“Telefonsiz kun” aksiyasi
O'qituvchi darsga kech qolishi aslo mumkin emas. Bugun sahardan ijod ummoniga sho'ng'ib, vaqt o'tib ketganini sezmay qolibman. O'ziyam, ishga zo'rg'a ulgurdim. Jurnalistika fakultetiga halloslab kirib kelganimda darsga kirishga qo'ng'iroq chalina boshladi.
Kafedra mudirimiz “ishga vaqtliroq kelish kerak” degan ma'noda qarab qo'yar ekan, nimanidir eslatdi:
— Rektoratdan muhim topshiriq keldi, bugunoq hal etish kerak, — dedi qo'limga ishora qilib. — Telegramingizga qarang.
— Ming bora uzr, — dedim kalovlanib. — Bugunni o'zim uchun “Telefonsiz kun” deb e'lon qilgandim…
— Tushunmadim?! — hayron bo'ldi mudirimiz.
— Shahrimizda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o'tkazilgani esingizdami? Shunga o'xshab men ham o'zim uchun chorshanbani — “Telefonsiz kun” deb qabul qildim…
— Telefoningiz qani? — mudirning ensasi qotgani yuzida aks etib turardi.
— Uyga tashlab keldim!..
— Yo'g'-e… Nega?
Darsga otlanayotgan quvnoq ustozimiz Ahmadjon aka gapimga oydinlik kiritdi:
— Bir zamonlar telefonning o'zi yangilik edi, endi telefonsiz yurish — undan kattaroq yangilik! Insoniyat necha ming yillar telefon nimaligini bilmagan. Mobil telefonsiz yurish gashtini endi To'lqin domla aytadi!
Ijtimoiy tarmoqlarda faol ustoz Dadaxon akaning gapi qiziq bo'ldi:
— Donish domlaning telefonsiz yurishi “Kun mo''jizasi”ga aylanadi!..
Sermulohaza ustozimiz Shavkat aka shiringina jilmayib izoh berdi:
— Domlaning shunaqa “yangilik”lari doim tillarda doston bo'lib ketadi!..
Professor-o'qituvchilar bir lahzalik suhbatdan huzur qilib kulgancha auditoriyalarga – darslariga tarqalishdi.
Ziyrak talabalarim “Telefonsiz kun” aksiyasi haqida eshitib, avvaliga ishonqiramay qarashdi. Bitta mahmadonarog'i sezdirmasdan sekingina telefon raqamimni terib ko'rgani yuzida aks etib turardi. Hozir go'yo qo'ynimda yoki sumkachamda telefonim jiringlab ketsa-yu, auditoriyani boshlariga ko'tarib xoxolashsa… Chindan ham telefonsiz kelganimga ishonch hosil qilishgach, hammasi hayron qolishdi.
— Ustozlarning har bir so'zi, sa'y-harakatlarini saboq sifatida qabul qilinglar, — dedim tagdor qilib. — Siz loaqal darsda telefonsiz o'tirishga o'rganing. Mobil telefonlarni anavi stolga oborib qo'yinglar.
Burchakdagi stolga 25 ta mobil telefon terib qo'yildi.
— Mabodo sizga telefon zarur bo'lib qolsa nima qilasiz? — iymanibgina so'radi Umiya ismli talaba qiz.
— Jaa zaril bo'p qolsa, birortasinikidan foydalanib turaman, — dedim xuddi shuni mo'ljallab qo'ygandek.
— Savol bersam maylimi? — odob bilan so'radi Dilnura degan talaba qiz. — Mabodo farzandlaringiz sizni axtarib qolishsa, nima bo'ladi?
Shu tobda yuragim shuv etsa-da, sir boy bermaslikka harakat qildim:
— Ular uchun ham bir sinov-da… — dedim boshqa jo'yaliroq gap topolmay. — Zaril bo'lsam, o'zlari topib olishadi!..
Shu gapni aytayotib, ochig'i, vujudim titrab ketdi. Chindan ham farzandlarim izlab qolishsa nima bo'ladi? O'z oilalari bilan baxtiyor yashayotgan qizim va ikki o'g'lim onalaridan ayrilib qolganlaridan beri oltmishdan oshgan otasiga xuddi yosh boladan xavotir olgandek hushyor qarab yurishini bilaman. Mabodo telefonlariga javob bermasam, uyimga borishlari aniq. Eshigim ochilmasa, ishxonamga izlab kelishar…
So'nggi fikrdan taskin topdim. Har qalay, “qidiruv”ga berishdan avval bir bora ishxonamizga ham kelib surishtirishar…
Darsimiz telefonsiz tinch va juda zo'r o'tdi!
Biror talaba telefon o'ynab jig'imga tegmadi, bahona qilib tashqariga chiqib ketmadi, ma'ruzamni e'tibor bilan tinglab, bahs-munozara qilishdi!
— Bugun ko'p narsa oldim, — dedi Abdulaziz ismli talaba so'zlarini savolga ulab. — Endi har chorshanba siz uchun “Telefonsiz kun” bo'ladimi? Bu aksiya soat nechchida tugaydi?
— Yarim tunda, — dedim xuddi reja asosida harakat qilayotgandek. — Soat 00.01 da telefonimni qo'limga olib ko'ra boshlayman!..
— Ustoz, bu aksiyaga biz ham qo'shilsak bo'ladimi? — Baxtiyor ismli talaba telefoniga ishora qilib rejasini aytdi. — Kelgusi chorshanbada biz ham telefonni yotoqxonaga tashlab kelamiz!..
Talabamning bu gapiga nima deb javob berishga duduqlanib qoldim. Shu tobda o'zimdan o'tayotganini o'zim bilardim… Jo'yali javobim shu bo'ldi:
— Qolganini hayot ko'rsatadi! Qani, avval kelgusi chorshanbaga eson-omon yetib olaylik-chi…
* * *
Tuman Kengashi deputati bo'lganimdan beri men bechoraga tinim yo'q. Darsdan chiqiboq rejam bo'yicha deputatlar Kengashi tomon yugurdim. Ikki-uch chaqirim joyga piyoda borishga o'rganib qolganman. Taksiga o'tiray desam, “probka”da qolib ketish jonga tekkan…
Axborot siyosati bo'yicha doimiy komissiya yig'ilishiga zo'rg'a ulgurdim. Kotibiyat boshlig'i Davronjon meni ko'rgach, yuzi yorishdi:
— Komissiya raisi nega kech qolayapti, deya xavotirga tushgandim, — dedi u soatiga qarab. — Xayriyat, ulgurdingiz. Boshqa deputatlar sizdan o'rnak olsa arziydi. Bugungi komissiya yig'ilishini televideniega “s'yomka” qilisharkan. Bu haqda telegramingizga yozib qo'ygandim, shu paytgacha qaramadingiz…
— Sizni ogohlantirmaganim uchun ma'zur tuting, — dedim uning ko'ziga tik qarab. — Bugunni o'zim uchun “Telefonsiz kun” aksiyasi deb e'lon qildim.
— Bu nima deganingiz?
— Har chorshanba kuni telefonimni qo'limga olmayman, — dedim o'zimni bamaylixotir ko'rsatib. — Ertalab ochib qaraganim ham yo'q. Endi yarim tunda ko'rishim mumkin…
Kotibiyatimiz boshlig'i qo'lidagi telefonidan raqamlar tera boshladi. Chamasi, menga qo'ng'iroq qildi. Natija bo'lmagach, miyig'ida kulib qo'ygancha navbatdagi topshiriqni aytdi:
— Doimiy komissiya yig'ilishidan keyin siz deputat bo'lgan mahallaga birga borishimiz kerak, — dedi qat'iy ohangda. — Oliy Majlisdan telefon qilishdi, Qonunchilik palatasi deputatlari kechroq “Universitet” mahallasi va Talabalar shaharchasiga kelisharkan…
Televidenie muxbirlari yig'ilish jarayonini tasvirga olgach, intervyu berdim. Bugun fuqarolik pozitsiyasida sobit turishimiz zarurligi haqida jo'shib so'zladim.
Keyin meni deputat qilib saylagan mahalla tomonga yugurdik. Bunday payt mobil telefonim orqali surat va videoga olishimga o'rganib qolishgan ba'zi ayollar jimgina o'tirganimga hayron bo'lib qarardi. Talabalar yotoqxonasida psixolog bo'lib ishlaydigan bir mahmadona juvoncha sekin luqma tashladi:
— Videoga olmaysizmi?
Mashhur hind kinosida Gita va Zita rolini ijro etgan aktrisaga juda o'xshaydigan o'sha juvonchaga ham bugun “Telefonsiz kun” deb e'lon qilganimni pichirlab tushuntirdim. Har chorshanba tongdan yarim tungacha telefonimni qo'limga olmasligimni aytganimda, u oshiqchasiga burnini jiyirdi. So'ng yonidagi oq ro'molli dugonasining qulog'iga pichirladi. Dugonasi men tomon yalt etib qarab qo'yganidan ular qandaydir reja tuzayotganlarini ko'nglim sezdi…
Suhbatdan so'ng Oliy Majlis deputatlari bilan birga mahallani aylanib, yangi bunyod etilayotgan binolarni, ta'mirlanayotgan yo'laklarni ko'zdan kechirdik.
