O'zbek adibining turkcha mo''jizasi

Xabaringiz bo'lsa kerak, Turkiya poytaxti Anqara shahridagi “Kültür Ajansı” nashriyoti tomonidan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Qulman Ochilning “Erkekçe sözüm” (“Yigit so'zim”) kitobi chop etilgan edi. Quyida taniqli adib, filologiya fanlari doktori, professor Xayriddin Ivginning kitobga yozgan so'zboshisini siz mushtariylarimizga havola etishni lozim topdik. Chunki, iste'dodli o'zbek yozuvchisi Qulman Ochilning asarlarini sevib mutolaa qiladigan yurtdoshlarimiz talaygina. Qolaversa, turkiyalik taniqli adibning fikr-mulohazalari ham e'tiborga molik.

* * *

Men uzoq yillardan beri turkiy xalqlar og'zaki ijodini tadqiq etib kelaman. Jumladan, “Alpomish”, “Kuntug'mish”, “Go'ro'g'li”, “Oshiq G'arib” singari o'zbek xalq dostonlari, ertak va afsonalarini o'rganish sharafiga muyassar bo'lganimdan faxrlanaman. Ochig'ini aytishim kerakki, zamonaviy o'zbek nasridan xabardorligim, ta'bir joiz bo'lsa, yuksak didli kitobsevar darajasida. So'nggi paytda bu boradagi izlanishlarim ham kutilmagan yangiliklar bilan meni xushnud etayotganidan xursandman. Dalili — qo'lingizdagi “Yigit so'zim” kitobi.

Ushbu to'plamning chop etilishi qiziq bo'ldi. Bir sabab bilan “Qizil ko'rpacha” degan mo''jazgina hikoya qo'limga tushib qoldi. O'qisam, binoyigina. Birinchi satrlaridanoq xayolingizni o'g'irlaydi. Muallifi o'zbek adibi Qulman Ochil ekan. Eski qadrdonim, taniqli mutarjim, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Rustam Jabborov tarjimasida bu hikoyani darhol “Kültür Çağlayanı” jurnaliga tavsiya etdik. Qarangki, hikoya nafaqat tahririyat xodimlarining, balki mushtariylarning ham e'tiborini tortdi. Turkcha matni hali bosmaxona yuzini ko'rmasidan, jurnalimizga qo'ng'iroqlar bo'ldi: “Qizil ko'rpacha” qachon chiqadi?”

Keyin menda adibning boshqa asarlarini ham o'qish ishtiyoqi tug'ildi. Tanish-bilishlarimdan va internetdan so'rab-surishtirishga, izlashga tushdim. Bilsam, o'nga yaqin kitobi — ko'plab qissalari, hikoyalari, esselari chop etilgan, boshqa tillarga tarjima qilingan mahoratli adib ekan.

Muallifni shaxsan tanimasam-da, joyi keldi, kitobxonlarga u haqda muxtasargina aytib o'tay: Qulman Ochil 1957 yili O'zbekis­tonning Qashqadaryo viloyatidagi Ko'kdala qishlog'ida tug'ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida o'qigan. Salkam yarim asrdan beri qo'li qalamdan uzilmaydi. O'zbekistonda uni jur'atli jurnalist, mohir tarjimon, qat'iyatli muharrir va iste'dodli yozuvchi sifatida yaxshi bilishadi. Asarlari ishtiyoq bilan mutolaa qilinadi.

Bu yog'ini aytsam, adib tug'ilgan zamin — Qashqadaryo vohasi menga begona emas. Shu vohaga nomdosh daryo bo'ylab uzalgan go'zal, sokin zamin 28600 kvadrat kilometr maydonga ega. Aholisi 2,3 milliondan oshadi. Energetika, tog'-kon, yoqilg'i sanoati rivojlangan. Sayyohlarning qadami uzilmaydi. Ikkita aeroporti doim gavjum. Viloyatda o'zbek, tojik, ruslar qatori turk millatdoshlarimiz ham ahil-inoq istiqomat qilib keladi.

O'zbekiston janubidagi bu viloyat zahmatkash dehqonlaru chorvadorlar, kuragi yerga tegmagan polvonlar, shamolday uchqur bedovlarni bir deganda jilovlay oladigan abjir chavandozlar, xushxon baxshilar, mashhur shoiru yozuvchilar, allomalar yurti. Shuning uchun bo'lsa kerak, adibning asarlarida ham baxshilarga xos topqirlik, polvonlarga xos tantilik, chavandozlarga xos mardlik, olimlarga xos zakiylikni darhol ilg'ab olasiz. Ixlosingiz oshadi!

Adib bir tomondan sarguzashtlarga boy jo'shqin jurnalistlik faoliyati, ikkinchi tomondan esa qissalari va ko'plab hikoyalari bilan e'tirofga sazovor bo'lgan. Mamlakat Prezidentining farmoniga binoan 1999 yili jurnalistika sohasidagi eng yuksak davlat mukofoti — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist unvoni bilan taqdirlangan. So'zidagi sayqal, tasviridagi aniqlik, fikridagi joziba esa sermashaqqat jurnalis­tika maktabining mevasidir.

Mashhur turk adibi Aziz Nesinning ixlosli bir iqrori bor: “Men o'z xalqimni butun sajiyasi, fazilatlari va albatta, qusurlari bilan sevaman”. Chamasi, Qulman Ochilning turk ustozidan bu borada o'rgangan joylari yo'q emas. Shaharligu qishloqlik, ziyoliyu omi, amaldoru tobe, otlig'u piyodaning qiyofasini o'z dardi va “aytar so'zi”ga ega adibga xos xolis va samimiy chizadi.

Aytishlaricha, atoqli o'zbek adibi Erkin A'zam bir paytlar shunday yozgan ekan: “Qulman Ochilning uslubi shundayki, u quruq, zerikarli tafsilotlardan, silliq safsatalardan qochadi, dag'alroq ko'rinsa ham, yangi, qiziq gaplardan “gurung berish”ga intiladi; uning uchun muhimi — mohiyat…”

“Lafz” hikoyasi oddiy odamlar — yo'l-yo'lakay to'xtab, mashinasini yuvmoqchi bo'lgan yo'lovchi bilan bir bolakayning uchrashuvi asosiga qurilgan mo''jazgina asar. Ularning suhbatidan mardlik, oriyat va zahmat inson shuuriga bolalikdan singib borishi matonatli kishini tarbiyalashiga amin bo'lamiz.

Mazkur kitobdan joy olgan bosh­­qa asarlar: “Bir kafgir osh”dagi Saida, “Geri gedan”dagi bankir ayol, “Yigit so'zim”dagi Robiya, “Xinali qor”dagi Yo'ldosh, “Senzura”dagi muxbir yigit, “Nadir xayoling”dagi Jabbor polvon — barchasi tabiatan zahmatkash, halol, fidoyi, hayot sinovlaridan yorug' yuz bilan o'tib kelayotgan, eng og'ir vaziyatlarda, hatto o'limga tik boqib turganda ham tahlikayu vahimaga tushmaydigan, zorlanmaydigan insonlar. Ezgu maqsad yo'lida o'z qadr-qimmatini, insoniyligini yo'qotmaydigan irodali odamlar.

Hayotda faqat o'ziga ishonib, e'tiqodiga tayanib yashaydi ular. Aslini olganda, yozuvchi ijodining bosh g'oyasi ham shunda — haqiqiy inson e'tiqodidan chekinmaydi.

Qayd etganimiz — “Qizil ko'rpacha” hikoyasida o'rta rutbadagi amaldor hayotining bir lahzasi yalt etib ko'zga tashlanadi. “Toshkentga ketayapman” degan vaj bilan uyidan chiqqan erkak qo'shni shaharchadagi jazmanining og'ushidan halovat topadi. Hikoyada er o'z ayolini, jazman maqomidagi yosh xotin omonat erini, ota o'z o'g'lini, amaldorlar bir-birini aldashga urinadi. Bir qarashda odatiy hol. Xiyonatning bunday o'ziga xos ko'rinishini dunyoning istalgan mamlakatida, jumladan, Turkiyada ham uchratish mumkin.

Muallifning mahorati shundaki, ana shunday oddiy maishiy hodisani katta umumlashma — ijtimoiy, hatto umuminsoniy muammo darajasiga ko'tara olgan. Oilada yolg'on, ko'zbo'yamachilik va befarqlik ildiz otsa, insonning, butun jamiyatning kelajagi asardagi bolakay kabi majruhlikka yuz tutadi.

Adib dunyoqarashining, ko'nglining kengligi, uslubining o'ziga xosligi va milliy bo'yoqlarining jozibadorligi — barchasi jonajon Vatani — gurkirab rivojlanayotgan Yangi O'zbekistonga yuksak farzandlik mehri va sadoqati bilan uzviy bog'liqlikda namoyon bo'ladi.

“Inson — jumboq, — deb yozadi u maqolalaridan birida. — Yaratganning yaralmishini — ushbu jumboqni hali hech kim to'la kashf etmagan, eta olmaydi ham. Ijod — adabiyot va san'at mazkur xilqatni o'rganish yo'lidagi urinish, izlanishdir”.

Qulman Ochil bunday izlanish­lar samarasida o'z yo'lini va o'z mavzusini topish sharafiga muyassar bo'lgan adib.

Elektron asrda odamlar, ayniqsa, yoshlar kitob mutolaasidan ko'ra, internetdan ermak qidirishni xush ko'radi. Ammo bu yorug' olamda kitob nomlig' mo''jizaning o'rnini hech narsa bosolmaydi. Ko'nglingizga oydinlik, hayotingizga mazmun olib kiradigan buyuk mo''jiza.

Adibning “Yigit so'zim” kitobi ham qalblarga nur va ishonch bag'ish­laydigan ana shunday mo''jizalardan biri ekaniga shubham yo'q.

Qulman Ochilni turk kitobxonlariga taqdim etilayotgan ushbu ajoyib kitobi bilan samimiy qutlayman. Ayni paytda, iste'dodli o'zbek adibini turk o'quvchilariga tanishtirish sharafiga muyassar bo'layotganimdan behad mamnunman. Bu hikoyalarni eski qadrdonim, olim va tarjimon Rus­tam Jabborov mahorat bilan tarjima qilganidan xursandman.

Ushbu kitob qardosh turkiy xalqlarning madaniyatlari va adabiyotlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirish yo'lidagi ezgu qadamlardan biridir. Tobora ko'payib va kengayib borayotgan bunday ijodiy loyihalarimiz hamisha xayrli va davomli bo'lsin!

Xayriddin IVGIN,

filologiya fanlari doktori, professor.

(Anqara)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 12 =