“Sity”dan “Dream Park”gacha…

yoki o'zi xon, ko'lankasi maydon tilbuzarlarga chora bormi?

“Hurriyat”ning shu yil 20 sentyabrdagi 36-sonida O'zMU jurnalistika fakulteti o'qituvchisi Nuriddin Ochilovning “Qonun “hushtagini” kim chaladi?” sarlavhali maqolasini o'qib, kaminaning ham ko'nglidan bir qator o'ylar, kechinmalar o'tdi.

Chindan ham, til masalasi doim gapiriladigan, muhokama qilinadigan mavzulardan biridir. Zero, millat ma'naviyati, ona tili haqida gap ketganda e'tiborsiz o'tirishning o'zi xato. Inson o'z Vatani, ota-onasini tanlay olmaganidek, ona tilini ham tanlab yoki o'zgartirib ololmaydi. Insonda Vatan, ota va ona, tili bitta bo'ladi.

Avar elining taniqli shoiri Rasul Hamzatov shunday yozadi: “Parijda dog'istonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin xorijga ketgan, o'sha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan…

Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga to'plangan qarindoshlari o'z Vatanini tashlab ketib, uni o'zga yerlarga almashgan o'g'il haqidagi hikoyani g'amgin tinglashdi. Ular adashgan o'g'ilni kechirganday bo'lishdi, tirik ekanidan suyunishdi.

Shunda birdan onasi so'rab qoldi:

— Sizlar avarcha so'zlashdinglarmi?

— Yo'q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar o'z o'g'lining o'lganini eshitganda shunday qilishadi…

Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:

— Rasul, sen yang­lishibsan, mening o'g'lim allaqachon o'lgan ekan. Agar mening o'g'lim hayot bo'lganida, avar onasi o'rgatgan tilni unutmagan bo'lardi…”

Ha, ona o'g'lidan voz kechgan edi. Ona tilini unutish, tinglagan ona allasidan uzoqlashish, tetapoya davrida “Ota”, “Ona” deb chiqqan zabonida gaplasha olmaslik manqurtlikdir. Rasul Hamzatov “Ona tilim” she'rida tushida vafot etgani, biroq avar tilida so'zlashib ketayotgan ikki kishining suhbatini eshitib, tirilib ketganini shunday ifodalaydi:

Ajabo! Tush degan narsa qiziq-da,

O'lib qolganmishman tushda nogahon.

Ko'ksimda qo'rg'oshin, quyosh tig'ida,

Tog'lar orasida yotibman bejon…

 

Fig'on otiladi jonsiz bag'rimdan,

(Go'yo fig'on bordek murda dilida).

Shu payt ikki kishi o'tdi naridan,

Quvnoq suhbat qurib avar tilida.

 

Avar so'zin tinglab kirdi menga jon,

Ohista tirildim va shunda bildim:

Meni tuzatolmas hech dori-darmon,

Jonimga masihdir shu ona tilim.

Rosti ham shu, insoniyat asosi bo'lgan jamiyatning takomillashuvida tilning o'rni beqiyos ahamiyatga ega. Tilsiz jamiyat, jamiyatsiz til bo'lishi mumkin emas. Boshqa tillardan aslo kam bo'lmagan ona tilimiz millatimizning tuganmas qadriyati sifatida ham muqaddas sanaladi. Sobiq ittifoq davrida ona tilimizning muomala doirasi behad cheklangandi. Hatto O'zbekis­tonda rasmiy maqom berilmadi. Shunday bo'lsa-da, xalqimiz o'z qadriyatini mustamlaka paytida ham asray bildi.

Yurtimiz tuprog'ini qonga belagan “oqpodsho” zobitlaridan biri, general Skobelev shunday degan ekan: “Bu yurtni bosib olishimiz uchun, avvalo, uning tarixini, madaniyatini, tilini yo'q qilishimiz kerak. O'shanda o'zi tanazzulga uchraydi”.

