“Dushanba kelmaydi!”

Budilnik — soat jiringladi. Yotog'im yonida turgan shkaf tomon qo'l uzatib, paypaslay boshladim.

“Qars!” Qidirayotib telefonimni tushirib yubordim, shekilli. Budilnik ovozi ocholmagan ko'zimni telefonning yerga tushgandagi ovozi moshdek ochdi.

Pastga qo'l uzatdim.

— Butun. Yaxshi.

Soat oltidan o'ttiz ikki daqiqa o'tibdi. Hali erta, “yana biroz mizg'ib olay” deb yotog'imning qorniga qorishdim. Yana bir dushanba tongi boy berildi.

Kallai saharlab yuguraman, kun tartibimni to'g'rilayman, ovqatimni oshlab, yomon odatlarni tashlayman deyayotgan kechagi qo'sha-qo'sha gaplar qaerda qoldi?.. Hayronman.

Ha, mayli, ertadan boshlayman. Bu hafta dushanba bo'lmasa, keyingi hafta-da… Shu gaplar ko'pchilikka tanish. Biz har safar yangi boshlanishni kutamiz: yangi oy, yangi yil, yangi hafta, yangi dushanba — hammasi “ideal vaqt” sifatida ko'rinadi. Ammo qiziq tomoni shundaki, o'sha “ideal dushanba” qachon keladi?

Inson ko'pincha ish boshlash uchun mukammal sharoitni kutadi. Psixologlar buni “prokrastinatsiya” deb atashadi — zarur ishni keyinga surish, o'z maqsadlariga yetishishdan vaqtincha qochish holati. Sababi ko'pincha shijoat yetishmasligi, qo'rquv, muvaffaqiyatsizlikdan xavotir yoki o'zini yetarli tayyor his qilmaslikdir. Shuning uchun biz ko'pincha “Agar vaqt to'g'ri bo'lsa, boshlayman”, “Keyingi dushanba bilan boshlayman” degan gaplarni takrorlaymiz. Ammo aslida mukammal shartlar deyarli hech qachon yuzaga kelmaydi. Bu holat insonni ikki tomonga undaydi. Bir tomondan, u o'zini vaqt bilan aldaydi, o'zini qulay his qilgan paytda ish boshlashni orzu qiladi. Ikkinchi tomondan, vaqt o'tadi, reja amalga oshmaydi va o'zini tanqid qilish hissi kuchayadi. Natijada inson hayotidan to'liq zavqlana olmaydi, maqsadlariga yetish imkonini boy beradi. Shu bois intizom va muntazamlik muvaffaqiyatning asosiy kaliti hisoblanadi.

Etuk mutaxassislar va muvaffaqiyatli insonlar shuni yaxshi biladiki, har kuni kichik qadamlar bilan maqsad sari intilish — muvaffaqiyatning siri. Ilm-fan, san'at, sport yoki biznes sohasidagi yetuk shaxslar bu borada ham kuniga oz bo'lsa-da, maqsadga intilishadi. Har bir kichik harakat, ko'zga ko'rinmas bo'lsa ham, oxir-oqibat katta natija beradi. Amerikalik yozuvchi va tadbirkor Jeyms Klearning “Atom odatlar” kitobida shunday ta'kidlanadi: harakatni bugundan boshlash, mukammal sharoitni kutmaslik, kichik odatlarni muntazam bajarish insonni o'z maqsadiga yaqinlashtiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bir ishni boshlash uchun ma'lum vaqtni kutish shart emas. Agar maqsad aniq bo'lsa, harakat bugundan boshlanishi lozim.

Hayotimizni tartibga solish, yomon odatlarni kamaytirish va maqsadlar sari intilish uchun bir nechta amaliy yo'llar mavjud. Katta maqsadlar ko'pincha qo'rquv uyg'otadi, ammo kichik vazifalar bilan boshlash psixologik to'siqni kamaytiradi. Rejalarni yozish va kunlik vazifalarni ko'z oldida ko'rsatish shijoatni oshiradi. Mukammallikni kutmaslik muhim — hech qachon mukammal shartlar bo'lmaydi. Har bir kichik yutuqni qadrlash va o'zini rag'batlantirish ishonchni kuchaytiradi. Oila yoki do'stlar bilan maqsadlaringizni bo'lishish ham sizni harakatga undaydi.

Mutaxassislar fikricha, maqsad sari intilish va hayotni boshqarish nafaqat muvaffaqiyatga, balki hayotdan zavqlanishga ham olib keladi. Inson o'z vaqtini va energiyasini tartibga solganda, ruhiy zo'riqish kamayadi, erishgan natijasi hissi kuchayadi va har bir kun qadrini bilish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga, kichik odatlarni kundalik hayotga tatbiq qilish, shijoat va intizomni saqlash hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.

Bugun boshlash orqali inson o'z kelajagini quradi, o'z hayotini boshqaradi va mukammal sharoitlarni kutmasdan, haqiqiy natijalarga erishishni o'rganadi. “Ideal dushanba” hech qachon kelmaydi, lekin bugun mavjud va bugun qilgan harakatlaringiz sizni maqsadingizga yaqinlashtiradi, hayotingizni mazmunli va samarali qiladi.

Farangiz ABRUYEVA,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti

talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − fourteen =