Do'st nega kam bo'ladi?
Do'st yaxshi-yomon kunda bilinadi, degan naqlni ko'p aytamiz. Har qanday holatda siz bilan dardlashadigan, moddiy yoki ma'naviy ko'mak beradigan qiyofa — do'stga O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov shunday ta'rif beradi:
Do'st bilan obod uying, gar bo'lsa u vayrona ham,
Do'st qadam qo'ymas esa, vayronadir koshona ham.
Xalq orasida shunday gap yuradi: “Dushmaning bitta bo'lsa ham ko'p, do'sting yuzta bo'lsa ham kam”. Majoziy ma'noda aytilsa ham, bu hayot haqiqatiga to'la mos keladigan hikmatdir! Dushmanning kam bo'lsa ham ko'pga qiyos qilinishi — uning yetkazadigan zarari va xusumati yetarli bo'lgani uchun shunday ta'rif kelib chiqqan. Do'stning soni ko'p bo'lsa-da, kamga mengzalishi — yaxshilik qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi degani.
38 yillik qadrdonlar
Ming yillik qadrdon… Bu ibora — lof, chunki ming yil umr ko'rish hech mumkin emas. Ammo ko'p yillar hamnafas, yelkadosh bo'lib kelayotgan kishilar go'yoki ming yillik do'st-birodarga aylanib ketadilar. Toshkent shahridagi “Sayyoh” mehmonxonasi menejeri lavozimida xizmat qilib kelayotgan Ulug'bek Qurbonov o'zining sodiq do'stlari haqida mamnun bo'lib so'zladi:
— Buxorodagi 10-umumta'lim maktabining birinchi sinfiga 1985 yilda qabul qilinganman. Yerga ursa, ko'kka sapchiydigan bolamiz. Sinfdoshlar o'rtasidagi tanishuv iliq munosabatga aylanib ketdi. Meni Shavkat Hayotov degan sinfdoshim o'ziga ohanrabodek tortdi. Mahalladosh ekanmiz. O'quvchilar saroyida “Raketamodel” to'garagida shug'ullanib, uy-ro'zg'or ishlarida bir-birimizga ko'maklashardik. Men maktabni tamomlab, Toshkent davlat aviatsiya institutiga o'qishga kirdim. Shavkat BuxDU tarix fakultetini tamomladi. Buni qarangki, Alloh menga abiturientlik davrimda yana bir do'stni in'om qildi. Ixtiyor Hapizov bilan 1995 yildan boshlab do'stligimizga tamal toshi qo'ygan bo'lsak, mana, 28 yildirki, bir-birimizni zarracha unutganimiz yo'q. Oramizdan qil o'tmaydi, sirdoshmiz. Deyarli har kuni ertalab Ixtiyor menga qo'ng'iroq qiladi: “Qalaysan, do'stim, tinchmisan?” Yoki men unga sim qoqaman. Oilaviy bordi-keldi bor, to'y-ma'rakada yelkadoshmiz. Buxoroi sharifga qadam ranjida etsam, bolalikdagi qadrdonim Shavkat Hayotov vaqtim ziqligini sezib, ota-onamning uyiga non va qaymoq bilan yo'qlab keladi. Diydordan shirin nima bor? Ehhe, 38 yillik qadrdonlarning iliq xotiralarini eslashiga soatlar tugul, kunlar kamlik qiladi. Har ikkala do'stim bilan umrim ma'no-mazmunga to'liq.
Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti professor-o'qituvchilari orasida yoshi ulug' ziyolilar ko'p. Farzandlarini uyli-joyli qilib, kasb-hunar egallashiga sharoit yaratgan, nevaralari ardog'ida yashayotgan bu insonlar do'st, birodar tanlashda ham katta hayot yo'lini bosib o'tishgan. Texnika fanlari nomzodi, dotsent Abdusattor Abdug'afforovning 48 yillik qadrdoni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Duxchi qishlog'ida istiqomat qiladi. Toshkent qayda-yu, Shahrisabz qayda? Ammo yo'l yiroq bo'lsa-da, ko'ngil yaqin.