O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Qorako'z Majnun” hikoyasida bo'lsa, onaning harbiy xizmatga ketgan farzandi bir ruhoniy (qishloq butxonasi qo'ng'iroqchisi)ning qiziga uylanadi. Shu qizni deb o'z dinidan va tilidan voz kechadi. Bir muddat o'tib, onasini ko'rgani kelganida, u ona tilini unutgan, hatto bitta jumlani ham to'g'ri ayta olmas, talaffuz qilishga qiynalar edi. Ona sho'rlik o'z jigarbandining bu ahvolini ko'rib ich-ichidan muzlab ketadi. O'g'li uchun tug'ilib o'sgan uyi, mahallasi, Vatani, tili, dini begona bo'lib qolgandi. O'g'il esa xuddi hech narsa bo'lmagandek beparvo, beg'am edi…

Buni yozuvchi hiqoyada qisqa, lo'nda qilib, shunday tasvirlaydi: “1970 yilning kech kuzida bir musulmon bolasi o'z dinidan chiqdi…”

E'tibor qilganmisiz, nimagadir oxirgi vaqtlarda yangi qurilgan madaniy-ko'ngilochar dam olish maskanlarini, bog'larni, sayilgohlarni xorijiy nomlar bilan atash urfga aylandi. Misol uchun, poytaxtimizdagi G'afur G'ulom nomidagi istirohat bog'i qayta ta'mirlangandan keyin zarhal harflar bilan G'afur G'ulom nomidagi “Dream Park” deb qo'yildi. Bog' nomini o'zgartirish bo'yicha hech kimdan so'ralmadi, maslahat ham qilinmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda qancha bahs-munozara, e'ti­rozlar bo'ldi. Avvaliga hammayoqni “City”ga aylantirdik. Keyin “Magic City” paydo bo'ldi, mana endi “Dream Park”…

To'g'ri, o'sha paytda bog' direktori o'rinbosari Zafar Mirzaulug'ov: “Bog' nomi o'zgarmaydi va G'afur G'ulom nomi saqlanib qoladi. Faqat yoniga “Dream Park” so'zi qo'shiladi, – degan edi. – Nom masalasida bizda juda ko'p variant bor edi. Masalan, G'afur G'ulom yoniga “Shum bola” so'zini ham qo'shmoqchi bo'ldik. Rahbariyat “Dream Park” nomini tanladi”.

Qiziq, bog'ning nomi aslicha qolsa nima bo'lardi? Ulug' shoir nomi yoniga ajnabiy so'zni tiqishtirishdan maqsad ne edi?

Eslatib o'tamiz, bir necha yil oldin Toshkenti azimning Mirzo Ulug'bek nomidagi madaniyat va istirohat bog'iga (sobiq Telman bog'i) “Central Park”, Milliy bog'ning bir qismida tashkil etilgan istirohat maskaniga esa “Magic City” degan nomlar berilgandi.

Birov bir narsa demaydi. Senat ham, Davlat tilini rivojlantirish departamenti ham sukutda. Lekin “O'zbek tili bayrami kuni”da xo'jako'rsin tadbirlarni qoyillatamiz. Tilimizni vaqtida himoya qilolmaganingizdan keyin minglab tadbirlaringizdan ne naf, janoblar?!

Jadid ma'rifatparvar bobolarimizdan Mahmudxo'ja Behbudiyning “Ikki emas, to'rt til lozim” maqolasi 1913 yilda “Oyina” jurnalining 1-sonida chop etilgan ekan. Ulug' bobomiz maqolada ko'p tilni bilish har bir turkistonlik uchun shartligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligini uqtirishga harakat qiladi. Behbudiy millat vakili o'z ona tilidan tashqari fors, arab, rus va hatto Yevropa tillaridan birini bilishi kerakligini ta'kidlaydi. Lekin shu bilan birga o'z ona tilimizni hamisha e'zozlashimiz zarurligini ham uqtirgan edi.

Dunyodagi barcha xalqlar o'zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu, xalqning milliy mus­taqilligi bilan bog'liq. Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki haftada bitta til yo'qolib bormoqda. Bu o'z navbatida o'sha tilda so'zlashuvchi xalqlarning yo'qolishini anglatadi. YuNESKO vakillarining so'zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so'zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo'lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo'lib, ularning 90 foizi yo'qolib ketish arafasida turibdi. Yuzga yaqin tillar orasida Davlat tili maqomini olgan Ona tilimizning ham borligi har birimizni g'ururlantiradi, albatta.

