Hayot saboqlari

Niyat

Jurnalistika fakulteti talabalariga dars o'tar ekanman, kutilmaganda shunday vaziyat yuzaga keldiki, Mahmud Asad Jo'shonning “Tasavvuf va go'zallik” kitobida (Mirzo Kenjabek tabdili) keltirilgan quyidagi rivoyatni so'zlab berishimga to'g'ri keldi: Ulug' bir Shayx huzuriga ilm istab kelgan yoshlarga ta'lim berar, saboqdan keyin turli yumushlarni bajarishga buyurar, vaqti-soati kelganda zehn-zakovatlariga qarab: “Bo'ldi, bo'tam, narsalaringni yig'ishtir, falon yurtga bor, nasibang o'sha yerda”, deb shogirdlariga fotiha berar ekan. Ba'zi talabalar xonaqohda uzoq qolib ketishsa, ba'zilari tirishqoqlik qilib, tez oradayoq yo'lga tushishar ekan.

Tolibi ilmlardan biri bo'sh paytlari holva pishirar ekan. Bir kuni u uzun sopli kurakchasi bilan qozonda holva tayyorlayotgan ekan, ko'ngliga: “Mendan keyin kelganlar ham fotiha olib yo'lga otlanishyapti, men bo'lsam holva tayyorlab yotibman. Bu nohaqlik emasmi?” degan fikr kelibdi. Shu payt holva pishayotgan qozonning oldida… Shayx hazratlari paydo bo'libdi va unga: “Bo'ldi, yetishding”, deb holvachini olis o'lkalardan biriga jo'natibdi. Yo'l oldidan shogirdiga: “U yerda nima topsang, qancha boylikka ega bo'lsang, qoq ikkiga bo'lamiz, yarmi seniki, yarmi meniki bo'ladi, shuni unutma”, debdi.

Holvachi tayinlangan manzilga yetib borib, chekka bir joyda qo'nim topibdi. Odamlar uning mashhur Shayxdan ta'lim olganini bilib, hurmat-ehtiromini joyiga qo'yishibdi, tez orada  nomi el-yurtga tarqabdi. Oradan birmuncha vaqt o'tgach, shu yurtning hukmdori vafot etibdi. Odamlar kimni hukmdorlikka tayinlash to'g'risida bosh qotirib turishganida, bir kishi: “Mana shu muborak zotni tayinlaymiz”, debdi. Bu taklif hammaga ma'qul kelibdi.

Xullas, sobiq holvachi yurtga podshoh bo'libdi. Adolat bilan ish tutib, xalqqa ko'p yaxshiliklar qilibdi, yurt obod bo'lib, xazina boylikka to'libdi. Oradan ko'p yillar o'tibdi, bir kuni saroyga Shayx hazratlari kirib kelibdi. Podshoh ustozga izzat-ikrom ko'rsatibdi, taxtidan tushib, u joyga Shayxni o'tqazib, o'zi pastga tushib, u kishining qarshisida tiz cho'kibdi. Shayx holvachiga: “Seni bu yerga jo'natganimda,  nima topsang ikkiga bo'lamiz, deganim yodingdami? Yodingda bo'lsa, qani, keltir topgan-tutganingni”, debdi. Holvachi: “Ha, yodimda”, deb xazinaga to'plagan barcha boyliklarini olib chiqibdi. Shayx jiddiy turib, ikkiga bo'la boshlabdi. Bundan holvachining yuragi siqilibdi. Taqsimot tugagach, Shayx murididan: “Uylandingmi?” deb so'rabdi. “Ha, uylandim, besh nafar farzandim bor”, debdi podshoh. Shayx: “Ikkitasi seniki, ikkitasi meniki, beshinchisini ikkiga bo'lamiz”, debdi. Podshoh: “Yo'q, ustoz, beshinchisi sizniki bo'la qolsin, xizmatingizni qilib yuradi”, degan ekan, Shayx bu taklifga ko'nmay, “Men adolatli odamman, teng bo'lib olamiz”, deb bolta keltirishni buyuribdi. Podshohning kapalagi uchibdi. “Bolamni xuddi qo'yni nimtalagandek ikkiga bo'lsa, farzandimdan ayrilib qolaman-ku, he sendaqa ustozni”, deya Shayxga hamla qilibdi. Hamlasidan o'zi ham cho'chib, holva bug'i elitgan xayoli joyiga kelibdi. “Yo Alloh, xayriyat, xayol ekan”, debdi. Shayx niyati buzilgan shogirdiga qarab: “Qozonni kovlayver, bo'tam,  bu kallang bilan bu yerda hali ko'p holva pishirasan” , degan ekan.

