Dukchining shifobaxsh ne'matlari

Shahrisabzlik dehqon o'z xo'jaligida turizmni ham yo'lga qo'ymoqchi

 

Shahrisabz tumanidagi Dukchi qishlog'i o'ziga xos tarixga va asl dehqonlarga boy mas­kan. Qashqadaryo sohillarida bog'-rog' yaratib, tog'u toshlardan iborat zaminda sab­zavot, poliz ekinlaridan mo'l hosil yetishtirayotgan sohibkorlar mehnati tahsinga loyiq. Shulardan biri – dehqon xo'jaligi yetakchisi Nurali Umirovdir.

Quyida ana shu sohibkorning bugungi mo''jizakor mehnati haqida fikr yuritamiz.

Ob – havosi tanga davo, suvi gavhar, mo'l hosildor yerlari oltinga teng bu tabarruk zamin haqida ko'p va xo'p so'zlarni aytish mumkin. Bir tomoni polizzor, ikkinchi yog'i sabzavot ekinlari barq urib o'sayotgan keng dalalarni aylansangiz bahri-dilingiz ochiladi. Ayni yoz chillasida bolga to'lgan mevazor bog'dagi sarhil olma, shaftoli, gilos, bodom, nok, qaroli, o'ziga xos hosili bilan ko'zni quvnatadigan pista, shiraga engan anjirni aytmaysizmi. Gulu gulzorga burkangan dala do'kon atrofidagi go'zal manzaradan dilingiz quvnaydi. Ayniqsa, erta tongda musaffo havo og'ushida bu yerni aylansangiz ko'nglingiz yayraydi. Ona zaminga, uning jannatmonand har bir qarichiga mehringiz oshib ketadi.

Dukchi qishlog'ilik Nurali Umirov ana shu qutlug' zaminda tug'ilib voyaga yetdi. Otasi Xushvaqt bobo, onasi Nazokat ayalarning to'qqiz nafar farzandi bo'lib, uning eng kenjasi Nurali yoshligidan mehnatga mehr qo'ydi, 95 yil umr ko'rgan padari buzrukvorining “O'g'lim, sizlarni halol mehnat bilan tarbiya qildim. Nimaga erishgan bo'lsam, ana shu ketmon orqali muyassar bo'ldim. Mehnat, mehnatning tagi rohat, — deya o'git qilgan bo'lsa, volidai muhtaramasi “Poklik, saranjom-sarishtalik bor joyda baraka bo'ladi. Rizq-ro'z unadi. Toza-ozodalik, ro'shnolik hamrohingiz bo'lsin”, — deb o'z davrining “Qahramon ona”si sifatida 93 yillik umri davomida bu purhikmat so'zlarni bot-bot tak­rorlab o'tdi.

Darvoqe, ota-ona duosi ko'l bo'ladi deb bejizga aytishmagan. Nurali Umirov dastlab xo'jalikda mehnat qildi 2001 yilda 35 sotix yerni olib dehqon xo'jaligiga aylantirdi.

— Inson orzu-havas bilan yashashi kerak, – deydi u o'z ishidan mamnun holda. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning rahnamoligidan bahramand bo'lganlar safida ekanligim qalbimga faxr, g'urur tuyg'usini jo'sh urdiradi. “Mikrokreditbank” ATBdan imtiyozli 30 million so'm kreditni olib ish boshladim. 35 sotix yerga 80 tupga yaqin olma, shaftoli, qaroli, o'rik, nok, pista, mandarin ko'chatlaridan ekib, bog' yaratdim. Adir yerlar emasmi, tog'u tosh bo'lishiga qaramasdan tarvuz, qovun urug'ini qadadim. Sabzi, piyoz, pomidor, baqlajon, bolgar qalampirini juyak olib ekdim, natija yomon emas. Albatta, buning zamirida mehnat, peshonadan oqqan reza-reza terlar yotadi. Halol mehnat insonni yoshartirar ekan. Garchi 52 yoshda bo'lsam-da, g'ayratim yigitlarnikidan kam emas. Turmush o'rtog'im Oyshaxon, qizim Xursandoy, o'g'lim Sherali — suyanchig'im, ishda ko'makchi, oilada mehribon asl davomchilarim.

Ha, Nurali Umirov bu so'zlarni mamnuniyat bilan ifoda etar ekan, yana bir xayrli, savob ishga qo'l urganini qo'shimcha qildi. Uning bu gapida inson tani sihatligiga befarq emasligi yaqqol sezilib turardi.

— Qo'shni Surxondaryo viloyatining Denov tumanida harbiy xizmatda birga bo'lgan do's­tim Jahongir Ravshanov istiqomat qiladi, – deya gap boshladi Nurali Umirov. – Bir gal unikiga mehmonga borganimda u antiqa abijaxl navli tarvuz, uning shifobaxsh xosiyati haqida so'zlab qoldi. Shunda men unga ana shu shifobaxsh tarvuz urug'idan berishini so'radim. Do'stim menga “Shahrisabzning yeri unumdor, zilol suvi gavhar, eksangiz odamlardan duo olib biringizga o'n qo'shiladi” – deya xursandchilik bilan javob qaytardi.

Denovdan qaytgach, abijaxl tarvuz urug'ini yerga qadab, uni alohida parvarishlashga kirishdim. Tog'u toshlar orasida urug'ni undirishni o'zi bo'lmadi. Zararli hashorotlar tufayli palaklarni uch marta preparatlar bilan oziqlantirib achchiq tarvuzni yetishtirishga muvaffaq bo'ldim. Ushbu tarvuzning xosiyati shundaki, asalga qo'shib iste'mol qilsa, insonni gijja balosidan xalos etadi. Nimjon, yegani o'ziga yuqmagan bolalar, hatto katta yoshdagilar ham ushbu tarvuzni iste'mol qilib sog'liqlarini tiklashdi.

