KO'YLAKDAGI YaNGI FASON

TAXALLUS
Kechki oqshom televizor ko'rib o'tirgandim, beshik ko'rpacha tikayotgan xotinim so'rab qoldi.
— Dadasi, qo'shnilarimiz: “Eringiz yozuvchi ekan. Qanaqa yozuvchi?”, deb so'rab qolishdi. Nima deyishni bilolmay qoldim, – dedi u tikayotgan ko'rpachasini nari surib. Bu savol meni hayron qoldirdi.
— Oddiy, – dedim gapining davomini kutib.
— Oddiylikka oddiyku-ya, katta yozuvchimisiz yoki o'rtacha?
— Albatta, katta yozuvchiman, – dedim maqtanganday.
— Nega unda haligi, nimaydi-ya, ha, esimga tushdi, taxallusingiz yo'q?
— Taxallus?
— Ha, ha, taxallus. Katta yozuvchilarda bo'lar ekan-ku. Mana, masalan, hmm… Oybek, ha, ha, Oybek, – dedi u o'zining topqirligidan sevinib. – Oybek, bu yozuvchining taxallusi. To'g'rimi?
—To'ppa-to'g'ri. Shu masalani hech o'ylab ko'rmagan ekanman, – dedim hazillashib.
— O'ylang, dadasi, o'ylang. O'zingiz Abdulla Qodiriyni aytgansiz-ku, taxallusi ko'p bo'lgan deb.
— Ha, buyuk yozuvchining taxallusi ko'p bo'lgan: Julqunboy, Dumbul, Ovsar…
Xotinim shu yerga kelganda o'zini kulgidan tutib tura olmadi.
— Nega kulyapsan? – dedim hayron bo'lgancha.
— Oxirida nima dedingiz?..
— Ovsar, nimaydi?
— Juda zo'r taxallus ekan.
— O'zimga shunday taxallus qo'ysammikin?
— Zo'r bo'ladi! Ovsar! Qodiriy ham xursand bo'lardi.
Xotinimning bu gapiga hayron qolgancha qarab qoldim. U birdan jiddiy tortdi.
— Yo'g'-e, bu taxallus sizga to'g'ri kelmaydi.
— Hozir o'zing maqtayotganding-ku.
— To'g'ri, lekin o'ylab qarasam, qo'shni xotinlar meni Ovsarning xotini kelyapti, deyishlarini xohlamayman.
— Unday bo'lsa shafqat deyman.
— Bo'lmaydi, sizda shafqat yo'q.
— Sevikli yor, deymi?
— Sevikli yor?! Ko'ngilni qarang-u! Juda bachkana.
— Nega bo'lmas ekan? Qo'shni xotinlar seni “Sevikli Yor”ning xotini kelyapti deydi. Nimasi yomon?
— O'ylab gapirayapsizmi? Qayoqdagi gaplarni topasiz-a. “Sevikli Yor” emish…
— Topdim! Ismimning yoniga Shoh so'zini qo'shaman.
— Shoh?! Qanaqa shoh?! – hayron bo'lib so'radi u.
— Nima, shoh kimligini bilmaysanmi? Shoh bu Shohda.
— Ha… Podshoh deganday, – dedi suyunib va o'rnidan turib qo'llarini o'ynatgancha yonimga yaqinlasha boshladi.
— Hoy, hoy, xotin, o'zingni bos. O'g'limiz kelib qoladi-ya.
— Kelsa kelaversin, dadasi. Ana endi zo'r taxallus topdingiz. Qoyilman!
U aylanib o'yinga tushar darajada xursand edi.
— Nihoyat orzuyimga erishdim, – deya tepamga kelib kuldi. – Endi men malikaman.
— Nima, qanaqasiga malika bo'lasan?
— Siz shoh bo'lsangiz, men malika bo'lmay kim bo'laman?.. Axir shohlarning xotini malika bo'ladi-ku! Yo esingizdan chiqardingizmi?.. Axir tarixni zo'r bilardingiz-ku!
Bundan keyingi voqealar nima bilan tugashini o'ylab, bu taxallusdan voz kechishga qaror qildim, ammo Malika sira unamayapti. Bu eng zo'r taxallus emish. Nima qilay?.. Boshim qotdi… Tezroq boshqa taxallus topishim shart. Bo'lmasa, uyimdagi Malika boshimda yong'oq chaqadi…
MAQTANChOQLIK OQIBATI
Ertalab choy ichgani oshxonaga kirsam xotinim derazaga qarab bir nuqtaga tikilgancha xayol surardi.
— Nechun ertalabdan xayolingiz parishon? Nimalarni o'ylab o'tiribsiz, xonim? – dedim kayfiyatini ko'tarish maqsadida hazillashib.
— E… – dedi u xomush ohangda. – “Ippodrom”dan beshik uchun olib keladigan materiallarim bor. Shularni qandoq olib kelsam ekan, deb o'ylab o'tirgandim. Mundoq siz yordam bermasangiz.
— O'g'lingga ayt.
— U ishga ketdi.
Bu gapdan so'ng suhbat yopilmasligi uchun mavzuni o'zgartirishga qaror qildim. Chunki bozorga borgim yo'q edi.
— Ammo kechagi qarindoshingnikidagi to'y va odamlarning gapi zo'r bo'ldi-da, – dedim choydan ho'plab.
— Nimasi zo'r bo'ldi?
— Odamlar ham qiziq. Anovi qarindoshing bor-ku, Shodi olifta. Kecha menga yoqadigan zo'r gap aytdi-da. Eshitsang, qotasan.
— Nima dedi?
— Xafa bo'lmaysanmi?
— Aytaqoling. Ja, rezinkaday cho'zdingiz-da gapniyam.
— Seni ko'rsatib: “Bu opachangizmi?”, – deydi.
Xotinim bu gapdan hushyor tortdi. Qoshlari chimirila boshladi.
— Xo'sh, siz nima dedingiz? — dedi u biroz o'qraygancha.
— Sendan yosh ko'rinsam ayb mendami? “Ha, topdingiz, men uning ukasiman”, – dedim.
Xotinim bu gapdan keyin o'rnidan turdi va menga alam bilan qaradi-da:
— Shunday dedingizmi? Nahotki shunday dedingiz?
Uning g'azabi oshgani sari jig'iga battarroq tega boshladim. Chunki u g'azablanganda tamomila o'zgarar, chiroyiga chiroy qo'shilardi.
— Yo'q, yo'q. Unday demadim. Ukasi emas, ukajonisiman, — dedim yanada quvonib. Xotinim bu gapdan keyin birdan jahldan tushdi-yu, menga ayyorona qarab kuldi.
— Hali men opacha-yu, siz ukasimisiz?
— Yanglishding, ukajonisi, – dedim tantanavor ohangda.
— Hali shundaymi?
U nima uchundir xursand bo'la boshladi.
— Bu mening gapim emas. O'sha Shodi novcha, qiltiriq, olifta qarindoshingni gapi.
— Opacha ukajondan kattami? – dedi u katta-katta ko'zlarini suzgancha jilmayib.
— Albatta. Chunki u opa-ku, – dedim gap nima bilan tugashini o'ylab ham o'tirmay. Chunki o'sha paytda masrur edim.
— Opaning aytgani qonun, uka bo'ysunadimi?
— Bo'lmasam-chi. Axir opa katta-ku. Xo'sh, nega buni qayta-qayta so'rayapsan?
G'alaba men tomondaligiga to'liq ishonardim.
— Unday bo'lsa, – dedi xotinim quvonib, – uka, yo'g'-e, nimalar deyapman o'zi, ukajon. Mana sizga pul. Choyingizni iching-da, “Ippodrom”dan menga kerakli narsalarni olib keling. Xo'pmi? Mushkulimni oson qilgan Xudoyimdan o'rgilay. Qani turing, dadasi, yo'q, ukajon!
Oshxonada xotinimning g'olibona shodon kulgisi yangrar, men esa nima deyishni bilolmay garang edim…
KO'YLAKDAGI YaNGI FASON
Ishdan kelsam, xotinim xursandligidan o'zicha ming'irlab ashula aytib o'tiribdi.
— Ha, xotin, namuncha, lotereyasiga mashina yutgan odamday shodsan?
— Keldingizmi, dadasi, qarang tug'ilgan kuningizga nima obkeldim?
U shunday deya sellofan idishdagi yangi ko'ylaklarni qo'limga tutqazdi.
— Qalay, yoqdimi? – dedi u sevinchi ichiga sig'may.
— Yaxshi, baraka top. Rahmat senga. Meni o'ylaganing uchun, – dedim ko'nglim tog'dek ko'tarilib.
— Sizni o'ylayman-da, dadasi, sizni. Boshqa kimni ham o'ylardim?
— Unda nega ikkita bir xil ko'ylak olding?
— Ha, endi bittasi o'g'lingizga-da. Ota-bola bir xil kiyib yursangiz degan maqsadda olgandim. Siz kattasiz, o'zingizga yoqqanini tanlang. Dazmol urib qo'yaman. Ertaga oshga kiyib ketasiz.
— Tanlab nima qilaman? Ikkalasi ham bir xil o'lchamda bo'lsa, fasoni ham, rangi ham kopiya deyapsan-ku.
— E… tanlang degandan keyin tanlang-da. O'g'lingiz tanlab o'tirmaydi.
— Ha, mayli, – dedim noiloj. – Mana bunisi menga bo'la qolsin.
— Yaxshi. Bunisi o'g'lingizga qoladi. Bozorda ochib ham ko'rmovdim. Qani bir kiyib ko'ring-chi.
Ko'ylak qaddi-qomatimga mos keldi. Yoqalari ham ajoyib.
— Sizga juda yarashdi, – dedi xotinim yana ham suyunib.
— O'zim ham chakkimasman-da, – dedim maqtanib.
— To'g'ri, to'g'ri. Keling, bu yengiga belgi qo'yib qo'yamiz.
U shunday deya qo'liga nina bilan ip oldi.
— Belgi nimaga kerak?
— Ha, endi o'g'lingizning ko'ylagi bilan adashmasin deyman-da.
Ertasi kuni yangi ko'ylakni kiyib oshga ketmoqchi bo'lsam, yengidagi belgi yo'q. “Obbo, o'g'limning ko'ylagini kiyib olibman-ku”, deya o'yladim.
Shu payt hovliqqancha xotinim kelib qoldi.
— Shuni siz kiya qoling, – dedi u biroz xijolat bo'lganday.
— Nega endi? – dedim hayron bo'lib.
— Kecha aytdim-ku, bozorda ko'rmovdim deb. Mana bu yerida ozgina defekti bor ekan, – dedi ko'ylakning yelka qismini ko'rsatib. – Uncha bilinmaydi.
Qarasam… Ko'ylakning yelka qismi yaxshi tikilmagan. Yetmaganiga ikkita joyida dog' bor edi.
— Nima bu? – dedim jahl bilan.
— Ana shunaqasiz-de, – dedi xotinim to'ng'illab. – Ko'ylak olib kelsam ham gap eshitaman. Axir bolangizning yelkalari keng, hamma qaraydi. Sizning ixcham yelkangizga kim ham qarardi? Undan keyin bu dog'ni ko'rganlar ko'ylakning fasoni shunaqa ekan, deydi. Bemalol kiyib ketavering. Men sizga ataylab yangi fasonli ko'ylakni kiying deyapman. Tushundingizmi, dadasi?