Tirik xotiralar

10 aprel — Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun

 Ma'lumki, o'zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o'zbek romanchiligining ulug' darg'asi Abdulla Qodiriy 1894 yilning 10 aprelida Toshkent shahridagi “Katta bog'” mahallasi (hozirgi “Eshonguzar”)da tavallud topgan edi. Yozuvchining “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon”, “G'irvonlik Mallaboy”, “Xotinboz”, “Baxtsiz kuyov”, “Millatimga”, “Yovuz ruhlar iskanjasida” va boshqa ko'plab asarlari, yuzlab felyeton va hajviyalari adabiyotimizning bebaho mulkiga aylangani sir emas. Buyuk adib qatag'on qurboniga aylangan.

Jirkanch yolg'onlar va hasadgo'ylik oqibatida 1937 yilning 31 dekabrida u “xalq dushmani” sifatida hibsga olinadi. 1938 yilning 4 oktyabr kuni yozuvchi begunoh bo'lsa-da, otib tashlanadi. Qattol siyosat ulug' adibning barcha yaqinlariga-da tinchlik bermagan. Yozuvchining farzandi Habibullo Qodiriy ham tuhmatlar bilan 1945 yil 28 may kuni qamoqqa olinadi. U Stalin o'limidan keyin 1955 yilning fevralida Toshkentga qaytadi. Bu achchiq haqiqatlarni  xalqimiz bugun juda yaxshi biladi. Lekin Abdulla Qodiriy 1956 yil 9 oktyabrda rasman oqlangan bo'lsa-da, uning otib tashlanganligi haqidagi ma'lumot (o'limidan so'ng oqlanganligi haqidagi ma'lumot kabi) uzoq yillar sir saqlangan! Faqatgina yurtimizda mustaqillik e'lon qilingandan keyingina Abdulla Qodiriy siymosi to'liq namoyon bo'ldi, barcha achchiq haqiqatlar ochib tashlandi. Betakror va haqiqiy millatparvar bo'lgan yozuvchining asarlari har yili ming-minglab nusxalarda chop etilmoqda. Ulug' siymoning porloq xotirasi abadiylashtirilib, Vatanimizda  haykallari o'rnatildi, adib uy-muzeyi, ijod maktabi tashkil etildi.

Yaxshi bilamizki, Abdulla Qodiriyning o'g'li Habibullo Qodiriy ham shifokor hamda yozuvchi edi. Shu bois uni nafaqat ulug' adibning farzandi sifatida, balki “Otam haqida”, “Qodiriyning so'nggi kunlari” kabi asarlari orqali yurtdoshlarimiz cheksiz qadrlaydi.

Habibullo Qodiriyning “Kundalik xotiralar”i avval ham nashrdan chiqqan edi. Uning farzandi Sherkon Qodiriy zarur izoh va ilovalar bilan to'ldirib, ayrim tarixiy ma'lumotlarga aniqlik kiritib, dalillar bilan boyitgan holda ushbu manbaning ikkinchi nashrini tayyorladi. Kuni kecha ushbu kitob “Tirik xotiralar” nomi bilan “Iqro” nashriyotida chop etildi. Kitobdan qodiriyshunoslik uchun muhim bo'lgan “Tomosha” nomli hujjatli asar va tarixchi olim Abror Xidirovning tadqiqiy maqolasi ham o'rin olgan.

Buyuk adibning o'g'li Habibullo Qodiriy tomonidan yozib qoldirilgan ushbu “Tirik xotiralar” muqaddimasi shunday boshlanadi. U ayrim juz'iy qisqartirishlar bilan quyidagicha:

“Men qariyb o'n yildan buyon ishlab kelayotgan Toshkent shahar 10-son shahar kasalxonasida Koshifa Zokirovna Ahmedova degan davolovchi shifokor bor. O'zi menga tengdosh, tatar millatidan bo'lsa ham juda o'zbeklashib ketgan…

Koshifa opa menga uch-to'rt yildan beri: “Sizning qo'lingizda qalamingiz bor, kundalik daftar tuting, kundalik hayotimizni yozib boring, sizdan keyin bolalaringiz o'qib ulardan xabardor bo'ladilar va tegishli xulosa chiqaradilar”, deb kelar edi…

Koshifa opaning taklifiga boshida “Ha, xo'p, ana-mana yozishni boshladim (garchi boshlamagan bo'lsam-da)”, deb kelardim. Opa mening javobimdan quvonib: “Barakalla, Habibulla Abdullayevich, bu ishingizdan sira ziyon ko'rmaysiz…” — derdi.

Yozmagan kundaligim bilan opani quvontirib yurishim, bora-bora meni qo'rquvga sola boshladi. U bir kuni kundaligimni ko'rsatishimni iltimos qilib qolsa-ya, degan andisha ko'nglimdan tez-tez o'ta boshladi. Chor-nochor 1973 yil 20 oktyabrdan ushbu kundalikni yoza boshladim…”

Gazetamizda ushbu kitobning ayrim sahifalarini e'lon qilayotganimizdan baxtiyormiz. Ulug' adiblarimizning ruhi shod bo'lsin!

30 noyabr

Toshkentda Diniy idora huzurida “Sovet musulmonlari” jurnali chiqadi. Men bu jurnalga maqolalar yozib qatnashib turaman. Bugun boshqarmaga borib, muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon bilan tasodifan uchrashib qoldim. Qori aka menga otam bilan bo'lgan ikki uchrashuv va suhbat to'g'risida so'zlab berdi.

Uchrashuvning biri 1933–34 yillarda qori aka Yozuvchilar uyushmasining bog'i (Injiqobod)da bog'bonlik qilib yurgan chog'larida, ikkinchisi bog' qo'shnimiz Hidoy maxsum degan kishining uyida mehmondorchilikda bo'lgan ekan. Qori akaning bergan ma'lumotlari asosli va qiymatli. Men u kishiga shu uchrashuv va suhbat mazmunlarini yozib berishini iltimos qildim. U kishi va'da berdi.

1 dekabr

Erta bilan ayolim: “Bugun yakshanba, bo'shsiz. Uyni juda qog'oz-kitoblar bosib ketibdi. Shularni bir tartibga solib, keraksizlarini chiqarib tashlasangiz, uy ancha bo'shar edi”, dedi.

Uning gapi ma'qul tushdi. Uyga kirdim. Haqiqatan ham uyni qog'oz-kitob bosib ketgan edi. Ishni nimadan boshlashni bilmas edim. Chunki har bir qog'ozni ko'zdan kechirib chiqish kerak. Bunga esa vaqt va yurak kerak. Shu o'rinda otamning zamondoshi bo'lgan jurnalist Nodir Nazarov degan do'stimning gapi esimga tushib ketdi.

– Bir kun qarasam, uyim “kerak bo'ladi”, deb yig'ib qo'ygan papka-papka qog'ozlarga to'lib ketibdi. Ularni yaxshi, yomonga ajratib, uyni sal bo'shatib, tartibga solmoqchi bo'ldim. Bir papkani ochib, qog'ozlarni kerak-keraksizga ajrata boshladim. Har bir qog'ozni o'qiyverib, qariyb uch soat vaqtim ketibdi. “Ehhe, hali bu yoqda 20–30 papka bor. Hammasini bunday o'qib o'tirsam, bir yil vaqt va bir qop yurak kerak”, dedim. Ko'zimni chirt yumib, papkalarni ochmay, quchoqlab hovliga olib chiqdim-da, o'tga tashlab yoqaverdim. Ishni tugatib, necha yillik tashvishlardan qutulib, ancha yengil tortdim. Chunki papkalarda niyatlanib yozmoqchi bo'lgan hikoya, qissa, romanlarimga yiqqan materiallar bor edi, – deb hikoya qilgandi.

Biroq men Nodirxon akadek qilolmadim. Chunki mendagi materiallarning ko'pchiligi otam hayotini, ijodini, asarlarini to'liqroq aks ettirishda, tiklashda tarixiy ahamiyati bor hujjatlardir. O'z ijodimga tegishlisi juda oz. Qog'oz jildlarda asosan otamning 1914 yildan to 1937 yilgacha matbuot (gazeta va jurnallar)da chiqqan mayda asarlarining o'sha vaqtdagi podshivkalaridan ko'chirib olingan qo'lyozmalar va mashinkada ko'chirilgan nusxalari. Undan tashqari, o'zim yozgan asarlarimning asl nusxalari. Yana papkalarda turli-tuman hujjatlar. Mana ulardan biri: 1938-1939 yillarda ruscha yozilgan hujjat-ariza. Oyim bunda otamning nohaq qamalganligidan arz qilib Moskvaga SSSR Oliy prokuraturasiga yozadi va otamning ishi qaytadan tekshirilishini so'raydi… Oyim yana bir arizasida Toshkent shahar sovetiga ariza yozib, o'zining Toshkentda qoldirilishini, yana bir arizasida rayon militsiya tashkilotiga yozib, o'zini o'z uyiga qayta ro'yxatdan o'tkazishini boshliqdan so'ragani… Bu hujjatlar meni bundan qariyb qirq yil avval kechgan mash'um xotiralar daryosiga cho'mdirdi…

Xotiramda, o'sha yillar shaxsga sig'inishning eng avjiga chiqqan yillari edi. Stalin Kremlda o'tirib, tashqarida nima bo'layotganini ehtimol bilmas ham edi. Yejov, keyinroq Beriya degan shaxslar Ichki ishlar komissari bo'lib olib, xalq ustidan xohlaganicha hukmronlik qilar, xohlagan odamlarni qamar, xohlaganlarini afv etar edi. Markaziy Qo'mita ham (Stalindan boshqasi) bu ikki shaxsga botinib bir narsa deya olmasdi. O'zbekistondan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo'jayev va shuningdek, ko'pgina siyosiy arboblar, ziyolilar qamoqqa olingan. Sotqin, irodasiz shaxslar esa tuhmat yasab, sof vijdonli kishilarni qamatgandan-qamatib, o'z jonini saqlar edi. Bunday tuhmatchi sotqinlarga juda katta huquq va imtiyozlar ham berilgandi.

Otamning hamma yog'iga yara toshib ketgan, men ham bel og'rig'i bo'lib boloxonamizda gipsda yotardim. 1937 yil 31 dekabr kechki soat o'n birlarda ikkita hukumat kishisi mahallamizning raisi… bilan kelishib, uyimizni tintib, otamni qamoqqa olib ketishdi.

Keluvchilar bir chemodanga ba'zi xat-hujjat, gazeta-jurnallarni solib, ov miltig'imizni olib, otam bilan jo'nab ketdilar. Otam boshlariga do'ppi, ustilariga jigarrang gimnastyorka, shim, mahsi-kalish, qizg'ish paxtalik to'n kiyib, qo'llariga bir par yostiq bilan bitta adyol olibdilar. Otamni shu ketganicha boshqa ko'rmadik. Olib ketishga kelgan hukumat odamlarining birining millati tatar ekan. Uning familiyasi Trig'ulov edi, tergovchi ekan.

Otam olib ketilgach, oyim bir necha bor osh-taom olib borsa ham olmadilar. Biron-bir xat orqali aloqa ham qilmadilar. Otamga qo'yilgan ayb o'sha vaqtda rasm bo'lgan “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi”, “millatchi”, “chet el josusi” bo'ldi. Ammo bularning birontasi ham otamning sha'niga to'g'ri kelmaydigan, mutlaqo uydirma, bo'hton ayblar edi.

Albatta, oila boshlig'i ketgach, uy-ro'zg'or ishlarida birmuncha yetishmovchiliklarga duch kela boshladik. Opam – Nazifa turmushga chiqib ketgan. Men 18–19 yoshlarda, hali biron ishning boshini tutgan emasman, uning ustiga kasalman. Ukam, singillarim hali yosh. Oyim esa umrida ko'chaga chiqib ishlamagan, kasalmand bir ayol. Otamni olib ketishayotganida uning bizga tashlab ketish uchun besh-o'n so'm puli ham yo'q edi. Chunki u kasal bo'lib anchadan beri yozmas, ishlamas edi.

Bizning ishonganimiz faqat bog'dan keladigan daromad bo'lib qoldi. Buning ustiga, bizga hamma “xalq dushmanining uyi, oilasi, bolasi” deb barmoq bilan ko'rsatib qarashlarini aytmaysizmi? Uyimizga yor-do'stlar, hatto ba'zi qarindosh-urug'lar ham kelmay qo'yishdi. Bir qo'shnimiz qo'shnichilik qilib ochib qo'ygan tuynugini loy-kesak bilan urib, suvab oldi…

Yodimda, o'sha yillarda mahallamizdagi bir kishi (bu kishi hozir choyxonachilik qiladi) nimadandir gap chiqib, menga: “Endi, senlarning yostiqqa suyanib pul topadigan vaqtlaring o'tib ketdi”, degan edi. (Otamizning xotirlashlaricha, bobomiz gohida yostiqni bag'irlariga bosib, yotvolib ijod qilarkanlar – Sh.Q.)

Yonimizda Qodir xumdonchi (uni “Qodir o'lik” deb ham atashar edi)ning katta yeriga 1930 yillar boshida yozlik pioner lageri qurilgandi. Otam qamalgach, shu lager boshliqlari bizning bog'-uyimizni o'zlariga qo'shib olmoqchi bo'ldilar. 1938 yilning avji pishiqchilik, issiq oylarining birida lager direktori rayispolkomning qarorini ko'tarib kelib, bizning joyimiz davlat ixtiyoriga olinganligini, uch kun ichida bo'shatib, ko'chib chiqib ketishimizni, agar qarshilik qilsak, militsiya chaqirib ko'chirib yuborishini ma'lum qildi. Bu ish o'zimizning mahalliy tashkilotlardan chiqqan ig'vo-nayrang ekanligini bilar edik. Hatto ko'chirib yuborish uchun o'nlab militsiya boshlab kelishdi. Baribir biz chiqmadik.

Men Lidiya Yevgenyevna Sotserdotova degan qadrdon tarjimon rus tanishimizga borib, voqeani aytdim. U bir ariza yozib, meni respublika prokuraturasiga olib chiqdi. Uy-joylar bo'yicha shikoyat qabul qiluvchi bir keksa rus prokuror arizamni o'qib ko'rib: “Agar uy-joy o'zining xususiy mulki bo'lsa, qoldirilsin”, deb imzo chekib berdi. Shundan so'ng “da'vogar”lar bir narsa qilolmay, chuldirab, tinchib ketishdi.

