Suv keltirgan – elda aziz!

Jiyda gullaganda…

Namangan gullar shahri, gullar diyori. Gulga termilgan kishi zavq oladi, orom topadi. Gul bilan hayot ham gulgun. Mustaqillikning dastlabki yillari viloyatda hokim bo'lib ishlagan taniqli davlat arbobi, ibratli umri bilan el nazariga tushgan Botirali Hakimovning aytishicha, Namanganni gullar shahriga aylantirishda Nazir Rajabovning xizmatlari beqiyos bo'lgan ekan. Gulga shaydo ko'ngilli insonlar orasida fozillarga xos hayot kechirib, mudom yaxshiliklarga shoshilib, o'zidan go'zal xotiralar qoldirib ketgan olim Nosir Otaxonov nomi ham esga olinadi. Uning qadami tekkan joy borki, gulzorga aylangan.

Taniqli adib, rahmatli ustozim Maqsud Qoriyev dala hovlisida ham gullar ko'p bo'lardi. Bir safar jiyda guliga qarab deganlari hecham yodimdan chiqmaydi: “Onamning hikoya qilishicha, jiyda gullaganida iforlari Makkai Madinani ziyorat qilib kelar ekan…” Mening nazarimda ham jiyda gulidagi go'zallik, iforidagi muattarlik boshqa hech bir gullarda yo'q.

Ikki hafta avval Namanganga borganimizda nafaqat gullardan bahra oldik, jiydalar ko'pligidan go'zal va betakror jiyda gullarining iforiga ham to'ydik. Ayniqsa, Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarmoqlari atroflaridagi yashillik bilan yaqindan tanishganimizda, adirlik va yalangliklar yon bag'irlaridan esayotgan mayin shabboda bilan taralayotgan jiyda gulining hididan dimog'imiz chog'  bo'ldi.

Suv — ilohiy ne'mat

Suv Yaratganning bebaho, mo''jizaviy ne'matidir. Suv bor joyda bog'lar bolga to'ladi. Jamiki jonzot suv bilan tirik.

Hozirgi kunlarda yer yuzida millionlab odamlar suv deya jon berayotgan, yuz millionlab insonlar suvsizlikdan aziyat chekayotgan, dunyo aholisining to'rtdan bir qismi toza ichimlik suviga zor ekanligini o'ylaganda yurak orqaga tortib ketadi. Katta Namangan magistral kanalidan oqayotgan obirahmatga qarab, shunaqangi suv ne'mati bisyor o'lkada yashash nasib etganidan Allohga shukur deysan.

Katta Namangan magistral kanali boshqarmasi boshlig'i Ismoil Hoshimov va uning o'rinbosari Mirzoid Mirzakarimov hamrohligida uzunligi 152,3 kilometr bo'lgan kanalning Uychi, Chortoq, Yangiqo'rg'on, Yangi Namangan, Kosonsoy, Davlatobod, To'raqo'rg'on va Chust tumanlari hududidan o'tgan qismidagi gidrotexnik inshootlar bilan tanishib chiqdik.

— Kanal qurilganiga kelgusi yili ellik yil bo'ladi, – dedi kanal boshqarmasi boshlig'i Ismoil Hoshimov. — Suvchining o'g'liman, rahmatli otam Hakimjon Hoshimov suv xo'jaligining ko'zga ko'ringan taniqli mutaxassislaridan, shu kanalning bunyodkorlaridan bo'lgan.

Hakimjon Hoshimov haqida Namangan nuroniylaridan ko'p yaxshi gaplar eshitganligimni farzandiga bildirib qo'ydim. Kelgusida u kishini xotirlab maqola yozish niyatim borligini aytganimda, Ismoil Hoshimov xursand bo'lib ketdi.

Kanalning tuproq o'zanli, beton qoplamali, lotok tarmoqli qismlaridagi suv to'suvchi, suv oluvchi, gidropost, akveduk, dyuker, ko'prik kabi gidrotexnik inshootlari faoliyati haqida ma'lumotlar oldim.

Kanalning to'rtinchi bo'limiga qirq yoshlar chamasidagi Sherzod Homidov boshchilik qilar ekan. Bo'limga yaqinlashganimizda, o'ttizga yaqin qo'y-qo'zilar o'tlab yurgan ekan.

