Ekologiya “posbon”lari nega jim?

Gazetamizning joriy yil 17 yanvar 3-sonida “Havo — hammamizning nasibamiz” deb nomlangan maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqolani mutolaa qilarkanman, kaminaning ham ko'ng­lidan ekologik ahvolimiz xususida bir qator fikrlar o'tdi.

Kamina poytaxtdan olisda tug'ilganman. Bolaligim qish­loqda, tengdoshlarim qatori to'p tepib, sigir, qo'y boqib o'tgan. Qishlog'imiz tog'li hudud bo'lgani boismi, hamisha havomiz musaffo edi. Ayniqsa, bahor faslida, yengilgina yomg'irdan so'ng shunaqangi go'zal ifor taralar ediki… Buni so'z bilan tushuntirib bo'lmaydi. Buning uchun siz qishlog'imizda tug'ilgan bo'lishingiz, yashashingiz, o'zingiz his qilishingiz kerak-da.

Xudoga shukurki, bugun ham ona qishlog'imda havo musaffo, toza. Har gal borganimda to'yib-to'yib nafas olaman. Beixtiyor Toshkentning havosi bilan taqqoslayman. Shunda yaxshiyamki, poytaxtimizdagidek qishlog'imizda osmono'par binolar qurilmayotganidan, qurilish deb har yili ming-minglab daraxtlar kesilmayotganidan, qisqacha aytganda “sivilizatsiya” hali bu yerlarga kirib kelmaganidan xursand bo'lib ketaman…

Ma'lumki, keyingi paytlarda Toshkentda havoning yuqori darajada ifloslanishi kuzatilayotgani sir emas. Shahrimiz havoning iflosligi bo'yicha IQAir reytingida Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o'ringa chiqdi. Biroz o'tib esa jahondagi eng notoza shaharlar orasida kuchli  uchlik, beshlikni band etib turibdi. Qani edi, bu ko'rsatkichlar boshqa narsada, aytaylik, sportda bo'lsa edi!

Futbolda ana shunday o'rinlarni band etsak edi!

Shubha yo'qki, keyingi yillarda poytaxtda misli ko'rilmagan darajada uy-joylar qurish katta biznesga aylanib ketdi. Buning oqibatida ming-minglab daraxtlar, hatto yoshi asrlardan ziyod chinorlar qo'porib tashlandi. Atrofga chang-to'zon ko'tarildi. Poytaxtni yashillik asta-sekin tark etayotganini sezmay ham qoldik. Bu — birinchidan.

Eng achinarlisi, qo'porilgan, kesilgan daraxtlarning o'rniga ekilgan ko'chatlar aksariyat hollarda  faqatgina hisobot uchungina amalga oshirildi. Yo'qsa, so'nggi 10 yilda “ekildi” deyilgan ko'chatlar bo'y ko'rsatganda edi, Toshkent Tayga o'rmoniga aylanib ketmasmidi?! Bu — ikkinchidan.

Poytaxtda faoliyat ko'rsatayotgan zavod va fabrikalar, ulardan chiqayotgan chiqindilar, oqova suvlar umuman olganda nazoratdan chetda qolmoqda. Ekologik xavf-xatarlarning oldini oladigan zamonaviy moslamalar ishga tushirilmadi. Har kuni harakatlanayotgan millionta texnikalarga quyilayotgan yoqilg'ining sifati bilan hech kimning ishi yo'q. Ulardan chiqayotgan zaharli gazlar shahar havosini tobora bulg'ab, zaharlashda davom etmoqda. Bu — uchinchidan.

Albatta, ahvolimizga maymunlar yig'lagudek holga keldik. Endi aybdorlarni axtarish, sabablarni qalashtirib tashlash bilan hech qanday natijaga erishib bo'lmasligi ham ayon. Faqat nima qilmoq kerak? Qanday yo'l tutmoq kerak? Ana shu haqda ko'proq bosh qotirilsa, o'rinli bo'lar edi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, atrof-muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida besh yarim million kishi vafot etadi. 2050 yilda bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi aytiladi. Shundan teng yarmi Hindiston va Xitoy hissasiga to'g'ri kelar ekan. Iflos havo oqibatida 2013 yilda Xitoyda 1 million 600 ming, Hindistonda bir yarim millionga yaqin, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 300 mingga yaqin kishi vafot etgani quruq gaplar emas.