 

Shukur akaning portreti

Usmon Azimning “So'ngso'zlar” kitobi menga mahoratli musavvir yozgan portretlar jamlamasidan iborat rangli albomni eslatdi. Xuddi shundoq: kattagina kitobning har bo'lagida bittadan surat. Mana bu Shukur Xolmirzayevning surati: “Bora-bora adabiyotda Boysun nomi sirli va g'aroyib joy sifatida mashhur bo'lib ketdi. Bu mashhurlik  o'zbek adabiyoti uchun ilgari mutlaq begona — kutilmagan adabiy material va qahramonlarni adabiyotga olib kirgan Shukur Xolmirzayevning, ha,  faqat shu adibning xizmati edi. U Surxon vohasini adabiyot uchun kashf etdi (to'g'rirog'i – Shukur Xolmirzayev asarlarini o'qib, ko'plar Boysunni o'zi uchun kashf etdi). Vohaning saxiy, fe'li keng, mardi maydon va bir so'zli odamlari Shukur akaning asarlarida xuddi tirik odamlarday  jonlanib bo'y ko'rsatdi. Shukur akagacha (adabiyotda) hayotni bu yo'sin aniq tasvirlash, guvoh bo'lgan voqealardan bu tarzda ma'no topish, odamlar fe'lu atvorini, yurish-turishini, xatti-harakatini rassom mo'yqalami chizgan kabi kitobxon ko'z oldiga keltirish hech bir adib ijodida yaqqol ko'rinmagan edi. Adib (istiqlolning dastlabki kezlaridayoq “Adabiyot o'ladimi?” degan savolni o'rtaga tashlash uchun o'zida jur'at topa olgan Shukur Xolmirzayev) sho'rolar adabiyotini – allaqanday majlislar qarori asosida yoziladigan adabiyotni butkul rad etdi… Boysun va Surxon Shukur akaga shu qadar singib ketgan ediki, u qaerda bo'lmasin, kimlar bilan, qaysi davrada o'tirmasin, Boysun va Surxonni eslamasdan turolmasdi. Tug'ilgan yurti uning iftixori va ilhomining manbasi edi. Mayda odamning yurti mayda ko'rinadi, afsona odamlarning yurti esa afsonaga aylanadi. Toshkentga kelganimda Boysun afsonaga aylanib ulgurgan, Shukur aka yaratgan asarlar va yozuvchilar davrasidagi suhbatlari (bois) Boysun ba'zilar ko'ziga Bog'i eramday tengi yo'q va Ko'hi Qofday vahimali ko'rinib bo'lgan edi”.

Shukur Xolmirzayevning portreti shunday chiziladi. Ranglar  bir-biriga ulanib, biri ikkinchisini to'ldirib, jilolanib  boradi. “So'ngso'zlar”ning adibga bag'ishlangan sahifalarida shunday detallar borki, ularning birortasiga bee'tibor bo'lsangiz, portret xiralashadi. Ulardan birida Shukur akaning sho'rolar davrida juda ko'plar (ko'plarimiz) chalingan, qanchadan-qancha iste'dodli odamlarni ma'naviy qurbon qilgan bir sho'roviy dard haqida gap boradi: “Ishlab charchagan kezlari adibning ko'ngli allaqanday ozodlikni talab qilib qolar, yallo yurishlarda duch kelgan muxlislari bilan Toshkent ko'chalaridan pastqam bir joy topib, bazmi jamshid uyushtirar, o'tirish avjiga chiqqanda, so'zlari esidan chiqqan qo'shiqni “na-na-nay” deb kuylashga tushar va hech qachon unutmaydigan so'nggi jumlani baralla aytar edi: “Kuymagan jonim mening…”

