So'zning qadriga yetsang…

image description
Obid QO'LDOSh
Muallif haqida:
Obid QO'LDOSh — Buxoro viloyatida tug'ilgan. “Xayolimni o'g'irlagan qiz”, “Mohiyatga sayr”, “Unutilgan ashula” nomli kitoblari chop qilingan. Hikoyalari turk, ozar, qirg'iz, rus va ingliz tillariga o'girilgan.
Qaniydi, “Alloh yo'lida nimani qurbon qilding?” deganlarida, “nafsimni” deya olsam! O'shanda mendan-da baxtli bo'larmidi bu maskanda?..
* * *
Ming afsuski, shunday kunlar keladi: “tabiiy” so'zi “Qizil kitob”dan joy oladi.
* * *
Har bir narsaga o'zining tabiatidan kelib chiqib yondash.
* * *
Dushmaningni uzoqdan izlama, u sen bilan. Do'sting ham sendadir.
* * *
U hammadan xato axtaradi va boshqalarning kamchiliklarini eslab qolishga urinadi. Unga o'zining hech kimligi shunday alam qiladiki…
* * *
Baxtliman, deyishga haqliman. Chunki mening ko'zlarim baxtsizlikni ko'rmaydi.
* * *
Tabiatni sevmaslik tabiiylikni sevmaslikdir.
* * *
Dunyoda odamzoddan ham noshukur mavjudot ko'rmadim.
* * *
Ezma, maydakash rahbar yiringga o'xshaydi. Qo'yib bersang, suyakkacha yetib boradi.
* * *
O'zidan boshqani tan olmaydiganlar boshqalardan maqtov kutib yashaydi.
* * *
Biz qanchalik tashqariga otilmaylik, haqiqiy baxt — yuragimizda.
* * *
Bu beshafqat hayot bizni o'zimiz o'ylagandek emas, boshqalar xohlagandek qilib qo'yishi mumkin.
* * *
Shaharda svetofor, qishloqda ko'ngil bor.
* * *
U gapini ma'qullatib olish uchungina savol beradi.
* * *
Har bir buyuk ish katta qiyinchilik bilan bajariladi. Ammo insonlar o'zlarini xuddi bu million yildan buyon shundaydek tutishadi.
* * *
Nahotki xursandchiligimiz, xafa va norozi kayfiyatimizni ustalik bilan yashiradigan kimsalarga aylanib qoldik?
* * *
Yuragi toza bo'lmagan odamning ezgulik haqidagi safsatasi kulgimni qistatadi.
* * *
So'zning qadriga yetsang, so'zlamaslik haqida o'ylay boshlaysan.
* * *
Kitob o'qimaydigan kimsalar bilan suhbatim ob-havo haqida bo'ladi.
* * *
Juda bachkanalashib, maydalashib yozadigan ezma “yozuvchi”larimiz bor. Ularni so'zning uvoli uradi.
* * *
Odatda, dori achchiq, lekin uning foydasi shirin bo'ladi. Tanqid deganda shuni tushunaman.
* * *
E'tibor qil, rahbarga qanday hurmat ko'rsatilyapti, o'rinbosarga, oddiy xodimga-chi? Bunda manfaatning o'rni nechog'li?
Diqqat bilan kuzat, o'shanda odamlarning asl qiyofalarini ko'rasan.
* * *
Foniy dunyo mayparastning do'koniga o'xshaydi. Dastlab hamma eshitadi, hech kim gapirmaydi. So'ng barcha so'zlaydi, birov tinglamaydi.
* * *
Bitta maqola yoki kitobning muallifi 2-3 kishi bo'lgan hollarni ham kuzatyapmiz. Bu qanchalar achinarli va kulgili.
Har bir asar go'yo farzand. Farzandning esa otasi bitta bo'ladi.