— Do'stlarim juda ko'p. O'spirinlik davri, maktab yillarida topgan jo'ralarim kam emas. Lekin haqiqiysi bitta. 1976 yilda Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutiga hujjat topshirayotib, sipogina bir yigitcha bilan tanishib qoldim. Talabalik baxtiga muyassar bo'lib, yaxshi-yomon kunlarni Mahmasoli bilan o'tkazganlarim xuddi kechagidek yodimda. Talabalar turar-joyida hozirgidek shart-sharoitlar qayoqda? Xonalar sovuq, qishda diydiraymiz. Osh-ovqatga pulimiz kam, yotoqxona oshxonasida qozon qaynatamiz. Besh yil ko'z ochib-yumguncha o'tdi-ketdi. Kursdoshlar ba'zan Samarqandga, gohida Buxoroyu Xorazmga otlanamiz. Men bilan Mahmasolining do'stona munosabati ahyon-ahyonda Quyi Chirchiq tumanidagi Gul qishlog'i va Shahrisabzga borish-kelish bilan mustahkamlandi. To'y-ma'raka, bayramda birgamiz. Ota-ona, aka-uka, opa-singillarimizni tanidik, bildik. Talabalik davriga nuqta qo'yilib, Mahmasoli o'z yurtiga ketdi. Men institutda ishlashga qoldim. Mana, hali-hanuz aloqamiz uzilgani yo'q. 2023 yilning may oyida do'stim bilan Buxoroi sharifda uchrashdik. Birodarimiz Rustamjon Saidovning turmush o'rtog'i vafot etgan ekan, hamdardlik bildirgani borib, shu zaminning yetti pirini ziyorat qildik, o'tgan damlarni esladik. Mahmasolidek sadoqatli do'stim borligi men uchun chinakam baxt. Biz u bilan, nasib etsa, Navro'z bayramida ko'hna va navqiron Shahrisabzda uchrashmoqchi bo'lib xayrlashdik.
Kalta o'lchov
Kutilgan va kutilmagan voqealar qarshisida lol qolamiz. Birining ko'nglidan ikkinchisi chuqur joy egallab, uzoq yillar o'zaro yaqinlik rishtasi ila hamkor, hamnafas bo'lib kelayotganlarning orasidan “ola mushuk” o'tib qoladi-yu… Bunga nima sabab, bosh qotirganingiz bilan javob topolmay qiynalasiz.
— Salkam qirq yillik dugonam bilan oramiz buzilib qoldi. Sira tushunolmayman, o'la-o'lgunimizcha bir-birimizga sodiq qolamiz, deb yurardim. Yaqin yillarda hukm surgan koronavirus pandemiyasi tufayli ko'plab ishxonalar onlayn ishlash tartibiga o'tdi. Hammamiz uyga qamaldik. Ma'lum muddatdan so'ng vaziyat sal o'nglanishi bilan idoralar avvalgi tartibga o'tdi. Onlayn ishlash odamlarni bir-biridan uzoqlashtirib qo'yarkan. Ko'p yillik qadrdonim bilan bitta xonada ishlardik, qanday baxt bu! Tushligimiz birga, xursandchiligimiz birga, muammomiz bo'lsa, yechim izlashimiz birga. Nimagadir oflayn ishlashga o'tsak ham dugonam ishga kelmasdi. Xonadoshlarim: “Nega dugonangiz ishga chiqmaydi, kimning erkatoyi u?” deya menga ta'na-malomat qilsa-da, ularga yon bosmas, ammo dugonamni ham oqlamasdim. To'g'rirog'i: “Kemaga tushganning joni bir. Nega el qatori kelmaydi ishga? Bu yer otasining korxonasimi?” degan haqqoniy fikrlar tez-tez ko'nglimdan o'tardi. Sababi ko'p o'tmay ayon bo'ldi, hamkasbim rahbarimiz bilan o'zaro kelishib, uyda ishlashga qaror qilibdi. Bunga xonada to'rt ayolning birga o'tirishi, ular o'rtasida kechadigan uzun-qisqa muloqot tufayli dugonamning ishlay olmasligi sabab bo'layotgan ekan. Ochig'i, xonadosh bo'lganingizdan keyin, ayniqsa, ayollar bor joyda gap-gapga ulanib ketadi-da. Men dugonamning o'rniga o'zimni qo'yib ko'rib, uni haq hisoblasam-da, unga qarshi hech qanday sa'y-harakat qilmadim. Bir kuni tasodifan xonamizga tashrif buyurgan dugonam men bilan ham el qatori sovuqqina so'rashdi-da, chiqib ketdi. Ketidan yugurib borib: “Dugonajon, nima bo'ldi? Men sizga hech narsa deganim yo'q-ku!” deganimni bilaman: “Shumi hech narsa qilmaganingiz? Begona xodimlar bilan guruh bo'lib oldingiz-ku! Sizdan kutmagandim buni!” desa bo'ladimi? Angrayib qoldim. Na uni kuzatishimni bilaman, na xonamga qaytishimni. Shu darajada o'zgarib ketdimi u? Axir men unga qanday yomonlik qildim? Rahbarning “arzanda” xodimasiga aylangan dugonamga nisbatan jamoada tug'ilgan adovat va nafratga zarracha ham xayrixohlik ko'rsatganim yo'q edi. Nima uchun meni aybsiz aybdorga aylantiryapti? Sira aqlim bovar qilmaydi, o'ylab o'yimning tagiga yetolmayman.
