Qadrdon ovoz

Halima Xudoyberdiyeva ismi sharifini aytganimizda ham, eshitganimizda ham qulog'imizda  ustozning gulduragan (men bu ovozni boshqacha ta'riflay olmayman) ovozi yangray boshlaydi:

 

Do'stim, sen meni olqishlashing kerak…

Har mushkul, tashvishingga

                                           hamkorligim uchun.

Sho'xligim, qo'shig'ingga  jo'rligim uchun,

Zaifligim, goho g'o'rligim,

Xullas, bu dunyoda borligim uchun

Olqishlashing kerak!

 

Naqadar qadrdon ovoz bu! Biz bolaligimizdan, ayniqsa, o'smirligimizdan maftun bo'lgan ovoz bu. Radio to'lqinlarida qulog'imizga chalinsa, televizor ekranlarida suvratiga ko'zimiz tushsa,  qo'limizdagi har qanday yumushni tashlab, butun vujudimiz quloqqa aylanardi:

 

Elkaga

Hali ko'p yuklarni yuklarmiz.

Ko'p xazon bog'larni tiklarmiz.

Ko'tara olmasmiz yukni goh,

Va yoki tuyg'umda qular tog'.

Shunda yana yangidan

Tafakkurda tog'lar yaratishimiz,

So'lgan bog'lar o'rnida yam-yashil

Daraxtlari shovullab turgan bog'lar

Yaratishimiz kerak!

O, mening qattiq jonim!

Ishonamanki,

Sen chidab berasan, bu talablarga jim!..

 

Avvallari eshitayotganimizni bor eni-bo'yi bilan anglamasak-da, so'zlarning jarangiga, shoiraning faqat o'ziga, ha, faqat o'ziga xos o'qish tarziga oshufta edik.

 

Ko'zlarimda yonadi oftob,

Ko'zlarimda saraton, iyul.

Bir sho'x nigoh tashlaganim tob,

O'zga dilda o'stiraman gul…

 

Ulg'ayganimiz sari Halima Xudoyberdiyeva she'rlarining mohiyatiga yaqinlasha boshladik. Bu she'rlar zamiridagi toza mehr, pokiza muhabbat tuyg'ulari bizni ohanrabodek o'ziga torta boshladi. Yod ola boshladik. Ayniqsa, talabaligimizda shoira bizning mehr cho'qqimizdagi ijodkorlardan biri edi. Paxta dalalarida, kechqurun  gulxan atroflarida she'rlarini jo'r bo'lib aytardik:

 

Begim, Sizni tabiat raso qilib yaratgan,

Kimlarnidir o'ychan-u Sizni kulib yaratgan.

Nogahon berib qo'yib bu aqlni, kamolni,

O'zi ham rashk,  hasadda to'lib-to'lib yaratgan…

 

To'g'risini aytish kerakki, yetmishinchi, saksoninchi yillarda Halima opaga taqlid qilmaydigan, uning ovoziga o'xshatib, ifoda usullariga o'xshatib she'r o'qishga harakat qilmaydigan havaskor shoiralar kam edi:

 

 

Alvon-alvon qo'shiqlardan ayt,

Omon-omon qo'shiqlardan ayt,

Ohang bo'lib qo'shiqqa bu kech

Qo'shilishib ketadigan payt.

 

Shaxsan o'zim rahmatli ustozimiz Oydin Hojiyevaning oldlariga mashqlarimni ko'tarib ilk bor kelganimda:

— Halimaxonni hammamiz yaxshi ko'ramiz. Lekin u bitta. Mashqlaringizda uning hamma biladigan, hamma sevadigan she'rlariga juda yaqin ohanglar bor. Iloji boricha taqliddan qoching, o'zingizni topishga harakat qiling, — deganlar. O'g'irlik ustida qo'lga tushgandek, uyalib, juda-juda uyalib ketganman. Shu-shu yozganlarimdan ustozning nafaslari kelmayaptimi, deb she'rlarim bitgach, qayta-qayta ovozimni chiqarib o'qirdim.

