Salomatlik — eng katta boylik

Har qanday mamlakat taraqqiyotida o'sha jamiyatda yashayotgan fuqarolar salomatligi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Zero, sog'lom insongina kelajakka tiyrak nigoh bilan boqishi, o'z oilasi bilan birgalikda tug'ilib o'sgan vatani taraqqiyoti yo'lida izlanishi, yangi-yangi g'oyalarni hayotga tatbiq etib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'sha olishi mumkin. Mamnuniyat bilan e'tirof etish joizki, so'nggi 5-6 yil davomida mamlakatimizda mana shu borada, ya'ni inson salomatligini muhofaza qilish yo'lida har qachongidan-da ibratli ishlarga qo'l urilmoqda. Quvonarlisi, mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar qish­loq aholisiga xizmat ko'rsatayotgan shifoxonalarda ham o'z aksini topmoqda.

Aytaylik, Sharof Rashidov tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Ravot qish­loq vrachlik punkti qariyb 60 yildan buyon fao­liyat ko'rsatib keladi. Oliy toifali ginekolog shifokor Sohiba Mustafoqulova mudirlik qilayotgan mazkur muassasada kattalar va bolalar salomatligi yo'lida uchta: ichki kasalliklar, bolalar va terapiya bo'limlari tashkil etilgan.

— Shifoxonamiz 20 o'rindan iborat bo'lib, shundan 10 ta o'rinda katta yoshdagi va qolgan 10 ta o'rinda esa kichik yoshdagi bemorlar davolanadi, — dedi Sohiba Mus­tafoqulova. — Tibbiyot muassasamiz tuman tibbiyot birlashmasining filiali hisoblansa-da, qishloq aholisi salomatligini tiklash borasida alohida ahamiyatga ega. Tumanimiz markazi bilan Ravot qish­log'i oralig'idagi masofa – 41 kilometr. Shu bois, qishloq aholisining markazga borib davolanishi biroz qiyin kechadi. Shuni inobatga olib, bu yerda imkon doirasida qish­loq ahli salomatligini muhofaza qilish yo'lida barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Ayni paytda bizda jami 137 nafar ishchi-xodimlar faoliyat ko'rsatadi. Shundan 12 nafari turli mutaxassisliklarga ega bo'lgan oliy ma'lumotli vrachlardan iborat. Shu bilan birgalikda 35 nafar oliy va o'rta toifali patronaj hamshiralarimiz qishloqning 20 ming aholisiga xizmat ko'rsatadi.

O'rni kelganda aytish joizki, bundan uch-to'rt yil oldin qishloq ahli oddiy qon tahlili uchun ham shaharga yoki tuman markaziga borib kelishlariga to'g'ri kelardi. Prezidentimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan e'tibori tufayli ayni paytda shaharlardagi singari bizning qishloq shifoxonamizda ham aholi salomatligini tiklash borasida barcha sharoitlar yaratildi. Bugun muassasamizda keng turdagi laboratoriya, ultratovush, shuningdek, EXO ENTO kardiografiya tekshiruvlari yo'lga qo'yilgan.

Ta'kidlash joizki, zimmasiga yuklangan vazifani vijdonan bajarish yo'lida o'zining bor ilmu iqtidorini sarflayotgan shifoxona mudirasi Sohiba Mustafoqulovaning sa'y-harakati bois, qish­loqning 579 nafar tug'uruq yoshidagi ayollari salomatligi ham ko'ngildagidek.

— Mudira singlimizdan cheksiz minnatdormiz, — deya minnatdorligini bildirdi davolanayotgan bemorlardan biri Bosim O'rozboyev. — Mana, sakkiz kundan buyon shu yerda shifo olyapman va aytishim lozimki, mudiramiz va qolaversa, u kishining rahbarligidagi vrach va hamshiralarning ko'rsatgan yordamlari tufayli ayni paytda o'zimni juda yaxshi his qilmoqdaman. Muolajalardan tashqari, o'zlarining shirin so'zlari bilan ham barcha bemorlarning dardiga davo topayapti, baraka top­gurlar. Biror tekshiruv uchun shahar yoki tuman markaziga borganim yo'q. Qon tahlilidan tortib kardiogrammagacha shu yerning o'zida tekshiruvdan o'tdim. Shifoxonada uch mahal issiq ovqat ham berilarkan. Shifoxona oshpazi Musallam Hamroqulova tomonidan tayyorlanayotgan taomlar bu yerda davolanayotgan barcha bemorlarni xursand qilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Shubhasiz, bularning barcha-barchasi mudira singlimizning qat'iy nazorati tufayli, albatta. Uzog'imizni yaqin, mushkulimizni oson qilib, dardimizga malham bo'layotgan shifoxonaning barcha vrach va hamshiralariga katta rahmat.

Darvoqe, “Obod qish­loq” davlat Das­turi doirasida shahar qiyo­fasiga kirgan Ravot qishlog'i aholisiga beminnat xizmat ko'rsatayotgan ushbu shifoxona tarkibida ikkita stomatologiya bo'limi ham faoliyat yuritadi. Oliy toifali stomatolog-vrach Yoqub O'tamurodov hamda 1-toifali stomatolog Sherzod Sulaymonovlar xizmat ko'rsatayotgan tish shifoxonasida nafaqat davolash ishlari, balki tish olish va qo'yish muolajalari ham eng zamonaviy uskunalar yordamida amalga oshirib kelinmoqda.

— Shifoxonamiz tarkibida bir payt­lar tug'uruqxona kompleksi ham faoliyat yuritgan, — dedi mudira Sohiba Mustafoqulova. — Yillar o'tib, tug'uruqxona zamon talabiga javob bermay, faoliyatini to'xtatdi. Yuqorida aytganimdek, qishlog'imiz shahar va tuman markazidan ancha olis bo'lganligi bois, tug'uruqqa tayyorlash jarayonidan to ko'zi yorigunga qadar bo'lgan holatda tug'uruq yoshidagi xotin-qizlar o'ziga xos qi­yinchiliklarga duch keladi. Shuni inobatga olib, qishloq ahli ehtiyojidan kelib chiqib tug'uruqxonani ta'mirlash va uning faoliyatini qaytadan yo'lga qo'yish masalasida viloyat tibbiyot boshqarmasidan to vazirlikkacha murojaat qildik. Quvonchlisi, yaqinda “Open budget”dan qish­loq aholisi ovozi bilan tug'uruqxonamizni kapital rekonstruksiya qilish imkoniyatini qo'lga kiritdik. Yangi yildan respublika byudjetidan ajratilgan bir milliard ikki yuz ming so'm mab­lag' hisobiga ushbu kompleksda ta'mirlash va jihozlash ishlari boshlanadi. Demak, 2024 yildan 20 o'ringa ega bo'lgan tug'uruqxona ham o'z faoliyatini boshlaydi.

Mamlakatimiz rahbari o'z ma'ruzalarining deyarli har birida respublikamiz taraqqiyoti yo'lida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson manfaati uchun xizmat qilishi lozimligini alohida ta'kidlaydi. Ana shu ezgu niyat bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar nafaqat shahar markazlarida, yuqorida to'xtalganimizdek, yurtimizning chekka-chekka qishloqlarida ham o'z samarasini ko'rsatayotganiga yorqin misol bu!

Baxtiyor XUDOYBERDIYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 − 2 =