Etuk mutaxassislar tayyorlash — asosiy vazifamiz
2023 yil 11 sentyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning maxsus farmoni bilan “O'zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur strategiyadan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi farovonligiga erishishdir.
“O'zbekiston — 2030” strategiyasida xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha xohish-irodasini ro'yobga chiqarish, har bir fuqaroga o'z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog'lom, bilimli va ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi muhim ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xususan, strategiyaning 6-bandida professional ta'lim tizimini rivojlantirish orqali o'quvchilarni zamonaviy bilim va ko'nikmalarga o'rgatish borasida mamlakatimizda 700 ta professional ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va moddiy-texnika bazasini takomillashtirish; 14 ta hududiy professional tayyorgarlik markazlarini tashkil etish, malaka toifasiga ega bo'lgan pedagog kadrlar ulushini 50 foizga, masofaviy yoki aralash shakllarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushini 30 foizga yetkazish; o'rta bo'g'in mutaxassislarini tayyorlashda davlat grantini axborot texnologiyalari, qurilish, transport va logistika yo'nalishlarida 100 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.
Bugungi islohotlarning barchasi — insonparvarlik va adolat, inson huquqlari, uning sha'ni va qadr-qimmati kabi umuminsoniy tamoyillarga qaratilgandir.
Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O'zbekiston — 2030” strategiyasida quyidagi asosiy g'oyalar aks ettirilgan:
— barqaror iqtisodiy o'sish orqali daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoridan o'rin olish;
— aholi talablariga va xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;
— aholi uchun qulay ekologik sharoitlar yaratish;
— xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
— mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta'minlash.
Jamiyatimizda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlar bu ezgu tamoyillar hayotga izchillik va qat'iyat bilan tatbiq qilinayotganining yorqin dalili sifatida e'tirofga loyiq.
To'raqo'rg'on tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi o'qituvchilari bugungi islohotlarga munosib javob berish maqsadida yoshlarni kasb-hunarga puxta o'rgatish va ularning kelgusida mehnat bozorida talab darajasidagi yetuk mutaxassislar bo'lib yetishishlari uchun tinmay mehnat qilmoqda.
Xususan, “O'zbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan ta'lim muassasasida bir qator ishlar yo'lga qo'yildi.
O'quvchilarga zamonaviy bilim berish hamda kasbiy ko'nikmalar hosil qilish uchun muassasada faoliyat yuritayotgan pedagoglar va ishlab chiqarish ta'limi ustalari bilan muntazam ravishda ochiq darslar va master-klasslar o'tilmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda mehnat bozorida kerakli kasblarga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, yangi zamonaviy kasblarga o'qitish maqsadida yangi mutaxassisliklarni ochish bo'yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
“O'zbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilganidek, bugungi kunda yoshlarimiz kamida 3 ta til bilishi va bitta kasb egasi bo'lishlari kerakligini hisobga olib, ta'lim muassasamizda Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlikda til o'rgatish kurslari yo'lga qo'yildi. Bunda o'quvchilarga chet tilini o'qitish bo'yicha oliy ta'lim muassasasining yetakchi mutaxassislari o'quv mashg'ulotlari olib borishmoqda.
Gulchehra QAYuMOVA,
To'raqo'rg'on tumanidagi
2-son kasb-hunar maktabi direktori,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.