Mehribonlik

Bahrom AKBAROV

Farishtali erkak

— Sizni hamma nima uchundir salobatli, farishtali erkak dey­di, — dedi xotinim biroz kulimsirab.

— Nima, shubhang bormi? – dedim zarda bilan.

— Yo'q, shubham yo'q. Shubha menda nima qilsin?! Faqat goho odamlarning isbotsiz gapiga hayron qolaman-da, – dedi u biroz asabimga tegib.

— Nimasiga hayron qolasan? Uyim-joyim desam, o'qimishli bo'lsam. Yaxshi joyda ishlasam, aql-hushim joyida bo'lsa… Aytgan narsangni…

Birdan qarmoqqa ilinganimni sezib to'xtab qoldim.

— Davom eting. Yaxshi ket­yapsiz, – dedi xotinim quvonch bilan. – Bo'lmasa o'zim aytaman. Aytgan narsangni vaqtida obersam demoqchisiz. Shundaymi?

—  Ha, – dedim bo'shashib.

— Odamlar to'g'ri aytishgan ekan. Haqiqatan ham siz farishtali erkak ekansiz. Faqat buni isbotlash uchun ertaga men bilan “Ippodrom”ga borib, aytgan narsamni obersangiz, bo'ldi.

Qalam haqi esdan chiqmasin

Ishdan kelsam, xotinim o'shshayib o'tiribdi. Biron narsadan xafa bo'lsa shunday o'tirishini bilganim uchun:

— Ha, malikalarga o'xshab o'tirishlaring boshqacha, — dedim hazilomuz. Indamadi.

— Ja, qattig'idan tekkan, shekilli, indamaysan?

Bu safargi gapimdan keyin xotin ikkita zulukdek qop-qora qoshlarini chimirgancha yonidagi “Hurriyat” gazetasini ko'rsatdi.

— Bu nima?!

— Gazeta! Nima bo'pti? “Hurriyat”da biron shov-shuvli maqola chiqibdimi?

— Chiqipti! — dedi xotinim asabiylashib, — chiqqandayam juda katta narsa chiqipti! Endi sizga biron gap gapirolmayman, shekilli. Nima desam, shuni yozadigan bo'pqopsiz. Tag'in malikaymishman.

— “Hurriyat”da shov-shuvli maqola chiqishi yaxshi-ku! – dedim xotinimga jilmayib.

— Yaxshi! Nimasi yaxshi! “Holvani hokim yeydi, kaltakni yetim” deganlari shu ekan. Barcha olqishlar sizga-yu, mehnat qilgan bizga shimildiriq! Tag'in hikoyalarning bosh qahramoni — men-u o'g'lim. Biz — salbiy qahramon. Siz esa — ijobiy. Shundaymi?

Xotinimning dag'dag'asi kuchaya borayotganini sezdim-da, dedim:

— O'zingni bos, xotin. Salbiy qahramon bo'lsang ham, mana, senga qalam haqi obkeldim.

— Qalam haqi?! Qanaqa qalam haqi?! U nima degani o'zi?!

— Mana, ol, — cho'ntagimdan bir dasta pulni chiqarib unga uzatdim. Shuni qalam haqi deyishadi.

Xotinim pulni ko'rdi-yu, birdaniga o'zgardi. Yuziga qizil yugurdi.

— Adajonisi, balki, bu cho'ntagingizda ruchka haqi ham bordir, – dedi jilmayib. Uning boyagi dag'dag'asidan asar ham qolmagandi.

— Bo'lganda qaniydi, – dedim xotinim asl holatiga qaytganidan yengil tin olib.

— Adasi, – dedi u quvongancha gapida davom etarkan. — Biz salbiy qahramon bo'lsak ham mayli, baribir, otimiz yozilmagan-ku! Nima ko'p dunyoda bizga o'xshagan xotin ko'p. To'g'rimi? Mayli, bizni yomonlab yozavering. Faqat qalam haqi esdan chiqmasin-a!

Kumush va Zaynab

Kechki payt televizorda Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” tarixiy romani asosida suratga olingan badiiy film namoyish etilayotgan edi. Kino oxirida bosh qahramon Kumush kundoshi atalaga qo'shib bergan zaharni ichib o'ladi. Xotinim odaticha hiqillab yig'lashni boshladi.

— Shuni yozgan yozuvchiga hayronman. Kumushni o'ldirib nima qilardi? Gulday ayol yashasa bo'lardi-ku!

— Eh, xotin, tushunmaysan-da! O'sha davr siyosati yozuvchini shunga majbur qilgan. Eshitishimcha, Kumushni o'ldirib qo'yib yozuvchining o'zi ham yig'lagan ekan.

— Ana, aytmadimmi? Bekorga o'ldirgan, deb. Siz aytgan o'sha davr siyosatini tushunmasam-da, Kumushning o'limiga kundoshi Zaynab aybdor! Bu qo'shxotinlikning balosi. Asar muallifi shuni yozishi kerak edi.

— Bu yerda Zaynabning hech qanday aybi yo'q!

— Nima, nima?! Sizga qolsa, hamma balo birinchi xotinda ekan-da! Erkaklarga tekkan kasal. Yillar o'tishi bilan ko'ngillari ikkinchi xotinni tusab qoladi. Yo… siz ham… – dedi xotinim tahdidli ohangda.

— Nimalar deyapsan, xotin? Gapingni o'ylab gapir. U ishxonamizda ishlaydi, xolos! – dedim hazillashib.

— Kim u?! – dedi xotinim birdan o'g'rini ushlagandek qizishib. – Otini ayting!

– Zaynab! – dedim xotirjamlik bilan. – Axir sen o'zingni Kumush deb o'ylaysan-ku!

— Yo'q! Men Kumush emas, Zaynab bo'laman! Qani, u sizga yaqinlashib ko'rsin-chi, – dedi xotinim shaxt bilan.

— Bu qanaqasi bo'ldi, xotin? – dedim hazilda davom etib. – O'tgan kuni sizni yaxshi ko'rmayman, devding-ku!

— Ha, – dedi u zarracha gapidan qolmay. — Xurmacha qiliqlaringiz ko'payganda yaxshi ko'rmayman, ammo bilib qo'ying, bolalarimni tirik yetim qilmayman! Siz uchun Kumush, unga esa Zaynabman! Zaynab!!! Tushundingizmi?

Baxt

Dam olish kunlarining birida xotin bilan shiringina suhbatlashib o'tirgandik. Xuddi bir muhim gap esiga tushib qolgandek so'rab qoldi:

— Faqat to'g'risini ayting, dadasi, mendan oldin ham birorta ayolga ko'ngil qo'yganmisiz?

— Oradan shuncha yil o'tib so'rashingning boisi ne? – dedim o'ychan ohangda.

— Qiziq-da. Bilgim keldi.

— Ha, – dedim chuqur uf tortib. – Sevganman. Bir emas, uch-to'rttasini sevganman.

— Nega unda ulardan birortasiga ham uylanmagansiz?

— Mendek to'pori, xayolparast, biroz darvesh odamga kim ham tegardi, xotin? O'tgan narsalarni eslatib yaramga tuz sepma!

— Ha, – dedi xotinim boshidagi ro'molini to'g'rilab. — Dunyoda qanday baxtli ayollar bor-a…

Boshdan o'tgan — tabib

— O'g'ling uchrashuvga chiqib keldimi?

— Ha, chiqib keldi.

— Xo'sh…

— Yoqmabdi…

— Nimasi yoqmabdi?

— Bo'yi baland. Juda qiltiriqligi yetmaganday, tannoz ekan, dedi.

— Sovchilikka borganda ko'zlaring qayoqda edi?

— Kim biladi? Bizga boshqacharoq ko'ringandi.

—U yoqmasa, bu yoqmasa. O'g'lingga qanaqa qiz yoqarkan o'zi?

Gap shu yerga kelganda xotinimning chehrasi ochilib ketdi.

— Sizga o'xshaganidan olaman, deydi.

— Ohho! Bolang ja osmonlarda uchib yuribdi-ku!

— Qo'yavering! Kelin agar o'zimga o'xshasa, o'g'lingizni ikki-uch yilda yerga tushirib qo'yadi. Ana keyin dirillayotgan o'g'lingiz kelinning atrofida parvonaga o'xshab aylanib yuraveradi. To'g'ri chizilgan chiziqdan hech qayoqqa chiqolmaydi. Axir boshingizdan o'tgan-ku! To'g'rimi, dadasi?

Ayron

— Ha, ko'rinishingiz juda g'alati, — dedi xotinim bo'shashib uyga kirganimni ko'rib.

— Issiqqami, bilmadim, lohas bo'lib, hammayog'im qaqshab og'rib ketyapti, — dedim zo'rg'a.

— Mana bu muzdek ayronni ichib oling, ancha o'zingizga kelib qolasiz. Rayhonlar qo'shib, o'zim tayyorlaganman.

— Yaxshi bo'pti. Aytganingdek, mazali ekan, – dedim piyoladagi ayronni ichib bo'lgach.

— Ana, aytmadimmi, tuzalib qolasiz, deb. Mukofot beradi, devdingiz, oldingizmi?

— Ha, oldim. Ikki “oklad” berishdi.

— Zo'r bo'pti! Boyagi ahvolingizni ko'rib esim chiqib ketdi. Mukofot berishmabdimi, deb o'ylabman-a!

— Es-hushing pul! Topgan gapingni qara, – dedim jahlim chiqib. — Birov o'lay desa, birov kulay deydi.

— Olgan mukofot pulingizga o'g'lingizga kostyum-shim olsak, uchrashuvga bemalol chiqib keladi. Ha, aytgancha, birov bilan nima ishim bor, qayoqdagi gaplarni topasiz-a! Undan ko'ra ayrondan yana iching. O'zingizga kelib qolasiz, – dedi xotinim beparvolik bilan ayrondan piyolaga quyarkan.

Mashq

Zaldan xotinimning qattiq-qattiq gapirayotgan ovozi kelayotganini eshitib, o'sha tomonga burildim. Eshik oldiga yetganda to'xtadim. Xotinimning tovushi g'alatiroq eshitilardi.

— Men seni shu niyatda katta qilmovdim. O'qigin, yaxshi joylarda ishlagin, deb otangning yonida yordamchi bo'lib pul topdim. Bozorga beshik narsalarini tikib, topshirdim. Halol yedirdim, endi og'zim oshga yetdi, bemalol yeb-icharman deganda bergan puling shumi? Oyligingning qolganini nima qilding? Keliningiz bilan “Rayhon”da ovqatlandik?! Ohho, ikki marta uchrashuvga chiqib, darrov ovqat olib berishga nima bor?! Bir og'iz mendan so'ramaysanmi? Nima, adamdan so'rovdim?! Endi otang bilimdon bo'lib qoldimi? Otang nimani bilarkan?

Gap shu yerga kelganda chidab turolmay ichkariga kirdim. Xotinim toshoynaga qarab gapirayotgandi.

— Ha, nima gap, tinchlikmi? – dedim hayron bo'lgancha.

— O'zim, – deya shoshib qoldi xotinim. — O'g'lingiz uchrashuvga chiqib kelgandan so'ng aytadigan gaplarimni mashq qilayotuvdim. Qalay, sizga yoqdimi?

— Qoyil! Ofarin! Ammo meni yomonlashingga balo bormi?

— Bu mashq, dadasi. Hali jang oldinda. O'zingiz aytasiz-ku, mashqda qiyin bo'lsa, jangda oson bo'ladi, deb. O'g'lingiz pulni tejab ishlatsin deyman-da!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eight =