Mashrab! Mashrabning satri bu…

Biz shunchaki o'qib ketaveramiz-da!

Ehtimol, bedavo dardlarning sonsiz tig'i joniga beomon sanchilganda, bu so'zlar Mashrabning hayotini o'pirib, bo'g'zidan otilib chiqqandir…”

Portret-essening shu yerida “Sho'roviy dard Shukur akaning ham jismu joniga sonsiz tig'larini ayovsiz sanchib, ijodi ayni gullagan, fikri qaymoq tortgan paytda adibni oramizdan, ijod olamidan olib ketdi…” degan jumlaga ehtiyoj bor edi, aslida. Lekin, shusiz ham tushunarli va yetarli.

Juda muhim, Shukur Xolmirzayev portretining taqdirini hal qilishga qodir detal: “Adib adabiyotda rasm tusiga kirib borayotgan “oldi-sotdi”dan jirkanar va shu yo'l bilan birga, yozish uchun muvozanat saqlardi. Buning uchun yagona yo'l — yonidagi adabiyot bozoriga beparvo qarash edi. Adib shu yo'lni tutdi: beparvo qarashga urindi, faqat murosa-madoragina uning uchun  nafas oladigan yagona  tirqish ekanini angladi. Biroq iste'dodsizlarning allambalo kitoblariga ko'zi tushganda yoki biror-bir davrada ularning nomi tilga olinganda, uning yuzi jirkanishdan qanday tirishishini yaxshi bilaman”.

Usmon Azimning fikricha, haqiqiy shoir yoki yozuvchining umri haqiqatni izlashga sarf bo'ladi.

 

Katta lavozim

Oilaviy mojarolar bois tahririyatga shikoyat xati bilan kelgan kishidan kim bo'lib ishlashini so'rasam: “Olti bolaning otasiman”, deb  javob berdi. Suhbatdoshimning nima demoqchiligini anglab, ko'nglim ko'tarildi. Xudo bergan olti farzandni voyaga yetkazish, odob-axloqqa o'rgatish, ilm-ma'rifatli, kasb-hunarli, haqgo'y, bir-birlariga mehr-oqibatli qilib tarbiyalashning o'zi katta lavozim emasmi?!

Agar o'sha ota farzandlari tarbiyasi bilan shug'ullanmay, ularni o'z holiga tashlab qo'ysa, bolalari ko'cha “tarbiya”sini olsa, ertaga jamiyat oldida naq oltita yangi muammo paydo bo'lishi tayin.

Goho bola tarbiyasi bilan shug'ullanib, uyda o'tirib qolgan ayollarga bepisand munosabatda bo'lamiz. Kelajakda qaysi bir oilaning baxti, halovati, jamiyat uchun kerakli bir shaxsning kamolga yetishi ayni shu – bugun uyda o'tirib, farzandiga tarbiya berayotgan, o'g'li, qizi, nabirasini hidoyat yo'liga boshlayotgan ota-onaga bog'liq ekanini o'ylab  ham ko'rmaymiz.

 

Yig'i

Bir janozada yig'ichi ayol shunday yig'ladi, shunday yig'ladiki, dafn marosimiga yig'ilganlar  sel bo'lib ketdi. Aytib-aytib, soch yulib, yuz yirtib yig'laganday bo'ldi, nazarimda. Uning ta'sirchan aytimlari, she'riy tashbehlari, tosh ko'ngilni  mumday eritadigan qo'shiqnamo ohanglari musibat yukini yanada og'irlashtiradi.

