Yurakni yangilab bo'lmaydi

Hamal yuraklarga ishq kurtaklarini undirish ilinjida keldi. Ijod ahlining ko'ngli yorishdi. Go'zallikka intilgan sari qog'ozga so'z yog'ilayapti. Ezguliklar hosilini dillarga jo qilguvchi o'tli so'z… Yangi she'ri dunyo yuzini ko'rgan shoirning holatini his qilganmisiz?! Dunyoda undan-da baxtiyorroq odam bo'lmasa kerak. O'zi va so'zi olamga sig'may qolgan lahzalarini ko'z-ko'z qilishga oshiqadi.
U kun ishxonada qog'ozlarni titib o'tirsam, xonamga sirdaryolik bolalar shoiri Mo'min Avaz sekin, oyoq uchida kirib keldi. Shu odamga hayronman: yoshi saksondan oshganiga qaramay, yosh bolalarga o'xshaydi. Yonida har doim ijod namunalari solingan katta sumka bo'ladi. Bilaman, yangi she'r yozgan. Ammo uning she'rini tinglaydigan odam yo'q. Gazetaga chop etadigan mard topilmaydi. Mo'min odamning ijodi kimga ham kerak? Umr bo'yi yozganlarini yig'ib yuradi. Nafaqa puli hisobidan bir nechta kitoblarini nomiga ellik-yuz dona qilib chiqargan. Qalbida kitobimni bir kun kelib, kimdir o'qiydi degan ishonch bor. Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lish orzusida yuradi. U bir she'rida:
O'qib, o'qib o'rganar
Dil, yetdim shu yoshgacha.
Mehnat qilsam ko'tarar
Yurt yerdan quyoshgacha… —
deya yozibdi. Nima bo'lganda ham, yaxshi niyat ijobat bo'lishini tilaymiz. Oqsoqolga boshdan-oyoq razm solaman. Yillar uni holdan toydirgan. Peshonasiga kimdir musht tushirgandek g'urra paydo bo'libdi.
— Kim bilan mushtlashdingiz? — deya so'rayman yarmi hazil, yarmi chin ohangda.
U kishi beozorgina piqirlab kulib:
— Oilada bir bosh molimiz bor, men uni har kuni yetaklab, ariqlar bo'yida aylantirib kelaman. Tunov kuni u ham menga ba'zi “do'st”larim kabi yomonlik qildi. Arqonidan yetaklab yurgandim. Kutilmaganda meni pisand qilmay, sudrab ketsa deng. Kuchim yetmay, chirpirak bo'lib qoldim. Arqoni uchidagi qoziq qarsillab peshonamga urildi. Yiqilib, hushdan ketibman. Birozdan keyin o'zimga kelsam, ust-boshim qip-qizil qon edi. Sigirimizdan ko'nglim qoldi. U esa uzoqqa bormay, kavsh qaytarib turgan ekan. Yoniga bordim, yuvosh tortib turibdi. Qilgan ishidan pushaymon bo'lgandek. Uning ko'zlariga tik qarab do'q urdim: “Nima qilib qo'yding, hayvon? Men seni shuncha e'zozlab yursam-da, sen bo'lsa meni shu ko'yga solsang!” U so'zlarimni anglaganday jim edi. Ko'zlariga qarasam, ko'zlari jiqqa yosh, rahmim keldi… Qiziq. U bir hayvon, mol bo'lsa. Gapni tushunarmidi. O'zimni yupatish uchun jahl ustida gapirsam. Bu holni ko'rib hayron qoldim.
“Eh, Mo'min ota! — deyman ichimda. — Nega siz bunchalik mo'minsiz? Mo'min kishini odamlar qo'rqoq deb o'ylashadi. Bo'lmasa, yozganlaringiz hech kimdan kam emas. Sizning yarmingizcha yozolmay yurganlar ham kerilib yurishibdi. Har gal bolalar nashrida chiqqan she'ringizni ko'rib, yosh bolalar kabi quvonib ketasiz. Gazetani o'pib, ko'zlaringizga surtasiz va beixtiyor sumkangizdan bir dona qip-qizil olmani olib, stolim ustiga qo'yasiz. “Yo'g'-e, ota, nima qilayapsiz?” — desam, “Sirdaryoniki oling”, — deysiz. Mana, yana sizning bir turkum she'rlaringizni “Tong yulduzi” gazetasiga berdik. Ammo negadir uch oydan beri qorangizni ko'rsatmasdan yuribsiz. Tinchlikmikan?..”