Tanish ayolning hasratini eshitdim-u, munosabat bildirishga lol qoldim. Qarang, qirq yillik qadrdonlarning orasiga arzir-arzimas holatda raxna tushibdi. Kim haq, kim nohaq, Allohga ayon. Suhbatdoshim hikoyasini qolgan joyidan davom ettirdi:
— Tug'ilgan kunimda xonamizga meni yo'qlab kelgan dugonamni ko'rdim-u, boshim ko'kka yetdi. O'rtaga tushgan sovuqchilik yumshaydi, deb o'ylabman. Bir payt dugonam sobiq xonadoshlari bilan galma-gal nosamimiy ruhda so'rashib, menga yaqinlashdi. Yuzida qandaydir soxtalik. Yo tavba! Men unga bag'rimni ochmoqchi bo'lib turgandim, darhol shashtimdan qaytdim. “Tug'ilgan kuningiz bilan tabriklayman!” deya paketni hissizgina qo'limga uzatdi. “Rahmat, dugonajon, ovora bo'libsiz-da!”,– deya mulozamat qilib sovg'ani oldim va kuzatish uchun shoshib chiqib ketayotgan qadrdonimning ketidan ergashdim. “Qoluvring!” Joyimda tosh qotdim va o'rnimga cho'kdim. Quvonchli kunda ta'bim juda tirriq bo'ldi, dugonam bilan kechgan yaxshi-yomon kunlarimiz bir-bir ko'z o'ngimdan o'tdi. Nahotki endi u bilan avvalgidek qadrdon bo'lolmaymiz? Meni ana shu savol qiynaydi… Ruhiy qiynoqlar o'z yo'liga. Uyga borib, dugonam bergan sovg'ani ochsam… Ne ko'z bilan ko'rayki, bu men unga tug'ilgan kunida sovg'a qilgan ko'ylaklik mato edi. Qalqib tushdim. Agar dushmaningiz shu ishni qilsa, qo'l siltaysiz, qasddan qilgan-da, deb. Ammo bir burda nonni bo'lishib yegan odaming qilsa, tang holatga tushib qolarkansan. Ancha kungacha uning kalta o'lchovidan o'zimga kelolmay yurdim.
Ko'nglida bir dunyo hasrat, bir dunyo alami bo'lgan tanishimga nima ham deyman? Jimgina tingladim. Dugonasining uzoq yillik do'stona munosabatlarga asossiz ayb qo'yish orqali yakun yasaganiga qanday baho berish kerak? Qadrdonlik rishtalariga kalta qarich bilan qaralib, nuqta qo'yilgani ma'naviy fojia emasmi?
Kaykovusning hikmati
Munosib do'st izlash va topish ham omad, aslida. Chin ma'nodagi do'stlik yillar mobaynida shakllanadi, toblanadi, mustahkamlanadi va unga hech narsa raxna sololmaydi. Sharq mutafakkirlaridan biri Unsurulmaoliy Kaykovusning “Qobusnoma” asari yigirma sakkizinchi bobi ana shu mavzuga bag'ishlanadiki, muallif o'g'li Gilonshohga shunday nasihat qiladi: “Hamma vaqt do'st tutmoqni odat qilg'il, zeroki, har kishining do'sti ko'p bo'lsa, ayblari shuncha sir tutilur va fazilati ko'payur. Lekin har vaqt yangi do'st topsang, ko'hna do'stlarni tark etmag'il va ulardan yuz o'girmag'il, toki hamisha do'sting ko'p bo'lsun, debdurlarki, yaxshi do'st kishiga ulug' ganjdur. Odamlar haqida o'ylab ko'rki, ular sen bilan do'stlik yo'liga kirarlar, ammo yarim do'st bo'lurlar. Shular bila soz munosabatda bo'l va ular bila har turluk yaxshi va yomonda mutaffiq (do'st, birlashgan) bo'lg'il, toki ular sendin ko'p yaxshiliklarni ko'rsa, tadrij (asta-sekin) bila keyinroq yakdil do'st bo'lurlar”. Darhaqiqat, agarki, majoziy ma'noda do'stlikni daraxtga qiyoslasak, uning ildizi vafo, shoxlari umid, yaproqlari saodatdir. Har bir insonning daraxtga mengzaluvchi sodiq do'sti bo'lsin!
Albatta, do'st, haqiqiy do'st topish juda qiyin. Balki shuning uchun ham do'st kam bo'lar. Chin do'st — yaxshi kuningda ham, yomon kuningda ham, boringda ham, yo'g'ingda ham birdek yoningda turuvchi qanoting. U bo'lsa, bu baxtdir. Faqat… do'stlikni saqlab qolish oson emas ekan-da!
Hulkar TO'YMANOVA,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist.