Tosh ibrati
Biz g'aroyib insonlarmiz… Har kuni bir nimalarni o'ylab topamiz. Albatta, ana shu o'ylab topganlarimiz haqida o'z fikrimizni aytgimiz keladi. Bu borada esa ijtimoiy tarmoqlar biz uchun erkin minbar vazifasini o'taydi. Mavzular ham turlicha: urush, madaniyat, to'y, tabiiy ofatlar, ayollar, erkaklar, zo'ravonlik… Men ham bo'sh vaqtlarimda ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni kuzatib boraman. Biroq meni bir narsa ajablantiradi, so'nggi vaqtlarda yaxshi xabarlardan ko'ra yomon xabarlar ko'payganday. Go'yo dunyo yomon, hamma yomon, yaxshilar, yaxshiliklar kamdek. Ammo men yaxshilik hamisha yomonlik ustidan g'alaba qozonishiga ishonaman.
Endi boshqa masala. Ko'chada biron kishi yupun kiyinib yurganini ko'rsak, tamom! U yomon, uzoq yur, ehtiyot bo'l, xavfli odamga o'xshaydi… Ko'p hollarda bizning xulosamiz shunday bo'ladi. Eh, u insonni umrimizda birinchi marta ko'rib turamiz-u, yomonligi haqidagi shuncha gapni qaerdan bila qolamiz ekan-a?! Bizning ko'zlarimiz atrofdan, atrofdagilardan nega faqat yomonlik axtaradi?
Hech yodimdan chiqmaydi. Dushanba kuni, asr vaqti edi. Darsdan chiqib, dugonam bilan uy tomon yo'l oldik. Orqada ham, oldinda ham ikki-uchta o'quvchi ketyapti. Havoni ta'riflash shart emas. Shunchaki, ajoyib! Katta ko'chada dugonam bilan berilib gaplashib ketyapmiz. Shunda oldimizga kelayotgan bir kishiga ko'zim tushdi. Soch-soqoli, usti-boshi ham ancha tartibsiz, oyog'iga mo'kki (tuyakalish, bo'tik) kiygan, eski qalpog'i qiyshayib qolgan, yelkasida katta qop bor edi. O'sha kishi sekin-sekin biz tarafga qarab yurib kelardi. Bizga yetishiga 7-8 metrcha qolganda yerga engashib kaftdek keladigan toshni qo'liga oldi. Darhol “Kattagina tosh ekan, nimanidir pachoq qilishga yariydi” degan o'y xayolimdan o'tdi. Boz ustiga o'sha kishi biz tarafga qarab kelyapti.
Qo'rqinchli holat. Shu katta toshini bizga otsa-ya? Naqd boshimiz chaqilib ketsa kerak, necha metrgacha qochib ketishga ulguramiz ekan-a? Xullas, shunday vahimali o'ylar birin-ketin xayolimdan o'ta boshladi. Ha, o'sha dam keldi. Hozir men tamom bo'laman… Sababi, amaki bizga juda yaqin kelgan edi.
Doimgidek, odatimizga sodiq qolib, amakiga salom berdik. Hech bo'lmasa, so'nggi nafasimizda savob olaylik, dedik:
— Assalomu alaykum.
— Va alaykum assalom, ota-onalaringga rahmat, qizlarim.
Men dugonamga, dugonam menga hayrat bilan qarab qoldi. Biz haliyam tirik edik. Eng qiziq tomoni shuki, biz qutilgan ekanmiz, endi u tosh kimga tegadi? O'girilib qaradik, o'sha tosh ortda kelayotgan bolalarga ham tegmadi. Yana ozgina yurib, haligi tosh bir chekkaga qo'yildi…
Ishonasizmi, men tamom bo'ldim. Vaqti kelsa, o'ziga oro berib yurgan kiborlar salomga alik olishga yaramaydi. Lekin biz yomonlik kutgan inson… alikni ola turib, ota-onamizni ham eslab o'tdi. Ovozi mayin va yoqimli edi. Biz boshimiz chaqilishini kutib tursak, u inson ko'chaning o'rtasida insonlarga xalaqit berayotgan toshni olib, bir chekkaga qo'yishni istagan ekan.
Shu onda o'z-o'zimga dedim. Eh, o'zimiz naqadar yomon ekanmiz! Qaerdadir bir-ikki marta bo'lgan ko'ngilsizlik deb, atrofimizdagi hammani shunday deb o'ylaymiz-a…
Amaki va tosh bilan bo'lgan voqea xayolimdan bir umrga joy egalladi. Kezi kelsa, ayta olamanki, men yana bir hayot darsining guvohi bo'ldim. Xo'sh, siz ham shunday hayot darslariga guvoh bo'lganmisiz? So'zim so'nggida shunday demoqchiman: yaxshilar, yaxshi bo'laylik. Yomonliklar haqida kam o'ylab, kam gapirib, o'zimizni-o'zimiz yaxshi qilishga harakat qilsak, menimcha, atrofda yomon odamlar qolmasa kerak.
Munisabonu
TOJIBOYEVA