1938 yoki 1939 yili edi, shekilli, yoz oylarida yana bir muammo chiqib qoldi. “Toshkentni ishonchsiz shaxslardan tozalash”, degan shior ostida aholini mahallalar bo'yicha qaytadan uy-daftariga o'tkazdilar. Militsiya tashkilotidan qo'yilgan maxsus kishi har bir kimsani o'z xonasiga chaqirib tergov qilar, agar u shaxs sudlangan, qamalgan yoki biron ishonchsiz kimsa bo'lsa, o'z uy-daftariga qayd qilinmay, Toshkentdan ellik kilometr nariga chiqarib yuborilar edi. Tabiiy, biz ham “dushman” oilasi bo'lganimiz uchun butun oila uyimizga qayta ro'yxatdan o'ta olmadik. Arman millatidagi militsiya vakili men bilan onamga: “Toshkentda yashashga haqlaringiz yo'q”, dedi. Shundan so'ng men oyim nomidan bizga shaharda yashashga ruxsat berishlarini so'rab ariza yozib, Toshkent shahar sovetining raisi Husainovning huzuriga chiqdik. Husainov bizning Norbuvish xola degan bog' qo'shnimizning yaqin qarindoshi edi. U yoshligida yoz kunlarida Norbuvish xolanikiga kelganida uyimizga chiqib o'ynab yurardi. Bizni yaxshi tanirdi. Biroq uning qabuliga kirsak, “shayton”lab, bizni tanimay qoldi… Ona-bola murodimizga yetolmay qaytdik.

Shundan so'ng bu masalada ariza yozib, Stalin rayon militsiya boshlig'ining oldiga kirdik. U semiz, ko'zoynakli bir rus kishi ekan. Arizamizni o'qib, qo'limizga qaytarib berdi-da, so'radi:

– Hozir qaerda turibsizlar?

– O'z uyimizda.

– Uyingizga hech kim “Ko'ch!” deb kelmayaptimi?

– Yo'q.

– Bo'lmasa, o'tiraveringlar! – dedi.

Biz shu kungacha o'z uyimizda o'tirib kelamiz.

Oyim o'sha yillarda otamni oqlash to'g'risida bir nechta joylarga ariza yozdi. Biroq bu arizalar oqibatsiz qoldi.

Men 1937 yilda imtihon topshirib, Toshkent meditsina institutiga kirgan va ikki-uch oy o'qib, belimdagi kasalim qo'zg'ab qolgani uchun o'qishdan bir yilga ruxsat olib gips karavotga chalqanchasiga yotdim.

1938 yilniig may oylarida o'rnimdan turdim va sentyabrdan o'qishni qaytadan boshlab yubordim. Biroq yana ikki-uch oy o'qigach, uni to'xtatishga to'g'ri keldi. Buning sabablari ko'p edi: darslarda uzoq qadalib o'tirsam, belim og'rir edi. Undan tashqari, oyim kasal, uy-ro'zg'or ishlari mening bo'ynimda, buning ustiga, oilada betinchlik… Quloqqa dars kirmas edi.

1939–1940 yillar o'quv mavsumida Toshkentdagi “Shelkovichnaya” ko'chasidagi IPKNO (xalq ta'limi mutaxassislarini tayyorlash instituti) deb ataluvchi bir yillik o'qituvchilar tayyorlash kursining geografiya bo'limiga o'qishga kirib, yaxshi-a'lo baholar bilan bitirib chiqdim. Bundan maqsad, tezroq bir ixtisosni egallab, oilaga yordam berish edi. Biroq o'qishni tugallagach, rayonlarga borib ishlash menga to'g'ri kelmadi. Undan tashqari, umuman, o'qituvchilikka o'zimda bir havas tug'ilmadi.

1940–1941 o'quv yilida Samarqand tibbiyot institutiga borib o'qidim. Maqsadim uy-ro'zg'or tashvishlaridan biroz nariroqda tinchroq o'qish edi. Darhaqiqat, unda o'qish tinch va yaxshi borardi. Biroq 1941 yilda urush boshlanib qoldi. Yana uyga qaytib kelishga va urush sababli boshlangan qiyinchiliklarda oilaga ko'maklashishga, kasal oyimning oldida bo'lishga to'g'ri keldi.

Xotiramda, Samarqandda Eski namozgohdagi yotoqxonada yashardim. Ammo o'zimni hech kimga tanishtirmas edim. Shaharda Sadriddin Ayniyni bir necha bor ko'rdim. Biroq borib u kishiga o'zimni tanitishni ma'qul ko'rmadim. Bahor kunlari bo'sh chog'larimda ba'zan yolg'iz, ba'zan kursdoshlarim bilan birga Samarqandning tarixiy obidalarini tomosha qilishga chiqar edim. Ko'pincha “Chashma” deb ataluvchi choyxonada o'tirib dars tayyorlar edim.

Bir kuni shu choyxonada yolg'iz o'tirib kitob o'qirdim. Mendan nariroqda besh-oltita qiz-juvon aralash notanish yigitlar osh pishirishar edi. Chamasi, ular O'zGUning til-adabiyot fakultetining talabalari edi. Men ularga orqa o'girib o'tirar edim. Yigitlardan biri kelib meni oshga taklif etdi. Rad etishga sabab yo'qligidan, nochor o'rnimdan turdim… Osh yeyishib o'tirib, birisi mendan:

– Yanglishmasam, sizniig ismingiz Habibullo-a? – deb so'radi.

– Ha. Qayoqdan bildingiz? – dedim.

– Nega bilmaylik? Siz sevimli yozuvchimizning… o'g'illarisiz, – dedi.

Oshga taklif etishganlaridayoq ular meni taniganliklarini sezgandim. Lekin “falonchining o'g'li” degan gap tarqalishini istamas edim. Shuning uchun yolg'onladim:

– Siz aytayotgan yozuvchi mening amakim bo'ladi.

– U kishining o'g'illari ToshMIda o'qiydi-a? – deb so'radi u.

– Ha. O'g'illarining ismi Habibulla emas, Hamidulla, – deb javob berdim…

Shunday qilib, og'ir urush yillari boshlandi. Yaroqli kishilarning hammasi urushda. Qolganlari jangga qurol-yarog', oziq-ovqat, kiyim-kechak yetkazib berish uchun zavod-fabrikalarda, kolxoz-sovxozlarda, konlarda ishlashardi.

Nemis bosqinchilari urushning birinchi davrlarida g'olib kelib, Sovet tuprog'iga chuqur kirib keldilar. Bosqinchi nemislarning vahshiyligi shunday bo'lganki, ular qaysi shahar-qishloqqa bostirib kirmasinlar, birinchi galda yahudiy millatini qirganlar. Shuning uchun insonparvar bizning davlat qaysi shahar-qishloqni tashlab orqaga chekinarkan, avval yahudiy xalqini asrash uchun orqaga, ayniqsa, O'rta Osiyo o'lkalariga ko'chirardi.

Toshkentga kun sayin vagon-vagon yahudiylar bola-chaqalari bilan keltirilar edi. Hukumatimiz ularga rahm-shafqat qilib, qarshi olar, odamlarning bo'sh uylariga, hatto choyxonalarni bo'shatib joylashtirar, ish bilan ta'minlardi.

Shunday qilib, millionlab yahudiylar o'limdan saqlab qolindi. Men hayronman! Endi Isroil davlati shunday oliyjanoblik ko'rgan Sovet davlatiga rahmat aytish o'rniga, negadir adovat saqlab keladi. “Yaxshilik qilgan kishingdan yomonlik ko'rursan”, degan qadimgilar gapi balki haqmikin?!

Urush yillarida, ayniqsa, oziq-ovqat tanqisligi sezilarli edi. Hamma narsa o'lchovli, zabornaya kartochka bilan berilardi. Men bel og'rig'i kasalligim tufayli harbiy xizmatga olinmadim. Og'ir ishga yaramayman. 1943 yilning 3 martida Rahbarbonu onam o'pka sili kasalligidan vafot etdilar.

Oyim vafotidan so'ng biror yildan ko'proq vaqt (1943-1944 yillar miyonasida) Toshkent temir yo'lida kuzatuvchi (provodnik) bo'lib ishladim.

Biroq shifokor bo'lish orzuyim hech qaerda ishlashga rag'bat bermasdi. 1944 yil sentyabrdan yana o'qishga qaytdim. Shu yili SAGU (O'rta Osiyo davlat universiteti) qoshida Sharq fakulteti ochildi. O'qish u yerda kechki edi. Men forschadan bir oz xabardor bo'lganim uchun, bu tilni mukammalroq o'rganish maqsadida haftada ikki-uch marta erkin tinglovchi sifatida o'qishga borib yurdim.

O'qishlarim yaxshi borardi. 1945 yil 9 may kuni mash'um urush g'alaba bilan tugadi. O'sha kun bayramga aylandi. Hamma xursand. Xalq Qizil maydonga to'plangan, bir-biri bilan quchoqlashib: “G'alaba!” deb qichqirardi. Biroq g'alaba bo'lgan bo'lsa ham, urush oqibatlarini tugatishdek haddan tashqari buyuk mehnat vazifasi xalqimiz oldida turardi. Lekin bu vazifa, har holda, urush emas edi…

1945 yilning 28 may kuni edi. Kechki payt o'qishdan qaytib uyga kelsam, eshik oldida meni bir harbiy kishi kutib oldi. Men u bilan ko'rishib, hayron bo'lib uyga taklif qildim. U men bilan birga hovliga kirdi. Uyimizda ham bir harbiy kishi ukalarimni bir uyga qamab, hech qayoqqa chiqarmay o'tirgan ekan. Ular meni qamoqqa olgani kelishgandi…

Tintuv chog'ida uyimizdan quyidagi adabiyotlarni oldilar:

  1. “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlarining qo'lyozmalari (qariyb uch ming qog'oz).
  2. “Mushtum” jurnalining 1924–1925 yillardagi to'liq to'plangan nusxalari.
  3. Arab imlosida bosilgan juda ko'p eski gazeta va jurnallar (bularda otamning maqola va asarlari bosilgandi).
  4. “Baxtsiz kuyov”, “Juvonboz” asarlarining birinchi bosmasidan bir necha nusxalar.
  5. Otam asarlarining arab va lotin alifbosida va boshqa tillarda (masalan, tojikcha va ruscha) bosilgan va qayta nashr etilgan nusxalaridan namunalar.
  6. “Amir Umarxonning kanizi” tarixiy romaniga to'plangan ma'lumot-materiallar.
  7. Suratli albomlar.
  8. Ov miltig'i va “Atlas komandir” nomli geografik karta kitobi (narxi 100 rubl), Sa'diy, Xondamir (“Ravzat us-safo”), “Ergashxon tarixi”, “Boburnoma”, Jaloliddin Rumiy (“Masnaviy”), “Bayoz” (bir nechta bayozlar), “Kalila va Dimna”, “Umar Xayyom” (ruboiylari), “G'iyosillug'at”( bir necha jildlik), “Qomus” (turkcha bir jildlik), “Lenin” (rus tilida bir jildlik katta kitob bo'lib, 1924 yilda bosilgan, Leninning vafotiga bag'ishlangan, juda ko'p rasmlar berilgan), Abu Ali ibn Sino falsafasi (qo'lyozma bir jildlik), Farididdin Attor “Chor kitob”, “Yusuf xo'ja Saryomiy” (she'rlar to'plami 1-kitob), Qur'on kitoblari; turli davrlarda turli xattotlar tarafidan oltin harflar bilan yozilgan, 8 dona (bularning yozilishining o'zi bir ajoyib san'at edi), Dehlaviy “Chor darvesh”, Xo'ja Hofiz, Ibn Xaldun (tarix), “Qomus ul-lug'at” (turkcha 4 jildlik), Sahihi Buxoriy (2 jildlik) va Navoiy, Nizomiy, Firdavsiy, Bedil, Jomiy kabi shoirlarning juda ko'p asarlari (jami ikki yuzdan ziyod kitoblar). Shuningdek, menga tegishli turli yozishma xatlar olib ketildi.

Meni ichki turmaga qamab, so'roq boshladilar. Keyinchalik bilishimcha, qonunga binoan, aybdor (asli, gumondor shaxs – Sh.Q.) qamoqqa olingandan so'ng yetti yoki o'n to'rt kun ichida unga aybnoma eshittirishlari kerak ekan. Biroq menga “Gunohingni so'zlab ber”, deb ba'zan-ba'zan chaqirib so'roq qilsalar ham, aybnomani o'qib eshittirmas edilar. To'g'risi, mening qanday gunohim borligini o'zim bilmasdim. Ular ham bilishmas, meni nima bilan ayblashga o'zlari ham hayron edilar. Nihoyat o'n bir oydan so'ng menga aybnoma o'qib eshittirildi. Aybim shular ekan:

  1. Men aybdor kishining o'g'li emishman.
  2. O'qish taqiqlangan otamning asarlarini uyimda saqlagan emishman.
  3. Hukumatga qarshi tashviqot yurgizgan emishman.

Men birinchi va ikkinchi aybimni bo'ynimga oldim. Ammo uchinchisi tuhmatligini aytdim va guvoh-isbot talab qildim. Bir yarim yil qidirib guvoh topa olmadilar. Nihoyat, ishimizni tamomlab (Biz yetti talaba “birga sherik” qilib qamoqqa olingan edik) sudga oshirdilar.

Biroq sud ishimizni ko'rib chiqib, jazolashga yetarli dalil yo'qligi sababli qaytardi. Shundan so'ng tergov tashkiloti sudsiz, o'sha paytda tashkil qilingan “uch”likning qarori bilan menga o'n yil muddatga qamoq jazosi berildi. Shunday qilib, men ichki turmada o'n to'qqiz yarim oy o'tirdim, so'ng qamoq lagerlariga jo'natildim.

Rossiyaning Sverdlov viloyati, Serova tumani, Sosva qishlog'i (Shimoliy Ural)da mahkumlikni boshimdan o'tkazdim. O'rmonda qarag'ay kesdim, feldsherlik qildim. To'g'risini aytsam, garchi tutqunlikda bo'lsam-da, Rusiyaning ajoyib tabiati menga juda yoqib qoldi. Uning yozi ham, qishi ham bir-biridan go'zal. Oppoq qorli qishi, bahor chog'idagi bepoyon xushbo'y o'rmon manzaralari, brusnik, chereshnik, zemlyanika singari yer mevalari bir umr yodimdan chiqmaydi. Hamon o'sha yerlarga borib bir ko'zdan kechirgim, o'rmonlarini kezgim keladi.