Ha, chindan ham ijod ahlining ko'ngli nozik bo'ladi. Ularning yozganlarini qaysidir bir gazetalar berib tursa, savobga qoladi. Axir ular yomonlik haqida yozishmaydi-ku! Gohida o'zim ham dilimdagi savollarimning javobini topolmay qolaman. Ming shukurki, mening behisob muxlislarim bor. Ular mendan tinmay she'r so'rashadi. Telefon orqali bo'lsa ham yuragimdagini bo'shataman. Bir paytlar ijodkorlarning ijodini aholiga keng targ'ib qiladigan nashrlar ko'p bo'lar edi. Dalalar bag'rida yurib bo'lsa ham pochta orqali yuborgan she'ru maqolalarimiz respublikaning eng nufuzli nashrlarida chop etilganidan boshimiz osmonga yetgan. Yaxshi yozsang, sening kimligingning farqi yo'q edi… Bugun so'z erkinligi berilgan davru zamonlarda yashayapmiz. Qirq millionga qarab bo'ylashgan xalqimizning orasida bo'lsa, ming-ikki ming haqiqiy ijodkori bordir. Ammo ularning adabiyot minbari qayoqda?! “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”dek gazetani saqlab qolish shunchalik qiyinmidi?!
Mening bolalikdagi hayotimni o'zgartirgan kitoblar Zulhayot opam o'qib bergan O'lmas Umarbekovning “Odam bo'lish qiyin”, Parda Tursunning “O'qituvchi”, Vali G'ofurovning “Vafodor” nomli asarlari bo'lgan, desam, xato bo'lmaydi. U asarlarning lazzati umr bo'yi yuragimning qat-qatida turibdi. O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri ustoz Abdulla Oripovning she'rlari bir maydon gazetalarga chiqmay qolganini hammamiz bilamiz. Shunda men go'yo ustozga g'amxo'rlik qilganday, yangi tandirdan chiqqan nonday tafti baland Vatan haqida yozilgan she'rini gazetaga chiqara olishimni aytib, qo'llaridan olgandim. Ustoz ham ishonqiramay uni menga bergandi. O'sha kuni ustoz menga to'rt marta telefon qilgandi. Har bir telefon qilganda she'rga yangi fikr qo'shilib, u jilolanardi. Men she'rni sariq matbuotda ishlaydigan yaqin birodarimga olib borgandim, u boshini uzoq liqillatib: “Oqsoqolni hozir gazetaga berib bo'lmaydi, “zapret”, — deya javob bergan, unga qancha tushuntirsam ham, so'zim havoda qolgan edi. Ustozdan she'rni bekor olgan ekanman, deya tuni bilan qiynalib chiqqanman. Oxiri shunday qarorga keldim. Adadi eng ko'p chiqadigan Surxondaryoning eng chekka tumanidagi “Sariosiyo” gazetasi bosh muharriri Abdurayim Rahmonovga qo'ng'iroq qildim. Gazetasini rosa maqtadim. Bu nashrning respublikadayam alohida o'rni borligini aytdim. Gazetaning yangi sonida Abdulla Oripovning turkum she'rlari berilsa, yanada zo'r bo'lishini ta'kidladim. Abdurayim aka dangalchi odam, so'zimni rad etmadi. Ko'p o'tmay, “Sariosiyo” gazetasida Abdulla akaning turkum yangi she'rlari salkam bir bet bo'lib chiqdi. Men bir dasta gazetani olib Abdulla Oripovning yoniga yugurdim. Ustozning o'sha kundagi quvonchini so'z bilan ifodalash qiyin edi. U kishi beixtiyor: “Dunyoda shunday mard muharrirlar ham bor ekan-ku…” dedi. Bugun bu so'zlarni nega eslayapman? Maqsadim — so'z zargarlarining so'ziga ozroq e'tibor qaratishdir. Ijodkorlarimiz nima haqida yozishidan qat'i nazar, u insoniyat uchun xizmat qiladigan eng noyob hayotiy haqiqatlardir. Ammo ularning ijod qilishi uchun qamrovi keng maydonlar kerakligini nazarda tutayapman. To'g'ri, bugun respublikamizda bir qancha ommabop nashrlar faoliyat yurityapti. Ayniqsa, biz ijodkorlar uchun “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Saodat”, “Fermer” kabi jurnallar hamda “Xalq so'zi”, “Hurriyat”, “Adabiyot ziyosi” “Ma'rifat” kabi gazetalar faoliyati qadrlidir. Lekin baribir nima bo'lganda ham, shoiru yozuvchi, olimu ulamolarning olamini kengroq qamrab oladigan keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan nashr yetishmayotgani bilinib turibdi. O'ylayman: u gazeta — ijodkorlar uchun eshiklari ochiq, oshna-og'aynichilikdan xoli, ustoz Abdulla Oripov ta'biri bilan aytganda, so'zni qadrlaydigan mard muharriri bor dargoh bo'lishi kerak. Chunki ijodkorlarning ko'ngli nozik bo'ladi. Ular yuragida olgan kichkina dard ham goho ularga og'irlik qiladi. Hamma narsani yangilasa bo'ladi. Lekin yurakni yangilab bo'lmaydi. Biz yashayotgan yangicha davru zamon bizning yuragimiz uchun ham mas'uldir!
AXTAMQULI,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi,
“Shuhrat” medali sohibi, shoir.