“So'z qattig'i el ko'nglini ozor aylar”

Xolboy IBRAIMOV,
Qori Niyoziy nomidagi
Tarbiya pedagogikasi
milliy instituti direktori,
pedagogika fanlari doktori,
akademik.
Ikki buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur o'zbek xalqi tarixida yorqin sahifa ochgan, o'z-o'ziga ma'naviyat va ma'rifatdan mangulikka haykal qo'ygan buyuk siymolarimizdan sanaladi. Tarixchi Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida Alisher Navoiyning xizmat va fazilatlari shunday tavsiflanadi: “…to qiyomatgacha va qiyomatda ham ulug' hazratning yoqimli fe'llari va yaxshi ishlari zamon sahifalarida, kecha va kunduz varaqlarida mangu qolur”.
Darhaqiqat, xalq o'z suyukli farzandi ijodiy merosini unutgani yo'q, uning odob-axloqi folklor asarlarda afsona bo'ldi. To hozirga qadar ulug' bobokalonimiz tavalludining keng nishonlanayotganligi, 1989 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan har 3 yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida milliy qadriyatlar xazinasini boyitgan adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi eng yorqin va sermazmun asarlar uchun Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Respublikasi davlat mukofoti berilayotgani, xalqimiz boshiga tushgan og'ir sinov kunlarida O'zbekistonda ham, qo'shni qardosh respublikalarda ham, hatto fashistlar qamal qilgan och va sovuq Leningradda ham Navoiyning 500 yilligi nishonlangani bunga yaqqol misol bo'la oladi. 1991 yili O'zbekistonda “Alisher Navoiy yili” deb e'lon qilingani, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Vengriya, Qozog'iston, Turkiya, Belarus, Qirg'iziston, Rossiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Xitoy va Tojikistonda Navoiyga haykal va byustlar o'rnatilgani, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta'sis etilgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025 yilni Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e'lon qilingani esa barchamizga g'urur bag'ishlaydi.
Alisher Navoiy jahon she'riyat xazinasini durdona asarlari bilan boyitgan, Husayn Boyqaro saltanatida davlat arbobi sifatida bunyodkorlik va ma'naviy-ma'rifiy islohotlar olib borgan, amalga oshirgan ishlari sababli “amiri kabir” (ulug' amir), “amiri muqarrab” (eng yaqin amir) unvonlariga sazovor bo'lgan. Xondamirning “Habib us-siyar” asarida keltirilishicha, Alisher Navoiy o'z mablag'lari hisobidan Xurosonda bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta ko'prik, 20 ga yaqin hovuzlar qurdirgan. Mutafakkirning tashabbusi va mablag'i bilan qurdirilgan “Ixlosiya” majmuasi hozirga qadar butun dunyo ahli uchun o'ziga xos ma'naviy maskan hisoblanadi.
Ma'lumki, Alisher Navoiy barcha asarlarida komil inson tarbiyasiga alohida e'tibor qaratgan. U tarbiyani o'ta jiddiy va murakkab jarayon, deb bildi.
Ulug' bobomiz o'z she'rlarida inson axloq-odobi haqida mukammal yo'riqnoma, dastur tuzganlarki, unga qarab o'zimizda komil insonni tarbiyalashga harakat qilishimiz zarur.
Kimki bir ko'ngli buzuqning
xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa
obod aylagay, —
deya uqtiradi Navoiy.
Ya'ni, bobomizning e'tiroflariga ko'ra, kim ko'ngli o'ksik bir insonni xursand qilsa, hatto yiqilgan Ka'bani qaytadan qurgan, obod qilgan kabi savobga noil bo'ladi.
Alisher Navoiyning “Nazm ul-javohir”, “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma'nolar xazinasi”), “Lison ut-tayr” (“Qushlar tili”), “Muhokamat ul-lug'atayn” (“Ikki til muhokamasi”), “Mahbub ul-qulub” (“Qalblar sevgani”), “Xamsa” kabi asarlari xalqimiz ma'naviyat xazinasidan munosib o'rin egallagan. Bu asarlarda hech shubhasiz aytish mumkinki, tarbiyaning milliy asoslari yoritib berilgan.
Alisher Navoiy insonda sabr, tavoze, hilm (muloyimlik)ni tarbiyalashga alohida e'tibor qaratgan, bularni komillikning muhim belgisi, zeb-ziynati, ziyolilik va barkamollikning namoyon etilishi deb bilgan, hilmni “odamiylik olamining javohirlig' tog'i” (“Mahbub ul-qulub”) deb hisoblagan:
Komilda kerak hilm xayoli, bilgil,
Kim hilmdadir ilm kamoli, bilgil.
Allomaning fikricha, odob-axloq insonni hurmat-e'tiborga sazovor etuvchi eng muhim va yagona etalondir, chunki odobli inson: “mansabdor kishilardan go'zalroq va badavlat odamlardan hurmatliroqdir”. Barcha mavjud ne'matlar inson uchun, uning baxt-saodatini ta'min etish uchun yaratilgan ekan, inson Allohning shu marhamatiga munosib bo'lmog'i, ya'ni odob-axloqi bilan o'z insoniy burchini bajarmog'i zarur.
Navoiyning hayot yo'li yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Ulug' shoir odob-axloqda barchamizga namuna bo'la oladi. Yuqori mansab egasi, mamlakatning ulug' vaziri bo'lishiga qaramay, u hayotda kamtarin-kamsuqum inson bo'lgan. Hirotdagi Xoja Abdulla Ansoriy xonaqohida jorubkashlik (supuruvchilik) qilgan. Umrining so'ngigacha ushbu xonaqohni ozoda tutishga, shaxsan o'zi supurib tozalashga, obod qilishga harakat qilgan. Mehnatdan or qilmagan, kibrga berilmagan.
Alisher Navoiyning tarbiyaga oid “Munshaot” asarida 104 ta maktub mavjud bo'lib, ularni mavzusiga ko'ra taxminan to'rt turga, ya'ni tabiatni tasvirlashga qaratilgan matnlar, shoh Husayn Boyqaroga davlat ishlarida ko'maklashish maqsadida bitilgan matnlar, o'z ijodiy faoliyati haqida Husayn Boyqaroni xabardor etib turish, pand-nasihat va tarbiyaviy mazmundagi matnlarga bo'lish mumkin. Ularda shoir mamlakat shohini kitob o'qishga, maktablar bino qilishga, maktub yozishda uning shakl jihatidan aniq va tartibli, so'zlari izohlangan, ma'noli bo'lishiga diqqat qaratishga da'vat etadi. Navoiy bolalarni bekorchi o'yinlar bilan mashg'ul bo'lishiga qarshi turib, Husayn Boyqarodan: “Masjid imomiga tayinlansaki, masjid joylashgan mahalla ahlining o'g'il va yosh bolalariga maktab ochib o'qitsalar”, deya iltimos qiladi.
Navoiy “Xamsa”sining ilk dostoni “Hayrat-ul abror”, o'z-o'zini tarbiyalash va tavba-tazarruga yo'llovchi “Vaqfiya”, “Lisonut tayr” kabi asarlarida qat-qat hikmatlar bitilgan. “Seni yomonlikka boshlagan odam dushmaningdir” deya uqtiriladi “Hayrat-ul abror”da.
Bordur inson zotida oncha sharaf —
Kim yamon axloqin etsa bartaraf.
Inson zoti shunchalik sharafliki, agar u o'zining yomon odatlaridan qutulib, Fir'avn kabi zulmu sitamga berilmasa, Muso alayhissalom kabi ezgu sifatlarga oshno bo'ladi.
Alisher Navoiy shirin so'zlikni inson egallashi zarur bo'lgan eng oliy insoniy qadriyat deb biladi:
So'z qattig'i el ko'nglini ozor aylar,
Yumshog'i ko'ngullarni
giriftor aylar, —
deya uqtiradi.
Ya'ni, qo'pol gaplar inson qalbiga og'ir botadi, shirin so'z esa kishilarni bir-biriga bog'laydi, maftun qiladi.
Shoir umrining oxirlarida 1500 yil so'ngida yozib tugatgan “Mahbub ul-qulub” asari dunyoning achchiq-chuchugini ko'rgan, goho “komronlig'” (baxtiyorlik), goho “notavonlig'” (baxtsizlik) topgan shoir va mutafakkirning 60 yillik hayotiy tajribalarining o'ziga xos yakuni edi. Unda tarbiyaning asosiy negizlari o'z ifodasini topgan, deb aytish mumkin.
Xalqimizning yana bir suyukli farzandi, ulug' shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning nomi hamisha Alisher Navoiy bilan birga yod olinishi bejiz emas. Ular tavalludining shunday oqilona ketma-ket kelganligi hamda doimo birgalikda nishonlashida chuqur ramziy ma'no bor. Bu, avvalo, Yaratganning irodasi, qolaversa, ulug' iste'dod va fidoyilikning xalqimiz tomonidan haqiqiy ma'noda e'tirof etilganligi tufaylidir.
“Navoiy va Bobur ijodi o'rtasida mushtarak jihatlar borligi ko'pchilikka ma'lum. Lekin ayni paytda bu ikki muhtasham ijod olami o'rtasida bir-biridan farq qiladigan holatlar ham mavjud. Misol uchun, garchi ular o'rtasida davr nuqtai nazaridan katta farq bo'lmasa-da, “nazmiy tillari” turlicha. Navoiyni tushunishimiz qiyin-u, Boburni osonroq tushunamiz”, — deb yozadi adabiyotshunos olim Vahob Rahmonov.
Haqiqatan, Boburning nazmiy asarlarini tushunish hozirgi kun o'quvchisiga ham qiyinchilik tug'dirmaydi. Hatto bog'cha yoshidagi bolalar ham uning axloqiy g'oyalarini anglay biladilar:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi ko'rmag'ay yomonlik hargiz,
Har kimki yomon bo'lsa, jazo topqusidir.
Shoir o'quvchilarga “yaxshi inson bo'l, shunda yomonlik ko'rmaysan” deb uqtirmoqda, tarbiya bermoqda.
Ingliz tadqiqotchisi Uilyam Erskin Bobur hayotini ko'p yillar davomida o'rganib yozadiki, insoniyat faoliyatining barcha sohasida “osiyolik shahzodalarning hech qaysisi Boburga teng kelolmaydi va uning yoniga qo'yish uchun loyig'ini topolmaymiz”. Shuning uchun ham Javoharla'l Neru uni “dilbar shaxs” deb atagan edi.
Tole yo'qi jonimg'a balolig' bo'ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig' bo'ldi.
O'z yerni qo'yib, Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig' bo'ldi.
Adabiyotshunoslarimiz ta'kidlaganidek, tarixda hech bir shoh o'zi hayotdan ko'z yummay turib, toj-taxtni farzandiga topshirmagan. Hech bir shoh o'zi haqida bor haqiqatni, xato-kamchiliklarini yozib qoldirmagan. Ammo shunday qila olgan komil inson yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Bobur aforizmlari uning mardonavor inson ekanini isbotlaydi: “Yomon ot bila tirilgandin, yaxshi ot bilan o'lgan yaxshiroq”, “O'rniga qarab, gulga — gul, tikanga — tikan bo'l”.
Taqdir taqozosi bilan umrining salmoqli qismini Hindistonda yashab, uning madaniyati va ma'rifatini yuksaltirishga bag'ishlagan Bobur she'riyatida Vatan sog'inchi, uni sevish va qadrlash mavzusi alohida o'rin tutadi.
Yod etmas emish kishini g'urbatda kishi,
Shod etmas emish ko'ngulni mehnatda kishi.
Ko'nglum bu g'ariblikda shod o'lmadi, oh!
G'urbatda sevunmas emish, albatta, kishi, —
deya yaqinlaridan ayriliqda, o'z yurtidan g'ariblikda yurgan kishining ko'ngli shod bo'lmasligini uqtiradi.
Ona yurtga bo'lgan sog'inchini izhor aylar ekan, Vatanining ham uni sog'inganiga ishongisi keladi.
Behad vafou mehr sanga ko'rsatib edim,
Sen ham sog'ing'aysen mehru vafo bila.
Bu ikki buyuk ajdodimiz ijodiy merosi va hayot yo'li asrlar davomida insoniyatni tarbiyalash, unga to'g'ri yo'lni ko'rsatish, Vatanni sevish va qadrlash, ilm, kasb-hunar o'rganish, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo'lish kabi masalalarda dasturilamal bo'lib xizmat qilishi shubhasiz. Bizningcha, ta'lim muassasalarida Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosini chuqur o'rganish uchun o'quvchilar o'zlashtirishlari zarur bo'lgan badiiy, ilmiy va ma'rifiy-tarbiyaviy adabiyotlar minimumini shakllantirishimiz, o'quvchilar bilan Navoiy va Bobur asarlari izohli lug'atini o'rganishga e'tibor qaratilishi, Navoiy va Boburning pedagogik merosini chuqur o'rganishga qaratilgan tadqiqot ishlarini amalga oshirish zarur. Alisher Navoiy va Mirzo Bobur asarlarida ilgari surilgan odob-axloq masalalarini dastavval oila muhitiga tatbiq etish, buning uchun ota-onalar, bobo-buvilar uchun “Alisher Navoiy va Bobur farzand tarbiyasi haqida”, “Alisher Navoiy va Bobur hikmatlari”, “Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosiga murojaat” kabi mavzularda doimiy suhbatlar, ularda farzandlar bilan bo'ladigan kundalik muloqot vaqtlarini ko'paytirishga qiziqish uyg'otish bugungi yosh avlodni tarbiyalashda muhim vazifalardan biridir.