Amir Temur siylagan alloma

Etuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan homiysi Amir Temur (1336-1405) o'zining “Temur tuzuk­lari” asarida davlat boshqaruviga oid tamoyillar haqida bayon qilar ekan, ishg'ol etilgan yangi hududlar aholisiga qilinadigan muomala haqida so'zlay turib: “Sayyidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, akobir va ulug'larni aziz tutsinlar”, “Menga bo'ysungan mamlakatlarning sayyidlari, olimlari, shayxlari, fozil kishilari, darvishlari, zohid­larini suyurg'ol, vazifa va oylik bilan siylasinlar. Faqiru miskin, nogironlarga nafaqa tayin qilsinlar. Mudarrislar va shayxlarga kundalik maoshlar belgilasinlar”1 , deb ta'kidlaydi.

Haqiqatda, tarixiy manbalar Amir Temurning diniy arboblar, xususan, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning avlodlarini nihoyatda e'zozlaganini tasdiqlaydi.

“Tuzuklar”da kelgan ma'lumotlarga ko'ra, Amir Temur Ali ibn Abu Tolib, Salmon Forsiy, Husayn ibn Ali kabi mashhur sahobalar va boshqa olimlarning mangu qo'nim topgan joylarini obod qilishga qaratilgan ko'rsatmalar bergan.

Hijriy 789, milodiy 1387 yilda Amir Temur Sherozni ishg'ol etadi va an'anaga ko'ra, u yerdagi din kishilarining hurmatini o'z o'rniga qo'yadi. Ana shunday olimlar qatorida Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasiga 13 avlod vositasida tutashgan Muhammad ibn Zaydning nasabidan bo'lgan Sayyid Sharif Jurjoniy (1340-1413) ham bor edi. Amir Temur Jurjoniyning yuksak ilmga egaligi hamda Payg'ambar avlodidan ekanidan xabar topgach, unga alohida hurmat ko'rsatadi. Hatto uning uyidan panoh topganlarga ham omonlik berdi2. Amir Temur Jurjoniy bilan ko'rishgach, uni Samarqandga taklif etdi. Jurjoniy taklifni qabul qilib, Samarqandga yo'l oldi. Olim Samarqandda o'n sakkiz yil bosh mudarris sifatida faoliyat olib bordi va o'z qalamiga mansub asarlarining aksarini yurtimizda kechgan faoliyati davomida ta'lif etdi.

Samarqandda yashash davomida Sayyid Sharif Jurjoniy bir qator olimlar, xususan, alloma Taftazoniy (vafoti — 794/1392) bilan bir qancha ilmiy bahs va munozaralar olib bordi. Ushbu munozaralarning aks-sadosi butun olamga tarqaldi. Hatto mazkur ilmiy munozaralarga doir alohida risolalar ham bitildi. Munozaralarda ustun kelgan Jurjoniyning shuhrati olimlar orasida tanilishi bilan birga, Amir Temur nazdida ham uning e'tibori yanada yuksaldi. Natijada Amir Temur uni Movarounnahrdagi birinchi raqamli olim mavqeiga chiqardi.

Bir gal Sa'duddin Taftazoniy va Sayyid Sharif Jurjoniy o'rtasidagi mashhur bahs-munozaralar paytida Sohibqiron Amir Temur Jurjoniyga bo'lgan yuksak hurmatini izhor etib, shunday degan ekan: “Bahslarda va ilmlarda Taftazoniy hazratlari ustun bo'lishi mumkin, biroq Jurjoniy hazratlari sayyidligi uchun ham bugun g'olibdir”.

1405 yilda Amir Temur vafot etganidan so'ng mamlakatda yuzaga kelgan parokandalik sabab Sayyid Sharif Jurjoniy Sherozga qaytdi va 1413 yil vafot etguniga qadar ushbu shaharda o'z ilmiy faoliyatini davom ettirdi3.

Sayyid Sharif Jurjoniy o'zidan so'ng ulkan ilmiy meros qoldirgan kam sonli olimlardan sanaladi. U diniy va dunyoviy ilmlarga oid bir qancha asarlar ta'lif etdi. Mazkur ilmlar avvalida kalom ilmi, arab tili, falsafa, mantiq, astronomiya, matematika, tarix, fiqh, hadis, tafsir, tasavvuf kabilarni sanab o'tish mumkin.

Manbalarning qayd etishicha, Jurjoniy o'ta zakiy, har bir masalaning daqiq joylarigacha o'rganuvchi, fasohat va balog'at sohibi, munozara yuritishda mohir, muhaqqiq ulamolardan hisoblangan. Uning arab tili, meros va kalom ilmiga oid asarlari bir necha avlod almashsa ham ta'lim maskanlarida asosiy manba sifatida o'qitilmoqda.

Jurjoniy aqida, fiqh, tafsir, kalom, tasavvuf, hadis, mantiq, falsafa, astronomiya, geometriya kabi diniy va dunyoviy ilmlarga bag'ishlangan yuzga yaqin asar yozgan.

Amir Temur hukmronlik yillarida yurtimizda e'zoz topgan Sayyid Sharif Jurjoniy kabi bir necha olimlarni sanab o'tish mumkin. Bu esa millatimiz qadimdan ilm-fan va madaniyatga oshno bo'lgani, din arboblari hamda olimu fuzalolarga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom ko'rsatish ruhida tarbiya topib kelayotganini yana bir bor isbotlaydi.

Doston MUSTAFOYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi yetakchi ilmiy xodimi.

 

1http://www.temurtuzuklari.uz/uz/clause/58

2Alouddin Ali al-Hinnaiy. Tabaqoti Hanafiyya. Sulaymoniya kutubxonasi, Husni Posho bo'limi, r. 844, s. 22; Abdulhay Laknaviy. Al-Favaidu-l-bahiyya, 128 bet. Bayrut, tarixsiz; Toshko'pirzoda. Ash-Shaqoiq an-No'moniya, 29 bet, – Bayrut: 1975.

3Mo''jam at-Ta'rifot. Dor al-fazila, 2004. – B. 234.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + two =