Yonimda turgan kishidan yig'ichi ayol haqida so'ragandim, “Bugun u xizmatda-da, tirikchiligi shu. Ikki hafta oldin onasi qazo qildi, bunchalar dod solgani yo'q”, dedi.

 

Go'sht

Chorsu bozorining go'sht rastasini oralab yurgan edim,  go'sht sotayotgan onaxon, “Keling, uka, olavering, kelgindi go'sht emas”, dedi. Olmadim, shaxt bilan orqamga qaytdim. Odam bir-ikki kun go'shtli ovqat yemasa – o'lmaydi.

Oxirgi marta qishloqqa qachon borganim yodimga tushdi.

 

“Hisobot”

Bir teleko'rsatuvda mutasaddilardan biri amalga oshirayotgan xayrli ishlari to'g'risida gapirar ekan: “O'tgan yili nogironlarga jamg'armamiz hisobidan bir yuz ellikta invalidlar kolyaskasi sovg'a qilgandik, bu yilning to'qqiz oyida ikki yuz yigirma kishiga shunday sovg'a ulashdik, kelgusida yana ko'paytiramiz”, dedi. Men u kishining so'zini bo'lib: “Birodar, bu ish uchun maqtanish emas, uyalish kerak”, dedim.

Nega shunday deganimni fahmlagandirsiz?

 

Asalariga qachon yetamiz?

Qadimiy qo'lyozma manbalarda asalning shifobaxshligi, kuch-qudrat manbai, uzoq umr ko'rish garovi ekanligi ko'p bor qayd etiladi. “Asal inson organizmi ichki organlarini sog'lomlashtiradi, quvvatni oshiradi (mo''tadillashtiradi), haroratni pasaytiradi… Asalni doimiy ravishda iste'mol qilish tanaga yengillik baxsh etadi, yoshartiradi, umrni uzaytiradi”.

Ulug' tabib Abu Ali ibn Sino bu to'g'rida ko'p e'tiborli xulosalarni yozib qoldirgan. Jumladan: “Asal a'zolarimizdagi suyuqlik o'tkazuvchi tomirlarni kengaytirish va tozalash xususiyatiga ega. Agar sen nahorda anor, tushlikda piyozli  ovqat, kechasi yotish oldidan asal iste'mol qilsang, qoning ko'z yoshiday tiniq va toza bo'ladi”.

Asalarilarning yashash tarzi odamni hayratga soladi.

Yaylovda, tog' yonbag'irlarida yuzlab  asalari uyalarini ko'rishimiz mumkin. Lekin bu uyalardagi har bir oila alohida jamiyat, o'ziga xos “davlat” ekanligini bilamizmi? Bu davlatning o'z malikalari, soqchi-himoyachilari, ishchi-xizmatchilari, mehnat intizomini kuzatuvchi adolat tarozibonlari bor.  Har bir ari million yillardan buyon avloddan-avlodga o'tib kelayotgan qat'iy tartib-intizomga amal qiladi, vazifasini mukammal darajada bajaradi. Uya og'zida turuvchi soqchilar doimo hush­yor. Ular o'z oiladoshlarini yaxshi tanishadi. Begonalarni uyaga yaqinlashtirishmaydi. Bordi-yu, arilardan biri dangasalik qilib, parvozdan quruq qaytsa, ta'zirini berib qo'yishadi. Bahorda yog'ingarchilik cho'zilib, tashqariga uchib chiqa olishmasa, salkam qirq kungacha axlatlarini qorinlariga yig'ib, o'lsa o'lishadiki, uya ichiga tashlashmaydi. Tug'ilib, voyaga yetgan joylarini iflos qilishmaydi.

Insoniyat asalari darajasiga yetish uchun yana qancha yashashi kerak ekan-a?

Ahmadjon MELIBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 4 =