— Bu tarvuzning shifobaxshligi haqida el-ulus yaxshi biladi, – deya suhbatga qo'shildi qishloq kayvonilaridan biri Hayit Safarov. — Bizning yurtimizda meva sabzavot, poliz mahsulotlarining shifobaxshligi haqida gap bo'lishi mumkin emas, Nuraliboyning bu xayr­­li va savob ishlari nafaqat Shahrisabz, qolaversa, qo'shni tumanlar, hatto viloyatlarga ham tarqaldi. Xaridorbop, shifobaxsh tarvuz 5-8 kilogrammdan 10-15 hatto 20 kilogramm­gacha tosh bosayapti. Bir donasi 100 mingdan 120, 150 ming so'mgacha narxda sotilmoqda. Shuning o'zi ham savob ishning xayru, barakasi behisob bo'lishidan dalolat berib turibdi. Bundan tashqari, Nurali Umirovning dehqonchilik xo'jaligida qand xastaligiga davo zanjabil navli kartoshka ham yetishtirilmoqda. Poyasi kungaboqarni eslatuvchi ekin hosili ham odamlar dardiga darmon bo'lmoqda. Uni tanavvul qilib shifo topganlar dil so'zlarini izhor etishayapti.

— Ancha vaqtdan buyon qand kasalligi bilan aziyat chekardim, – dedi Shamsiddin Xushvaqtov degan hamyurtimiz. – Nurali Umirovning dalasida shifobaxsh kartoshka o'stirilayotganligini eshitib, uning huzuriga keldim. Ayni hosilni yig'ib olish pallasi edi. 5 kilogramm kartoshka olib dastlab uni qirg'ichdan o'tkazib iste'mol qildim. So'ng salatga qo'shib ham yedim. Bu holat bir necha takrorlangandan so'ng 17 foizga chiqib ketgan qand ko'rsatkichi kunlar o'tib, 9 raqamini ko'rsatdi.

— Ee, nimasini aytasiz, Shamsiddinjon,- deya suhbatga qo'shildi Qurbonali Mirzayev ism-sharifli yurtdoshimiz. – Ushbu kartoshkaning shifobaxshligiga gap yo'q. Garchi o'zi nordonroq bo'lsa-da qovurib iste'mol qilsangiz ham bo'ladi. Ming dardga davo ona zaminimiz ne'matlarini yaratgan qadoq qo'lli dehqonlarga katta rahmat.

Albatta, dehqonchilik xo'jaligida keng ko'lamli ishlarni bajarish oson kechmadi. Uch fazali uch yarim kilometr masofadan elektr liniyasi tortildi. Buning uchun 32 ta ustun o'rnatildi. 2 ta artizan qudug'i qazildi. Jamoa bu ishlarni o'z daromadi hisobidan amalga oshirdi. Dastlab, 23 million so'm sof foydadan ish boshlagan dehqonlar yil sayin barokatli daromadni oshirib borishdi. Birgina 2022 yilda 70 million so'm sof daromad ko'rilgan bo'lsa, bu yil 100 million so'mlik marra ko'zlanayapti. Uch   yil muddatga olingan tijorat banki kredeti ham qoplanish arafasida.

— Dehqonchilik faoliyatimizning takomillashuvida davlatimiz rahbari tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik beqiyosdir, — dedi suhbatimiz so'ngida dehqon xo'jaligi rahbari Nurali Umirov. – “Agrobank” ATB ning bevosita tashabbusi bilan vaqti-vaqti bilan seminar treninglar o'tkaziladi. Toshkent, Samarqand shaharlaridan tashrif buyurgan olimlarning nazariy bilimlari amaliyotda qo'l kelmoqda. Natijada, meva, sabzavot, poliz mahsulotlari xaridorbopligi oshib, shifobaxsh ne'matlar bozorini tashkil etdik. Keladigan daromad evaziga Qashqadaryoda ma'lumu mashhur “Chorshanbi bozori”dan qo'y sotib olib chorvachilik tarmog'ini tashkil etish niyatidamiz.

Men bu ishlarni boy bo'lay deb amalga oshirmayapman. Niyatim mendan xayrli, savob ishlar, yaratgan bog'-rog'larim el sog'lig'i uchun ibratli ishlarim qolsin deyman. Kelajakda farzand, nabira chevaralarim, qadrdon qish­loqdoshlarim, otam, bobomning munosib vorisiman, — deya boshini baland ko'tarib, qaddini tik tutib yursin.

Maqsadim, bundan-da katta. Havzalar qurib, mehmon uylari barpo etish, turizmga yo'l ochish. Viloyatimiz, mamlakatimiz, hatto xorijdan keladigan sayyohlarni bahavo tabiat qo'ynida dam oldirib, serquyosh O'zbekistonning beqiyos imkoniyatlarini dunyoga tanitish, o'zbek nomini, O'zbekistonni jahondagi obru-e'tiboriga munosib hissa qo'shishdan iborat. Bu mening fuqorolik, jonajon vatanim oldidagi farzandlik burchim deb bilaman.

Darhaqiqat, halol mehnat o'z qadr-qimmatini topadi. Nurali Umirovning el-yurt ma'murchiligidagi mehnati munosib baholandi. Uning ko'ksini hozirda “Mehnatkash dehqon” esdalik nishoni bezab turipti. Bu zamondoshimizning fidoyiligiga berilgan yuksak e'tibordan dalolat.

Husan TEMIROV.

Suratlarda:

dehqon xo'jaligi faoliyatidan lavhalar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − five =