Ustoz shoira bilan ilk bor qachon, qaerda uchrashganim esimda yo'q. Lekin birga ishlagan yillarimizda (1983-1987) munosabatlarimiz oddiy xodim bilan rahbar orasidagi munosabat edi. “Saodat” jurnalida qizg'in ijodiy muhit hukm surardi. Xodimlarning ishdan tashqari mayda-chuyda gaplar bilan band bo'lganini eslay olmayman. Mavzularni o'zimizga tashlardilar:

— Mana bu kun, mana bu soatda yangi sonimizning rejasini qilamiz. Bugun odamlar nimani o'qishni xohlaydi? Biz ayollarga nimani o'qitishimiz kerak? Nimani o'qitsak, ular o'zlarini kuchli, har qanday mashaqqatlarni yengishga qodir his qiladi? Mavzularni osmondan olmanglar, yerda yuringlar, odamlar , ayollar orasiga kiringlar, dardini eshitinglar, — der edilar. Biz nuqul dolzarb mavzular axtarar edik, ba'zan hazillashib bir-birimizga “Problemaxon, problema topdingmi?” deb murojaat qilardik. Halima opam bilan o'sha yillarda qalban yaqin bo'lmaganimizning sababi bordek edi, nazarimda. O'sha paytlari opaning atrofi zich edi. Tabiatimda ufqda turgan dovruqli insonlarga intilish tuyg'usi yo'qligi uchun bu zich safni yorib kirgim kelmasdi. Lekin Halima opamdan shoira sifatida hayratlanishimda hech qanday o'zgarish bo'lmagan. Men hamishagiday, balki, avvalgidan ham kuchliroq bir rishtalar bilan shoira she'rlariga bog'lanib borardim. Chunki, Opa “cho'milib” yozadigan turk, Turon mavzusi menga ham juda yaqin edi. Men ham bir fuqaro, bir qalamkash sifatida millatimizni yer bag'irlatib borayotgan qullik, qaramlik zanjirlaridan nafratlanardim. Odamlarimiz orasidagi ziyosizlik orqasidan kelib chiqayotgan xatolar mening ham alamimni keltirar edi. Men ham millatimiz kelajagini Vatan ozodligida ko'rardim. Shuning uchun ham qachonlardir ustoz shoira bilan yo'llarimiz, ko'ngillarimiz tutashishiga ishonardim. Ammo, bu tutashish shoiraning taqdirida qiyin kunlar boshlangan paytga to'g'ri keldi. Men bunday bo'lishini sira ham istamagandim, albatta. 1994 yil, yetti yildan buyon farzand tarbiyasi bilan uyda o'tirardim. 1987 yilda  tug'ilgan qizim Orzu bir yarim yosh bo'lganida ishga chiqqim kelmagan, to'g'rirog'i, yoshim katta bo'lib topgan arzandamni hali bog'chaga borishni eplay olmaydi, deb qo'rqqanman. Halima opamga:

— Yana yarim yil o'z hisobimdan ta'til bering, — desam:

— Qutlibeka, adabiyot bo'limining ishi oqsab qoldi. O'zingiz ishga chiqmasangiz, o'rningizga vaqtinchaman, deb omonat ishlaydigan odamni emas, ishiga mahkam yopishadigan xodim olmoqchiman, — dedi. Ariza yozib chiqib ketdim. Opa ertasiga qo'ng'iroq qilib:

— Yig'lab chiqib ketibsiz, mendan xafa bo'ldingizmi, biz yaxshi ishlaganmiz. Qachon qaytib kelaman, desangiz, men sizga ish topib beraman, — dedilar.

— Yo'q, sizdan xafa emasman. Odam ish joyiga bog'lanib qoladi, shundan ketayotib ko'nglim buzildi, — dedim. Ammo, uyda o'tirgan yillarimda juda yaxshi ijod qildim. “Saodat”da ham bir necha  maqolalarim chop etildi. Opaga, ayniqsa, Marina Svetayeva haqidagi “Buncha oz yozasiz, yomon yozasiz!” deb nomlangan maqolam juda  yoqqan. Ko'p joylarda yaxshi ma'noda gapirib yurganlar. Hatto Do'rmonda bo'lgan bir adabiy anjumanda nima haqdadir fikr so'rashganda:

— Men bir uyda o'tirgan odam bo'lsam, — deya gap bosh­lasam, Halima opam:

— Hamma shoir uyda o'tirsa, Sizga o'xshab o'tirsin, — degan edilar.

1994 yil voqealariga kelgandim. Halima opamning o'rinlariga yana bir katta shoiramiz Oydin opa keldilar. Ular bilan ham birga ishlagan davrlarimizdan qadrdon edik. “Boshlagan ishingiz o'zingizga-da, elu yurtga-da xayrli bo'lsin”, degani bordim.

— Ishga qaytmaysizmi? — dedilar.

O'sha kuni ertalab onamdan xat olgandim. “Falon gazetada maqolam chiqdi”, deb yozibsan. Ikki jumlaning boshini qovushtirgan odam maqola yoza oladi. “Saodat”ning konvertlarida xatlar kelsa, rosa faxrlanardim. Endi odamlarga “Qizim Toshkentga maqola yozgani ketgan ekan, deymanmi?” degan alamli gap­lar bor edi. Shu sabab bo'lib Oydin opamga: “Ishlayman”, — deb yubordim-u, lekin o'zim uch kecha uxlay olmadim. Ko'zimni yumsam, Halima opamning ginali chehrasi ko'z oldimda turaverardi. Holbuki, aytganimday, u qadar yaqin emasdik.

