Qush uyasida ko'rganini qiladi, qushchalar-chi?

Tohir Toshkentning Navoiy ko'chasidagi oshxona egasi. Oshxonaning jihozlari ancha urinib qolgan bo'lsa-da, ovqatlari mazali va arzon. Ishga barvaqt kelgan kunlarim mashinamni qo'yish bahonasida u bilan biroz suhbatlashaman. Uning men yoqtirmaydigan odati bor — chekadi. Tamaki tutunidan zaharlanaverib qosh-kipriklari ham siyraklashib, rangpar bo'lib ketgan.

Bugun ham tamaki qutisi ustiga o't oldirgichini qo'yib, shogirdi bilan choy ichib o'tirgan ekan. Eski qadrdonmiz, o'tiring, deb bir piyola choy quyib uzatdi.

— Yoshingiz ham yetib qolgandir, pensiyani rasmiylashtirdingizmi? — so'rayman undan.

— Ha, yaqinda oltmishga kirdim, Allohga shukur, — dedi u. — O'n bir yoshimda oshxonada ishlaydigan otamga yordam berib turaman deb yoniga kirganman. Maktabda tuzuk-quruq o'qimadim ham. Rizq-nasiba shu joyda ekan. Otamning duosini olib, uning kasbini davom ettirdim. Bir kam ellik yil shu sohaning nonini yeb, bola-chaqa boqyapman.

Haddim siqqan insonlar bilan to'g'ridan-to'g'ri, tortinmasdan gaplashaverishga odatlanganman.

— Anovi zormandadan ham olib turasiz-a? — so'rayman choydan ho'plab.

— Bilasiz, qand kasalim bor, ayrim og'aynilar: “Kechki ovqatdan avval ellik-yuz gramm otvogin”, deb maslahat berishardi. Ellik gramm halqumdan o'tsa bo'ldi, bekatimni yo'qotib qo'yardim. Yaqinda bir voqea sabab bu palakatdan qutulib oldim.

— Juda yaxshi ish bo'libdi-ku?! Barcha yomonliklar kaliti ham aroqdan deydilar, ko'plar ichkilik tufayli salomatligidan ayrilib, qiynalib yurishibdi. Qanday qilib tashlavordingiz?

— Bir kuni o'n yoshlardagi ikkita nevaram “koka-kola”ni stakanga quyib, bir-biri bilan urishtirib ichishayotgan ekan. “Nima qilyapsanlar?” desam, “Doda, sizga o'xshatib ichvommiz”, deyishdi. Juda yomon ta'sir qilib ketdi. O'sha daqiqadayoq o'zimga so'z berdim: “Hozirdan boshlab aroq ichishni tashlayman”. Bu ishimdan o'zim ham, ayolu bolalarim ham xursand.

— Donolar hech bo'lmaganidan ko'ra, kech bo'lgani ham yaxshi deyishadi. Oxiri baxayr bo'libdi. Qo'lingizdagini ham tashlasangiz, nur ustiga nur bo'lar edi.

Shu payt qo'l telefonim jiringlab qoldi. U bilan xayrlashar ekanman, yaxshi niyat qildim: ajab emas, keyingi safar uchrashganimizda chekishni ham tashlab yuborsa?

Muhammad Kenja

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =