Gazeta o'qimaydigan hokim
Avvalo, shuni aytishim kerakki, “Hurriyat” yorug' dunyo yuzini ko'rgan 1996 yildan buyon bir qalamkash sifatida unda yoritilayotgan tishli-tirnoqli maqolalarni, ijod ahlining chiqishlarini muntazam kuzatib boraman. Ancha yillar muqaddam shu nufuzli nashrda baholi qudrat chiqishlar qilganman. Jamoatchilik fikrini uyg'otishda ozmi-ko'pmi hissa qo'shganimdan faxrlanaman.
Gazetaning shu yil 31 may 21-sonida bosilgan taniqli ijodkor Hakim Sattoriyning “Tuman gazetasi nega yopildi?” maqolasidan so'ng shunga aks-sado sifatida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Mash'al” gazetasi xodimi Ma'murjon Bozoraliyevning “Tuman gazetalari ham kerak!” sarlavhali da'vatkorona chiqishi, meni faxriy muxbir sifatida befarq qoldirmadi. O'z hayotiy tajribamga tayanib, bir-ikki jumla aytishga jazm etdim.
Mulohazalarimga shu sarlavhani qo'ydim-u, ko'z oldimdan hamkasblarim o'laroq, “gazetaga obuna bo'ling”, desa yetmish ikki tomiri tortishib ketadigan katta-kichik martabadagi amaldorlar o'ta boshladi. Obuna axir ixtiyoriy emasmi, nega majburlaydilar, degan siyqasi chiqib ketgan iddaodan quloqlarimiz batang bo'lgan bir vaziyatda… bulutlar orasidan quyosh mo'ralab zarrin nurlarini socha boshladi. Jurnalistlarning mehnatini qadrlash, ommaviy axborot vositalarini jonlantirish uchun zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga qaratilgan hayotbaxsh qarorlar chiqarildi. Jurnalistlarning kasbiy mahoratini davrga mos darajada oshirish masalalari kun tartibiga qo'yila boshlandi.
Kamina bir keksa matbuotchi sifatida turli vaj-karsonlarni aytib gazetaning obro'sini to'kayotgan, hozirdan bolalab ketgan turli-tuman aloqa vositalaridan foydalanishning afzalliklari haqida og'iz ko'pirtirib va'zxonlik qilayotganlar bilan sira kelisholmayman. Nazarimda shunday: menga ro'para kelgan amaldormi yoki oddiy obunachimi, ular kundalik shiddatli hayot oqimidan orqada qolgan deb hisoblayman. Bunday anoyilar hech vaqt zamona zayli bilan yashay olmaydilar. Bolalikdan kitob varaqlamagan, undan olinadigan bir olam zavqni o'zida tuya olmagan kishiga, gazeta o'qing deyish befoyda bir safsatadir.
Inkor etib bo'lmaydigan yana bir haqiqat bor. Matbuot o'z aravasini o'zi tortsin deb aksariyat nashrlar xo'jalik hisobiga o'tkazib qo'yildi. Qaysi gazetaning obunachisi ko'p bo'lsa, demak, xodimlar o'z vaqtida oylik maoshlarini olishyapti. Obunachisi yetarli bo'lmagan gazeta-jurnallarda hattoki malakali, iqtidorli jurnalistlar ham moddiyat tomonidan qiynalmoqdalar. Dastlab quyi ommaviy axborot vositalarida kuzatilgan moliyaviy taqchillik bora-bora yuqumli kasallikdek viloyat, hatto respublika nashrlarida ham kuzatila boshlandi.
Ahvol shunday davom etsa yuzlab, minglab jurnalistlarga ish topib berishdek og'riqli muammo yuzaga qalqib chiqmaydimi? Jurnalist kadrlar tayyorlayotgan oliy o'quv yurtlari-chi? Ularni bitirib chiqayotgan yuzlab yosh kadrlar qayoqqa boradi? Nima, hammalari sayt ochib olishadimi yo bloger bo'lishadimi?!
Axir, haqiqiy motbuot eng ishonchli manba, yana ming yil o'tsa ham, internet qancha rivoj topsa-da, baribir gazeta va jurnallar bo'lib qoladi-ku! Bunga butun dunyo tajribasi yaqqol misol, dalildir, bilsangiz.
Shu o'rinda bir voqea yodga tushib qoldi. Gazetamizning yangi muharriri: “Siz keksa jurnalist sifatida ustozimizsiz. Gazeta obunasida ozroq qo'l qoqishib yuborsangiz, hokimimiz sizning o'g'lingiz yoshida ekan. U obunani qo'l ostidagi tashkilotlar rahbarlariga tayinlasa, biroz yordam bo'larmidi”, — deb iltimos qildi. Yo'q demadim, hokim qabulida bo'ldim. Vaziyatni tushuntirdim. Rostdan ham kenja o'g'lim tengi rahbarning hamma narsaga o'ta loqayd qarashiga, yana o'ta dimog'dorligiga taajjubda qoldim. Nahotki tumandagi yuz mingdan ziyod xalqning buguni va ertasi, qolaversa, butun taqdiri shu tepsa-tebranmas, mas'uliyatsiz, ko'zi ochig'u basirdan farqi yo'q bir bolaga ishonib topshirib qo'yilgan bo'lsa?!