Axiyri, o'zim bilan o'zim olishaverib charchadim-da, Halima opamlarning uylariga bordim. Uylarida hech kim yo'q ekan. Bir parcha qog'ozga: “Halima opa, uch kundan buyon “Saodat”da ishlayapman, lekin xuddi tikanning ustida o'tirgandekman. Agar ko'nglingizda “Qutlibeka menga xiyonat qildi”, degan zarracha gina bo'lsa, men ketaman”, deb yozib eshik tutqichiga qistirib keldim. Shu kuniyoq kechqurun qo'ng'iroq qildilar.

— Oydin opa meni kursimdan itarib, o'rnimga o'tirgani yo'q. Bu – vaziyat taqozosi. Biz ikkovimiz ham Sizga opa o'rnidamiz, ko'nglingizni bo'lmay ishlayvering, – dedilar.

“Ishlasang ishlab, ketsang, ketavermaysanmi, menga nima?” — deyishlari mumkin edi. Ammo, Opa butun vujudining kuchini yuragiga to'plab, hayot murakkab­liklarini, dardni yengishga urinardilar. Men shunday kunlarda Halima opam bilan yaqinlashdim. Kunda-kun­ora uylariga borardim. Ichkariga kirmay, Opani tashqariga chaqirardim. Uy atrofi qo'riqlanar, men esa atayin Opani tashqarida olib yurardim. Go'yo bu bilan “Biz uchun hech narsa o'zgarmadi, ustoz bizga kechagiday qadrli”, demoqchi bo'lardim go'yo. Yarim, bir soatlar  shu atrofni aylanib suhbatlashib yurardik. Men hozirdan mutlaqo gap ochmasdim, adabiyot haqida suhbatlashardik, kitoblar haqida, kim nima yozyapti…

Men bu gaplarni maqtanish uchun aytayotganim yo'q. Halima opa bilan do'stligimiz (U kishi menga keyinchalik ham goh “Qizaloq”, goh “Do'stim”, deb murojaat qilardilar) pokiza bir tuyg'ular ustiga qurilganligini aytmoqchiman, xolos. Shu-shu oramiz yaqin bo'lib qoldi. Tug'ilgan kunlari, farzandlarining to'ylarida hamisha borganman. Ikromjon, Chori, Qo'chqor, Salimjon, Eshqobil kabi yigitlar, Zebo, Guljamol kabi qizlar doim yonlarida edi. Dilbar opa (Mahmudova), Baxshanda opa, Mahbubaxon, Mukambarxon ismli o'rtoqlari, Rahimaxon, Gulnoraxon singillari bilan atroflaridan kelayotgan shamollarning ayozi qalbiga bir qadar o'tmay turardi. “Guliston”ga ishga kelganlarida juda suyunganman. Dilbar opaga:

— Domlaga (Tilab Mahmudov) aytib qo'ying, men Halima opamni yana shu binoga olib kelganlari uchun u kishidan minnatdorman, — deganman, “Sanam” ham shu binoda edi-yu, men  sariq matbuotga shoirani munosib ko'rmasdim. Ba'zan nimalardandir siqilib ketardim-da, uchinchi qavatga yugurib chiqardim. Ishlab o'tirgan joylarida orqalariga o'tib, bo'yinlaridan quchib olardim-da, bir narsalarni javray boshlasam, Halima opam:

— Qo'ying shu mayda gaplarni, she'rdan oling, — derdilar. O'zimga yoqib ketgan she'rimni baland ovoz bilan o'qib berardim. Maqtovlariga qo'shilib o'zim ham:

— Zo'r-a, yaxshi yozibman-a, — deb suyunardim. Keyin Halima opam o'qirdi. Men:

— Avval sizdan bo'lsin, — desam:

— Yo'q, o'zlaridan. Qani, o'qisinlar, — deb manzirat qilardilar. Ular o'qigach:

— Hozirgina men g'urur cho'qqisida turgandim, Siz o'qidingiz-u, yana yumalab ketdim, — derdim. Menimcha, opaga shu samimiy lutfim yoqardi. Shu tariqa gapirisha-gapirisha ko'p yillarni birga bosib o'tdik. Yetmish yoshlarida “El-yurt hurmati” ordeni berganlarida rosa suyundim. Minbardan turib:

— Halima opamning ko'zidagi quvonch uchun muhtaram Prezidentimizga boshimiz yerga tekkunicha ta'zim qilamiz, — deganman. Halima opam ufqda paytlari edi (aslida, bu gapni shartli ravishda ishlatyapman. Opa har doim biz — muxlislarining ko'ngil osmonida yashaganlar), uyda o'tirardim. Hujjatlarimni olishgan. Men nimaga olishganlarini ham bilmaganman. Keyinchalik devondan telefon qilib nimalarnidir so'raganlarida, birorta “Faxriy yorliq” berishsa kerak, deb o'ylaganman. Ammo, menga mustaqillik bayrami arafasida “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvonini berishgan. Sal o'tib devonda ishlaydigan qo'shnilarimizdan biri:

— Halima opa Siz uchun juda qattiq turdilar, – degan.

