Chin do'stlik haqidagi satrlar

O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Sohibjonni sog'inib” she'rini o'qib…

Ajal dedi:

— Ko'p kuyinma, bas,

Bitta do'st deb muncha dod

                                           solding?!

Faryod urdim:

— Sen bitta emas,

Bittagina do'stimni olding!..

 

Aslida barmoq bilan sanasa bo'ladigan olti qatorgina she'r. O'ylab qaralsa, juda ko'p qatorli she'r. Ammo juda katta yuki bor, zalvorli she'r. Haqiqiy she'r. Yurakka yetib boradigan she'r! Shoir emas, shoirning yuragi yozgan she'r! Chin she'r uchun biror narsani buyurib bo'lmaydi, deydilar. Yurak qurg'ur gapiradi, shoir tinglab satrlarga ko'chiradi bunday she'rni.

Iqboljonning bu mo''jazgina  she'rini bir butun katta mukammal asar desa bo'ladi. Faqat uni uqmoq va tushunmoq uchun shu asarning ichiga kirmoq kerak.

— Ha, bu she'r do'st va do'stlik haqida.

— Qanaqa, qanday do'stlik to'g'risida?

— Chin do'stlik haqidagi she'r.

— Son emas, sifatli do'st haqidagi she'r.

— Do'stingman, deb oldingda yaltoqlanganlar haqidagi she'r.

— Amalga minganingda yoningdan jilmay, ko'payib ketadiganlar haqidagi she'r.

— Ishing sal orqaga ketsa, topilmaslar, yo'qolib qoladiganlar haqidagi she'r.

— Ishing yurishsa, yana paydo bo'lib qoladigan kimsalar to'g'risidagi she'r.

— G'animlaring ko'paysa, ular safiga tezda qo'shiladiganlar to'g'risidagi she'r.

— Davralarda sen haqingda yomon gaplar, ig'volar tarqatilganda jim turib, yer chizadiganlar haqidagi she'r.

— Amal, manfaatlar bor joyda kecha do'stingman, deb turgan, bugun esa biqiningdan pichoq sanchishga ham tay­yor nusxalar haqidagi she'r.

— Do'st deb ishonib yurganing, og'ir kuningda ortingdan kuladiganlar to'g'risidagi she'r.

— Kim do'st, kim dushman ekanligini uzoq vaqt bilmay yurganlar fojiasi haqidagi she'r.

Bu asar bosh qahramoni Sohibjon haqiqiy do'st edi. Do'st bo'lgandayam, chin do'st edi. U buni qisqagina hayotida isbotlab ketdi.

Sohibjondagi samimiyat, uning o'ziga xos kulgilari… Odam bolasi ham shunchalar yaxshi bo'ladimi? U o'tirgan davrada turmushning mushtlari ham unutilardi.

Bu hayotning bevafoligidan hayron qolmay ilojing yo'q. Qancha yomonlar yuribdi odamlarni kuydirib, ne-ne insonlarning umrini egovlab…

Qani, Sohibjonday chin do'stlar ko'p, juda ko'p bo'lsa edi…

Ba'zan toza qalb, o'ta toza yurak bu hayotning g'uborlariga, iflosliklariga chiday olmadimikan, deb o'ylanib qolasan.

Olti qatorlik asarda men anglab yetmagan yana ancha katta va ko'p gaplar bordek.

“Iqbol Mirzoning she'riyati juda baland”, deb ko'p takrorlaydi bir noshir ukam. Baland she'riyatni olti qatorli she'r kabi qayta-qayta o'qimoq, uqmoq va anglamoq lozim. Buning uchun rahmatli Sohibjonning ko'ziday chaqnab turadigan ko'z, kulgi ila jaranglaydigan so'z kerak. Alam qiladigani, “endi topib bo'psan, akam” deb o'ziga yarashgan miyig'ida kulib turgan, “dod” deyishga arziydigan Sohibjon ko'z oldimdan o'taveradi…

Do'sti yo'q odamdan qo'rqmoq kerak. Uzoqroq yurish kerak undaylardan. Sohibjonday bittagina do'sti borlar aslo qo'rqmay yashashi mumkin. Iqbol ukamning hajman kichik, asli katta she'rida bir hayqiriqni tuydim. Bu haqiqiy shoir hayqirig'i, yurakdan chiqqan nidosi… Unga quloq solmoq qanchalar og'ir…

Anvar ABDUVALIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + seventeen =