Dilbar shaxs, mard va tadbirkor hukmdor

14 fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Qomusiy alloma, benazir faqih, dilbar shoir, ma'rifatli shoh va mohir sarkarda, jonfido ota Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati salkam besh asrdan beri jahon ahlini hayratga solib keladi.

Shoh Boburning hukmdor, olim va shoir sifatida ma'naviyat, ma'rifat, ilm-fan va obodonchilik sohalarida qilgan xayrli ishlari kitoblarda, yodnomalarda ko'p bora bayon qilingan. Bu xizmatlar tafsilotini “Boburnoma” asaridan ham anglash mumkin.

Bobur mirzoning jahon ma'naviy hayotiga ulkan hissa bo'lib qo'shilgan eng muhim xazinalari uning asarlaridir. Bu asosan besh kitob: 1) Devon, ya'ni she'rlar majmuasi, masnaviylar; 2) qomusiy yodnoma asari — “Boburnoma”; 3) buyuk fiqhiy asari — “Mubayyin”; 4) “Aruz risolasi” (“Mufassal”); 5) “Volidiyya” asari kabi ma'naviy-ma'rifiy xazinalardan iborat.

Bobur mirzoning yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari, “Xatti Boburiy”, shuningdek, musiqa san'ati va harb ishlariga maxsus bag'ishlangan risolalari ham bo'lgani aytiladi. Ammo keyingi ikki asar matni hanuzgacha topilgan emas. “Xatti Boburiy”da muallif arab alifbosini soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til mezonlariga moslashtirgan. Tarixchi olim Laqhnaviy-Hasaniyning yozishicha, buyuk bobomiz bu imloda Qur'oni karimni ko'chirtirib, Makkai mukarramaga — muqaddas Ka'batulloh ma'murlariga yuborgan. Xatti Boburiyda yozilgan Qur'oni karimning Mashhad muzeyidan yurtimizga keltirilgani Bobur mirzo ilmiy faoliyatini o'rganishda yangi imkoniyatlarni ochadi.

Ulug' muarrix Lakhnaviy-Hasaniyning “Nuzhat ul-xavotir” (“Xotiralar sayri”) kitobida u kishini “Turli sohalarda dengizdek ilm olgan” deb ta'riflashi besabab emasligini shundan anglaymiz.

“Boburnoma” asaridan adabiyot, she'riy san'at, tilshunoslik, lug'atshunoslik, kitobat, siyosat, iqtisod, jug'rofiya, maktubnavislik odobi, ta'rixnavislik (ta'rix janri) san'ati, din va dun, shariat va tariqat, fiqh va tasavvuf, etnografiya, jamiyatshunoslik, insonshunoslik, falakiyot (astronomiya), tib-tabobat ilmi, harbiy ta'lim, bog'dorchilik, miroblik, xalq og'zaki ijodi, matematika, binokorlik va obodonlik, oila va jamiyat, islom arkoni va ahkomi, tushlar ta'biri kabi ko'plab sohalarga oid ilmlardan namunalar, ma'lumot va tushunchalar topish mumkin. Bu jihatdan mazkur asar xilma-xil ilmlar xazinasi, qomusiy ma'lumotnomadir.

Bu dalillar Zahiriddin Muhammadning bolalik va yoshlikdan ulug' ustozlardan ta'lim olib, sog'lom qalb va aql bilan kamol topib, yetuk shaxs bo'lib kamol topganining isbotidir.

Taniqli boburshunos olib Vahob Rahmonov ta'kidlaganidek: “Bu asar mazmuni, voqealariga e'tibor qilgan ziyrak kitobxon: “Boburning qiziqmagan va bilmagan sohasi qolmagan ekan!” degan hayratli xulosaga keladi.

XVI asr tazkiralarining nodir namunalaridan bo'lmish Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (“Sevimli zotlar yodnomasi”) asarida: “Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh ibn Mirzo ibn Umarshayx ibn Sulton Abusaid Ko'ragon ibn Sulton Muhammad Mironshoh Mirzo ibn Amir Temur Ko'ragon zikri” deya maxsus bir bob ajratilgan. Bobur mirzo iste'dodining turli qirralarini tavsif etib, uni: “Chig'atoy sultonlarining eng sarasi va zo'r shijoatlisi edi…”  deb ta'riflaydi.

Shundan so'ng muallif Boburning ma'naviy holi, shoirlik iste'dodi va faqihlik qobiliyati haqida so'zlab: “Podshohning Naqshbandiya (tariqati) oliy xonadoniga irdat nisbati bor edi. Yuqori shon-shavkatli bobosi va saltanat nishonli otasining hazrati Xoja (Ubaydulloh) Ahrorga irodati bo'lgan. Bobur podshoh ham bu ulug'lar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biror daqiqa bu ishni kanda qilmas va g'aflatda qolmas edi”, deydi.

