Mehribonlik

Bahrom AKBAROV

Shoxidamas, bargida

— Adasi, siz yaxshi kishisiz-a?! – dedi xotinim erkalangan ohangda.

— Yo'q! – dedim ataylab jahl bilan.

— Yaxshi kishi bo'laqoling…

— Yaxshi kishi bo'lishimni xohlaysanmi?

— Ha…

— Unda mendan yangi ko'ylak uchun pul so'rama.

— Voy, shunaqami? – dedi u bir zumgina bo'shashib. So'ng darhol qo'shib qo'ydi. — O'g'lingiz uchun-chi?

Bu savol juda qaltis edi.

— Mayli, – dedim biroz o'ylanib. — O'g'lim uchun bo'lsa, so'rayqol, faqat oyning o'rtasida, peshindan keyin so'ra. Erkak kishi ertalab pul bermaydi. Pulning barakasi uchib ketadi. Bilasan-a?

— Dadasi, meni hech narsa bilmaydi, deb o'ylaysizmi? – dedi xotinim nima uchundir xursand bo'lib.

Oradan kunlar o'tdi. Shanba kuni peshindan keyin xotinim gapimni esimga soldi.

— Bugun o'g'lingiz uchun pul berarsiz-a, – dedi u kulimsirab.

— Albatta, aytilgan so'z – otilgan o'q. O'g'lim uchun bo'lsa mayli. Necha pul beray?

— Uch yuz ming so'm.

— Mana, ol, olaver. O'g'limga bo'lsa to'rt yuz ming berganim bo'lsin!

Xotinim pulni sanab olgan zahoti ko'zlarida quvonch porladi. Uning shodligidan hayron bo'lgancha so'radim.

— Aytganday, o'g'ling shuncha pulni nima qilarkan?

— Nima qilardi? Onasiga ko'ylak olib beradi, – dedi u.

Birinchi hikoya

Kechki payt ishdan kelsam, xotinim yozayotgan hikoyam qo'lyozmasini qo'limga tutqazdi-da, so'radi:

— Nima bu?

— Nima bo'lardi, yozayotgan hikoyam…

— Nega endi 18 yoshga to'lmaganlar va xotinlar o'qimasin, deb sarlavha qo'ygansiz? O'g'lingiz o'qib qolsa nima bo'ladi?

— Hech narsa!..

— Hech narsa deganingiz nimasi? Men uni papalab katta qilayotgan bo'lsam. Sizning ishqiy sarguzashtli hikoyangiz bola tarbiyasiga yomon ta'sir etmaydimi? Balkim, … joylari ham bordir.

— Bor. Bor! – dedim jahl bilan. — Sababi voqea tun yarmida sodir bo'ladi.

— Ana aytmadimmi! – deya g'azab bilan gapida davom etdi u. — Bunday hikoyalaringizni uyda qoldirmang. Ishxonangizga olib keting. Bildingizmi?

— Bildim! O'zi o'qib ko'rdingmi?

— O'qib zaril keptimi? Aytdingiz-ku mazmunini.

— Qani, bir o'qib ko'r-chi.

— O'qimayman!

— Unday bo'lsa o'zimga ber. O'qib beraman…

Xotinim istar-istamay qo'lyozmani qo'limga tutqazdi-da:

— Uyda o'qib beraqoling. O'g'lim eshitib qolsa bo'lmaydi, – dedi jahlidan biroz tushib.

— Mayli, yur…

Xotinim ortimdan uyga kirdi.

— Eshit.

U hikoyani eshitish maqsadida stulga yaxshilab joylashib oldi.

Tun. Oy istar-istamay bulutlar orasidan o'zini ko'rsata boshladi. Ko'cha oy yog'dusidan yorishib ketdi. Sevgan yori bilan qo'ltiqlashib ketayotgan yigit qizning qulog'iga nimadir deb shivirladi. Qizning yonoqlari loladay qizarib ketdi. Shu payt…

— To'xtang, – dedi xotinim. — Men eshikni qulflab qo'yay.

Hayron bo'lgancha unga qaradim. Xotinim aytganini qildi-da, diqqat bilan hikoya davomini eshita boshladi.

