Ildizga nazar

“Daraxt ham ildiziga salom beradi” – qaerdadir o'qiganim bu hikmatli so'zda teran ma'no bor. Va daraxt yaproqlari bir kun bandidan ajralib, ildizlar ustiga poyandoz bo'ladi. Ya'ni o'zidan ajralib, yana o'ziga qaytadi go'yo. Tabiat mavjudotlari hazrati Insonga har jabhada saboq berayotganga o'xshaydi. Zero, ildizga salom berish oxiri ildizga qaytishdan oldingi amaldir. Shunda misoli borliq va yo'qlik, omonatlik va abadiylikning surati bir lavhada mujassam bo'lgandek. Shoir, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulom Mirzoning “Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)” kitobi ana shunday amalning hayotdagi tasdig'idir.

Unda muallif “uzoqqa borib o'tirmay”, mavzuni o'tirgan joyidan topgan, ya'ni o'tgan asrning 50-yillarida qatag'onga uchragan (qatag'onning urushdan keyingi ikkinchi to'lqini) bobosi va otasi haqida yozadi. “Dastlab ota, keyin o'g'il qamoqqa tashlanadi, biri 10 yil, ikkinchisi 6 yil olis o'lkalarda  tutqunlikda saqlanadi.  Ota-bola jazoni GULAG – axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasining Rossiya hudud(lar)idagi   mehnat-tuzatish lagerlarida o'tab qaytganlar. Afsuski, ota ham, o'g'il ham aynan qaysi manzilda jazo o'taganini hech qachon, hech kimga aniq ochiqlamagan” (qarang, zulmni fosh qilmaslik uchun og'izga shu darajada “qulf solingan”), deb yoziladi  kitobning “Etmish yilda ro'yobga chiqqan adolat” sarlavhali so'zboshisida.

Bir oilaning taqdiri shunday kechgan: urushdan keyin yana “xalq dushmanlari”ni ovlash boshlangan va Qarshi tumanidagi ko'z ilg'amas Xushvaqt qish­log'ida ro'zg'or tirikchiligi bilan kuymanib yurgan 44 yoshli dehqon  Mirza To'layev birdaniga tuzum uchun xavfli sanaladi va tergovga tortiladi. Qarashsa, bu xavfning ildizi teran, “yov”  bolalab ketgan, ko'p o'tmay xavfli shaxsning 20 yoshli o'g'li  Abdirahim Mirzayev ham qamoqqa olinadi. Xullas, ota-bola o'zlari ham bilmagan gunohlari uchun uzoq muddat ozodlikdan mahrum etiladilar va belgilangan jazoni o'tab, qishloqlariga omon-eson qaytadilar, har biri 80 yoshni yashab, keyin bu dunyoni tark etadilar. Kitobning asosiy mazmuni shu.

Albatta, voqeaning ikki qirrasi mavjud. Birinchidan, ular kim edi va nega qamaldi? Ikkinchidan, adolat qay yo'sinda qaror topdi? Tajribali qalamkash sifatida G'ulom Mirzo ana shu yo'nalishda izchil fikr yuritadi va milliy hayotimizga xos lavhalarni quyuq bo'yoqlarda chizib, kechagi kunning manzaralarini juda yorqin aks ettiradi. Qish­loqda boshqalardan farq qilmaydigan xonadon, tirikchilik bir navi: mol-hol, tomorqada dehqonchilik, asosan, bodiring yetishtiriladi. Bu hovlining egalari ma'rifatga yaqin odamlar, uyi­­da kitob saqlaydi, ma'rifatdan gapiradi, Buxoro madrasalarini xatm qilganlar bor. Ana shu jihat doim “qizil” tuzumning nishonida bo'lib kelgan.

Kitob bilan tanishib chiqqan har bir kishida o'z ildiziga nazar solish, o'tgan ajdodlarini eslash, ularni yod etish shukronasi bilan birga, ham faxrlanish, ham pushaymonlik hislari  uyg'onadi. Chunki millatimizning yaxlit tarixi har bir shaxs, oila, sulola tarixining umumlashgan manzarasidir, unda asrlar dovonlaridan omon o'tib, xalqimizni asrab-qutqarib kelgan qadriyatlar mujassamlashgan, boshqa tomondan esa ota-bobolarimiz qanday qora kunlarni boshdan kechirgan? Birovga og'iri tushmay yurgan odamlarning boshiga qora kunlarning kelishi… Bu nima edi: jazomi, ko'rgilikmi yoki saboqmi? Ana shunday muhokamalar silsilasida bugun bizga muyassar bo'lgan mustaqillikning mohiyati yana bir marta namoyon bo'ladi. Bizga taqdir qanday buyuk saodatni nasib etdi?

Shubhasiz, ijodkorning qo'liga qalam tutishiga turtki bergan omillar bo'ladi. G'ulomjon uchun bu, avvalo, istiqlol shukronasi bo'lsa, ikkinchidan esa hayot ummonida qaynab, boshidan issiq-sovuq kunlarni o'tkazayotgan, gohida o'sha kunlar sharpasini his etgan har qanday kishining bot-bot ortiga boqib: “Men o'zi kimman, kimlarning zurriyotiman?” tarzidagi keskin mulohazalari mahsulidir. Inson  shu tarzda savol qo'yishi, bu savollarga javob izlashi asnosida unga nasib etgan hayot nashu' namolariga qanchalik haqli ekani-yu, zimmasida qanchalar mas'uliyat borligini his etadi, ana shu xayoliy sayohatlari jarayonida ajdodlaridan o'ziga kuch oladi, ular ruhi-xotirasi qarshisidagi majburiyat uni olg'a undaydi.

Kitobda bir oilaning shajarasidan tortib, har  bir yaqinlarining turmush tarzi, ichki kechinmalarigacha mehr bilan hikoya qilingan. Ularning hayotiy suratlari so'z bilan jonli chizilgan. Buning uchun kishi o'sha kunlarni to'la his etishi, o'sha insonlarni farzandlik mehri bilan otashin tarzda sevishi, o'z imkoniyati, iste'dodini ularga nisor etishi joiz bo'ladi. Muallif tomonidan bu talablar  juda chiroyli uddalangan.

Kitob  yetti qismdan iborat. Har bir qism avvalida tasavvuf va irfonning yetuk nazariyotchisi, dunyoga mashhur vatandoshimiz Aziziddin Nasafiyning “Komil inson kitobi”dan “Ey, darvesh” deb boshlanuvchi iqtiboslar keltirilgan. Bu hol quyida kechayotgan voqealarni tiriklik falsafasining dunyo miqyoslaridagi ko'zgusida tasavvur va tahlil qilishga ko'maklashadi. Avvalo, oilaning shajarasi keltirilib, necha yillar oldin o'tib ketgan xesh-aqrabolar eslanadi, shu bahonada ularning muborak nomlariga bugunning nafasi tegadi.  Davomidan ayni damlarda  ancha faromush bo'lib qolgan burungi turmush tarzi, odamlarning bir-biriga mehr-oqibati, samimiyati, qondoshlik udumlari tilga olinadi. Voqealar girdobida bobosining eshshagiga mingashib,  bozorga borayotgan, undan saboq olayotgan va xizmatini qilayotgan nabira ham bor. Asosiy maqsadni yuzaga chiqarish – sho'ro istibdodini fosh qilish uchun esa eng o'ng'ay yo'ldan boriladi: hujjatlarga navbat beriladi. Ular bilan tanishgan kitobxon ko'z o'ngida shafqatsiz xo'rlangan xalqimizning jonli surati namoyon bo'ladi. Har bir lavhada zulm va hurriyat istagi, nafrat va muhabbat zidma-zid qo'yiladi, dildan qora kunlarning tezroq tugashini, tong otishini kitob qahramonlarigina emas, o'qirman ham istab qoladi.

Boboning hibs etilishiga sabab, uning qishloq masjidida so'filik qilib, azon chaqirishi, odamlarni namozga chorlagani, suhbatlarida,  va'zlarida islom dini talablarini  tilga olib, odamlarni insof-diyonatga da'vat etgani bo'lgan. Bobo zamonaviy ilmlar bilan ham yaxshi tanish, tergov jarayonlarida o'sha davrning siyosiy arboblari nutqlaridagi so'zlaridan misol keltirib, ma'murlarni rosa dovdiratgan, hatto Pushkinni bilgan, shoirning erk istagidagi qarashlari jinoyat emasligini isbotlagan.  Yana boboga qo'yilgan ayb­lardan biri o'g'lining armiyaga borishiga qarshi bo'lgani hisoblangan…

Muallif peshona teri bilan kun ko'rgan halol odamlarning turmush tarzini jonli lavhalarda chizar ekan, dahriylikka asoslangan tuzumning razolatlari ko'z oldimizda gavdalanadi. …Shig'il meva qilgan balxi tut, uning hosiliga o'nlab odamlar intilgan, og'zi tekkanlarga tiriklik unsuri qaytgan. Ro'zg'ordagilar esa marvariddek  mevalardan shinni, qiyom, mayiz tayyorlash uchun idish­larni  shaylab qo'yibdi. Lekin “sovet pillasi”ga tut bargi kerak.  Bir zumda qiyomat qo'padi, iltijolar, ko'z yoshlar, faryodlarga qaramay, tut kallaklanadi. Unday qilsa ham yoqmaydi, bunday qilsa ham yoqmaydi, xullas, “…sig'sa ham besh tanga, sig'masa ham…”

Shunday sharoitda e'tiqod bilan yashash naqadar og'ir bo'lgan, mabodo tuzumning ashulasini aytsang, pichog'ing quyruq ustida. Bundaylar ko'plab topilgan: qorin g'amida, mukofot ilinjida, kimdandir o'ch olish maqsadida… O'shalar ota-bola haqida ham maromiga yetkazib ko'rgazmalar bergan, o'zlari bilib-bilmay odamlar umriga zomin bo'lgan. Ular ham begona emas, qishloqdoshlar, davradoshlar, qaysilarigadir So'fi bobo otasi qilmagan yaxshilikni qilgan… Muallif hujjatlarni o'rganar ekan, ko'plab tanish kishilarni uchratadi, ular andisha qilib o'tirmay, baralla sotganlar. Muallif esa andisha qiladi: ularning ism-shariflarini oshkor qilmaydi…

Ayni paytda qatag'on davri tarixi oshkora tahlil qilinayapti, u kunlar dahshatlari butun bo'y-basti bilan namoyon bo'layapti. Bunday sa'y­-harakatlar  shunchaki “zamona zayli” tarzida emas, balki teran ma'naviy asoslarda aks etishi ayni muddao. Shunday bo'hron nega sodir bo'ldi, unga qanchalik zarurat bor edi, uning yuzaga chiqishi, ya'ni qatag'on mashinasining ishlab ketishi qanday omillarga bog'liq bo'lgan va aslida, maqsad nima edi, singari savollar bunday chiqishlarning asosida turishi maqsadga muvofiqdir. Negaki, o'tmish saboqlari ibrat, hushyorlik qo'ng'irog'i, maqsad endi o'sha ko'rguliklarning takrorlanmasligi, uning bosh ko'tarishiga yo'l qo'ymaslik. Holbuki, mash'um “tozalash”larni qo'msovchilar har qadamda topiladi, “Bos” desa, har muyulishdan o'ntasi irg'ib chiqadi. Shukronalar bo'lsinki, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat bunday qutqularga yo'l bermayapti.

Ma'lumki, respublika Oliy sudi  begunoh jabr­diydalarni oqlash haqida qarorlar qabul qilayapti, bu hol jamoatchilikning e'tirofiga sazovor bo'lmoqda. G'ulom Mirzo ham yuzaga kelgan ro'shnolikdan foydalanib,  ham imkoniyatidan kelib chiqib, otasi va bobosi hayoti bilan qiziqdi, ularga doir hujjatlarni topib, batafsil tanishib chiqdi va voqeani mufassal bayon etib, shu kitobni nashr ettirdi. Hujjatlar bilan tanishishda O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo'yicha milliy markazi, uning raisi akademik Akmal Saidov yaqindan yordam berishgan. Kitobda o'sha kunlar nafasini o'zida saqlab kelayotgan ko'p­lab hujjatlardan ko'chirmalar keltirilgan, asosan, boshqa millat vakillari tomonidan tuzilgan va imzolangan, tuzumning qiyofasini tasavvur qilishda asqatadigan bu qog'ozlar qanchalik ustomonlik bilan tuzilgani (ularda qandaydir “xalqaro huquqiy me'yorlar ham buzilgani” da'vo qilingan o'rinlar uchraydi) qatag'onlar shunchaki tasodif bo'lmagani, balki bosh maqsad millatni  sindirish, uning qiyofasini buzib tashlash bo'lganini tasdiqlaydi.

G'ulom Mirzo bu kitobni nashr etish bilan ibratli yumushga qo'l urgan. Zero, har bir kishi o'z o'tmishini bilsa, ajdodlarini tanisa, ham jamiyat oldida mas'uliyati oshadi, ham to'g'ri yo'l tanlashda  adashmaydi.   Daraxt yaproqlarining ildiziga, tomiriga egilib turishida tabiiy bir hikmat yashiringanidek, har bir kishining o'z ajdodlarini tanishi, e'zozlashi, obro'si uchun kurashi  ham chuqur ijtimoiy hikmatdir.

Hakim SATTORIY.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + seventeen =