Bobur — dilbar shaxs

Jahon tarixida o'chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma'lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o'ringa ega.

Shavkat MIRZIYOYEV

Darhaqiqat, Prezidentimizning 2023 yil 25 yanvar kuni qabul qilgan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori madaniy hayotimizda katta voqelik bo'ldi. Ushbu muhim hujjatda ta'kidlanganidek, jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga — uchinchi Renessans davriga qadam qo'yayotgan, hayotimizning barcha jabhasida tub o'zgarishlar yuz berayotgan hozirgi paytda Bobur mirzoning bebaho merosini chuqur o'rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uning asarlarini o'rganish, tarjima qilish va nashr etish biz uchun burch, sharaf hamda baxtdir. Zero, mumtoz shoir Bobur mirzo she'rlari, bebaho “Boburnoma” asari  kishini uyg'oqlikka chorlaydi, unga qanot beradi, ruhlantiradi, qalbining tubiga nazar tashlashga, yaxshi-yomonni farqlashga, eng muhimi, Xudo bergan umrni behuda sarflamaslikka, qadrlashga, demak, o'zgalarni sevishga, asrashga o'rgatadi.

Shu bois ham Italiyaning Venetsiya shahridagi Ka-Foskari universiteti professori, turkolog olim Elizabet Ragagninning buyuk shoh va sarkarda bobomiz Bobur mirzo betakror merosini o'rganishning ahamiyati, boburshunoslik borasida olib borayotgan ishlari natijalari haqida fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

“Men Mirzo Bobur shaxsiga nafaqat ulkan saltanat tuzgan mohir sarkarda, adolatparvar shoh, balki buyuk shoir, yetuk qomusiy olim, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, geograf, tarjimon, fiqhshunos sifatida yuksak hurmat bilan qarayman. Shoirning salmoqli ijodiy merosi — “Boburnoma”, “Mubayyin al-zakot”, “Muxtasar”, shuningdek, garchi hanuzgacha topilmagan esa-da “Harb ishi”, “Musiqa ilmi” asarlarini yozgani, ikki devon tuzgani, Xo'ja Ahrorning “Volidiya” asarini tarjima qilgani, “Xatti Boburiy” deb nomlangan yangi alifbo tuzgani — butun umri tinimsiz urushlar, halovatsizlik, sargardonlik, xiyonatlar ichra kechganini hisobga olsak, bu insonning naqadar tug'ma iste'dod sohibi bo'lganini, qomusiy bilimlarni egallaganini ang­latadi” (“Xalq so'zi”, 2023 yil 2 fevral).

Biroq… 1526-1527 yillar voqealaridan ma'lumki, qabih dushmanlar buyuk sarkarda Bobur mirzo taomiga zahar solishadi, hamma tashvishga tushib, besaranjomliklardan yurtda halovat yo'qoladi. Unga Olloh shifo berib sog'ayganidan so'ng, teran mulohazalar yuritib, inson uchun jonning, demak, hayotning bunchalar aziz ekanini kashf etib, umrning bebaholigini anglaydi, Tangri taoloning inoyat ko'rgizib, unga “yangi boshdin jon bag'ishlagani”dan beadad minnatdor bo'ladi va “shukrini ne til bila qilg'aymen”, deydi va yozadi: “Xotirlarg'a taraddud kechmag'ay deb, har ne voqi' bo'lg'onni sharhi va basti bila bitdim…”

Albatta, buyuk shoh va sarkarda Bobur mirzo haqida Javoharlal Neru — Hindistonning buyuk farzandi, davlat va jamoat arbobining fikrlari nihoyatda yuksak e'tirof va e'tibor ekanligini kayd qilish kerak: “Bobur — dilbar shaxs. Uyg'onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir… Uning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk o'zgarishlar sodir bo'ldi, san'atda, hayotda, me'morchilikda va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha taraqqiyot yuz berdi”.

Tarix sahifalarida uzoq muddat hukm surgan sulolalardan boburiylar sulolasi (332 yil) qayd etiladi. Bu sulola asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur zamona zayli bilan Hindistonda qo'nim topdi. Ul zot o'z zamonasining yetuk qomusiy olimi sifatida tarix sahifalaridan munosib o'rin egalladi. Shoh Bobur mirzoning davlatchilik faoliyatida davlat siyosati va shariatga asoslangan mukammal soliq tizimi ishlab chiqilganini ko'ramiz. Chunonchi, yuridik fanlar nomzodi Xolmurod Isanovning ta'kidiga ko'ra, o'sha davrda Hindistonda amal qilgan soliq tizimini o'zgartirgan. Jumladan, “mukassama” — yetishtirilgan hosilning bir qismi natura shaklida to'lanadigan, “muvazzaf” — kadastrda qayd qilingan yerdan olinadigan soliq, shuning­dek, zakot mollarini to'rtga bo'lgan holda “naqdina” — pul solig'i, “savoyim” — hayvonlardan to'lanadigan soliq, yer solig'i, “tijorat” — savdogarlik asosida tushadigan daromaddan olinadigan soliqlarni joriy etgan.

Savdodan olinadigan “tamg'a” solig'ini bekor qilgan. Bobur mirzo butun umri davomida adolatli, markazlashgan davlat tarafdori sifatida davlatni odil, adolatparvar podshoh yoki shoh boshqarishi kerak va u hamisha mehnatkash xalq haqida o'ylashi va g'amxo'rlik qilishi zarur, deb hisob­lagan.

Jahon tarixiy harbiy mulkiga aylangan “Boburnoma” asarini 1826 yilda ingliz tiliga to'liq o'girgan tarjimonlar Jon Leyden va Uilyam Erskinlarning e'tirof­lariga e'tibor qiling-a: “Bobur taxtda o'tirganiga qaramay, oddiy turmushning eng yaxshi tuyg'ulari va ishtiyoqini o'zida saqlab qolgan. Biz Osiyodagi hukmdorlar ichidan Bobur singari buyuk va iste'dodli kishilarni kamdan-kam uchratamiz… Uning o'tkir, xushchaqchaq aqliy faoliyati, sovuqqon va bevafo taqdirning nayranglariga qaramay, ruhining tetikligi, podshohlar orasida kamdan-kam uchraydigan saxiyligi, mardligi, iste'dodliligi, fanga, san'atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug'ullanishi jihatidan olib qaraganda, Osiyodagi podshohlar ichidan Boburga teng keladigan birorta ham podshohni topolmaymiz” (“Hurriyat”, 2023 yil, 15 fevral).

Gulga yaproq, yaproqqa gul soya soladi. Lekin ikkisi ham birdek aziz va zarur bo'lsa-da, birining o'rnini boshqasi bosa olmaydi. Ammo birgalikda joziba va mukammallik kashf etadi. Ularning ifori ham, xumori ham alohida davlatni fuqarodan, fuqaroni davlatdan ayro ko'rolmagan shoh va sarkarda juda katta siyosiy, ijtimoiy, ayni paytda hayotiy muammoni boburona go'zal ifoda bilan ta'riflab, chuqur falsafiy umumlashma hamda xulosaga keladi.

Yurtimizning barcha go'shalari, ta'lim dargohlari, ma'naviyat maskanlari qatorida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasida ham buyuk shoh va sarkarda faoliyati qiyosiy hamda tahliliy jihatdan o'rganilmoqda. Uning qalamiga mansub ruboiylari harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilmoqda, sarkardalik mahorati, shohlik va shoirlik faoliyati aks ettirilgan promorolik tayyorlanib, Internet sahifalariga joylashtirildi.

Yangi O'zbekiston asoschisi Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida qayd kilganidek: “Eng bebaho oliy ne'mat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug' boylikni asrab-avaylaylik! Shu maqsadda biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko'proq ahamiyat berishimiz kerak”. (“Yangi O'zbekiston”, 2022 yil, 21 dekabr).

Ochig'ini aytganda, buyuk shoh va sarkarda — dilbar shaxs merosini Akademiyada imkon qadar to'la-to'kis o'rganish va o'zlashtirish uchun kursant va tinglovchilar bilan har bir mashg'ulot yoki tadbirda oydin fuqarolik jamiyati hamda ijtimoiy davlatimiz saodatining asosiy sharti sifatida chuqur yondashsak, harbiy kadrlar tayyorlashda sifat, samara va natijadorlikka erishamiz, albatta! U — buyuk sarkarda butun umr yo'lini komillik ila tarannum etib, o'zidan noyob asarlar qoldirdi. Ularni o'rganishga davlat darajasida ahamiyat qaratilayotgani esa yuksak samaralar berishi shubhasiz.

Karim NORMATOV,

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi

professori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 7 =