…Kutilmagan hodisa ro'y berdi. Yigit asfalt ko'chada yotgan katta xarsang toshga qoqilib ketdi va yerga yuztuban yiqilishiga bir baxya qoldi. Qiz yigitni mahkam ushlab qolmaganda, balkim yiqilardi. Yigit asta toshga qaradi, uni yo'l o'rtasidan olib tashlamoqchi bo'ldi. Tosh yoniga keldi-da, xayol surib qoldi. “Ko'tara olamanmi?” Oniy lahzada o'tgan fikr yoniga qizning aytgan gapi qo'shildi: “Sizga nima, yotaversin!” Yigit ikkinchi fikrga qo'shildi… va sevgan qizi bilan qo'l ushlashgancha yo'lida davom etdi. Yigit endigina 17 yoshga to'lgan bo'lib, uning fikrlashi shunga yarasha edi…

Hikoyani o'qib bo'lib xotinimga qaradim. Uning boyagi jahdidan asar ham qolmagandi.

— Shumi? – deya hayron bo'lib so'radi u.

— Ha, – dedim kulgidan o'zimni zo'rg'a to'xtatib. — Hech narsa tushundingmi?

— Yo'q, – dedi u. — Bunaqa hikoyani men ham yoza olaman.

— Ana shuning uchun ham hikoyaga shunday sarlavha qo'yganman…

— A?..

Ikkinchi hikoya

Kechki payt ishdan kelsam, xotinim yozayotgan hikoyam qo'lyozmasini qo'limga tutqazdi-da, so'radi:

— Nima bu?

— Nima bo'lardi, yozayotgan hikoyam…

— Nega endi yana “18 yoshga to'lmaganlar va xotinlar o'qimasin” deb qo'ygansiz? O'g'lingiz o'qib qolsa nima bo'ladi?

— Hech narsa!..

— Hech narsa deganingiz nimasi? Men uni papalab katta qilayotgan bo'lsam.

— O'zi hikoyani o'qib ko'rdingmi?

— O'qib ko'rib zaril keptimi? Shundoq ham bilaman, – dedi u jahl bilan. – Qayoqdagi oshiq-ma'shuqlar haqida yozgan bo'lsangiz kerak-da.

— Undaymas, xotin. Bu reklama.

— Reklama?

— Ha, reklama! Hozir hamma narsa reklamaga muhtoj bo'lib qoldi. Anuv kuni magazindan olgan narsangni televizorda maqtayapti, deb olganding, esingdami?

— Ha, esimga tushdi. Rasvo narsa ekan. Yetmaganiga muddati o'tgan, – dedi u sal bo'shashib.

— Ana, ko'rdingmi? Undan ko'ra, kel, hikoyadan senga ham o'qib beray. O'zing xulosa chiqarib olasan.

Uyga kirdik. Xotin hikoyani eshitish uchun stulga yaxshilab o'rnashib oldi.

— Eshit, – dedim unga qarab.

Tun. Oy istar-istamay bulutlar orasidan o'zini ko'rsata boshladi. Zim-ziyo ko'cha oy yog'dusidan yorishib ketdi. Sevgan yori bilan qo'ltiqlashib ketayotgan yigit qizning qulog'iga nimadir deb shivirladi. Shu payt…

…Kutilmagan hodisa ro'y berdi. Yigit asfalt ko'chada yotgan katta xarsang toshga qoqilib ketdi va yerga yuztuban yiqilishiga bir baxya qoldi. Yigit toshga qaradi-da, uni yo'l o'rtasidan olib tashlamoqchi bo'ldi. Tosh yoniga keldi-da, xayol surib qoldi. “Ko'tara olamanmi?” Oniy lahzada o'tgan fikr yoniga boshqasi qo'shildi: “Senga nima, yotaversin!” Yigit ikkinchi fikrga qo'shildi… va sevgan qizi bilan qo'l ushlashgancha yo'lida davom etdi. Yigit endigina 17 yoshga to'lgan bo'lib, uning fikrlashi va kuchi shunga yarasha edi…

Hikoyani o'qib bo'lib xotinimga qaradim. Uning boyagi jahlidan asar ham yo'q edi.

— Shumi? – deya hayron bo'lib so'radi u.

— Ha, – dedim kulgidan o'zimni zo'rg'a to'xtatib. — Hech narsa tushundingmi?

— Yo'q, – dedi u. — Bunaqa hikoyani men ham yoza olaman.

— Ko'rdingmi reklamaning kuchini? Ana shuning uchun hikoyaga shunday sarlavha qo'yganman. Almoyi-jalmoyi hikoyani sen ham qiziqib eshitding. Yashasin reklama! Bildingmi?

— E…

KOMPENSASIYa

Televizorda urush haqidagi hujjatli film ko'rib o'tirgandik. Xotinim tomdan tarasha tushgandek savol berib qoldi.

— Dadasi, diktorning bir gapini yaxshi bilolmadim. Kompensatsiya to'laydi deganini qanday tushunish kerak?

— Yetkazilgan zarar yoki qilingan xarajatlarni qoplashga sarflanadigan tovon puli. Tushundingmi? – dedim bilag'onligimni namoyish qilib.

— Tushundim, dadasi, tushunmay o'libmanmi? Qilingan xarajatlarga to'lanadigan pul dedingizmi? Unday bo'lsa, tunov kungi…

Gap qaysi tomonga ketayotganini o'ylab ham o'tirmadim. Chunki xotin nima demoqchiligi menga ayon edi.

— Tovon puli urishayotgan davlatlar orasida to'lanadi. Er-xotin orasida tovon puli to'lanmaydi, – dedim qat'iy ohangda.

— Shunaqami?

Xotinim nima uchundir bu gapdan quvonib ketdi.

— Nima, boyadan beri qulog'ingga tanbur chert­yapmanmi? – dedim yolg'ondan jahl bilan.

— Bunday so'zlaringiz tanburning nolasidan-da yoqimliroq.

— Nechun?!

— Bu gapingizdan keyin tunov kuni menga olib bergan narsalaringizning pulini to'lamaydigan bo'ldim. Chunki o'zingiz aytganingizdek, er-xotin orasida kompensatsiya puli yo'q!.. Tushundingizmi?

— Nima?

TOSh OTA

Ilk bahorning shanba oqshomlarining birida daraxtlarni butash bilan ovora edim. Anchagina oliftanamo kiyinib olgan o'g'lim yonimga keldi-da:

— Hormang, dada. Qarashib yuboraymi? – dedi.

— Boyadan beri qayoqdayding? Ish tugaganda kelganingni qara.

O'g'lim gapimga aslo xafa bo'lmay jilmayib turishi meni jahldan tushirdi.

— Biron gaping bormi?

— Dada, faqat to'g'risini ayting. Ota o'g'il bo'lgan yaxshimi yoki ona o'g'il?

Men unga boshqatdan razm soldim. Bu yil uchinchi kursda o'qiyotgan bolam kamdan-kam savol berardi. Shu payt ichkari uyning eshigi ochilib, xotinim biz tomon kelayotganini ko'rdim-da, ataylab baland ovozda:

— Ona o'g'il bo'lib nima karomat toparding? Albatta, ota o'g'il bo'lganing yaxshi-de, – dedim o'zgacha viqor bilan va bu gapim xotinimga qanday ta'sir qildiykan, degandek unga zimdan qarab qo'ydim.

— Rahmat, dada. Sizning aytganingizni qilaman. Ota o'g'il bo'laman! – dedi o'g'lim yo'g'on ovozda.

— Barakalla, o'g'lim! Ota o'g'il bo'lsang har doim olqish olasan. Yetmaganiga pul ham olasan.

Nima uchundir iyib ketganimdan cho'ntagimdan o'g'limga bir talay pul ham berib yubordim.

Bu qilig'imni kuzatib turgan xotinim o'zini kulgidan to'xtatolmadi.

— Sen nega kulyapsan? – dedim hayron bo'lgancha unga qarab.

— Ota o'g'il sizni yaxshigina pulga tushirdi-ya!

— Senga nima?!

— Mendan pul so'rovdi, bermovdim. Bugun ham choyxonasi bor ekan. Lekin rosa qoyillatdi. Ham choyxonasiga pul oldi, ham ruxsat. Qoyilman, onasining o'g'li! Gohida mana shunday “ota o'g'il” bo'lib ham turaver.

Xotinim jilmayib turgan o'g'limning yelkasiga urib qo'ydi:

— Barakalla, ota o'g'il! Tosh otangdan pulni boplab olding, endi bemalol choyxonangga borib kelaver. Faqat ja kechga qolmagin, xo'pmi, o'zimning o'g'ilginam!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =