Qurilishdagi xavotirimizga asos yo'q(mi?)

O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi mutassadilari savollarimizga javob berishdi

 

Xabaringiz bor: gazetamizning shu yil 6 sentyabr, 34-sonida “Qurilishdagi xavotir. O'zidan-o'zi qulab tushayotgan binolar ogohlikka chorlamayaptimi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Avvalo, o'z vazifasini sidqidildan bajarayotgani uchun vazirlik axborot xizmati xodimlariga rahmat. Negaki, maqola chop etilishi bilan bizga qo'ng'iroq qilib, “xavotir”imizga sabab bo'layotgan barcha savollarimizga javob beruvchi mutaxassislarni chaqirib, suhbat uyushtirib berishlarini aytishdi. Bajonidil rozi bo'ldik. Sababki, ochiq muloqot bor joyda mavhum savollarga hojat qolmaydi.

Kelishilganidek, aytilgan kun va vaqtda Vazirlik binosida uchrashuv tashkillashtirildi.

So'nggi yillarda butun Respublikamiz bo'yicha ko'plab ko'p qavatli uylar, ko'rkam osmono'par binolar qurildi. Uy-joyga ehtiyojmand oilalar “vatanli” bo'ldi. Bu, albatta, hammamizni quvontiradi. Ammo xavotirimiz ana shu binolarning sifatidan edi. Shu bois, Davlat nazoratiga mas'ul bo'lgan suhbatdoshlarimizga eng birinchi va asosiy savolimiz quyidagicha bo'ldi: “Sizga nainki poytaxt, balki yurtimizning istalgan viloyatida qurilgan ko'p qavatli uylardan xonadon berishsa, onangiz, otangiz, farzandlaringiz bilan o'sha yerda bexavotir yasharmidingiz?”

Shu savol bilan, eng avvalo Vazirlikning qurilishda texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti direktori o'rinbosari Abulqosim Abduxoliqovga yuzlandik. U kishi bino tayyor bo'lgunicha bo'lgan barcha jarayonlarni batafsil tushuntirgach, yangi qurilayotgan binolarning zilzilabardoshligi ham to'liq nazorat qilinishi, ya'ni 9-10 balgacha zilzilaga binolarimizning bardosh berishi haqida ma'lumot berdilar. “Yaqinda yangi tartib kiritildi. Bilasiz, O'zbekiston respublikasi fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi zilzilabardoshligi instituti bor. Endilikda nafaqat qurilish vazirligidagi ekspertiza mutaxassislari, balki bu institut ham bino loyihasiga zilzilabardoshlik bo'yicha o'z xulosasini beradigan bo'ldi”, — dedi A.Abduxoliqov. Ammo, avvalgi, maqolada aytilganidek, ayrim binolar zilzila bo'lmasa ham (Alloh asrasin) shunchaki qulab tushyaptiku. Bu gapimizga xalq maqoli eslatildi, ya'ni “guruch kurmaksiz bo'lmaydi”. Binolarning juda tez fursatlarda qurib, foydalanishga topshirilayotgani, bunda sifat qay darajada bo'lishi haqidagi savolimizga esa Vazirlikning Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Jahongir Anvarovdan quyidagicha javob oldik: “Bugungi kunda (tarixdagidan farqli ravishda) zamonaviy qurilish materiallari bilan tez va sifatli bino qurish imkoniyati bor. Bunda tez qurish inshootning sifatiga nojoiz ta'sir qilmaydi. Misol uchun, tegishli tarkibli beton qorishmasi asosida bir haftada ko'p qavatli uyning bir qavatini qurib bo'lish mumkin”. Shu o'rinda tug'ilgan savolimiz: qurilish materiallarining sifati haqida suhbatdoshlarimiz ular ham tegishli nazoratlardan o'tishini aytishdi. Ammo… o'tgan haftada e'lon qilingan maqolamizda keltirilgan mavzu — Toshkentda yaqinda qulab tushgan ko'prik yoki Jizzahda qulagan ko'p qavatli uy haqida-ku, mayli, so'ramadik, ammo Samarqand davlat universitetining Kattaqo'rg'on filialidagi faollar zalining shift qismiga o'rnatilgan temir-beton plitasi tushib ketgani oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgan edi. Ayni shu holat bo'yicha mutaxassislarning fikrlarini bilmoqchi bo'ldik. “Men voqea joyiga bordim, — dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig'i o'rinbosari Alijon Soatov. — Binoni o'z ko'zim bilan ko'rib keldim. Bu holatda, menimcha, hamma tegish­li tashkilotlar aybdor. Chunki qurilish jamoaviy ish. Davlat nazorati sifatida bizda ham ayb bor. Hozir prokuratura o'rganyapti. 2007-2008 yillarda kim mas'ul bo'lgan, nima uchun bunday holat bo'lgani aniqlanadi, albatta. Men ko'rdim: bitta armaturada “zavodskoy defekt” bor, shekilli. Yarmi uzilganiga ancha bo'lgan ekan armaturaning. Men shu armatura sifatsizligi uchungina shunday hodisa bo'lgan, desam bu noto'g'ri bo'ladi. Hozir ekspertiza davom etyapti. Xulosasini berishadi ular. Lekin agar qurilish materialida ayb bo'lsa, bunda pudratchining ichki nazorati materialning sifatini tekshirishi kerak edi. Texnik nazoratchi tekshiruvidan so'nggina material ishlatilishi lozim. Bunda davlat nazoratining vazifasi bu yerda tegishli nazoratchi mutaxassislar bo'lishini ta'minlab beradi. Shu mutaxassislar bormi, ishlayaptimi, shuni ko'radi”.

Alqissa, mavzuning ichiga chuqurroq kirganingiz sayin ayrim xavotirlar bosilib, ayrimlari “vijdon” omiliga bog'liq bo'lib turgani ko'rinib qoladi. Maqola boshida bergan savolimizni esa davra suhbati nihoyasida yana bir marta berib, javob oldik. Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig'i o'rinbosari “Albatta, onam, bolalarim bilan yangi qurilgan uyda yashardim, faqat… O'sha uy “ulushdorlar reestiri”ga kirganligiga ishonch hosil qilar edim”.

Eh! Mana sizga yana savol: Xo'sh, “ulushdorlar reestiri” nima o'zi?

Bu savolga Vazirlikning axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov javob berdi: “Fuqarolar qurilishi boshlangan uy-joylarning qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlari, loyiha va ekspertiza hujjatlari bilan tanishib chiqish uchun ularni talab qilishga haqli. Bunda fuqarolar qurilish majmuasining tegishli tartibda Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligining elektron platformasidan, ya'ni https://mc.uz/oz/activity/ulush-platformda ro'yxatdan o'tganligini ko'rishlari lozim bo'ladi”.

“Bu platformada ro'yxatdan o'tmagan binolar ham bormi?” degan savolimizga suhbatdoshlarimiz ba'zan ayrimlar qonunni aylanib o'tishga harakat qilayotgani yoki sodda odamlarimizni aldashga urinishayotgani haqida gapirishdi. Umuman olganda, bola-chaqasi bilan xotirjam yashash uchun biz suhbatda bo'lgan mas'ullar aynan shu ro'yxatda bor uylardan xarid qilish lozimligini aytib o'tishdi. Bizda esa hali yana qancha savollar bor… Fursati kelsa, mavzuga yana batafsilroq qaytamiz.

Sitora TOJIDDINOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 13 =