Surxon yurtida ham rivojlanish, o'sish bo'ladi
Ma'lumki, shu yilning 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshish jarayoni bilan tanishish maqsadida Surxondaryoda bo'ldi.
Aytish kerakki, bu galgi tashrif surxondaryoliklarning qalbidan yanada chuqur o'rin olgan, tarixiy ahamiyatga ega voqea bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Negaki, Prezidentimiz tomonidan 2023 yil har bir voha ahli hayotida muhim o'rin tutishi, xususan, Surxondaryo viloyatida ham tub islohotlar, yangilanish, ulkan bunyodkorlik ishlari qatorida aholi farovonligini ta'minlaydigan yirik loyihalarning hayotga tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni quvontirib yubordi.
Davlatimiz rahbari viloyat faollari, deputatlar bilan bo'lgan uchrashuvdagi nutqida Surxon ahliga chuqur hurmatini bildirib, voha ahli turli soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga erishayotganligi, hudud rivojining bugungi holatiga to'xtalib “agar yana bir-ikki yil qattiq ishlab, xalqimizga astoydil xizmat qilsak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o'sish bo'ladi”, deya ishonch bildirdi.
Shuningdek, Prezidentimiz aholi bandligini ta'minlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilanishini ilgari surib, mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilikni yanada rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash va daromadini oshirish masalasiga alohida to'xtaldi.
Aytish joiz, bugun Surxon vohasidagi barcha mahallalarda ham birdek tadbirkorlik yaxshi yo'lga qo'yilmagan. Shu boisdan davlatimiz rahbari viloyatda tadbirkorlik sust kechayotgan 43 ta mahallada mikro-markazlar tashkil etilishini ma'lum qildi. Endilikda ushbu mahallalarda turli loyihalarga 80 milliard so'm imtiyozli kredit yo'naltiriladigan bo'ldi. Shu yil 1 iyulga qadar 118 ta og'ir mahallada kasanachilik loyihalari va 10 ming nafar aholi bandligi ta'minlanadi. Bu bir necha ming oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta'minlaydi. Eng muhimi, ana shunday ezgu ishlar oilalar tinch-xotirjamligi va farovonligini ta'minlashda muhim o'rin tutadi.
Davlatimiz rahbari mehnat bozoriga kirib keladigan yoshlar to'g'risida ham to'xtalar ekan, ularni bilimli, kasb-hunarli qilib voyaga yetkazish muhim ekanligini ta'kidladi. 2023 yilda vohada 50 ming nafar yoshlarning 14 ming nafariga 350 milliard so'm kredit berilishi, 16 ming nafariga dehqonchilik uchun yer ajratilishi barobarida 10 ming nafari uchun bo'sh ish o'rinlari yaratilishini ma'lum qildi.
Yanayam quvonarlisi, yordamga muhtoj 18 mingdan ziyod ayollar kasbga o'qitilib, mehnat qurollari uchun 15 milliard so'm subsidiya ajratish orqali 3 ming nafar xotin-qizlar band qilinadigan bo'ldi. Tadbirkor bo'lish istagidagi 10 ming nafar ayollarga 200 milliard so'm kredit ajratiladi, 5 ming nafar xotin-qizlar esa uy sharoitida kasanachilikka jalb qilinadi.
Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay. Shu bois yilda yerdan 3 martagacha hosil olish imkoniyati mavjud. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish aholi daromadlarini oshirishning muhim sharti, albatta. Davlatimiz rahbari viloyatda dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta'minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravarga oshirish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportini 250 million dollarga yetkazish vazifasini qo'ydi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Surxon diyorida hali foydalanilmay yotgan imkoniyatlar juda ko'p. Shu bois, joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu esa 10 mingta yangi ish o'rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million AQSh dollariga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Energetika masalalariga ham e'tibor qaratildi. Sariosiyo tumanidagi To'palang gidroelektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESlar orqali shu yilning o'zida 350 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi hamda Sherobod tumanida 457 M/V quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilishi hamda kichik quvvatli quyosh panellarini o'rnatish orqali energetika tizimini yanada yaxshilash, eng muhimi, elektr energiyasi ishlab chiqarishda xarajatlarning kamayishiga erishish kabi vazifalar o'ta muhimdir. Bu esa voha iqtisodiyoti rivojida muhim o'rin tutadi.
Umuman olganda, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko'zda tutilgan 1,5 trillion so'mga qo'shimcha yana 465 milliard so'm ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo'shimcha 328 million AQSh dollari jalb qilinishi bo'yicha Yurtboshimiz tomonidan topshiriq berilganining o'ziyoq haqiqatan ham Surxon diyorida ham juda katta rivojlanish, o'sish bo'lishini ko'rsatib turibdi.
Shubhasiz, bunday istiqbolli rejalar, amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar aholini daromadli mehnat bilan ta'minlash, viloyatni kambag'allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish yo'lidagi tarixiy sa'y-harakat, desak xato bo'lmaydi.
Nargiza RAHMATULLAYEVA,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi
Surxondaryo viloyati bo'limi rahbari,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi deputati