Nodir xislat va karomatlar sohibi bo'lgan hazrati Xoja Ahrori Valiy bilan ulug' podshoh, alloma va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o'rtalarida kuchli ma'naviy irtibot mavjud edi. Bunga sabab ulug' valiyning ma'naviy tasarrufi quvvatli ekani hamda Bobur mirzoning shayxga bo'lgan muhabbat va e'timodining samimiy ekanidadir. Bu bog'liqlik Xoja Ahror hazratlarining shoh va shoir hayotiga tegishli bir necha karomatlarida namoyon bo'ladi.

Bobur mirzoning naqadar ulug' odob va axloq sohibi ekani hazrat Alisher Navoiyga bo'lgan munosabatidan va qisqa vaqt Hirotda — hazrat Navoiyning uyida turgan vaqtidagi qilgan xizmatlaridan ham ravshan anglashiladi. Masalan, “Boburnoma”ning Kobul davri voqealarida — 1509-1510 yillar voqeasi bayonida quyidagi olamshumul xodisa eslanadi:

“Bog'i Navda bir kecha bo'ldum, ani munosib ko'rmay, Alisherbekning uylarini ta'yin qildilar. Hiridan chiqquncha Alisherbekning uylarida edim”.

Yana bir iqtibos: “Odina kuni, oyning yigirma uchida Alisherbekning to'rt devonidin buhur avzoni tartibi bila (aruz bahrlari vaznlari asosida) g'azallar va abyotkim, intixob qililadur edi, itmomig'a yetti”.

Demak, Bobur mirzo Hirot shahrida ekanida hazrat Alisher Navoiyning hurmatlarini saqlash, ma'naviy haqini ado qilish, hurmat va ehtiromini joyiga qo'yib, u zotga xizmat qilishni o'ziga burch deb biladi va xizmat umidi bilan u zotning to'rt devonidan bahrlar vazniga qarab g'azallarni saralab, bir saylanma devon tuzadi. Bunday ehtirom ko'rsatish fikri har kimning ham xayoliga kelavermaydi. Bu Bobur mirzodek dahoga xos ehtirom va odob namunasidir.

Tarixda biror ulkan voqea yuz bersa, mumtoz shoirlarimiz bu voqeaning tarixini she'rga solib, qisqa lafzlar bilan ifodalar edilar. Bu she'r janri “ta'rix” deb ataladi. Chunki muayyan so'z yoki lafz abjad hisobida mazkur voqeaning tarixini aks ettiradi. Ta'rix san'atining hikmati shuki, sanalar va raqamlar esda qolmaydi, so'z va lafzlar esa doim esda qoladi.

Tarixdan ma'lum, Bobur mirzo 1526 yilda Gang daryosidan Amudaryogacha bo'lgan hududni birlashtirgan ulkan saltanatni barpo qildi. Keyinchalik uning avlodlari Humoyun mirzo, Akbarshoh, Jahongir, Shoh Jahon va Avrangzeb davrlarida bu saltanat yanada kengaydi va xorijiy ma'lumotlar asosida G'arbda “Buyuk mo'g'ullar saltanati” degan nom bilan shuhrat qozondi. Holbuki, bu asl-haqiqatda Buyuk Boburiylar saltanati edi!

Bobur mirzo bu davlat tepasida atigi besh yilcha hukmronlik qilib, 1530 yil 26 dekabrda vafot etdi. Mana shu qisqa vaqt ichida butun saltanat sohibining salomatligi yomonlashib borishiga qaramay, u ko'pgina ulug'vor ishlarni amalga oshirishga ulgurdi.

“Boburnoma” yangi nashrining so'zboshisida muhtaram olimlarimiz yozadilar: “Bobur mirzo Agra va Dehli shaharlari atrofini obodonlashtirish, Jamna daryosi bo'ylariga saroylar, qasrlar, hammomlar qurish, bog'lar barpo etish ishlariga bosh-qosh bo'ladi, bozorlar, guzarlardan olinadigan tamg'a solig'ini bekor qiladi, Kobul va G'azna shaharlarini suv bilan ta'minlovchi va ilgari buzib tashlangan suv inshootlarini qayta tiklash uchun mablag' ajratadi. Agradan Kobulga boradigan savdo yo'lining bexatarligini ta'minlash maqsadida karvonsaroylar, rabotlar qurdiradi. O'z atrofiga olim va shoirlarni to'plab, ularning ijodiy ishlariga homiylik qiladi” .

Bobur mirzo saroyiga O'rta Osiyo va Xurosondan mashhur tarixchi Xondamir, hikmat sohiblaridan Abu-Bakr, shoirlardan Mavlono Shihob Muammoiy (Faqiriy), Mulla Baqoiy, Vidoiy, Abdulvohid Forig'iy, Shayx Zayn (Zaynuddin Xavofiy) va boshqalar kelib turkiy-o'zbek va fors-tojik tillarida ijod qildilar. U hind olimlaridan Shayxoroni o'ziga vazir qilib tayinladi. Shayx Hofiz Ko'hakiy Toshkandiy Toshkentdan Bobur mirzo ziyoratiga bordilar, Boburshoh u zotga oltindan va kumushdan hadyalar qilib, ikrom ko'rsatadi. Bu voqea “Boburnoma”da ham qayd etiladi: “Xoja Mir Sultonga va uning o'g'illariga, Hofiz Toshkandiy va Mulla Farrux boshchiligidagi Xojaning xizmatidagi kishilarga hamda boshqa elchilarga ham oltindan va kumushdan bo'lgan ashyolar in'om etildi” (“Boburnoma”ning sodda bayonidan).

