Tuman gazetalari ham kerak!
“Hurriyat” gazetasining shu yil 31 may, 21 sonida berilgan taniqli ijodkor Hakim Sattoriyning “Tuman gazetasi nega yopildi?” sarlavhali maqolasini katta qiziqish bilan o'qib chiqdim va aynan shu sohada 40 yildan ortiqroq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelayotgan mahalliy nashr vakili sifatida unga o'z munosabatimni bildirgim keldi.
Avval boshidan oq muddao va qat'i xulosamni aytib qo'ya qolay: tuman va shahar gazetalari — kerak!
Nima uchun? degan savol tug'ilishi tabiiy hol, albatta. Shuning uchunki, tuman va viloyatlar bo'ysunuvidagi shaharlar ham mamlakatimizning muhim ma'muriy-hududiy tuzilmalaridir va bu tuzilmalarda davlat tuzimining barcha soha hamda tarmoq tuzilmalari mujassam. Jumladan, Maktab va maktabgacha ta'lim bo'limi, deysizmi, pensiya ta'minoti jamg'armasimi, sudlar, prokuratura, adliya, Ichki ishlar, Milliy gardiya, Mudofaa bo'limi, tuman va shahar hokimliklaridan tortib, to mahalla fuqarolar yig'inlarigacha, sog'liqni saqlash, madaniyat, savdo, energetika, qishloq xo'jaligi tizimlari, sanoat, kurilish, taransport, aloqa, qo'yingki, barcha xizmat turlari mujassam.
Shunday ekan, nega endi bu hududiy tuzilmalarning o'z ommaviy axborot vositalari, jumladan, gazeta va jurnallari bo'lmasligi kerak?!
“Tuman gazetalari kerakmi?” degan savolni qo'yishning o'zi g'alati, nojoiz.
Bu nashrlarning hayotiy ehtiyoj ekanligiga dalillar yetarli. Aytaylik, bizning Nurafshon shahar hokimligi hamda O'rta Chirqiq tumani hokimligi muassisligidagi “Mash'al” ijtimoiy-siyosiy gazetasi 92 yildan beri faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Mana shu yillar davomida xalqimiz ne-ne sinovlarni boshidan kechirgan bo'lsa, ularning barcha — barchasi O'rta Chirchiq tumani va Nurafshon (avvalgi To'ytepa) shahri ahli hayoti misolida “Mash'al” gazetasi sahifalarida o'z aksini topgan.
Ilk bor 1932 yilning 17 fevralida lotin imlosidagi o'zbek tilida 2000 nusxada chop etilan bu gazeta xalqimiz o'z boshidan kechirgan barcha tarixiy jarayonlar: Sho'ro tuzimining kollektivlashtirish, industirlashtirish, kooperatsiyalar va paychilik harakatlari, ommaviy qatag'on, Ikkinchi jahon urushi, urushdan keyingi davrlarni, paxta yakkahokimigi siyosati, milliy o'zlikning o'yg'onish jarayonlari va nihoyat, O'zbekistonimizning davlat mustaqilligi, uning shonli sanalarini misli o'zida quyoshni aks ettirgan qatra misoli faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Toshkent viloyatidagi deyarli barcha tuman-shahar gazetalari ham xuddi mana shunday uzoq yillardan beri faoliyat ko'rsatib kelayotgan holda, bugun ularning ayirimlari 5000, 6000, hatto 7000 adadda aholi xonadonlari va ishxonalarga yetib borayotir hamda ular, hech qanday mubolag'alarsiz, tuman – shahar ahlining quvonch va tashvishlari, yorug' umidlari bilan yashab kelmoqda. Shuning o'zi ham bu nashrlarning hayotiy ehtiyoj ekanligini ko'rsatib turibdi.
Davlat ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, gazeta va jurnallar — ular qanday maqom va miqyosda bo'lmasin — davlat siyosatining, jamiyat hayotining o'tkir quroli. Buni hech qachon nazardan qochirmaslik kerak. Qolaversa, ular bilim, ta'lim va tarbiyaning muhim vositalaridan biri ekanligiga ham shak-shubha bo'lishi mumkin emas. Chunki, hali shu paytga qadar gazeta va jurnallar mutolaasidan biror kishi zarar ko'rmagan. Aksincha, hozirda gazeta-jurnallar va kitoblar mutolaasi o'rnini egallagan telefonlar, turfa tarmoqlar orqali tarqatilayotgan har xil xabarlar yoshlarni yo'ldan adashtirmoqda.
Mana shu masalalarni e'tiborga olgan holda muallif Hakim Sattoriyning “Tuman gazetasi nega yopildi?” maqolasida juda dolzarb masalalar ko'tarilganligini e'tirof etish o'rinli. Garchi, muallif sarlavhaga olib chiqqan savolga ochiq-oydin javob berolmagan bo'lsa-da, mahalliy nashrlarning hayotdagi o'rni va ahamiyatini teran anglaydi. Bu uning “Tuman va viloyat gazetalari respublika uchun malakali kadrlar tayyorlab beradigan go'yoki ustaxona bo'lgan”, degan iqroridan ham ko'rinib turibdi. U bunday haqqoniy va hayotiy haqiqatlar haqidagi fikrlarini mana bunday izohlaydi: “Tuman gazetasida hammamizning tamog'imiz (tanglayimiz — bo'lishi kerak. M.B) ko'tarilgan, desak xato bo'lmas. Boz ustiga, mustaqillik tufayli hududiy matbuotning yumushi yana ham ko'paydi. Axir o'sha joydagi tarixiy maskanlar, qadriyatlar, taniqli kishilar haqida o'sha joyning odamlari ko'proq biladi va “qotirib “yoza oladi. Bu mavzudagi chiqishlar yurtimizning endi yozilajak to'la tarixiga chizgilar bo'lib qo'shilishi bor gap”.
O'tgan yilning 5 noyabr sanasida 5 yilligini nishonlagan va Prezidentimiz tashabbusi bilan “Nurafshon” deya atalgan go'zal shahrimizning qadim o'tmishi va bunyodkorlikda kechgan 5 yillik solnomasini, uning taniqli, mardona o'g'lonlari, qadriyatlari-yu, tabarruk qadamjolari tarixlaridan iborat ulkan kitob gazetamiz bazasida yaratilganligi ham bu fikrlarni tasdiqlaydi. Bu kabi xayrli ishlar Ohangaronda, Farg'ona viloyatining Oltiariq tumani “Davr ovozi” gazetisi bazasida va yana ko'plab tuman va shahar nashrlari negizida amalga oshirilganligidan ham xabardormiz.
Shuningdek, taniqli ijodkorning gazeta va jurnallar kirib borgan joyga ma'rifat – ziyo kirib borishi haqidagi, jurnalist mehnatini qadrlash, jurnalistikaning umuminsoniy mezonlari borasidagi fikr-mulohazalari juda ham o'rinli ekanligini e'tirof etishni istardim.
Ma'murjon BOZORALIYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,
“Mash'al” gazetasi xodimi