Lekin bu g'urur faqat balandparvoz nutqlarda, ko'ksimizga mukofot taqqan chog'larda qalbimizda jo'shmasligi, balki yuragimizga mangu jo bo'lishi kerak! Mamlakatimizdagi shaharlar markazlariga “I love” deb yozilgan jimjimador jumlani ko'rganda, avvalo, yuragimizda ona tilimizning qadri juda yuksak bo'lmog'i lozim ekanligini o'ylab qolaman. Nahotki, o'z tilini qo'yib, o'zga tilni targ'ib qilayotganlarning vij­doni qiynalmasa…

So'z mulkining sultoni Alisher Navoiy 1499 yilda yozgan “Muhokamat ul-lug'atayn” asarida turkiy va forsiy tillar haqida qiyosiy fikr yuritadi. Navoiy bir tilni ulug'lab, ikkinchisini kamsitishni emas, balki har ikki tilning o'ziga xos fazilatlari, afzalliklari borligini amalda isbotlab beradi. Fransuz olimi M.Bellin 1861 yilda yozgan “Mir Alisher Navoiy biog­rafiyasi va ijodi” kitobida Navoiyning ona tiliga juda katta e'tibor berganini buyuk vatanparvarlik deb ataydi: “Navoiy o'z milliy tilining afzalliklarini inkor etib bo'lmaydigan dalillar bilan isbotlab, o'z xalqi orasiga vatanparvarlik g'oyalarini chuqur singdira oldi”.

Navoiydan keyin turkiy tilni mumtoz adabiy tillar darajasiga ko'tarishni diliga jo aylagan Bobur Mirzo turkiy tilning boy ohang va tovushlarini to'liq ifoda etishga imkon beradigan yangi alifbo yaratish zarurligini anglab yetadi. 1504 yilda “Xatti Boburiy”ni yaratadi. Biroq, “Xatti Boburiy”­­ni davlat miqyosida joriy etishga Makkadan ruxsat kelmaydi. Boburning o'zi, o'g'illari va yaqin odamlari undan o'zaro yozishmalarda foydalanganlar.

Mustaqillik yillarida ham o'zbek tilining hayotimizdagi o'rni va ta'sirini kuchaytirish, uni tom ma'nodagi milliy qadriyatga aylantirish yo'lida qator ishlar amalga oshirildi. Bosh Qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilgan. Shu tariqa, o'zbek tili qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi esa tilimizning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirdi.

Kuni kecha Davlatimiz rahbari ikkinchi marotaba BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida (75-sessiyasida ham so'zlagan edilar) ona tilimizda chiqish qilgani ulkan tarixiy voqea bo'lgani o'laroq, har birimizda faxr-iftixor tuyg'usini uyg'otdi. Xalqimiz g'ururini yuksaltirdi, ko'nglimizni tog'dek ko'tardi. Zero, o'z zamonlarida Amir Temur, Navoiy, Bobur kabi ulug' vatandoshlarimiz so'zlagan, uning rivoji yo'lida qayg'urgan ona tilimiz jahonning eng nufuzli minbaridan jarang sochishi Vatanimizning boy o'tmishi, buguni va farovon kelajagini ifoda etuvchi muhim voqelikdir.

Shu bois, bu voqea butun xalqimiz, keng jamoatchiligimiz qalbida yuksak aks-sado berdi. Buni biz ijtimoiy tarmoqlarda bo'layotgan qizg'in muhokama va chiqishlardan ham ko'rib-bilib turibmiz. Jamoatchilik, ziyolilar bildirayotgan fikrlar va munosabatlar fikrimizga isbotdir.

O'z tili uchun qayg'urayotgan millat dunyo xalqlari safida o'z o'rnini, chinakam mus­taqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Zero, millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo'lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyunish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.

Islom ASILBEKOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 18 =