“OLOV” KITOB
Yaqinda qo'limga muallif Alisher Toirovning “Gazeta … o'qish uchun chop etiladi” nomli kitobi tushib qoldi. Kasb-korimiz jurnalistika, gazetachilik bo'lganligi bois, bu kitob ko'zimga olovdek bo'lib ko'rindi. Avvalo, kasb taqozosiga ko'ra, qolaversa, keyingi paytlarda gazeta-jurnallar, barcha bosma ommaviy axborot vositalari faoliyatida hukm surayotgan katta muammolar bu kitobga bo'lgan qiziqishimni orttirib yuborgan edi.
Darhaqiqat, keyingi paytlarda ko'pchilik xuddi kitob mutolaasidan chekingani kabi, gazeta va jurnallarni ham o'qimay qo'yganligi, yoshu qarining aksariyat telefon tutib, u orqali internet tarmoqlari bilan andarmon bo'lib qolayotganligi, buning ustiga, “obuna majburiy emas” degan aqida bahonasida davriy nashrlarga obuna tashkil etishdek mas'uliyatli vazifaning “o'zi bo'larchilikka” tashlab qo'yilganligi ham ana shunday muammolarni keltirib chiqarayotir.
Ammo bir narsa aniqki, xuddi kitob – eng yaxshi va sinalgan do'st, ma'naviyat manbai bo'lgani kabi, gazetalar, xususan, rasmiy gazetalar ham ommaga to'g'ri va haqqoniy axborotlar yetkazib berish barobarida ma'naviyat va ma'rifatga boy maqolalar, iqtisodiy-siyosiy tahlillar, ijtimoiy-madaniy munozaralar, umuminsoniy va milliy qadriyatlar yuzasidan bir-biridan qiziqarli chiqishlari bilan to'g'ri yo'nalishlar berish orqali ommaning ma'naviy yuksalishiga xizmat qiladi.
“Gazeta … o'qish uchun chop etiladi” kitobi muallifi Alisher Toirov ham o'z asarida aynan mana shu dolzarb masalalar haqida mulohaza yuritadi va ushbu mulohazalar orqali u barchani, xususan, yosh avlodni gazetalarga ehtirom bilan munosabatda bo'lishga undaydi.
Shu sababli gazetalar va gazetalar tahririyatlari faoliyati haqida gap ketar ekan, muallif shunday yozadi: “Ushbu dargoh qanchadan-qancha buyuk shaxslarni tarbiyalamagan, deysiz. Birgina Sharof Rashidov nomining o'ziyoq gazetalar kuchini ko'rsatib turibdi. Bu ulug' insonni Vatan uchun shu gazeta tarbiyalab bergan, desak, ayni haqiqat bo'ladi. Balki, ko'pchiligimiz Sharof Rashidovning ham “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi bosh muharriri lavozimida ishlaganliklarini bilmasmiz.
Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va boshqa ko'plab shoir va yozuvchilar ham, avvalo, gazeta tahririyatlari ostonasiga qadam qo'yganlar. Dunyoda “bestseller” (eng mashhur asarlar, deyilmoqchi – M.B.) nomini olgan kitoblar ham kitob bo'lishidan avval gazetalarda chop etilgan”.
Poytaxtdagi “Ijod nashr” nashriyotida chop etilgan va gazetalar faoliyatidagi dolzarb muammolar ochiq-oydin, o'ta xolislik hamda kuyunchaklik bilan yoritilganligi bois ijodkorlar va muxlislar o'rtasida katta qiziqish uyg'otgan ushbu kitobning ayni kunlarda qizg'in taqdimot marosimlari ham bo'lib o'tmoqda. Jumladan, yaqinda poytaxtdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo'lib o'tgan taqdimot ham juda qiziqarli o'tdi.
Bu haqda “Hurriyat”ning o'tgan sonlarida maqola e'lon qilingani bois, atroflicha to'xtalib o'tirmoqchi emasman. Faqat matbuot va gazetxonlik mavzusidagi eng yaxshi kitoblardan biri bo'lgani bilan asar muallifini qutlamoqchiman.
M.BOZORALIYEV.