Nihoyat, hokim bola o'rindiqdan qo'zg'alib ham qo'ymay javobini naqd qildi:
— Men gazeta o'qimayman, menga qizig'i yo'q, kerakli ma'lumotni mana bundan olaman, — deya qo'lidagi sabzi taxtasiday kattalikdagi telefoniga ishora qildi.
— Siz mayli, tumandagi ko'p sonli ishchi-xizmatchilar-chi, ular gazeta o'qishlari kerak-ku? – dedim qaysarlik bilan
— Shartmas. Ular hali telefon sotib olishadi, – dedi hokim.
O'shanda hokim qabulidan jalada qolgan yo'lovchidek bir ahvolda chiqqanim hali-hanuz yomon tushdek yodimda saqlanib qolgan.
Bilasizmi, gazetaning “qattiq non”ini nari-beri qirq yil totib, hech qachon nolimabmiz, biror kun ham ko'nglimizni cho'ktirmabmiz. Boriga- yo'g'iga qanoat qilib yashadik. Do'ppidek tumanda chiqadigan gazetamizning obro'si baland edi. Butun respublikaga ma'lumu mashhur bo'lgan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Majid aka Samadov qariyb chorak asr bizlarga otalarcha talabchan va mehribon bo'lib gazetaga rahbarlik qildi. U paytlar gazeta haftada uch marta chiqardi. Har ikki sondan birida tishli-tirnoqli bir tanqidiy maqola yoki felyeton bosilar, gazeta tezda qo'lma- qo'l o'tib o'qilardi. Har bir tanqidiy maqola tumanda keskin muhokama qilinib, javobgarga jiddiy choralar ko'rilardi. Ba'zan ishdan olib tashlash holatlari ham kuzatilardi.Keyinchalik To'xtash Qosimov, Anvarxon Ahmedov, To'xtamurod Hasanboyev kabi o'z kasbining ustasi bo'lgan zabardast jurnalistlar rahbar bo'lganida ham gazetamiz o'z nufuzini mustahkam saqlab qodi.
Uzoq yillik tajribamga tayanib shuni ayta olamanki, oddiy tuman gazetasidan tortib, viloyat, tarmoq hamda respublika nashrlarining obro'sini ham, umrini ham, el-yurt oldidagi jiddiy va samarali foydali xizmatini ham oshiradigan manba — bu xolis va sog'lom tanqiddir. Tan olish kerak, bugungi kunda katta-kichik nashrlarda felyeton u yoqda tursin, durustroq tanqidiy maqolani kunduz kuni chiroq yoqib ham topa olmaysiz. Xuddiki hamma nashrlar kelishib olishgandek jiddiy, ayni paytda dolzarb bo'lgan yechimga muhtoj masalalar, xatoliklar qalamga olinmaydi. Hamma zamonda ham gazetxonga ur- qarsak, sur-qarsak qabilidagi faqat oldi-qochdi maqtovlarga to'lgan gazeta kerak bo'lmagan. Kichik tumanda muammolar, yechimga muxtoj dolzarb masalalar ochilmagan qo'riqdek qalashib yotganida ustma-ust maqtovga hojat bormi!?
Go'yoki hamma joy tanqiddan xoli jannat deysiz. Vaholanki, yuzlab, minglab jurnalist hamkasblarimiz faqat hamdu sanodan bo'shamay, o'zlarining o'sha “qattiq non”laridan bu ketishda benasib bo'lib qolmasalar edi, deb xavotirga tushasan kishi. Xolis va haqqoniy tanqid yozishdan bir zum bo'lsa-da, to'xtamagan qalam ahli shoyadki hali yo'q emas. Lekin ular jurnalistlarning katta safida juda ozchilikni tashkil etadi.
Hamkasblarimga yurak yutib shunday degim keladi:
“Azizlarim, kekirdakuzar maqtov va olqishlardan iborat maqolalar yozishdan bir muddat chekinib, jamiyat dardiga malham bo'ladigan, el yukini yengillashtiradigan, basir bo'lgan ko'zlarni ochadigan, qalb ichidagi kirlarni yuvadigan, g'arazdan xoli tanqidiy-tahliliy maqolalar yozishdan sira to'xtamang! Ana shunda qalamingiz charxlanadi, atrofingizda sizga xayrixoh, sizga maslakdosh, hamfikr, dardkash, toza qalbli insonlar ko'payadi. Muhimi, jamiyat illatlardan xalos bo'ladi. Yangi O'zbekistonning ertasi va kelajagi uchun bu juda muhimdir.
Sobirjon INOMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.