— Kanal boshqarmasining oltita bo'limi bor, – dedi boshqarma boshlig'ining o'rinbosari Mirshoid Mirzakarimov. — Ulardagi o'n ikkita gidrouchastkada ishlovchi 131 nafar ishchi-xizmatchilarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida bugungi kunda 16 bosh qoramol, 265 bosh qo'y, 96 ta quyon, 1765 ta parranda boqilmoqda. Shifobaxsh asal yetishtirish uchun 70 quti asalari parvarish qilinmoqda. Qirq sotix maydonda issiqxonalar qurilgan.

Ancha vaqtlardan buyon kanal qirg'oq mintaqasi atroflaridagi bo'sh turgan yer maydonlaridan unumli va samarali foydalanish natijasida jamoada mehnat qilayotgan ishchi xodimlarga oziq-ovqat, go'sht, sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirib, bepul tarqatish imkoniyati yo'lga qo'yilgani savobli ish bo'libdi.

Suv tejamkorligi – Prezidentimiz siyosati

Suvni tejash hamda suv xo'jaligi ob'yektlarini modernizatsiya qilishni rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar ham juda ahamiyatli. Bizga taqdim etilgan ma'lumotnomadagi 2024-2025 yilda 9,8 kilometr uzunlikdagi kanal betonlashtirilgani haqidagi raqamlar bilan tanishar ekanman, beixtiyor bolalik xotiralarim yodimga tushdi. Men tug'ilib voyaga yetgan Qirg'izistonning O'sh viloyati Aravon tumani Nurobod qishlog'i hududidan Janubiy Farg'ona kanali oqib o'tadi. Ming to'qqiz yuz saksoninchi yillarning boshlarida kanalning ikki tarafida turli xil baland-baland daraxtlar bo'lardi. Daraxtlar tagidagi ko'm-ko'k maysalarda odamlar o'tirib dam olishardi. Suv ham sokin oqardi. Yoz oylarida bo'sh qoldik deguncha kanalda cho'milardik.

Bir safar Toshkentdan qishloqqa borsam, farg'onaliklar ikki qirg'oq bo'yidagi yuzlab daraxtlarni kesib, kanalni betonlashtirayotgan ekan. Judayam xafa bo'lgandim. Qirq yildan ko'proq vaqt o'tsa hamki, o'sha daraxtlar jozibasini, atrofdagi yashillikni qo'msab turaman…

Mutaxassislarning tadqiqot natijalariga ko'ra, kanallar betonlashtirilsa, qirq foizgacha suv tejalar ekan. Boshqarma boshlig'i Ismoil Hoshimov aniq dalillar bilan, yildan yilga suv tanqisligi sezilayotgan bugungi davrda bu tajriba zarur choralardan biri ekanligini bildirdi.

Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig'i Jahongir Rizayev bilan Uychi tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi binosida uchrashdik. Suhbatimiz suv xo'jaligi tizimidagi yangi tashabbuslar, ilg'or texnologiyalarni joriy etish natijasida tejamkorlik bilan suvni iqtisod qilish mavzusida bo'ldi.

— Bugungi kunda viloyatimizda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda, — dedi Jahongir Rizayev. — Bugungacha 4,1 ming gektarda tomchilatib, 1,4 ming gektarda yomg'irlatib, 122 gektar maydonda diskritli sug'orish tizimi joriy etildi. 6,2 ming gektar maydonlarda egiluvchan quvur va egatlarga plyonka to'shab sug'orish ishlari yo'lga qo'yildi. Sohani raqamlashtirish zamon talabidir. 368 ta suv xo'jaligi inshootlarida “aqlli suv”, 122 ta meliorativ quduqlarda “dayver” qurilmasi o'rnatish rejalashtirilgan. Viloyatdagi klaster va fermer xo'jaliklarining 1506 kilometr ichki sug'orish tarmoqlari betonlashtirildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida suv xo'jaliklari ob'yektlari qirg'oqlari bo'ylab 12,9 ming tup tut, 430 ming tup terak, 217,9 ming tup boshqa turdagi daraxt ko'chatlari ekildi.

Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar xususida yana uzoq so'z yuritish mumkin. Ammo gapimizni muxtasar qilib, uni tarmoq azamatlariga qarata aytilgan hikmat bilan yakunlaymiz: “Suv keltirgan — elda aziz!”

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − ten =