Bobur mirzo asos solgan saltanat, mamlakatni ma'lum darajada siyosiy jihatdan birlashtirish, obodonlashtirish va madaniy jihatdan yuksaltirish nuqtai nazaridan Hindiston uchun foydali bo'lgan edi.

Hindistonning mashhur davlat arbobi Javoharla'l Neru “Hindistonning kashf etilishi” va “Jahon tarixiga bir nazar” asarlarida Bobur va uning nabirasi Akbarshohga yuksak baho beradi. Jumladan, bunday deb yozadi: “Bobur — dilbar shaxs, Uyg'onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo'lgan. U san'atni, adabiyotni sevar edi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko'rar edi”.

Keyinchalik Neru “Jahon tarixiga bir nazar” nomli uch jildlik asarida ham Bobur mirzo va Akbarshoh haqida alohida to'xtaladi. Jumladan, Bobur mirzo haqida shunday yozgan: “Bobur shu vaqtgacha o'tgan madaniyatli va jozibador insonlar orasida eng yetuklaridan biri edi. U mutaassiblikdan yiroq edi… Bobur san'at va adabiyotni, ayniqsa, sevar edi”.

Bu ta'riflarning hammasi Bobur shaxsiyatiga, u asos solgan saltanatning Hindiston tarixida tutgan o'rniga berilgan munosib bahodir.

Bobur mirzo garchi umri yurishlar, jangu jadallar bilan o'tgan bo'lsa-da, qaerdan o'tmasin va qaerga qo'nmasin, kitoblarga ulkan e'tibor qaratgan va mo''tabar kitoblar yo'q bo'lib ketmasligi uchun ularni yig'ib, saralab jamlab borgan.

“Boburnoma”ning Hindiston davri — to'qqiz yuz o'ttiz ikkinchi (1525) yil voqealarida Malo't qo'rg'onida uchragan kitoblar haqida aytiladi: “Ikki kechani shu tepalikda o'tkazib, dushanba kuni qo'rg'onga kirib aylanib, G'ozixonning kutubxonasiga kirdim. Bir qancha nafis kitoblar chiqdi. Bir nechtasini Humoyunga berib, bir nechtasini Komronga yubordim. Ular ichida ilmiy kitoblar juda ko'p edi. Lekin bir qaraganda qimmatbaho ko'ringan kitoblar ichida arziydigani uncha ko'p emas edi. Kechasi o'sha yerda qolib, ertasiga o'rdaga qaytib keldim”.

Bobur mirzoning har qaysi mamlakat va shaharlardan yiqqan kitoblari qaerda saqlandi va ular qanday qadrlandi? Bu savol Bobur muxlislari orasida ko'p uchraydi va bunga jo'yali javob olingan emas.

Bu savolga aniq javob tariqasida aytamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur jamlagan kitoblaridan Hindistonda ulkan kutubxona tuzgan va barcha kitoblarni u yerda saqlagan.

Bunga dalil tariqasida “Boburnoma”dan quyidagi voqeani keltiramiz:

“Odina kuni oyning yigirma uchida harorati badnimda zohir bo'ldi. Andoqkim, jum'a namozini masjidta tashvish bila o'tadim, namozi peshin ehtiyotini kelib, kitobxonada, bir zamondin so'ng mashaqqat bila o'tadim”. (“Boburnoma”. To'qqiz yuz o'ttiz beshinchi (1528) yil voqealari).

Bu muqarrar javobdan ma'lum bo'ladiki, Bobur mirzoning barcha yiqqan kitoblari Hindistondagi kutubxonasida saqlangan.

Bobur mirzo jahon va turkiy-o'zbek adabiyoti tarixida meros salmog'i jihatidan ulkan xazina qoldirgan shaxslardan biridir. Albatta, Alisher Navoiydan keyin eng ko'p va xo'b adabiy-ma'naviy meros qoldirgan zot Muhammad Rizo Ogahiy ekanligi ilm va ma'rifat ahliga yaxshi ma'lum. Hazrati Ogahiy buyuk tarjima maktabini barpo qilgan sermahsul mutarjim hamdir. U zot hayot tarzi jihatidan ham o'zini hazrat Navoiyga o'xshatishga harakat qilgan. Lekin shaxsining ajoyib fazilatlari, mavzu ko'lamining kengligi, “Boburnoma” singari qomusiy asarini hisobga olsak, ma'rifiy meros bobida Bobur mirzoning ham mavqei ulug' zot ekanligiga shubha yo'q.

Mirzo KENJABEK,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

yoshlar murabbiysi,

shoir va tarjimon.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 12 =