Ne deyishga ham hayronsan…

“Hurriyat”ning shu yil 20 sentyabrdagi №36-sonida “Qonun “Hushtagi”ni kim chaladi?” deb nomlangan maqolani o'qib, dilimdagi ko'p “dard”lar uyg'ondi. Chindan ham atoqli adib Abdulla Qahhor bundan oltmish yillar oldin aytgan gap bugun har qachongidan-da dolzarb bo'lib qoldi. Yo'l qoidasini buzgan haydovchiga mingta nazoratchi bor, radarlar har o'n qadamda. Ammo tilimizni buzgan bilan hech kimning ishi yo'q.

Har yili 21 oktyabr sanasi yaqinlashgani sayin “Ona tilim – faxrim”, “Til – millat ko'zgusi” va shu kabi bir-biridan chiroyli shiorlar bilan tadbirlar avj oladi. Lekin bulardan murod ne? Buni kuzatar ekansan, yig'lashni ham, kulishni ham, achinishni ham bilmaysan. Naqadar mohirona va shu bilan birga naqadar ayanchli tomoshalar…

Bularni nega yozyapman, bilasizmi? Ta'kidlab o'tganimdek, bugungi hayotni kuzatar ekanman, chidab bo'lmaydi.

Mamlakatning har bir go'shasida, har bir ko'chasini kezib ko'ring, qanchalab mantiqsiz, tuturuqsiz, saviyasizlarcha savodsizlik targ'ibotiga guvoh bo'lasiz. Turli kompaniya, xususiy tashkilot, ob'yekt nomidan tortib jimjimador shiorlarigacha… Birgina misol, Toshkent shahri – poytaxtdagi Farg'ona yo'li ko'chasining temir yo'l ustidan o'tgan ko'prikdan tushgach, Islom ota masjidi oraliq masofasi yo'lning o'ng tomonida yangi ko'p qavatli uylar qurilishiga ko'zingiz tushadi. Ushbu hududni to'sib turuvchi reklama bannerlarida qurilish tashkiloti, ya'ni pudratchi nomi katta-katta harflarda yozilgan: “BULDING STROY”!(?) Yana o'zbek ismi yonida “bulding”, “stroy” so'zlari “zeb” berib turibdi. Bu tashkilotni o'ylab topgan odam uning nomlanishi uchun tuzukroq o'zbekcha nom topolmabdimi? Shu qadar saviyasizlik bo'ladimi? Nima deyilmoqchi o'zi? Bundan tashqari, shaharda millat tiliga nisbatan shu kabi “xurmacha” qiliqlarni keragidan ortiq uchratishimiz mumkin. Kichik ko'rinishdagi turli xizmat ko'rsatish shoxobchalaridan tortib, mahobatli mehmonxonalargacha bo'lgan ob'yektlar nomining barchasi yo rus, yo ajnabiy tilda. Aksariyati esa yuqoridagi singari aralash millat tili bilan qaqqaytirib ko'rsatilgan. Jumladan, “Sity shari”, “Kanstovari”, “Golden hause”, “Etalaoun”, “Evalitoun”, “Magic sity”, “Food sity” “Silk-art” kabi ularning nomini keltiramiz desak, “Ie, o'zbek tili qaerda qoldi?”, “Bu yerda o'zbek tili qani?”, “bu xalqning o'z tili bo'lmaganmi?”, degan iddaomuz savollar tug'ilaveradi.

Bu borada kulgili va mantiqsiz bo'lgan yana bir holat: mamlakatimizdagi mobil aloqa kompaniyalari tomonidan abonentlarga kuniga bir qancha reklama va targ'ibot SMS-xabarnomalari jo'natiladi. Shu xabarnomalarning rus tilidagisi ham o'zbek-lotin alifbosida yuboriladi, bunisiga nima deysiz? Tili rus tilida, yozuv esa lotin alifbosida. Axir o'sha ruslarning o'z tili va alifbosi bor-ku. Rus so'zlari va atamalarini lotin ko'rinishida yozish. Bunday holga shahar ko'chalarida ayrim shior yoki tashkilot peshtaxtalarida ham guvohi bo'lamiz. Mening esa bu kabi savodsizligu tuturiqsiz “qiliq”lardan ko'nglim behuzur bo'la boshlaydi.

Achinarlisi, xususiy OAV va telekanallardagi teledas­turlaru ularning boshlovchilari ahvolini aytmasa ham bo'ladi. O'zbek va uning adabiy til me'yorlariga munosabat shumi?

Aziz millatdoshim, bular meni va ishonamanki, ko'p­lab yurtdoshlarimizni o'rtayotgan o'kinchlardan biri edi. Bu o'kinch necha davralaru ommaviy axborot vositalarida qayta va qayta aylanib kelmoqda. Ammo, qani, yuqorida biror saviyali, millatim, xalqim deydigan rahbar chiqsa-yu, “hushtak chalsa”?! Biroq… Afsus, ulardan “hushtak” tugul hatto sas chiqmaydi, aksincha, millatning ma'nan qashshoqlashishiga omil bo'lib, imkoniyat yaratishda jonbozlik ko'rsatishadi. Nima, “Davlat tili haqida”gi Qonun nomiga, xo'jako'rsinga qabul qilinganmi? Millat tilining kelajagi, taqdiri shu yo'sinda davom etib, badnom bo'lar ekan, siz esa “hushtak chalolmas” ekansiz, “kuyinib” til haqida gapirishga haqingiz bormi?

Bekmurod ABDURAIMOV,

jurnalist, san'atshunos.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 6 =