“O'ris shapka”
Bolaligimdan mutolaaga qiziqaman. Bu borada tengdoshlarimga o'rnakman deb ayta olmayman. Ammo qaysidir asar didimga ma'qul kelsa, qayta-qayta o'qishim rost.
Hali maktabga bormasdim. Dadam chiroyli suratlari bilan bezatilgan kitoblar olib berardilar. Keyin savodim chiqdi, o'zim mustaqil mutolla qiladigan bo'ldim. Har safar televidenieda qator-qator kitoblar terilgan javonlarni ko'rsatishsa, havas bilan qarar edim. Afsuski, mavjud sharoit shaxsiy kutubxona javoniim bo'lishiga imkon bermagan. Yuzga yaqin kitoblarimni qutida saqlashga to'g'ri kelardi. Yuqori sinfga o'tgach maktab kutubxonasi “shaxsiy javonim”ga aylandi…
Keyinchalik jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishdim. Asta-sekin she'r, hikoyalar, maqolalar qoralab yurdim. Endilikda kitob va mutolaasiz bir kunim o'tishini tasavvur qila olmayman..
Aslida gap o'zim emas. Yaqinda mutolaa qila boshlaganim – “Yolg'izoyoq yo'l” to'plamiga qisqacha to'xtalmoqchi edim, xolos.
Ochig'i, asarni to'liq yakunlashga hali ulgurganim yo'q. Ammo to'plamga kiritilgan bir necha hikoyalarning o'ziyoq meni o'yga toldirdi, mulohaza qilishimga turtki berdi.
Zamon shiddat bilan rivojlanayapti. To'g'ri buning natijasida, ko'p jihatlar insoniyat turmushining osonlashishiga xizmat qilayapti. Shu bilan birgalikda o'zligimizdan uzoqlashib borayotgandekmiz. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi bir qayd e'tiborimni tortdi. “Xalqimizda millat tushunchasi noto'g'ri shakllangan. Millat mansubiyati juda muhim bir narsaday ongimizga singdirilganligini tan olishimiz kerak. Aslida bu unchalik to'g'ri emas. Milliylik nisbiy. Ya'ni, millat siyosiy tushuncha, u ko'pchilik davlatlarda fuqarolikning sinonimi hisoblanadi. Bizda esa millat deganda etnosni tushunishadi. Bu noto'g'ri. Yanglish dunyoqarashdan voz kechish vaqti kelmadimi?” deb yozilgandi unda…
Aslida millat o'zlik degani emasmi? Aslida “millat arzimas tushuncha” deguvchilar yanglish dunyoqarashda ekanligi kunday ravshan-ku. Eskilik sarqiti, deb sobiq mafkura qanchadan-qancha bebaho qadryatlarimizga tahdid solmadi deysiz. Bugungi mustaqillik zamonida bunday fikrlayotganlar oramizda uchrashi katta xatar, mening nazdimda.
“Yolg'izoyoq yo'l” tarkibidagi “O'ris shapka” hikoyasi ana shu badiiy muammo ustiga qurilgani bilan meni o'ziga “mixlab” oldi. Asarda muallif asriy qadryatlarimizning yo'qolib borayotganini achchiq taassuf bilan qayd etadi.
Ortiqcha tafsilotga o'rin yo'q. O'ylaymanki, bu hikoyani har bir o'smir o'qishi, mag'zini chaqishi kerak. Salmoqli to'plamdan bir shingil g'oyanigina tilga oldim. Asarni to'liq o'qisangiz, bundan o'n karra ko'proq narsa topishingizga aminman.
Darvoqe, muallif haqida. Kitob Jomboy tuman hokimi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Qayum Sobirov qalamiga mansub.
Dilmurod MAHRAMOV