Shamsul millat yoxud Navoiyni anglash saodati

Navoiyni tushunish va  anglash  uchun  uning  asarlarini  maktab  yoshidan  qayta va  qayta  o'qish  va  u  yashagan  davrni  sinchkovlik  bilan  o'rganish  lozim,  xolos. Bugun  faxr  bilan  baralla  Navoiy  ijodi,  faoliyati, shaxsiyati,  uning  ta'limoti turkiy  ma'naviyat va tafakkurning  eng  noyob  qomusi — ensiklope­diyasi, desak  yanglishmaymiz. Toshkentdagi  milliy bog'da shoirga  qo'­yilgan  haykal  tepasidagi  gumbaz peshtoqida:  “Olam  ahli,  bilingizkim,  ish emas  dushmanlig', Yor  o'lung bir-biringizgaki, erur yorlig'  ish”,  degan hazratning bayti bitilgan.  Ulug' shoirning  bu shoh  misralari milliy mustaqilligimiz, davlatchiligimizning  bosh  g'oyasi,  mohiyati, mazmunini  ifodalovchi umumbashariy  maqsadlari ila mushtarak desak, xato bo'lmas.

Biror makon  va zamonda  Vatanni,  millatni  ulug'lash,  yaxshi  ko'rish hech  qachon  millatchilik, deb baholanmasligi  lozim. Dunyo  ahli  bunga azaldan jo'mardlik nisbasi  va  maqomini  bekorga  bermagan.

 Navoiyni bo'y  bastiga  o'rganish,  u zotni  ang­lashni  bizga  mustaqillik  hadya  etdi.  Chunki  sobiq sho'rolar  navoiyshunosligi  “She'riyat sultoni”, “Davlat  arbobi”, “Xamsanavis  shoir” degan  atamalardan  nariga  o'tmasdi. Shukurki, Navoiyni  ang­lash  va  o'rganish  baxti to'la-to'kis ro'yobga chiqdi.

Bundan  o'ttiz  bir  yil  oldin,  ya'ni 1991  yil yurtimizda  “Alisher  Navoiy  yili”,  deb e'lon  qilingandi. Shoir tavalludining  550  yilligi  munosabati  bilan  O'zbekiston  Fanlar  akademiyasi Til va adabiyot  institutiga Alisher Navoiy nomi berildi. Poytaxtimizdagi eng baland  va  ko'rkam  joyda  tashkil etilgan  Milliy bog'ga  ham  Navoiy  nomi qo'yildi. Muhtasham  gumbaz  tagida uzoq-uzoqdan  ko'rinib turadigan  haykal  o'rnatildi.

Biz  hazrat Navoiyni g'urur bilan — Shamsul millat,  Shamsul  qalb, deb  ataganimizda  uning  bolalikdan toki umrining  oxirigacha  qilgan  ishlari,  faoliyati va  butun  dunyo  xazinasidan-da noyob bo'lgan  adabiy, ma'naviy, madaniy  merosini  nazarda  tutamiz.  Shuning  uchun ham  Navoiyni  anglash, degan  jumla  juda  katta maqom  va ma'noga  ega  ekanligini yoddan  chiqarmasligimiz  kerak. Komil  ishonch  bilan  aytish mumkinki, buning  boisi dunyoda  ma'naviyat, ma'rifat, ilm-fan,  din, tasavvuf,  shariat,  tariqat  kabi  tafakkur  silsilalarini anglash, o'rganish  uchun  nimaiki kerak bo'lsa, uni hazrat Navoiy ijodidan  bemalol  topish mumkin!

Bir  gal  vohadagi  kollejlardan birida  Navoiyxonlik  kechasida  ishtirok etishga  to'g'ri keldi.  Hamrohlarimizdan biri  so'zga  chiqib,  hazrat  haqida  batafsil  ma'lumotlar  berish  barobarida  “Navoiy  turkiy  shoirlar ichida  birinchi bo'lib  “Xamsa”  yaratgan”  degan  so'zni  bir necha  bor  ishlatdi.  Uchrashuvdan  so'ng  qaytayotib  avtobus  kutayotganimizda  sekingina   chetga  chorlab, “Domla, siz  fan  doktorisiz, nega tarixiy  haqiqatni  to'g'ri  talqin  etmadingiz?”, deya  ma'ruzasidagi  aytgan  so'zlarni  aynan  keltirdim.

— Menga  juda  muhim  va yangi  gap aytasizmi,  deb  o'ylabman? — deb  zaharxandalik  bilan  kuldi u.