Men u yerda bir-biridan 10–12 kilometr yiroqlikda bo'lgan: Tesma, Vorobina, Yorva, Shaburova, Agapovka, Garina degan qishloqlarda bo'ldim. Ular shunday o'rmon ichida, bir-biridan go'zal, xushhavo, tinch. Odamlari sodda, baquvvat, husndor. Bu qishloqlarning hammasi katta, sekin oquvchi, musaffo suvli daryo yoki daryochalar yonida qurilgan. Uralning qishi sovuq. Men 57 darajaga chiqqan sovuqni ham ko'rdim…

Mahkumlik davrimning besh yilini Qarag'andada o'tkazdim. Unda feldsherlik qildim, shaxtada ko'mir qazidim. Albatta, Qarag'anda havosini Ural havosi bilan qiyoslab bo'lmaydi. Qarag'anda daraxtsiz dasht yerda yangi qurilgan shahar. Havosida ko'mir changlari ko'pligidan oq ko'ylak kiysang tez qorayadi. Qarag'anda mamlakatning ko'mir konlariga boy yerlardan biridir.

1954 yilning 30 dekabrida besh oyi kam o'n yildan so'ng, (yaxshi xizmat qilganim uchun qamoq muddatini besh oyga kamaytirdilar) ozodlikka chiqdim. Meni Qarag'andada surgunda yashashga qoldirib, alohida uy berdilar. Shaxtinskiy rayonidagi bir shaxtada feldsher bo'lib ishlay boshladim. 1955 yilning 20 fevralida uyimga qaytishimga ruxsat berdilar.

Meni to'satdan chaqirib ruxsat berishlarining sababi, Stalin 1953 yilda vafot etadi. Ichki Ishlar Vaziri – Beriya ishdan olinib, xalqqa qilgan zulmi, Vatanga qilgan xoinligi uchun qamoqqa olinadi. U sud qilinib, otib tashlanadi. Shundan so'ng nohaq qamalgan ko'p kishilarnng ishi qayta tekshirilib, qamoqdan ozod etila boshlandi.

Qamoqdagi hayotim to'g'risida shularni ayta olamanki, qamoq – bu o'ziga xos bir hayot maktabi ekan. Universitet ekan… Men qamoqqacha bo'lgan davrimda go'yo hech narsani bilmaydigan, hayotning qadriga yetmaydigan go'dak ekanman. Qamoqda men turli-tuman millat vakillari bilan yashadim, eng oliyjanob kishilar, olimlar bilan suhbatda bo'ldim. Eng pastarin-jo'n shaxslar bilan muomalada bo'ldim. Turmushning achchiq-chuchugini totdim. Ko'p mutolaa qildim, rus tilini chuqur o'rgandim. Forscha-tojikcha so'zlashishni o'rgandim. Tibbiyotga oid kitoblarni ko'p o'qidim. Davlatimizning tub siyosati mag'ziga tushundim. Hammadan ham kishilar bilan qanday munosabatda bo'lishni bir qadar o'rgandim.

Fevral oyining oxirida Toshkentga qaytdim. Biroq bu yerda hamon Stalin, Beriya siyosati hukm surar, Xavfsizlik va Ichki ishlar tashkilotlarining “aksilinqilobchi”,“xalq dushmani”, “xoin”, “millatchi” degan vasvasalari zo'r edi. Bu vasvasalardan xalq qo'rqib qolgan. Ayniqsa, bizningdek qamoqdan chiqib kelganlarga kun yo'q. Ayg'oqchilarga Xudo bergan. Axir ehtiyot bo'linmasa, bizdaqa besh-o'nta “dushman”lar, nemis fashizmidek zo'r bir dushman tor-mor qilolmagan Sovet davlatini “barmoq uchida” ag'darib tashlashi mumkin edi-da…

Uyga qaytganimning uchinchi kuni edi. Yarim kechada uxlab yotsam, ko'cha eshigimiz qattiq taqilladi. Chiqsam, to'rtta kishi turibdi. Ularning bittasi mahallamizning mashhur ayg'oqchilaridan bo'lib (bu kishi yaqinda itdek xor bo'lib, xalq nazaridan qolib o'ldi), qolgan uchtasi xavfsizlik tashkiloti xodimlari ekan. Ular hujjatlarimni tekshirib, yigirma to'rt soat ichida Toshkentdan chiqib ketishimni buyurdilar.

Men Chinoz qishlog'iga borib, olti oy yashadim. Bu vaqtlar ichida hukumat Stalin va Beriyaning “shaltoqlari”ni ancha tozalagan, xavfsizlik va ichki ishlar xodimlari ancha jilovlanib, yumuq ko'zlari ochilgandi.

1955 yilning 1 sentyabridan Oxunboboyev nomidagi tibbiyot texnikumida o'qiy boshladim. Chunki mening feldsherlik hujjatim yo'q edi. Tibbiyot institutiga borib o'qishni davom ettirish xayolimga ham kelmadi. Chunki yoshim ancha katta bo'lib qolgandi.

1956 yili 5 avgustda 38 yoshda uylandim. Ayolim qo'shnimizning qizi, tibbiyot texnikumida o'qir edi.

Men 1955 yil may oyida Harbiy prokuraturaga “Otamni oqlash”larini so'rab ariza yozib bordim. Otamning ishini tekshirish jarayonida meni bir necha bor chaqirib tegishli hujjatlar olishdi. 1956 yilning kuz oyida tekshirish ishlari tamom bo'ldi. Otamning gunohi yo'qligi aniqlanib, ish Moskva Harbiy Oliy sudiga yuborildi. O'sha kezlarda Toshkentda O'zbekiston ziyolilarining ikkinchi qurultoyi ochildi. Qurultoyda men qatnashmadim, ammo qatnashganlar bilan so'zlashdim.

Aytishlaricha, O'zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi Nuriddin Akromovich Muhiddinov qurultoyda katta nutq so'zlab, shaxsga sig'inish illatlari ustida to'xtalib, otam to'g'risida: “Abdulla Qodiriydek ulug' bir yozuvchining xalq dushmani bo'lishi hech mumkin emas”, debdi.

Qurultoyda ishtirok etgan qo'shnim, shifokor Tohir Olimjonovning aytishicha, Muhiddinov yuqoridagi so'zini aytganida quvonib ketgan xalq qarsak chalib yuboradi va ba'zilar o'kirib yig'lagan ekan. Muhiddinovning bu katta nutqi o'sha vaqtda gazetalarda bosilib chiqqan va alohida kitob bo'lib ham chop etilgandi.  O'sha kuni kechki payt “Abdulla akamning oilasini birinchi bo'lib o'zim borib tabriklab kelaman”, deb G'afur G'ulom uyimizga kelgan ekan. Afsuski, o'shanda men uyda yo'q ekanman…

Ertasi kuni “Qizil O'zbekiston”, “Pravda Vostoka” gazetalarida Abdulla Qodiriyning oqlanganligi to'g'risida maxsus e'lonlar bosilib chiqdi. Meni maxsus idoraga chaqirib, otamning oqlanganligi to'g'risidagi oqlov qog'ozini topshirishdi. Qog'ozning tagiga: “Abdulla Qodiriy o'limidan so'ng oqlandi”, deb yozib qo'yilgan edi.

Shundan so'ng oradan ko'p vaqt o'tmay, Harbiy prokuraturada mening “jinoiy ishim” ham qayta ko'rilib, oqlandim. Uyimizda xursandchilik ustiga xursandchilik, to'y ustiga to'y edi…

Men bu vaqtda tibbiyot texnikumining oxirgi kursida o'qirdim (o'qish ikki yillik edi). Bir kuni ko'chada tasodifan eski tanishim va domlamiz Abror Sodiqovni ko'rib qoldim. U kishi Tibbiyot institutida fiziologiya kafedrasining professori edi. Ko'rishdik. So'ng u kishi:

– Uchrashib qolganimiz yaxshi bo'ldi. Kecha sizni rektorimiz Abdumalik G'ulomov yo'qlatgan edilar. Tezda borib uchrashing, – dedi.

Ertasiga rektorning oldiga bordim. Abdumalik G'ulomov muqaddimasiz menga:

– Siz tuhmat bilan nohaq qamalgansiz. Endi oqlandingiz. Sizga feldsherlik yarashmaydi, bizga kelib o'qishingizni qaytadan boshlang. Menimcha, siz endi iqtisodiy jihatdan juda ham qiynalmasangiz kerak, – deb maslahat berdi.

Rozi bo'ldim va u kishining e'tibori uchun rahmat aytdim. Hozir ham rahmat aytaman va unutmayman. Agar u kishi menga mehribonchilik qilmaganida, balki o'qimay qolib ketarmidim… (Onamizning xotirlashlaricha, o'sha yillari otamiz o'ttiz sakkiz so'm stipendiyalari bilan bizlarni boqqan ekanlar Sh.Q.)

O'qishni 1962 yilda tugatib, davolovchi-shifokor diplomini oldim. Avvaliga Glier nomli musiqa maktab-internatida ikki yil shifokor bo'lib ishladim. So'ng 10-shahar kasalxonasiga ishga o'tib, to shu kungacha shu yerda ishlab kelaman. To'rt farzandli bo'ldim: kattasi Xondamir (1957 yilda tug'ilgan), keyingisi Sherkon (1958 yilda tug'ilgan), Manzuma qizim (1961 yilda tug'ilgan), Irfon (1970 yilda tug'ilgan). Farzandlarimning hammasi ham hozircha qobil, maktabda o'qishadi. Kenja o'g'lim bog'chada.

Bu orada yoshlikda havas qilib kelgan yozuvchilik niyatim ham asta amalga oshib, ijod qila boshladim. Mening birinchi hikoyam 1958 yilda “Qizil O'zbekiston” gazetasida bosildi. Shu yo'sin asta-sekin yozgan hikoya, maqola, lavha va xotira asarlarim shu kungacha gazeta, jurnal, to'plamlarda va alohida kitob holida tez-tez bosilib turadi. Adabiyot muxlislarining yozganlarimga bergan ijobiy baholari meni adabiyotga bo'lgan rag'batimni kun sayin oshiradi.

Shunday qilib, anavi ko'ngilsiz davrlar ham tushdek o'tib ketdi. Hozirgi dorilomon kunlarda tinch umrguzaronlik qilmoqdamiz.

Habibullo QODIRIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 6 =