Nihoyat, uyga qaytayotganimda qorong'i tusha boshlagandi.
Yerosti yo'liga zinalardan bir-bir qadam tashlab tusha boshladim. Metro bekatida turgan tumonat yo'lovchilarga nazar soldim. Deyarli hammasi mobil telefoniga yopishib qolgan. Odamlar shu texnologiyadan foydalanishni shunchalik o'zlashtirib olganlari bir jihatdan juda yaxshi, zarur xabarlarni o'qishlari undan ham yaxshi. Ikkinchi jihati biroz xavotirli. Internet va “Youtube”da odamning ongini zaharlab tashlaydigan gap-so'zlar ham kam emas-da…
Mobil telefon bizga yetib kelmagan davrlarni yaxshi eslayman. Ko'cha-ko'yda, metroda ko'pchilikning qo'lida gazeta-jurnal yoki kitob ko'rardingiz. Odamlarning dunyoqarashi, saviyasi shunga yarasha edi-da…
Hozirgi ketishda odamlarning saviyasi qay darajada bo'lib qolarkin?..
Yoshlar kitob, gazeta-jurnal o'qimayapti, deb zorlanamiz. Xo'sh, kattalar o'qiyaptimi? O'zim-chi? Internet va “Youtube”dan ko'z uzolmay qolganim rost-ku… Telefonsiz bir kunga o'tgan asr yo'lovchisiga o'xshab qoldim…
* * *
Mobil telefonim haqida endi bafurja o'ylay boshladim. Uni qandoq yo'qotib qo'ydim o'zi? Ertalabki voqea-hodisalar xayoldan o'ta boshladi. Uyim eshigini apil-tapil qulflab, metro tomon yugurdim. “Milliy bog'” bekatida o'ta tiqilinch vagonga zo'rg'a kirganimda, oyog'im betiga bir parcha toshdek narsa taq etib tushgandek bo'ldi. Tiqilinchda oyoqqa qarashning iloji yo'q edi…
Beruniy bekatida metrodan chiqqach, qora kamzulimning ichki cho'ntagiga qo'l suqib, yuragim shuv etdi: cho'ntak tagi yirtilib ketibdi-ku! Demak, boya oyog'imga taq etib tushgan narsa telefonim ekan-da, degan o'yga bordim…
Tumonat yo'lovchilar orasida ortga qaytib telefonimni izlash befoyda ekanini yaxshi bilaman. Bu yog'i darsga kech qolayapman… Yo'rg'a otdek fakultet tomon ildam-ildam qadam tashlar ekanman, xayolimda mingta narsa charx urib aylanardi.
Telefonim yo'qolganini eshitganlar nima deb o'ylashadi? Birov birovga ichi achirmidi?..
Ba'zi ichiqoralar qanchalik huzur qilishlarini tasavvur qilayapman…
Ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarimni ko'rib, kuyib yurganlar “battar bo'l!” deyishini bilaman… Hatto do'stlarim ham yengil tortsalar, ajabmas…
Plastik kartalardagi pulimchi nima bo'ladi? Mobil telefonimni topib olgan kimsa pullarimni yechib olsa-ya?..
O'g'lim: “Parol qo'yib beray”, deganida, “Menga ortiqcha tashvish bo'ladi”, deb qaytargandim. Ana endi o'zingdan ko'r, nodon domla…
* * *
Mobil telefonim yo'qolganini sir tutganim yaxshi bo'ldi.
O'zim uchun har chorshanbani — “Telefonsiz kun” deb e'lon qilganimga ko'pchilikni ishontira oldim! Qo'limda telefon yo'qligini ko'rgach, ishonmay bo'ladimi?..
Metrodan chiqib, Milliy bog' yonidagi kimsasiz yo'lak bo'ylab odimlay boshladim. Toshkentning betakror go'zalligini ko'rish va his etish uchun bir bora mobil telefondan voz kechib, yon-atrofga boqish kerak ekan! Ertalab Talabalar shaharchasi tarovatidan bahra olgan bo'lsam, hozir hu narida savlat to'kib turgan “Toshkent-siti”ning osmono'par binolariga, beriroqda Adiblar xiyoboniga boqib sarmast edim…
Biroq shu tobda chiroqlar yo'limni ming charog'on etmasin, baribir ichim yorishmasdi. Rahmatli umr yo'ldoshimdan ayrilib qolgandan buyon qanchalik yolg'izlanib qolgan bo'lsam, mobil telefonim yo'qolib qolganida yanada o'zimni yolg'iz his qila boshlagandim. Uyim tomon yaqinlashar ekanman, yuragim qanchalik huvullab qolganini so'z bilan ifoda etolmayman.
