Faxriy jurnalistlar e'tibor va e'zozda

Xabaringiz bor, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo'limlari tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 27 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda “Yangi hayot uchun, Yangi O'zbekiston uchun!” bosh g'oyasi ostida joriy yilning 15 avgust – 5 sentyabr kunlari “Faxriy jurnalistlar e'tibor va e'zozda” aksiyasi o'tkazildi.

Bundan ko'zlangan asosiy maqsad jurnalistika sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, ayni paytda faoliyatini davom ettirayotgan, keksalik gashtini surayotgan ustoz jurnalistlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma'naviy yordam berishga qaratilgan ishlarni yanada jonlantirishdan iboratdir.

Uyushma va uning hududiy bo'limlari xodimlari tomonidlan mazkur aksiya doirasida matbuot va ommaviy axborot vositalari rivojiga munosib va ibratli xizmat qilgan, bugungi kunda ham hurmat-e'tiborda bo'lib, yoshlarga ustozlik qilib kelayotgan yurtimizning 70 nafarga yaqin faxriy jurnalistlari holidan xabar olindi, ularga uyushmaning sovg'a-salomlari topshirildi.

– Uyushmamiz faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblangan ustoz jurnalistlardan xabar olish, ularning ko'nglini olishga qaratilgan bu boradagi ishlar nafaqat aksiya doirasida, balki yil davomida amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalarida ko'p yillar davomida samarali faoliyat olib borgan faxriy jurnalistlarning boy tajribasi, ijodiy mahoratidan unumli foydalanish yosh jurnalist kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish va soha rivojiga xizmat qiladi, – deydi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov.

Darhaqiqat, faxriy jurnalistlar orasida o'z kasbiga sodiq, ommaviy axborot vositalarida hamon dolzarb mavzularni yoritib kelayotgan, jurnalistika sohasiga doir yangi kitoblari chop etilayotgan, yoshlarga ustozlik qilayotgan tabarruk yoshli fidoyi ijodkorlar borki, ularning ijtimoiy faolligiga, kasbiy mahoratiga, ijodiy kuch-g'ayratiga havasingiz keladi. Shunday ustozlardan biri taniqli jurnalist Abdusamad Isoqovdir.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi X.Salimov kuni kecha “Faxriy jurnalistlar e'tibor va e'zozda” aksiyasi doirasida Abdusamad Isoqov xonadonida bo'ldi, ustozga uyushmaning sovg'asini topshirdi.

— Yosh o'taverganidan odam e'tibortalab bo'lib, ayniqsa, hamkasblarning mehriga, suhbatiga ko'proq mushtoq bo'lar ekansan, – dey­di A.Isoqov. – Ochig'i, kelganlaringdan juda xursand bo'ldim.

Aytish joiz, ustoz Abdusamad Isoqov hozirda har oyning yettinchi sanasida o'zi ishlagan radioga borib, yosh jurnalistlar bilan suhbatlashadi, ularga o'z tajribasidan kelib chiqib yo'l-yo'riq ko'rsatadi. Sohaga endi kirib kelgan yigit-qizlarga maslahatlar beradi.

Shu o'rinda 83 yoshli faxriy jurnalistning hayot va ijod yo'liga nazar tashlasak. Abdusamad Isoqov Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. O'zbekiston radiosi “Bolalar” tahririyatining “Kelajak tongi” eshittirishida 1958 yildan qatnasha boshlagan. 1965 yildan to 2008 yilga qadar O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “So'nggi axborot”, “Sanoat”, “Toshkent”, “Siyosat” tahririyatlarida muharrir, bo'lim bosh­lig'i, bosh muharrir, O'zbekiston radiosining dasturlar direksiyasi, kompaniyaning Mahalliy teleradioeshittirishlar boshqarmasi rahbari, teleradioning siyosiy sharhlovchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Taniqli jurnalist A.Isoqovning yuzlab ocherk va maqolalari matbuotda e'lon qilingan. Ko'plab teleradioocherklari, hikoyalari, intermediyalari efirga berilgan. “Jurnalistning mashaqqatli va zavqli hayot yo'li”, “Ezgulik istab” nomli kitoblari chop etilgan.

Keksalarni e'zozlash, yoshi ulug'larga hurmat-e'tirom ko'rsatish xalqimizga xos fazilat hisoblanadi. Demak, “Faxriy jurnalistlar e'tibor va e'zozda” aksiyasi yakunlangan bo'lsa-da, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ustoz jurnalistlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma'naviy yordam berishga qaratilgan ezgu amallar davom ettirilaveradi.

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi Axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − fourteen =