Sehrli konvert

yoki aksa urish tufayli oilaviy janjal
Aksa urish janjalga sabab bo'lganini eshitganmisiz? Yo'q, deyishga shoshilmang. Chunki kamina bilan sodir bo'lgan ushbu voqea bunga asos bo'ladi.
Ishdan kelsam xotinim ayvonda televizor ko'rgancha choy ichib o'tirardi.
— Yaxshi keldingizmi? – dedi darrov o'rnidan turib qo'limdagi narsalarni olarkan.
— Birov meni yomon keladi, deganmidi? – dedim odatimcha kulib.
— O'hho', – dedi u gapimga parvo qilmay, olib kelgan narsalarimga quvongancha ko'z yugurtirib. – Bozorlik juda katta-ku. Baxtimizga sog' bo'ling. Shuncha narsa olib kelibsiz-a. Sizni saxiy yaratgan Xudoyimdan aylanay.
Xotinimning gapini tasdiqlagandek ketma-ket aksa ura boshladim.
— Sog' bo'ling, dadasi. Sog' bo'ling.
— Rahmat, xotin. Sen ham salomat bo'l.
Shunday deya cho'ntagimdan dastro'molcha olmoqchi bo'lgandim, dastro'molchaga qo'shilib chiqqan konvert “top” etib yerga tushdi.
— Nima bu? – dedi u o'shshayib konvertga qarab.
— Ko'rib turibsan-ku, konvert, – dedim ohista va olmoqchi bo'lgandim, xotinimning zardali tovushi eshitildi.
— To'xtang, olmang. O'zim olaman.
U shunday deya chaqqonlik bilan yerga tushgan konvertni oldi.
— Ichida nima bor? – dedi u jahl bilan konvertni ushlagancha.
— Bu sehrli konvert. Ochib ko'r, bilasan.
— Hah, ha, – dedi u qalin qoshlarini chimirib. — Ishxonadagi oyimchangiz yozgan xat bo'lsa kerak. Jig'imga tegish uchun ataylab “sehrli konvert, ochib ko'r” deyapsiz. Bo'lmasa o'zingiz ochgan bo'lardingiz.
— Hech qanday oyimcha ham, xat ham yo'q. Ichida pul bor, xolos.
Xotinimning bu gapdan hayronligi oshdi.
— Pul?! Qanaqa pul?! Porami?
Xotinimning vajohati o'zgara boshladi. Uning boyagi quvnoqligidan asar ham qolmagandi.
— Oddiy pul. O'zbek milliy valyutasi — so'mi, — dedim bamaylixotir xotinimga qarab. —Hech qanday pora emas. Qalam haqi. Qolaversa, katta mansabdor bo'lmasam, menga kim ham pora beraman deb ko'zi uchib turgandi?
— Qalam haqi! Unda nega oppoq konvertga solingan? Nega ichki cho'ntagingizda emas?
Xotinim politsiya komissariga o'xshab “so'roq”ni keskin oshirib borardi.
— O'… Baraka topkur. Qalam haqi deyapman-ku. Gazetadagilar madaniyat yuzasidan konvertga solib, ustiga familiyamni yozib qo'yishgan. Chet ellarda shunaqa emish.
— Rostdanmi? Rostdan ham qalam haqimi?
— Ha, rost, “Hurriyat”da bosilgan narsalarimga yana qalam haqi berishdi. Oldingi safar olganing esingdan chiqdimi?
Xotinim bu gapga ishonib-ishonmay konvertga qaradi. Qarasa, konvert ustida rostdan ham familiyam turibdi.
— Mang, o'zingiz oching-chi. Rostdan ham pulmikan?
U shunday deya jahl bilan konvertni qo'limga tutqazdi.
— Aytsam ishonmaysan-a? Mana senga pul.
Konvert ichidagi bir dasta pulni ko'rib endi xotinimning ko'zlari quvonchdan porladi. Porladi-yu birdan yuzi tundlashdi.
— Buni qarang-a, aldamabsiz, rostdan ham pul ekan. “Hurriyat”dagilar yana qalam haqi berishibdi-da. Qandoq yaxshi! Mehnatlaringiz zoe ketmabdi, – shu yerga kelganda uning rangi o'zgardi va yana savolga tutdi. – Unda nega boshqa gazeta va jurnaldagilar qalam haqi berishmaydi? Yoki ularni oyimtillangizga berib yuribsizmi? Gapiring!
— Gapimni takrorlayman. Hech qanday oyimcha yo'q. Sening o'zing yetib ortasan.
— Nima?! Hali shunaqami? – dedi u katta-katta ko'zlarini o'ynatib. – Bu gapingiz bilan endi sen ortiqchasan demoqchimisiz?
— Men shunday dedimmi?
— Siz nuqul kosa tagida nimkosa gap aytasiz-ku!
— Bu gapimda kosa ham, nimkosayam, piylayam yo'q! – dedim jahl bilan.
— Rostdanmi?
— Rost!
— Unda ko'zlarimga tik boqib gapiring-chi.
— Nima dey?
— Boshqalar pul bermadi, oyimtilla yo'q deng!
— Boshqalar pul bermadi, oyimtilla yo'q. Qutuldimmi?
— Bu boshqa gap! – dedi u ko'zlarimga sinchkovlik bilan qarab. – Xudoga shukur. Mayli, boshqa gazeta-jurnallar ham qalam haqi berib qolar. Bu pulga men o'zim bilan o'g'limga narsa olaman. Boshqalar ham “sehrli konvert” berib qolsa, sizga ham narsa olamiz. Ko'rdingizmi, biz doimo sizni o'ylaymiz. Buni yaxshilab qulog'ingizga quyib oling, xo'pmi!
— Apshuu!..
Bahrom AKBAROV.