Zalvorli eshikda kalitim shaqir-shuqur qilayotgan payt ichkarida mobil telefon jiringlayotganini eshitib, yuragim hapqirib ketdi! Xayriyat, uyda qolgan ekan-ku!
* * *
Haqiqiy tomosha keyin boshlandi.
Ijodxonamga otilib kirgancha telefon tugmasini bossam, kimdir atay jim turibdi. Raqamiga qarasam: “No'l”. Odatda, yuqoridan kazo-kazolar, piri komillar shunaqa “No'l”dan telefon qilishardi. Bu kim bo'ldiykin?
— Alyo, eshitaman, — dedim ohista.
Bunga javoban ikki-uchta sho'x-shodon ayolning qahqahasi eshitildi:
— Va-ha-haa…
— Kimsiz? — dedim beixtiyor yuzimda tabassum o'ynab.
— “Telefonsiz kun” aksiyasi tugadimi? Yarim oqshomgacha qaramayman, degan edingiz-ku?!
Tovushidan tanidim: bu o'sha mahmadona juvonchaning o'zginasi!
— Hurmatingiz uchun telefonni ko'tardim, — dedim boshqa gap topolmay. — Deputatlar bilan suhbat ma'qul bo'ldimi?
— Hammasidan qiziqrog'i — “Telefonsiz kun” aksiyangiz mahallada duv-duv gap bo'layapti, — dedi yana qah-qah otib u. — O'zi, xayolga kelmagan gaplarni topib yurasizde…
Shu payt o'rtaga dekanimizning o'quv ishlari bo'yicha muovini Abdunur domla tusha boshladi:
— Alyo, eshitaman, — dedim shartta unga ulanib.
— “Telefonsiz kun” aksiyasi o'tkazayotganingiz haqida eshitib qoldim, — dedi o'ychanroq ovozda. — Dushanba, seshanba, chorshanba kunlari nazorat kuchli bo'lishini yaxshi bilasiz, undan tashqari, malaka oshirish markazidan so'rab turishadi. O'sha kunlari qo'lingizda telefoningiz bo'p tursin, kelishdikmi?
— Kelishdik, — dedim tinchgina. — Rahbarlarimiz gapi biz uchun qonun!
Suhbat tugamasdan o'rtaga dekanimizning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha muovini Ravshanjon domla tusha boshladi:
— Alyo, eshitaman, — dedim endi unga ulanib.
— “Telefonsiz kun” g'oyasi zo'r bo'libdi! — Ravshanjon domla odatiga ko'ra ko'nglimni ko'tarib gapirdi. — Qaniydi, shu aksiyani talabalar doim davom ettirishsa!..
— Albatta, — dedim dilim yorishib. — Ba'zi talabalarga ma'qul bo'ldi. Biz ham telefonimizni yotoqxonaga tashlab kelamiz, deyishdi!..
— Bu yaxshi-ku-ya, — dedi Ravshanjon domla endi haqiqiy maqsadga o'tib. — Bilasiz, ko'p tadbirlarimiz payshanba, juma, shanba kunlariga belgilangan. Undan tashqari, universitetga biriktirilgan maktablarga, litsey va mahallalarga birga borishimiz kerak! Demoqchimanki, o'sha kunlari qo'lingizda telefon bo'p turishi shart! Aksiyani boshqa kunga belgilashingiz mumkin…
Yaxshigina maosh berib turgan universitetimiz rahbarlarining gapini ikki qilib bo'ladimi? Dekanimiz o'rinbosarlariga bir xilda “Xo'p bo'ladi!” deyishdan boshqa javobim yo'q, albatta!
— Xayriyatki, ixtiyorimda yakshanba bor, — dedim dilimdagini tilimga chiqarib. — “Telefonsiz kun” aksiyasini dam olish kuniga ko'chirdik!
Ravshanjon bilan xayr-xo'shlashishga ulgurmasimizdan Davronjonning raqami ko'rindi. Darhol u bilan bog'landim:
— Eshitaman…
— Mahallada deputatlar bilan uchrashuv hokimga ham ma'qul bo'libdi, — dedi u xushnud bir kayfiyatda. — Buning uchun tuman deputatlar Kengashi kotibiyati sizga alohida tashakkur bildiradi.
— Rahmat, — dedim o'zim ham shu uchrashuvdan qoniqish hosil qilib. — Eng muhimi, xalqimiz rozi bo'lsa, bas!
— Hokimimizning bitta gapi esdan chiqmasin, — dedi Davronjon bu yog'iga siyosiyroq tus berib. — Yakshanba va bayram kunlari — xalq uchun! Deputatlar va hokimlik xodimlari aynan shu kunlari mahallalarni aylanib yurishimiz, hammayoq top-toza turishi uchun hasharlar uyushtirishimiz, odamlarning muammolarini o'rganishimiz va eng zarur ishlarni tegishli mutasaddilar bilan birga hal etib borishimiz zarur. Shuning uchun aynan yakshanba kunlari telefoningiz ishlab tursin. Bugungiga o'xshab “Telefonsiz kun” aksiyasi, deb o'tirmang. Telegramga ham qarab turing. Sizni izlagan paytda topolmay qolmaylik…
Rahbarlarimizning el manfaatini ko'zlab aytgan topshiriqlariga “xo'p” deyishdan boshqacha javob bo'lishi mumkinmi?..
Suhbat poyoniga yetgach, telefonimga qaradim: kun bo'yi 22 kishi telefon qilibdi. Ba'zilari 5-6 martalab sim qoqqan…
“SMS” va telegramda kelgan xatlarni o'qiy-o'qiy tun yarmidan oqqan mahal ko'zim ilinibdi. Qolgani tushga ulandi. Telefonim yo'qolib qolganmish. Odam degan tushida ham shunchalik siqiladimi? Telegramdagi nozik gaplar, plastikdagi pullarni o'ylab rosa xunobim osharmish. Shu payt qah-qah kulgi eshitildi. Ortimga qarasam, Zita va Gitaga o'xshaydigan mahmadona juvoncha jilmayib turibdi. Qo'lida qadrdon telefonim! Qaerdandir topib olgan, shekilli.
— Ber, — deb qo'l cho'zdim.
— Hoo, berib bo'pman! — dermish mahmadona juvoncha telefonimni rosa aylantirib o'ynab. — Bitta qo'shiq aytib bersangiz, keyin olasiz.
— Men qo'shiq aytolmayman, — debman zo'rg'a o'zimni o'nglab.
— Bunaqa qilib aytasiz, — deya u dikonglab bir ajnabiycha qo'shiqni xirgoyi qila boshladi. — “San tul, man tul, gal manga band bo'l, oloriiim, moloriiim”…
Attang, yetolmay qoldim, u o'ynab-o'ynab bir eshikka kirib ketdi.
Bino peshtoqiga qarasam, katta-katta harflar bilan “BAXT UYI” deb yozib qo'yilgan ekan…
Shu topda hayriyat, telefonim jiringlab, uyg'onib ketdim.
Go'shakdan Ramziddin akaning xavotirli tovushi eshitildi:
— Hozir darsingizga rektorat o'quv bo'limidan Topildiyev kirar ekan, — dedi kafedra mudirimiz ogohlantirib. — “Ishchi reja”, ma'ruzalar joyida bo'lsin…
— Xo'p, xo'p, — dedim zo'rg'a g'o'ldirab.
O'zimni o'nglab soatga qarasam, dars boshlanishiga bir baxya qolibdi…
Oyoqni qo'lga olib ishxonam tomon yugurdim. Yo'l-yo'lakay cho'ntagimni paypaslab ko'rsam, telefonim cho'ntagimda. Eh, telefonsiz aqalli bir kun o'tkazishning iloji yo'q ekan-da. Qiziq, telefon ixtiro qilinganiga uncha ko'p bo'lgani yo'q. Bundan 35-40 yil avval shu zormanda yo'q edi, hamma bib-binoyidek yurar edi-ku. Endi bo'lsa…
Mayli, zamonangdan o'rgilay, bugun telefon shu qadar “hayot-mamot” masalasi bo'lib ketganiga o'zim hayron edim. Yana “Telefonsiz bir kun” degan aksiya o'tkazaman deb yuribman-a. Aksiya emas, askiya qilishim hech gap emas ekan… Lekin baribir bu “tashabbusim”day qaytganim yo'q. O'ylab tiribman, axir, axir odam telefonsiz ham yashashi mumkin!
To'lqin EShBEK
