Chegara bilmas xatarlarga qalqon

Aslida, ma'naviyat yillar, asrlar davomida sayqallanib boradi. Ma'naviyatga qanchalik kuchli e'tibor qaratilsa, shunchalik yuksalaveradi. U odamlarning har bir xatti-harakatida, fikr tarzida, o'y-xayollari tilida so'zga aylanganida namoyon bo'ladi. Ha, haqiqatan ham bugun ma'naviyat masalasi ayrim kimsalar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Ma'naviyat nimaga kerak?” degan iddaoli chiqish­lari bilan o'zining hamon dolzarbligini ko'rsatmoqda. 

Chindan ham dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, tahdidlar, birgina o'sha davlat yoki mintaqa hayotiga daxldor degan kishi adashadi. Chegara bilmas bu xavf-xatarlar butun insoniyatning, taraqqiyotning dushmanidir.

Prezidentimiz 22 dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ma'naviyat masalasi haqida ochiq haqiqatni aytdi. Ilm, ziyoli ahli oldida turgan muhim vazifalarini belgilab berdi.

“O'zimizga bir savol berib ko'raylik: biz hozirgi keskin sharoitda g'oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?

Mana, bugun ma'naviy-ma'rifiy sohada masala qanday o'tkir va ko'ndalang bo'lib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o'ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug' dunyoda “o'zbek”, “O'zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo'lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo'yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo'ladi”, — dedi Davlatimiz rahbari.

Yurtboshimizning nutqlarini qayta-qayta o'qir ekanman, kaminaning ham ko'nglidan bir qator o'ylar kechdi.

* * *

Odatda, “Madaniyat” iborasi yuksak taraqqiyot, odob-axloqning yuqori darajasi ma'nolarida ishlatiladi. Lekin bu milliylik asosida har tomonlama yuksaklikni ifoda etadigan so'z oldiga “ommaviy” degan so'z qo'shilsa, mantiqiy uzviylik davomida axloqiy buzuqlik, qadriyat va an'analarning ma'naviy negizlariga bepisand munosabat, hatto asl milliy madaniyatning yemirilishiga qaratilgan tahdidni anglatuvchi ma'no kelib chiqadi.

Afsuski, bugungi kunga kelib axborot hamda axborot maydoni — dunyoni boshqaruvchi omillardan biriga aylangani bois, u “ommaviy madaniyat” tarafdorlari tomonidan faol foydalanib kelinmoqda. “Ommaviy madaniyat” yoshlarni o'zboshimchalik va axloqsizlikka chaqirsa, keyinchalik umumiy ommaga moslashtirib, shaxsni xudbinlik va yashab turgan jamiyatda qaror topgan qadriyatlarga bepisandlik qilishga olib keladi. Natijada milliy va diniy qadriyat, dunyoqarash va boshqa shu kabi inson ma'naviyati uchun o'ta muhim bo'lgan his-tuyg'ularga putur yetkazadi. Ma'naviyatsiz, milliy tuyg'usi bo'lmagan shaxs esa har qanday pastkashlikdan qaytmaydi.

Sir emaski, bugun aksar insonlar axborotni internetdan olishadi. Yosh avlod tarbiyasining manbai bugun internet tarmog'i bo'lib xizmat qilmoqda. Nechunkim, aksariyat yoshlar  kitob o'qishga toqatsiz bo'lib qoldi. Ammo internet tarmog'ida kunu tun o'tirishga tayyorlar, hatto tarmoq uzilganda, ularning halovati buzilishi kuzatilmoqda. Natijada ularda internetga qaramlik vujudga kelib, jamiyatdagi o'z o'rni, mas'uliyatini ham unutish xavfi paydo bo'ladi.

To'g'ri, internet kerak. Undan hech kim voz kechmoq kerak deb aytmayapti. Ammo hamma narsaning ham me'yori bor. Internetdan ham, ijtimoiy tarmoqlardan ham o'z o'rnida foydalanilsa, yaxshilikka xizmat qilishi mumkin. Biroq uning salbiy oqibatlarini hech kim inkor qila olmaydi.

O'ylab ko'ring, ayrim yoshlar ota-onalarining nasihatlarini qabul qilmaydigan ahvolga kelib, ularga: “Sizlar zamondan ortda qolgansiz!” deb aytishsa, bunga qanday chidash mumkin? Kuchga to'lib, aqli raso bo'ladigan yoshda ommaviy madaniyat targ'ibotchilariga ergashib, oila muqaddasligi, ota-ona ehtiromi kabi axloq me'yorlaridan uzoqlashish va faqat o'z ko'ngilxushligi uchun yashaydiganlar yo'qmi? Ba'zilar esa or-nomusdan ham voz kechib, hatto ota-onasini qariyalar uyiga topshirishdan ham or qilmaydi. Hamiyat va g'urur kabi hissiyotlardan mosuvo bo'lishida bu. Xo'sh, ayrim yoshlar nima uchun ota-ona va o'qituvchilariga quloq solmaydi? Sababi, ularning ota-­onalari tarbiyada o'z o'rnini boy berib qo'ygan va farzandlarini tashqi ta'sirlar girdobiga tashlab qo'ygan. Ushbu sharoitda ta'lim-tarbiyaga alohida e'tibor kuchaytirilishi zamon talabi bo'lmoqda.

Aksincha, kitob va ilmga oshno bo'lgan yoshlar hech qanday tashqi ta'sirga tushmaydilar, chunki ular o'z oldilariga qo'ygan maqsadlariga erishish uchun bor kuchlarini berib izlanadilar. Buning misolini Yaponiya timsolida ko'rish mumkin. Ta'limga juda katta e'tibor bergan bu xalq tabiiy boyliklarsiz ham hozirda dunyoning taraqqiy topgan, ilg'or va boy davlatlaridan biridir.

“Ommaviy madaniyat”ning zararlaridan yoshlarimizni himoya qilish uchun, avvalo, axborotdan foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz, har bir narsada me'yorga amal qilishni o'rgatishimiz, ulug' ajdodlarimiz va milliy qahramonlarimizga muhabbat uyg'otib, ularning ortidan ergashishni targ'ib qilishimiz zarur. “Ommaviy madaniyat”ning xatarlaridan yana biri — ba'zi yoshlar moddiy boylikka erishish yo'lida barcha narsani qurbon qilishga tayyor ekanligida bo'lsa kerak. Ma'naviy bo'shliqni moddiy boylikka hirs qo'yish bilan to'ldirgan kishilar uchun ota-ona va aka-ukalar o'rtasida mehr-oqibat rishtalari uzilsa ham, boylikka erishish, meros talashish odatiy narsa. Yana bir xatar esa ayrim yoshlarning yashash tarzida, kundalik yurish-turishida, gapirishida, hatto fikrlash darajasida ham milliy mentalitetimizga yot bo'lgan unsurlarga taqlid qilishlaridadir. Axir, bizning sharqona madaniyatimiz ko'p jihatdan o'z afzalliklariga ega-ku.

Ming afsuski, ko'pgina yoshlar go'yoki internetsiz hayot yo'q deb bilishmoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya Federa­siyasining Yekaterinburg shahridagi mahalliy kompyuter o'yinlari shoxobchalarining birida 12 soat kompyuter monitori qarshisida o'tirgan maktab o'quvchisi shifoxonaga hushsiz holda keltiriladi va kuchli insult xuruji bois olamdan o'tadi. Shifokorlarning fik­richa, bu fojiaga bolaning virtual olamdagi “maxluqlar” bilan “jang qilish”ga haddan ortiq darajada kirishib ketgani sabab bo'lgan.

Mana, kompyuter o'yinlariga mukkasidan ketishning ayrim oqibatlari. Bundan anglash mumkinki, elektron o'yinlar qurshovida qolgan bola fikrlash qobiliyatini asta-sekin yo'qotib boradi.

Taniqli adib Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanidagi manqurt atamasini yaxshi bilasiz. Bu atama ilk bora shu asarda tilga olingan bo'lib, asarda uning zamonaviy va tarixiy timsollari ikki shaxs, ya'ni Sobitjon va Jo'lomon obrazlari orqali ochib beriladi.

Xo'sh u nima degani?

Mashhur adibning aytishiga ko'ra, asirga tushgan tutqunning sochini qirtishlab olib tashlab, uning boshiga hozirgina so'yilgan tuyaning bo'yin terisi kiydirilgan. Shundan so'ng uning qo'l-oyog'i bog'lanib, boshini yerga tekkiza olmasligi uchun bo'yniga kattakon taxtakach kiydirilgan va shu ahvolda bir necha kun cho'lning o'rtasiga tashlab qo'yilgan. Sahroning ayovsiz quyoshi ostida tuyaning terisi qotib, tirishib, bechora tutqunning boshini siqa boshlar, uning tikandek o'sa boshlagan sochlari terisiga qadalib, misli ko'rilmagan og'riq berar, buning ustiga, tashnalik azobi chidab bo'lmas qiynoqqa solar edi. Ma'lum vaqt o'tgach, tutqun o'lib ketar yoki xotirasidan butkul mahrum bo'lib, itoatkor qulga aylanib qolar edi. Irodasiz, xo'jayiniga itdek itoatkor manqurt qullar oddiy qullardan bir necha baravar qimmat turar edi.