Men  esa domladan: “Sal  faromush  qilibman  yoki e'tibor  bermabman” deganga  o'xshash  javobni  kutgandim.  Qissadan  hissa,  biz  Navoiyxonlik  uchrashuvlari  qaerda,  qanday joyda,  qanday tabaqa,  qanday toifa  bilan  o'tkazilayotganligini   qat'iy e'tiborga  olishimiz  lozim. Masalan,  maktab,  kollej,  texnikum  o'quvchilari,  oliy  ta'lim  talabalarining  qabul  qilish  va  ma'naviy  hazm    qobiliyati  turlicha  ekanligini  unutishga  haqqimiz  yo'q!  Bundan  tashqari,  korxona, tashkilot, muassasalarda  bo'ladigan  adabiy  uchrashuvlar, ma'naviyat-ma'rifat  saboqlari  alohida  e'tibor  va mas'uliyat   talab qiladi. Agar auditoriya  bor-yo'g'i to'rt-besh kishidan  iborat bo'lsa ham biz  ular  oldida  aytadigan  so'zimizni,  ishlatadigan  dalil  va  raqamlarimizni o'ylab,  isloh qilib, davraga  mos, to'g'ri kelish-kelmasligini tasavvur  qilib,  keyin  ishni boshlashimiz kerak. Xonasi   kelganda  yana bir gapni aytmasak  bo'lmas. Ayrim  ziyolilarimiz  Navoiy  yoki  Bobur kabi mutafakkirlarimizning  tavallud  kuni  kelishini  poylab  turishadi.  Maktab  va oliy  ta'lim  darsliklarida berilgan tarjimai hollari,  yozilgan  asarlari  ro'yxatini  shundoq  ko'chirib  kelishadi. Bu  “yangi  ilmiy  maqola” emish!  Ishoning,  qirq  yillik  ijodiy  faoliyatimda  bundaylarga ko'p bor duch  kelganman.  Axir, Navoiyxonlik,  Boburxonlik, Bedilxonlik  bir  kunlik yoki  mavsumiy ish emas-ku?! Bu  daholarning  bir  ruboiysi  yoki  bir  g'azalini  sharhlab bering! Tinglovchi, o'quvchi “ofarin!,”  desin!

Ulug'  shoir ijodiga maktab  darsligidan  tortib, dorilfunun  qo'llanmalarigacha juda  keng  o'rin berilgan. Uni ustozlari  yordamida o'zlari o'zlashtirib olishadi. Bugungi  Navoiyshunoslarning va  shoir  ijodi,  faoliyatini targ'ib-tashviq  qiluvchilarning  birinchi galdagi  vazifasi  uning adabiy merosiga,  faoliyatiga doir  o'zimizda  hamda  xorijda qilingan  tadqiqotlar,  yangi risolalar, monografiyalar, maqolalar  bilan  o'quvchilarni  muttasil tanishtirib borishdir.  Yaqinda  qo'limga  Samarqand  davlat  universiteti professori,  filologiya fanlari doktori  Muslihiddin  Nuriddinovning “Komil  inson  adabiyot  ideali” degan  kitobi  tushib qoldi. Nafaqat oddiy  o'quvchi, balki  ijodkor sifatida ham bu kitobdan  katta qoniqish  hosil  qildim.  Qiziqarli tomoni shundaki, dunyodagi buyuk daholardan bo'lgan  to'rt  nafar  xamsanavis shoir  ijodiga murojaat qilingan. She'riyat dunyosi  va bashariyat tan olgan  Nizomiy  Ganjaviy, Amir Xusrav  Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy “Xamsa”laridagi ilk dostonlar — “Maxzanul asror”, “Matla'ul  anvor”, “Tuhfatul  ahror” hamda “Hayratul-ab­ror”  ilmiy-falsafiy,  qiyosiy  tahlil qilinadi.

Mutolaa  davomida  mualliflarning  o'ziga xos, betak­ror g'oyalari,  ta'limotlari, tafakkur  tarzlari,  o'z zamonasidagi diniy-axloqiy, ijtimoiy-ma'naviy, ma'rifiy  qarashlari  va munosabatlari  ifodalangan  to'rttala  dos­ton  ham  yuksak badiiy-falsafiy,  mumtoz  asarlar degan xulosaga  kelasiz! Xo'sh, to'rt  nafar  daho “Xamsa”sidagi  ilk dostonlar  nega  samarqandlik  olim tomonidan  tadqiqot uchun  tanlab olindi? Buning boisi shundaki, Sharq  mumtoz adabiyoti va xamsachilik an'analariga ko'ra  “Xamsa”ning  birinchi  dostonida  muallif ko'zlagan,  rejalagan eng asosiy  maqsadlari, dunyoviy, diniy, tasavvufiy,  falsafiy  qarashlari, ta'limot va  g'oyalari  ifodalanadiki, bu  keyingi  dostonlar  uchun eng  ustuvor  das­tur, adabiy  tamoyil hamda ijodiy  mezon vazifasini  o'taydi.

