Mening prezidentim — mening faxrim

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan navbatdagi tashrifidan keyingi o'ylar

Odam bolasiga hamisha nimadir yetishmaydi, goh u narsa, goh bu narsa. Chunki hayot bor ekan, inson ehtiyojlari ortib boraveradi, undagi kamchiliklar, yetishmovchiliklar esa hech tugamaydigandek tuyulaveradi. Ammo inson hayotga ibrat ko'zi bilan, tiyran aql bilan qarar ekan, sabr va qanoat unga esh bo'ladi, erishilgan, qo'lga kiritilgan ne'matlardan huzurlanishni, zavq olishni tuyadi. Aksincha bo'lsa-chi, hamisha hayotdan nolish, kimlardandir norizo bo'lish ustun bo'lib, bunda hayot o'z go'zalligini, fayzini qaysidir ma'noda yo'qotib qo'yadi. Va yana shu narsa aniqki, qanoatsizlik va noshukurchilik hech qachon hech kimning turmushini go'zallashtirib, rivojlantirib yubormagan.

Kamina bugun ulug' bir yoshga to'lib, hayotimning qariyb 60 yilga yaqinini shu el-yurt uchun baxshida etib, bu yo'lda ne-ne sinovlarni, mashaqqatlarni chekkan, katta-kichik vazifalarda ishlab, obro'-e'tibor, izzat va marhamat ko'rgan bir inson sifatida yuqoridagi va quyidagi o'ylarimni o'rtoqlashgim keldi.

Qolaversa, dilimga cheksiz faxr va iftixor, ulug' bir mujdalarni solgan voqea bu — shu yilning 16-17 noyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxon vohasiga qilgan navbatdagi tashrifi sabab desam xato bo'lmas. Bu tashrif chindan ham tarixiy tashrif bo'ldi. Nega deysizmi? Negaki, Surxon elini juda uzoq yillardan buyon o'ylantirib kelayotgan o'nlab muammolar ana shu tashrif davomida o'z yechimini topadigan bo'ldi. Bu yorug' mujdalarni eshitgan vatandoshlarimizning quvonchi, shodligi naqadar oshganini bilsangiz edi! Hamma bir-birini tab­riklagan, qutlagan, duoga qo'l ochgan…

Ma'lumki, Surxon zamini ulug' zotlar, avliyolar yashab o'tgan muqaddas makondir. Shu boisdan Prezidentimiz hamisha bu yurtga tashrifini buyuk olim Hakim at-Termiziy qadamjosini ziyorat qilishdan boshlaydi. Bu gal ham xuddi shunday bo'ldi. Termiziy kabi bobolarimiz ilm-ma'rifatini yoshlarga yetkazish muhimligi ta'kid­landi. Shu masalalar bo'yicha viloyat markazida ilmiy anjuman o'tkazish taklifi ilgari surildi.

Eng muhimi, Surxondaryoda ham so'nggi 6-7 yil ichida shunday yirik korxonalar bunyod etilmoqdaki, bunday mo''jizalar birinchi nav­batda Surxon elini ish bilan ta'minlashga xizmat qilmoqda. Vatanimiz iqtiso­diyotini yanada yuksaltirishga, odamlar farovonligini oshirishga imkon bermoqda.

Ammo noshukurlik bo'lmasin-u, uzoq yillar surxondaryoliklar bir narsaga sira tushunmas edi. Nega mamlakatimizning turli hududlarida yirik korxonalar ishga tushiriladi-yu, Surxondaryoga kelganda bunday qadamlar qo'­yilishi juda qiyin bo'ladi? Javob esa hamisha bir xil bo'lgan: Surxondaryo chegara hududda joylashgan. Viloyat markazi —Termiz Afg'oniston bilan chegaradosh. Afg'onistonda esa notinchlik. Shu bois yirik korxonalar tashkil qilishning iloji yo'q. Bunday gap-so'zlarni turli katta-kichik yig'inlarda yuz martalab eshitgan bo'lsam kerak.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev esa bu iddaolarning bari turfa xil “bahona”lar ekanligini amalda isbotlab berdi. So'nggi yillarda viloyatda o'nlab yirik korxonalar barpo etildi, bunday xayrli ishlar har yili davom ettirilmoqda.

Xususan, bu safargi tashrifi davomida Boysun tumanida bo'lib, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yirik loyihalardan biri — “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Ayni paytda uning qurilishida yetti mingdan ortiq kishilar, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushirilishi, 2025 yilda esa to'liq quvvat bilan ishga tushishi eldoshlarimizni naqadar xursand qilayotganini aytmasak ham ma'lum. Mashhur xorijiy korxona tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu qurilishning umumiy qiymati 2,9 milliard dollar bo'lib, yiliga 5 milliard kub metr gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega ekan. Hozirgacha esa konni o'zlashtirishga qariyb 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, ancha-muncha ishlar yakunlangan. Eng muhimi, bu korxonaga o'rnatilishi ko'zda tutilgan eng ilg'or texnologiyalar ekologiya talablariga mos bo'lib, ular MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga qo'yilmoqda ekan.  Yana  bizga ma'lumki, bu yerda gaz koni bir necha o'n yillar oldin topilgan. Biroq…

Yoki so'nggi yillarda  Sherobod tumanida qurilib, ishga tushirilgan sement zavodini aytish mumkin. Bugun bu yerda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar nafaqat mamlakatimiz aholisiga, sanoatiga, balki ko'plab xorijiy yurtlarga eksport qilinayotganini nega endi aytmasligimiz kerak?!

Prezidentimizning Sariosiyo tumanidagi To'polang gidroelektr stansiyasida amalga oshirilgan  modernizatsiya ishlarini ham ko'zdan kechirgani va keyingi yillardagi qo'shimcha bunyodkorliklar tufayli ushbu GESning umumiy quvvati bir necha baravarga oshirilib, mamlakatimizdagi Chorvoq GESidan keyin ikkinchi yirik stansiyaga aylanganini hamma ham bilavermaydi. Yana Prezidentimiz ta'kidladiki, bu ishlarni kengaytirib, har bir soy, imkoniyati bor har bir mahallada mikroGES­lar barpo etish vazifasi o'rtaga tashlandi. Bu esa vohani arzon va sifatli energiya manbalari bilan ta'minlash imkoniyatini beradi.

Surxondaryo xalqini eng qiynab kelgan, hech qachon bu muammo hal bo'lmagan masalalardan biri bu — aholining toza ichimlik suviga eh­tiyoji edi. Davlatimiz rahbarining Surxondaryoga juda katta sarmoyani jalb etib, ke­yingi 2-3 yil ichida aynan To'polang suv omboridan toza ichimlik suvini butun viloyat ahliga yetkazib berish loyihasi doirasida shu kungacha 147 kilometr quvur Sariosiyo tog'laridan Termiz shahrigacha tortilgani tarixiy harakatlar natijasi emasmi?!

Yurtboshimiz ushbu olamshumul loyihaning birinchi bosqichi ishga tushgani belgisi sifatida ramziy tugmani bosib, obihayot yo'lini ochdi. Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Sho'rchi va Qumqo'rg'on tumanlariga yetib bordi. Qariyb bir million aholi  toza, musaffo va zilol tog' suvi bilan ta'minlandi degani bu! Yoki oxirgi ikki yil ichida viloyatning ichimlik suvi bilan ta'minlanish darajasi o'rtacha 60 foizdan 70 foizga yetdi.

Hayratlarga oshno bo'lishda davom etajakmiz. Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanish  darajasi 90 foizga yetkazilishi, bundan Sariosiyo, Denov, Sho'rchi, Qumqo'rg'on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand bo'ladi. Ishonasizmi, ana shu ulkan yorug'lik — obihayot yorug'ligi kelgusi yilda nihoyasiga yetkazilishi mo'ljallangan.

Mana, o'zbek she'riyatining buyuk dahosi Alisher Navoiy bobomiz o'z dostonlarida kuylagan Farhodning jasorati!