Men shunda ham Opaning oldiga bir dasta gul ko'tarib bormaganman. Faqat qo'ng'iroq qilib:

— Meni deb chekkan jafolaringizni eshitdim, rahmat, – deganman.

Ammo, keyinchalik ko'p gullar taqdim qildim, mukofot uchun emas, yaxshi shoirligi, yaxshi she'rlari uchun, keng qalbi, filday bardoshi uchun. Lekin, Yaratgan egamning  shoira uchun hozirlagan sinovlari yana bor ekan. Umidjon ketdi, ko'p o'tmay Mirzo Anvar… Umidjon o'tganda borganimizda yer bag'irlab qolgan ekanlar:

— Singlim, ota-ona, jigarlarning kuyugi bir taraf ekan-u, bolaniki suyaginggacha qaqshatib ketarkan, – dedilar siniq, juda siniq tovushda…

Prezidentimiz yana ruhiyatlarini ko'tarishning yo'lini qildilar, opa uchun maxsus “Dugonalar” jurnalini tashkil qilib berdilar. Chiroyli qilib taqdimotlarini o'tkazdik.

…2018 yilning 17 avgusti… Navoiydan kelayotgan edik. Mashinaga chiqishimdan avval  qizim:

— Oyi, mana buni tilingizning ostiga tashlab oling, — deb validol berdi. Xo'jayinimning mazasi yo'q edi, bo'shashib ketdim.

— Dadang… —  dedim.

— Yo'q, Halima opangiz… dunyodan o'tibdilar…

Etti soatlik yo'l davomida suvratlari shunday ko'z o'ngimda turdi. Ovozlar qulog'imda:

 

Turon uxlar, o'g'il-qizdan so'rayman,

Bobo Temur bosgan izdan so'rayman,

Tishimdan qon sizib Sizdan so'rayman:

—Turonni turg'izar ul topilarmi?

 

“Shoir yuz yil yashashi shart emas. Shu yoshda ham aytadiganini aytib ketdi. Har bir satri, o'zlari aytmoqchi, yarog' ko'tarib turgan turkiy lashkarlarga o'xshaydi”. Taskinimga, rost taskinimga yurak ko'nmaydi. “Yashasa bo'lardi, arslonday kelbatlari bor edi, ichlaridan nurab ketdilar-da”…

 

Qalbga eking:

Qadim turk chinorlari ko'karsin!

Qon-qardoshning chin do'stu

                           chin yorlari tiklansin,

Har yurakda bir

           Turon minorlari tiklansin,

Ulug' mamlakatni ko'taring!

 

“Yo'q, bunday da'vatlarni aytgan shoirga nisbatan “nuradi” degan so'zni aytib bo'larmikan… Bo'lmaydi”. Baribir yurak bu taskinga ham ko'nmaydi “K-e-t-d-i”, deya izillaydi ichimdagi bir og'riq tipratikandek g'ujanak bo'lib olib.

Elim, seni mute ko'rsam,

Ko'zdan qolay, ko'zim kuysin.

Dema, unda ne deyursan,

So'zdan qolay, so'zim kuysin…

 

Bayroqday ko'tarilib turgan mana shunday she'rlarini eslay-eslay, yana o'zim bilan o'zim olishib, yig'lab-yig'lab, bir ahvolda Opaning qadrdon uyiga kirib kelganimdan buyon, mana, ancha vaqt o'tibdi. Halima Xudoyberdiyeva  nomidagi ijod maktabi faoliyat olib boryapti, maktab oldida shoiraning haykali, ichida uy-muzeyi, opaning qo'lyozmalari, tanish yozuvlar… liboslari… Har yili tavallud kunlarida xotirlaymiz… Kitoblari hanuz qo'lma-qo'l… Qaysi soat, qaysi lahzada mardona, jasoratli so'z kerak bo'lsa, Ustoz she'rlari “Labbay!” deb yetib keladi. Go'yo opaning ruhini shod etayotgandaymiz… “Oramizda yashayapti”, degan gaplarni aytamiz. Baribir yuragimning tubida o'sha og'riq, armon… Yashasa bo'lardi…

Qutlibeka RAHIMBOYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 2 =