim lozimki, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Sarvar Azimov rahbarligida ishlagan davrimni (1983-1985 yillar) tarjimai holimning, umuman hayotimning eng jo'shqin, saboqlarga boy, yorqin sahifalari deb hisoblayman.

O'sha voqeadan bir necha yil keyin Sarvar Olimjonovichni ikkinchi marta (avvalgisi 1959-1969 yillar) O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimiga ta­yinlashdi. Shu bilan ezgulik mag'lubiyati barham topib, shaxs saboti va matonati g'alaba qozonganday, adolat tiklanganday bo'ldi. Lekin S.Azimov ushbu vazifada ikki yildan ziyodroq faoliyat ko'rsatdi, xolos.

Vafoti munosabati bilan gazetada berilgan nekrolog (ta'ziyanoma) ostiga “Bir guruh o'rtoqlari” degan el qatori so'zlar bitilgan. Hatto “O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi”da ham shuncha katta unvonlar, ilmiy darajalar sohibi, taniqli jamoat va davlat arbobi Sarvar Azimov haqidagi ma'lumot juda qisqa, quruq biografik raqamlar bilan cheklangan. Hatto, surati ilova qilinmagan, qo'yilmagan. Shunga qaramay, o'zbek adabiyoti, madaniyati va mafkura sohasidagi xizmatlari uning jismi, xarakteri kabi zalvorini saqlab qolganiga shubha yo'q.

Qamchibek KENJA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − three =