“Asrga tatigulik kun” romanida nayman urug'idan chiqqan Do'nanboyning o'g'li, mergan yigit Jo'lomon juanjuanlarning qo'liga asir tushib qolib, manqurtga aylantiriladi. Farzand dog'ida kuyib ado bo'lgan Nayman ona uzoq qidirib yurib, axiyri jigargo'shasini topadi. Biroq manqurt o'g'il uni tanimaydi. Tanish u yoqda tursin, manqurt o'zining mergan qo'llari bilan xo'jayinlarining buyrug'ini ado etib, kamon o'qini o'z onasining yuragiga bexato uradi…

Xuddi shu kabi insoniy tuyg'ularidan ‎mosuvo bo'lgan, hatto otasining mayitini qaerga ko'mish kerakligiga befarq bo'lgan ‎holda, qabr uchun tanlangan makonga bepisandlarcha qaragan ongli Sobitjon yangi zamon ‎manqurti sifatida tasvirlanadi.

Shundan so'ng bu atama ko'chma ma'noda o'z tarixini, naslini, o'zining tomirlarini unutgan kishiga nisbatan ham ishlatiladigan bo'ldi. Biz bugun ana shunday zamonaviy manqurtlarni yon-atrofimizda, turli xil ijtimoiy tarmoqlar: “Facebook”, “Telegram”, “TikTok”, “Instagram” kabi bir qator aloqa vositalarida ko'rgandek bo'laveramiz.

…To'qson bilan yuzlashgan buvim bo'lar edilar. Rahmatli juda duogo'y kampir edi. Kunlarning birida katta bobomizning qabr­larini ziyorat qilish uchun qishloq mozoriga bordik. Shahar hokimligi tashabbusi bilan yaqindagina obodonlashtirilgan qabriston shunaqa chiroyli ta'mir qilingan, kiraverishdagi yo'lakning ikki tomoniga rayhon, atirgul, qoqigul kabi turli-tuman gullar ekib chiqilgan edi. Kichik-kichik ustunlarga taxtachalar osilib, ularga hayot, o'lim haqida ta'sirli hikmatlar, insonlar savobli ishlarni ko'proq qilishi kerakligi haqida hadislar bitilgan ekan.

Manzaradan ko'zlari quvnagan buvijonim ustalar va tashkilotchilarning haqlariga duo qildi. Mozorboshini chaqirib minnatdorchilik bildirdi. “Rahmat senga, Shoqosim, o'tganlarning ruhi madadkor bo'lsin, savobli ishlaringning ajrini ko'rgin”, dedilar.

Ammo endi mozordan qaytamiz deb tursak, bir holat bizning, ayniqsa, buvimning ta'bini anchagina xira qildi. Bizdan ozgina nariroqda ikki yosh qiz va yigit qaysidir yaqinini ziyorat qilish uchun kelgan ekan. Qizning boshida na ro'mol bor, na kiyib olgan ko'ylagi talabga javob berardi, tizzadan yuqorida. Yigitni esa aytmasa ham bo'ladi: tizzalari yirtiq shim kiygan va qo'llariga tatuirovka tortilgan. Odob yuzasidan yopiqroq kiyim ham tashlab olishmagan. Ustiga-ustak, ikki dona gulni hali mozorning bosh tarafiga, hali oyoq tomoniga qo'yib, o'zlarini videoga olishyapti.

Tabiatan oriyatli, bunday holatga jim qarab turmaydigan buvim ikkisini ham oldilariga chaqirdilar. Mozordan tashqariga olib chiqib, rosa gapirdilar. Qiz o'zimizning qish­loqdan bo'lib, bundan bir necha yillar oldin shaharga o'qishga kirib, o'sha yerda qolgan, ota-onasi esa chetga ishlagani ketib, besh yildan buyon kelmas ekan. Yigitning kimligi noma'lum. Bo'lajak turmush o'rtog'i bo'lsa kerak-da, unga “kimsan, nima qilib yuribsan?” deb ham gapirmadilar. Faqatgina: “Erkak kishida g'urur bo'lishi kerak, yoki uni ham yoshligingda ustaga berib yuborganmisan? Esiz…” dedilar, xolos.

— “Shahar ko'rgan echkidan qo'rq”, degan naql bor, bolam. Tuppa-tuzuk oilaning farzandi bo'lsang, ha, xo'p, bobongni ziyorat qilish uchun kelibsanlar, rasmga tushishga, videoga olishga balo bormi? Tinchgina tilovatingni qilib, odob bilan qabr atrofini tozalab, o't-o'lanlari bo'lsa, yulib tashlab ketaversang bo'lmaydimi? — deya tanbeh bera boshladilar buvim.

— Ota-onamizga jo'natmoqchi edik. Shuning uchun videoga oldik. Buning nimasi yomon, tavba? — deya qiz buvimga ensasini qotirib labini burdi.

— Unday bo'lsa, ertaga erga tegayotganingda ham nikohdan o'tish kuningni shu yerda o'tkazib, ota-onangga jo'natib yubor, qizim. Esiz, uvol tarbiya. O'tganlarning xotirasi hurmati, bu ishlaring yaxshi emas. Bu holatga shaharda qanday qaraladi, bilmadim-u, bizning qishloqda bunga yo'l qo'yilmaydi. Shuncha yil institutda senga bilim berishibdi-yu, tarbiya berishmabdi-da, — deya ortlariga burilib uyga jo'nadilar buvim.

Shu kuni buvim uydan tashqariga chiqmadilar. Chuqurgina xo'rsinib, bir nimalar der, oldilariga kirsak, jim bo'lib qolar edi. Buvim qishloqning kayvoni onalaridan bo'lib, deyarli har bir oila ular bilan bamaslahat ish qilar edi. Qishloqda so'zini ikki qilgan, gap qaytargan odamni ko'rmaganman.

Biz qanday jamiyatda yashayapmizki, Navoiyning haykalini mazax qilishsa,  Bobur haykalining qo'liga pissa tutqazishsa, Amir Temur haykali oldida ikkita takasaltang qiz bir-birining ustiga chiqib selfi qilsa-yu, qattiqroq jazo qo'llanilmasa! Dunyoning bir necha mamlakatlarida Navoiy bobomizga haykal o'rnatilib (Boku, Moskva, Shanxay, Tokio), buyuk shoir ijodi keng targ'ib qilinib, o'rganilib kelinayotgan bir pallada bu ne ko'rgilik bo'ldi? Go'yoki atrofda hamma aqlli, hamma o'zidan faylasuf yasab olgan-u, ularga barcha narsalar mumkindek. Hattoki ota-bobolar sha'ni, qadr-qimmati, pok ruhlari oyoqosti qilinsa-da, biz ikki og'iz kechirim bilan unutib yuboraversak!

Aytsang tiling, aytmasang diling tilka-pora bo'ladi. O'zing tengi yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta obro' topaman, layklarimning sonini ko'paytiraman, “Tik-Tok”da yulduz bo'laman” deya hattoki onasining yoki buvisining yuzini tort bilan urib bejasa, qaysidir tarbiyasiz “onamni o'ldiraman” deb valaqlab chiqsa, nega bunga befarq, jim o'tiribmiz? Bugun dunyoda yoshlar zamonaviy robotlar, innovatsion yangiliklar qilib, xalqaro medallar olib, davlat sha'nini himoya qilib yurgan paytda bizda ayrim yoshlar ming yillik qadriyatlarimizga bepisand qarab, ko'ngli tusagan nomaqbul ishlarni qilib yursa…

Bilasiz, oilada qo'rg'on mustahkam bo'lmas ekan, oila atalmish qal'adan gulu rayhonlar emas, butun borliqni egallab nafasni siqadigan zarpechaklar unishi hech gap emas. Shunday ekan, turmush tashvishlari-yu arzimas sabablar tufayli jamiyatdagi qo'rg'onlar yemirilib ketmasligi kerak. Zero, bu yuraklari Vatan deya urib turgan har bir vatandoshimizning burchidir…

Albatta, har tomonlama to'kis, bilimdon, hamma havas qilsa arziydigan ma'naviyatli, ma'rifatli yoshlar ko'p. Ular ilm-fanda ham, madaniyat va sportda ham, boshqa sohalarda ham o'rnak, namuna bo'lishmoqda. Ota-­onalariga, mahalla ahliga rahmat olib kelishmoqda. Ammo yuqoridagi o'ylar, mushohadalarga sababchi bo'lgan tengdoshlarimiz ham kam emas. Ular jamiyatimizning dardi, har bir ziyolining dardiga aylanishi kerak. Zero, bizning millat ulug' qadriyatlarga, buyuk ma'naviy ildizlarga ega millatdir. Unga munosib bo'lmoq ham farz, ham qarzdir. Niyat shuki, elimizning orasidan norasolar chiqmasin, faqat yaxshilar chiqsin!

Islom ASILBEKOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 17 =