Bir paytlar Toshkentdan Sariosiyo tumaniga samolyot parvoz qilar edi, desak, ayrim yoshlar ishonmas edi. Ha, xuddi shunday. Viloyat markazi Termizga parvoz qilib, samolyotdan tushgan Sariosiyo, Uzun, Denov tumani fuqarolari, mehmonlar, sayyohlar yana 150-220 kilometrgacha avtomashinada yurishga majbur edilar. Ammo yana Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo aeroportida fuqaro avia­siyasi faoliyati tiklanishi Prezidentimiz tomonidan ma'lum qilindi. Albatta, bunday yangiliklar viloyatning turizm salohiyatini yuksaltirishda ham ko'mak beradi. Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro avia­siyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo'lga qo'yish, Termizdan Istanbul, Farg'ona, Buxoro va Xorazmga parvozlarni ko'paytirish bo'yicha Yurtboshimizning topshiriqlari Surxon eliga bayramona kayfiyat ulashdi. Bundan tashqari, Termiz-Toshkent yo'nalishida turistik vagon, Sariosiyo-Toshkent yo'nalishida poezd qatnovi yo'lga qo'yilishi qadim Surxon turizmini yangi bosqichga ko'tarishiga shubha yo'q.

Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig'ilish o'tkazildi.

Hudud izchil rivojlanmoqda. Oldinda rejalar, imkoniyatlar ham ko'p. Xususan, 3 milliard 300 million dollarlik 4 ta yangi yirik sanoat loyihasi shakllantirilgan. Bular hisobiga viloyat iqtisodiyotiga yiliga 6,5 trillion so'm, byudjetiga 1,6 trillion so'm, eksportiga 100 million dollar qo'shiladi, 2 mingta yuqori daromadli ish o'rinlari ochiladi. Jumladan, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasida yiliga 5 milliard kub metr gaz tozalanib, 6 trillion so'mlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqariladi. Viloyatga yiliga o'rtacha 120 million dollarlik eksport tushumi qo'shiladi. Geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi.

Davlatimiz rahbari Termizda o'tkazgan yig'ilishida aytgan quyidagi so'zlari esa hamon quloqlarim ostida aks-sado bermoqda:

— Surxondaryoda juda katta iqtisodiy salohiyat, yerosti va yerusti boyliklari, mard, mehnatkash xalqi bor. Hozircha bu salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayapti. Sharoit yaratib, ish o'rni, investitsiya, eksport va tushumni karra-karra oshirish lozim.

Shu bois, kelgusi yili viloyatda 1,5 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 12 trillion so'm mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 500 million dollarga yetkazib, 100 million dollar importni qisqartirish imkonini beradi.

Viloyatga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira – bu mavjud konlarni ishga solishdir.

Sariosiyoda qo'rg'oshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda ko'mir, Sherobodda kaliy o'g'iti zaxiralarini o'zlashtirish, tog'li hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish zarur.

Bundan tashqari, viloyatda tadbirkor yoshlarni yanada qo'llab-quvvatlash, ularni sportga jalb qilish bo'yicha qaror va loyihalarni ishlab chiqish, vohadagi tarixiy qadamjolarni muzeylargi aylantirish, shifobaxsh maskanlar faoliyatini yanada jonlantirish, badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirok etishiga ko'maklashish, xalq merosi, ulkan boyligining “Oltin fondi”ni yaratish zarurligi va boshqa ko'pdan-ko'p masalalar bo'yicha kerakli chora-tadbirlar belgilanadigan bo'ldi.

Ana endi ayting-chi, mamlakat Rahbarining 2 kunlik viloyatga tashrifi qanchalar savobli, samarali kechgan?

Insof bilan aytganda, bunday yechimlar 10 yillarda ham, 50 yilda ham bo'lmagan edi-ku!

Xo'sh, o'z elining, xalqining hayotini yanada farovon etish uchun bunday jonfido rahbardan faxrlanmay, g'ururlanmay bo'ladimi?!

Shu boisdan ham mening prezidentim — mening faxrim deyishga haqlimiz.

Endi yana bir narsani aytish kerakki, inson har nafasda erkinlikka, hurriyatga intilishida yuksak ma'no, maqsad mushtarak. Lekin bu ne'mat har kimga ham nasib qilavermas ekan. Biz bilamiz – xalqimiz judayam uzoq davom etgan mustabidlik zamonini boshidan kechirdi. O'ta puxtalik va reja bilan milliy qadriyatlardan judo qilinayozdik. Sho'ro saltanati esa imlomizni o'zgartirdi. Bu – shu darajada katta yo'qotish, talafot ediki, keyingi avlod, natijada o'z o'tmishiga loqayd darajaga yetdi.

Jami bir yarim asr, ayniqsa, keyingi mustabidlik davrining jarohatlari, asoratlari aytgan bilan ado bo'lmaydi. Ammo istiqlol cho'qqilaridan turib o'sha mustabid zamonni, uning jarohatlari, asoratlarini eslamaslik mumkin emas.

