Ijodkor yoshlar bilan uchrashuv
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasida “Navbahor tongi” gazetasi muharriri o'rinbosari Muhayyo Nazarova boshchiligida Navoiy viloyatidan kelgan bir guruh ijodkor yoshlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
Kelajakda jurnalist bo'lishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan navoiylik yoshlar bilan Uyushma raisi v.b. Xolmurod Salimov suhbatlashdi. Muloqot jarayonida mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol bo'lib ulg'ayishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida matbuot va so'z erkinligini ta'minlash, jurnalistika sohasini rivojlantirish, ijodkor yoshlarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotgani xususida so'z yuritildi.
“Navbahor tongi” gazetasi muharriri o'rinbosari M.Nazarova navoiylik yosh ijodkorlarni poytaxtga markaziy nashrlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va shu orqali ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg'unlashtirish maqsadida boshlab kelganini ta'kidladi. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasida o'tkazilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida ijodkor yoshlarga Uyushmaning esdalik sovg'alari topshirildi.
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi Axborot xizmati