Demak, ahvol o'ta jiddiy. Tezkor choralar ko'rilishi shart. Ertaga kech bo'lishi mumkin. To'g'ri, hozir ham kech qoldik. Lekin aniq mexanizmlar, chora-tadbirlar belgilanmasa, ekologik muammo o'z-o'zidan ijobiy tomonga o'zgarmaydi. Davlatimiz rahbarining “Qonun ustuvor, jazo muqarrar” degan tashabbuslarini atrof-muhitni muhofaza qilish, bu borada ishlab chiqilgan qonunlarga ham joriy etish lozim. Axir, yuzlab daraxtlarni hech qanday ruxsatsiz  kesib tashlashlar qachongacha davom etadi? Aybdorlar nomigagina jazolanadi. Arzimagan jarima to'lash bilan qutulib qolishmoqda. Shunday bo'lgach, qonunchiligimizda bunday xatti-harakatlar uchun jiddiy choralar belgilanishini hayotning o'zi taqozo etmoqda.

Taassuflar bo'lsinki, “otning kallasidek” oylik oladigan deputat va senatorlar jim. Lekin huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini video yoki rasmga olib, ularni obro'sizlantirish maqsadida internetga joylaganlik uchun 15 sutkagacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasini bir necha marta muhokama qilishda ular ancha faollar. Ana shu faollik ekologiyamizga oid bo'lganda edi…

Adashmasak, bizda davlat byudjetidan maosh olib, ne-ne imtiyozlardan foydalanadigan O'zbekiston Ekologik partiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi degan tashkilotlar ham bor. Ammo ularning faolligi yo'q hisobi, ovozlari ham “bitib” qolgan. Shamollagan bo'lishsa kerak.

To'g'ri, oxirgi paytlarda sal-pal harakatga tushishgan, ayrim takliflarni ham ilgari surishmoqda. Ulardan biri aholiga arzon narxda sotilayotgan 80 markali avtobenzinning sotilishini taqiqlash ekan. Bu ehtimol to'g'ridir. Ammo nega bu janoblar AYoQShlarda 80 markali benzinni hatto 95 markali deb sotayotgan ucharlar haqida miq etishmaydi? Qolaversa, aholini nisbatan arzonroq avtoyoqilg'i bilan ta'minlash borasidagi katta ehtiyojni unda qanday qondirish lozimligi haqida biror fikr bildirishmayapti? Agar “80” sotilmaydigan bo'lsa, uning narxida “92”ni sotish yo'lga qo'­yiladimi? Buning qanday imkoni bor?

Xullas, ekologik ahvolimizni o'nglash uchun qanchadan-qancha omillar, imkoniyatlar mavjud. Ularni bu qadar yengil-elpi taklif va mulohazalar bilan o'nglab bo'lmaydi.

Xo'sh, nima qilmoq kerak?

Har kallada — har hayol deganlaridek,  qaysidir aqlli poytaxtga kirib chiqayotgan mashinalarni cheklash kerak, viloyatlar kesimida “navbatli pasport” tashkil qilish kerak desa, boshqasi “80” markali avtobenzinni taqiqlash kerak deydi…

Bizningcha, ahvolimizni tajribali  mutaxassislar yordamida chuqur o'rganish zarur. Undan keyin poytaxt­­da xususiy tadbirkorlar uchun ko'p qavatli uylarni qurishni kelgusi 10 yil davomida butunlay taqiqlash zarur. Ular biznes qiladigan bo'lsa, uy-joy qurishdan boshqa biznes qolmaganmi yo?!

Yana poytaxtda birorta daraxtning kesilishiga yo'q qo'ymaslik shart! Bitta daraxtni tegishli ruxsatnomasiz kesayotgan bolta tutgan kimsa esa, juda qattiq jazoga tortilishi lozim. Shu o'rinda daraxt kesishga ruxsat bergan holatlarni esa vakolatli idoralar, albatta, tekshirishi lozim.

Eng muhimi, ekilayotgan dov-daraxtlar statistika uchun emas, ularning ertaga tutib ketishini ta'minlash chora-tadbirlari belgilanishi kerak. Yo'qsa, bugun ekilib, ikki oydan keyin qurib qoladigan ko'chatlardan bizga ne foyda? Aksincha, bu davlat byudjetiga ham katta ziyon keltiradi, xolos. Davlat byudjeti degani esa siz bilan bizning cho'ntagimiz deganidir.

Aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik tafakkurini o'stirish ham juda muhim masala, albatta. Netongki, bugun ko'chalarimizga kuppa-kunduz kuni chiqindilarni tashlab ketish, shahar ichidagi ariq va kanallarga axlat to'kish holatlari davom etmoqda.

Demak, biz o'z-o'zimizni zaharlashda davom etmoqdamiz. Bejizga Termiz, Toshkent va Jizzax havosi eng ifloslangan shaharlar ro'yxatida turmayapti. Joriy yilning 22 yanvar holatiga ko'ra havo sifati tahlillarini O'zgidromet taqdim qilgan. Unga ko'ra, yuqoridagi shaharlarda RM2,5 zarrachalari va azot dioksidi me'yordan oshib borayotgani kuzatilgan.

JSST tavsiyalariga ko'ra havoning ifloslanishi salomatlik uchun xavfli bo'lib, insult, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish tizimi xastaliklari, o'pka saratonini keltirib chiqaradigan xastaliklar va turli allergik kasalliklarni ko'paytiradi.

Ha, yurtimizda ana shunday xastalikka chalinayotganlar kun-kunora ko'payib borayotgani sir emas-ku!

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov shunday deydi:

“Yangi tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, havoning me'yordan ortiq ifloslanishi hatto saraton kasalligini ham keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur muammo sabab insonlarda astma va allergik kasalliklar ko'payadi. Ko'chada yursangiz havo ifloslanishining shahar aholisiga ta'sir qilayotganini real sezasiz. Chunki har 10 kishining 2-3 tasida yo'talish holatlari uchraydi. Bu havoning ifloslanish darajasi me'yordan ortganidan ham dalolat beradi”, — deydi tadqiqotchi.

Shuningdek, mutaxassis, muammoni bartaraf etish bo'yicha bir qator tavsiyalarni o'rtaga tashlamoqda:

“Avval havoni nima ifloslantiryapti, chang qaerdan ko'tarilyapti aniqlash kerak. Agar tabiiy omillar ta'siri kuchli bo'lsa, cho'l hududlarida yashil fitomassalar hosil qilish lozim. Elektromobilga sekin o'til­yapti, bu juda ham kerak. Havo ifloslanishining oldini olish uchun ko'plab ilmiy ishlar qilingan. Ularni amaliyotga joriy etish muhim. Zavod-fabrikalar mo'rilariga filtrlovchi moslamalarni o'rnatish va ularni doimiy texnik ko'rikdan o'tkazish zarur. Havoni asosiy xavfli ifloslantiruvchi moddalar zavod-fab­rikalardan chiqadi”.

Darhaqiqat, JSSTning Onkologik kasalliklarni o'rganish xalqaro agentligi (IARC) 2013 yil e'lon qilgan hisobotda esa havoning ifloslanishi saraton kasalligining asosiy sababchisi ekani ta'kidlanadi. Demak, butun dunyo iqlim o'zgarishlari oqibatlari bilan allaqachon to'qnash kelib turibdi. Jahonning ko'plab mamlakatida havoning ifloslanishi bilan bog'liq og'ir vaziyat hukm surayotgan bir davrda AKTdan foydalanish, iqlim o'zgarishlariga moslashishga va uning oqibatlarini yumshatishga yordam berishi mumkin.

Nisbatan arzon masofaviy zondlashtirish texnologiyalari, sun'iy yo'ldoshlar va hatto mobil telefonlar issiqxonalar gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirishda ekologlarga atrof-muhit holatini monitoring qilish va ularni boshqarishga yordam beradi. Shu bois atrof-muhitni elektron muhofaza qilish g'oyasi juda katta ahamiyatga egadir.

Xalqaro elektraloqa ittifoqi boshqarishning elektron usullari, ekologik barqarorlikni ta'minlashda AKTdan foydalanish nuqtai nazaridan mamlakatlar tayyorlik darajasini baholash uchun turli ko'rsatkichlarni birlashtirish masalalari bo'yicha BMT tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar natijasida Atrof-muhitni elektron himoya qilish uchun tayyorlik indeksi (EERI)ni ishlab chiqqan.

EERI doirasidagi ko'rsatkichlar tarkibiy indeks sifatida AKT infratuzilmasi, inson salohiyati, dasturiy ta'minot, tabiatni elektron muhofaza qilish dasturlari, shuningdek, milliy siyosat va tashabbuslar, bioxilma-xillikni rag'batlantirishga qaratilgan yo'nalishlar, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish va bu ko'rsatkichlarning uzoq muddatli istiqbollari kabi jihatlarni hisobga olish atrof-muhitni elektron himoya qilishga tayyor ekanligini ko'rsatadi.

EERIning dastlabki natijalari MDH mamlakatlari tayyorgarlikning turli darajalarida ekanligini ko'rsatmoqda, lekin ko'plab davlatlarda hukumat va aholining yuqori darajada xabardorligi haqidagi ma'lumotlar bu boradagi muhim qadamni anglatadi.

Atrof-muhitni elektron muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun eng muhimi yetarli infratuzilmaga, inson salohiyati va siyosiy muhit qo'llab-quvvatloviga ega bo'lish talab etiladi. MDH mamlakatlarining ko'pchiligida global xalqaro hamkorlikda muhim hisoblangan ekologik rejalashtirish faoliyati uchun hali inson va institutsional salohiyat kam. Shu bois masalan, Belarus turli xalqaro ekologik das­turlarda faol ishtirok etyapti. Ammo atrof-muhit masalalarini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi siyosatining asosiy yo'nalishlariga kiritish muammoli bo'lib qolayotir. Shuning uchun atrof-muhitni elektron muhofaza qilish g'oyalarida tabiatni himoya qilishda AKT yordam berishi mumkin bo'lgan sohalar tahlili bilan bir qatorda eng keng tarqalgan usullardan foydalanish juda muhimdir.

“Sayyoramizdagi havo barcha insonlarga tegishli ekanligini anglab yetadigan payt yetib keldi. Biz havoning tozaligi uchun mas'uliyatni his etishimiz kerak”, deydi Dana Lumis, JSST Onkologik kasalliklarni o'rganish xalqaro agentligi vakili.

Hozirgi sharoitda atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha muhim davlat dasturlarini bajarish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekotizimlarning ekologik barqarorligini ta'minlash va qulay yashash muhitini shakllantirish uchun AKT sohasidagi turli texnik vositalar va yo'nalishlar, jumladan, geoaxborot tizimlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Xullas, o'zimiz yashab turgan, farzandlarimiz kamol topayotgan shu kurrai zaminni muhofaza qilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish va mazkur sohadagi huquqni qo'llashni tartibga solishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, sohani yuqori malakali xodimlar hamda ilg'or texnologik uskunalar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratish bugungi kunning eng muhim, kechiktirib bo'lmas vazifalaridan biridir.

Baribir bir achchiq haqiqatni takror aytmasak bo'lmaydi. Yillar davomida tinimsiz daraxtlar kesilayotganiga, o'rniga faqat biznes uchun uylar qurib tashlanayotganiga, zavod va fabrikalarning zararli va zaharli moddalarni ekologik normalarga amal qilmasdan chiqarayotganiga, chiqindi suvlarning oqar suvlarga quyilayotganiga va boshqa tabiatni muhofaza qilish qonunlariga zid xatti-harakatlarga ekologiyaga mas'ullar aksar hollarda jim. Qonunchilikni nazorat qiladigan organlar ham jim. Har qalay, ular faoliyatida loqaydlik, harakatsizlik juda yuqori.

Bizningcha, hammasiga ana shu sababchi.

Ne ajabki, ekologiyaga mas'ul vazirligimiz yaqinda O'zbekistonda havo sifatining standartlariga erishish Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ruxsat bergan ko'rsatkichlarga erishish qiyinligini ma'lum qilib chiqdi. Bu nimani bildiradi? Buyog'ini o'zingiz tushunib olavering.

Vazirlik bayonotiga ko'ra, dunyoning hech bir mamlakatidagi ko'rsatkichlar JSST tavsiya etgan standartlarga muvofiq emas, ko'p davlatlar o'z milliy standartlarini qabul qilgan.

Demak, endi o'zimizning standart bo'yicha nafas olaveramiz. Qoyilmisiz?

Nima ham derdik, havomizning eng iflos ko'rsatkichini “yaxshilash”ga urinish, uni bartaraf etishga qo'yilgan qadamlar-da bu.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 11 =