Chunki, ana shunday qilganimizda, ya'ni kecha bilan bugunini taqqoslaganimizda, mustaqillik ne'matlarining qadriga yetamiz.

O'tgan 30 yil mobaynida mustaqil davlatimiz, millatimiz juda qiyin va mashaqqatli yo'lni bosib o'tdi. Ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillari juda qiyin bo'ldi. Sho'ro “ittifoqi”ning nochorlikda parchalanishi tufayli, mamlakatimizda atayin markazlashtirilgan ta'minot to'xtab qoldi.

Birgina misol: O'zbekistonning tuprog'i oltinga teng bo'lgani bilan, mamlakatimizda deyarli g'alla yetishtirilmas, paxtadan mo'l hosil olish uchun ham yoqilg'i-moylash materiallari markazdan olinishi kerak edi. Ana shu markazlashgan tizim izdan chiqqandan so'ng, O'zbekis­tonda xo'jalik yuritish qanday ahvolga tushib qolganini ko'z oldingizga keltiravering.

Ana shu og'irliklarning bari Respublikamiz hukumati yelkasiga tushdi, desam mubolag'a  qilmayotgan bo'laman.

Xalqimizda bir tovuqqa ham suv, ham don kerak, degan maqol bor.

Iste'molchilar ehtiyojini qondirish juda-juda qiyin masala edi. O'zingiz bilasizki, bunday taqchillik sharoitida jinoiy unsurlar faollashib qoladilar…

Yaxshi eslayman, o'sha yillari o'zlarini millatparvar deb e'lon qilgan “demokratlar”: “O'zbekiston xalqi hammadan ko'p non iste'mol qiladi!” deb dod solgan edilar. Qarang-a! Axir nondan ham aziz ne'mat bo'larkanmi?

O'sha tahlikali zamonda va undan keyin ham mamlakatimiz, xalqimiz tinchligi, xotirjamligi ta'minlandi. Ana shu haqiqat barcha yutuqlarimizning bosh omili, mustahkam poydevori bo'ldi.

Hozir ham “undog'-bundog'!” degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Ba'zan shu singari “millatparvar”larning tilini qarg'alar cho'qisin, degim keladi. Nega? Ma'lumingizkim, Surxondaryo mamlakatimizning  eng janubiy, demakki, nisbatan olganda, poytaxtdan uzoq viloyatlaridan biri. Ammo bizning vohada ham mashinalar ko'chaga sig'may ketdi. Bu iqtisodiy-ijtimoiy barometrdir! Xalqimizning iqtisodiy ahvolini shundan ham bilsa bo'ladi.

Tarixiy nuqtai nazardan olganda juda qisqa muddatda mamlakatni, uning aholisini ana shunday farovonlikka erishtirgan Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan faxrlanmaslik mumkinmi?!

Prezidentimizning chuqur o'ylangan, xalq manfaatlari hisobga olingan barcha amaliy, tinimsiz ishlari hamda O'zbekistonning dunyo­dagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlari har qancha tahsinga sazovor.

2020-2023 yillar O'zbekiston uchun turli voqealarga boy, barcha sohada jadal rivojlanish davri bo'ldi. Ijtimoiy-siyosiy, huquqiy sohalarda, xalqaro munosabatlardagi ulkan ijobiy o'zgarishlardan mamlakatimiz xalqi singari xorijliklar ham hayratga tushmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat sharofati bilan yangi O'zbekistonning yangi qiyo­fasi, millat qiyofasi salobatlashib, ulug'vorlashib, ko'rkamlashib borayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Umuman, so'nggi yillarda mamlakatimiz evolyutsion o'zgarishlar sari yuz burdi. Mamlakatimizdagi yangilanishlar, hech mubolag'asiz, har birimizni to'lqinlantiradi. Bunga so'zimiz avvalida davlatimiz rahbarining Surxon eliga yaqinda qilgan tashriflari davomidagi yorug' mujdalarni bir misol, bir ibrat sifatida ta'kidlamoqchi bo'ldik. Zero, bu ulkan maqsadlar, natijalar ko'lami Uchinchi Uyg'onishning mustahkam poydevorini yaratishga bo'lgan amaliy ishlardir.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 7 =