Umidbaxsh loyihalar

O'zbekiston energetika tizimida ilk bor yirik gidro to'plash elektr stansiyalar (GAES) barpo etiladi

 

Yorug'lik, aniqrog'i, elektr energiyasi insoniyatning turmush tarziga shu qadar singib ketganki, hayotimizning bir kunini ham bugun usiz tasavvur qila olmaymiz. Ammo yildan-yil aholi soni oshmoqda, yirik sanoat korxonalari ko'payib bormoqda, yangi uy-joy qurilishlari davom etmoqda. Demakki, elektr energiyasiga bo'lgan bugungi ehtiyoj ertaga yanada oshib borishi turgan gap. Bu esa soha mas'ullarining oldida katta mas'uliyat yuklaydiki, kechiktirib bo'lmaydigan yechimlar taklif qilinishi, zarur loyihalar amalga oshirilishi davr talabi bo'lib turibdi. Zotan, o'tgan qishda kuzatilgan anomal sovuq sharoitida elektr enersiyasi bilan bo'lgan muammolar samarali va tezkor choralarni amalga oshirish zaruratini ko'rsatmoqda. Shu bois, bugungi kunda “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan yurtimiz aholisini elektr energiyasi, issiqlik quvvati bilan uzluksiz ta'minlash borasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Quyida ana shunday samarali bitimlar haqida muxtasar so'z yuritmoqchimiz.

Chunonchi, “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan mamlakatimizdagi mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish hamda elektr energiyasi taqchilligi sharoitida uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida GTESlarni ishga tushirish yuzasidan Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolanilishiga erishildi.

Xususan, kuni kecha “O'zbekgid­roenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug'ani Sanginov hamda XXRning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Chjan Tanji tomonidan Yuqori Pskem GTES, Qarateren GTES, Yuqori Pskem GES loyihalari bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Avvalo, ushbu kompaniya haqida ikki og'iz ma'lumot: Xitoyning “China Southern Power Grid International (HK) Co., Ltd” kompaniyasi GTES qurish bo'yicha yuqori tajribaga ega hamda Xalqaro Fortune Global-500 reytingida 89-o'rinda turadi.

Mazkur kompaniya yuqori darajadagi tajribaga ega hisoblanib, bir qator yirik gidro elektr stansiyalar barpo etgan. Shu jumladan, “Uch dara” (quvvati 22,5 GVt, o'rtacha yillik ishlab chiqarishi 105 mlrd. kVt soat elektr energiyasi) GES qurilishida ham ishtirok etgan.

Mazkur memorandumga asosan O'zbekiston gidroenergetika sohasida davlat-xususiy sherik­lik tamoyili asosida xorijiy investitsiyalar hisobiga yuqori energetik salohiyatga ega, umumiy qiymati 1 mlrd. 640 mln. AQSh dollariga teng bo'lgan, umumiy quvvati 820 MVt bo'lgan 3 ta lo­yiha: Yuqori Pskem GTES (quvvati 200 MVt), Qarateren GTES (500 MVt) hamda Yuqori Pskem GES (120 MVt) – gid­roinshootlari bunyod etiladi.

Memorandum doirasida dastlab o'zbek-xitoy kompaniyalari tomonidan qo'shma ishchi guruhi tarkibini shakllantirish borasida kelishib olindi.

Joriy yilda tomonlar o'rtasida tuzilgan qo'shma ishchi guruhi tomonidan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bu jarayonga xalqaro toifadagi ekspert-mutaxassislarning ham jalb etilishi ko'zda tutilgan. Mazkur loyihalar to'liq quvvatda 2030 yilga qadar ishga tushirilishi belgilangan.

GTESlarning ishga tushirilishi natijasida yillik o'rtacha 3 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi natijasida 835 mln. 655 ming m3 o'rtacha yillik tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli is gazi miqdori kamayishiga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyihalar to'liq quvvatda ishga tushirilganidan so'ng 500 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratiladi hamda 1 mln. 600 mingdan ortiq aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

Buning natijasida Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda viloyatlar chekka hududlaridagi aholi sifatli va uzluksiz elektr energiyasiga ega bo'ladi. GAESlarning ishga tushirilishi iste'molning eng yuqori yuklama (tig'iz) paytida, ayniqsa, sovuq va issiq mavsum chog'larida sodir bo'ladigan elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olishga muhim hissa qo'shadi.

Yuqori quvvatdagi mazkur loyihalarda asosiy e'tibor elektr ta'minotidagi muammoli hududlarga yo'naltiriladi. Bugungi kunda o'sib borayotgan mamlakatimiz aholisini hisobga olgan holda, energiya iste'molining tobora ortib borishida yuzaga kelayotgan elektr energiyasi muammolariga ijobiy yechim bo'ladi. Aytish joizki, mazkur amaliy hamkorlik natijasida mamlakatimiz gidroenergetik salohiyati yanada ortadi hamda ko'zda tutilgan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish haj­mi keskin oshishiga zamin yaratiladi.

Albatta, soha hali muammolardan butunlay xoli bo'lgani yo'q. Ammo mana shunday umidbaxsh loyihalar xalqimiz xonadonlarida, ish joylarida va elga xizmat ko'rsatadigan muassasalarda chiroqlar o'chmasligiga ishonch uyg'otadi. Prezidentimiz rahnamoligidagi bu kabi keng ko'lamli izlanishlar bardavom bo'lishi shubhasiz. Bunday loyihalar aholining elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojlarining qondirilishi barobarida ishlab chiqarish va sanoat rivojiga ham samarali ta'sir ko'rsatadi. “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan GTESlarni ishga tushirish yuzasidan Xitoy Xalq Respublikasi kompa­niyasi bilan anglashuv memorandumi imzolanilishiga erishilgani bu yo'ldagi dadil qadamlardandir.

Ravshan BOYQULOV,

“O'zbekgidroenergo” AJ

Axborot xizmati rahbari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − one =