“Amir  Xusrav Dehlaviy va Alisher Navoiy ijodida umuminsoniy tushunchalar islomiy aqidalar negizida  shakllangan. Shu bois biz Qur'on va hadisi sharifda inson haqida bildirilgan fikrlar bilan ikkala daho  shoir  qarashlari to'la  muvofiq  kelishiga  amin bo'ldik,” — degan xulosaga keladi kitob muallifi professor Muslihiddin Nuriddinov.

Biz  yuqorida bejiz uchrashuvdagi  voqeani  keltirmadik. Aslida  turkiy  shoirlar orasida  birinchi  bo'lib “Xamsa” bitgan kishi bu  Nizomiy   Ganjaviy  hazratlaridir. Ul  zot 27 yil davomida  “Xamsa”ni  yozib  (1173-1200 yillar) tugallagan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Amir  Xusrav Dehlaviy kenagas urug'idan  bo'lib, asli  hozirgi  Qashqadaryo  viloyatining  Shahrisabz  shahrida  tug'ilgan. Demak,  bu  daholardan  uch  nafari mumtoz turkiy adabiyot  vakillaridir. O'sha  davr an'anasiga ko'ra Nizomiy  Ganjaviy  “Xamsa”si  fors tilida  yozilgan  edi.  Buni  qarangki,  Navoiy  bilan  Nizomiy “Xamsa”si  orasida 400  yillik  muddat bo'lsa-da,  o'xshashlik  jihatlari  ham  yo'q emas. Hazrat  Navoiy bor- yo'g'i o'z  “Xamsa”sini ikki yilda  yozib tugatgan. Shuni  unutmaslik kerakki, buyuk bobomiz  birinchi bo'lib  shunday  katta epik asarni  turkiy tilda  yozish  mumkin  ekanligini  amalda  isbotladi. “Xamsa”ning  har bir kitobini (doston) qoyilmaqom  tarzda o'z  davri hodisotlariga, kuzatishlariga zamon,  din, bashariyatga bo'lgan munosabatini  ifoda etgan holda  yoritdi. Bejiz  hazrat: “Emas oson bu maydon  ichra turmak,  Nizomiy  panjasig'a  panja  urmak”, deb  aytmaganlar.

Agar  esingizda bo'lsa, markaziy televidenie  orqali  berilayotgan “Hidoyat  sari” ko'rsatuvlarida  Anvar  qori  Tursunov  hazratlari (Alloh  rahmatiga  olgan   bo'lsin) Alisher  Navoiydan  ko'plab iqtiboslar  keltirardilar. Ko'pchilikka  ma'lumki,  Anvar  qori  Navoiy, Jomiy  kabi  mumtoz  shoirlar  ijodini  juda  yaxshi  bilardilar. Chunki  ularning   ijodi  dinimizning,  shariatimizning, tariqat  va tasavvuf  ta'limotining  barcha  talab  hamda  savollariga  to'liq  javob  bera  oladi.  Navoiyning  ustozi  Abdurahmon  Jomiy  ham  ulug'  shayx  va  so'fiy  bo'lgan. “Hayratul-abror” dostonida Jomiyning buyuk  pir va  avliyoligini, so'fiyligini Navoiy  shunday  ta'riflaydi:

 

Qaysi  jahon,  olami  kubro  degil,

Qudrati  Ollohu taolo  degil.

Hirqa  aning  jismida qapton  bo'lib,

Qaptoni  tan, jismi  aning  jon  bo'lib.

 

Yurtboshimiz  Shavkat Mirziyoyevning  2017 yil  13 sentyabrda “Kitob  mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini  rivojlantirish,  kitob mutolaasi va kitobxonlik  madaniyatini oshirish hamda  targ'ibot  qilish  bo'­yicha  kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida”gi qarori  e'lon  qilindi. Unda “… Aholi,  xususan,  yoshlar  o'rtasida  kitob  mutolaasi  va kitobxonlik madaniyatini  oshirishda  bir  qator  muammolar  mavjudligini  qayd  etish  lozim”ligi alohida  uqtirib  o'tilgan. O'tgan  yillar  ichida  bu  borada arzigulik  ishlar  amalga  oshirildi. Birgina “Yosh  kitobxon” ko'rik-tanlovining  muntazam  o'tkazilayotgani  bunga  yorqin  misol  bo'la  oladi. Navoiy  ijodi  va mumtoz  adabiyotimiz  bilan  tanishishni kerak bo'lsa,  bog'chadan  boshlashimiz  zarur.  Hech  bo'lmaganda  bog'cha  bolasi 1-sinfga  borguncha  bir  bayt yoki  bir  g'azalni yod  oladi-ku! Allomalarning nomini  biladi, siymosi  haqida ozgina bo'lsa-da, tasavvurga ega bo'ladi. Navoiyni o'rganish ana shundan boshlanadi.

Safar OMON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 17 =