Amriqolik qo'shnilarim

Ishdan qaytsam, xotinim gap topib qo'yibdi: yonimizdagi hovliga yangi qo'shnilar ko'chib kelayotgan emish. Yana qaerdan deng, naq Amriqodan.

— Qo'ysangchi, qaerdagi gaplarni topasan-a?

— Ishonavering, allaqanday uyushmami, jamiyatning yo'llanmasi bilan urf-odatlarimizni o'rgangani kelayotgan emishlar.

— Ana, endi qo'shnilar bilan ham tarjimon orqali gaplashamizmi? Yo imo-ishora bilan tillasharmikinmiz?

— Kim biladi deysiz, dadasi, uncha-muncha inglizchaniyam o'rganib yurardingiz, shekilli-a?

— E-e, harbiydan qaytgach, bir qiziquvdim. Kommersiyaga ilashgandan keyin hammasi qop ketdi.

— Dom kulturadayam chet tilini o'rgatadigan kurs ochilgan, deb eshitgandim. Men ham qatnab turganimda bo'larkan-a?

— Ke, ko'p boshimni qotirma. Bir gap bo'lar. Amriqodan kelgan odamlarning sen bilan valaqlashib o'tirgani vaqtiyam bo'lmaydi.

— Har qalay, amriqolik qo'shnilarimiz savdo ishlari bilan Dubayga qatnaydigan tijoratchining xotini ingliz tiliniyam bilmas ekan, deb kulishmasin, deymanda. Bo'lmasa, sizga tekkanimdan beri televizorning programmasidan boshqa narsa o'qiganim yo'g'-a.

— Bo'ladiganidan gaplashaylik. Uy-puy, hovli-povli, ko'cha-ko'yni supurib-sidirib, uborka qip qo'yinglar.

— Bo'pti, bo'pti. Baribir ko'nglim g'ash-da. Ular-ku, xo'pu xo'p, biz bilan darrov gaplashgani vaqtlari bo'lmas, lekin ularni ko'chirib kelayotgan o'zimiznikilar qo'shnilariniyam bir proverka qip qo'yaylik, deb qolishsa-chi? “Katta machitning hovuzi”ni inglizchasiga nima deydi, deb qolishsa, qanday javob beraman? Bo'taqorada sholi ko'p ekiladi, “guruch” inglizchasiga nima deyiladi, desa-chi? O'lay agar, hech narsa bilmayman. O'ziyam sizga tekkanimdan keyin juda otstaliy bo'p ketdim-da.

— Bo'ldi endi. O'zi ilgari ham og'zing qani, desa, qulog'ingni ko'rsatarding.

Xotinlarning mish-mishidir-da, bizning qishloqda amriqolikka nima bor, deb o'ylagandim. Yo'q, xotinimning gapi chippa-chin bo'lib chiqdi.

Ertasiga tushlikni uyda qila qolay deb kelsam, darvozamiz oldida yuzlari ham, sochlari ham sap-sariq, boshiga do'ppi qo'ndirgan bolakay o'g'lim bilan koptok o'ynayapti. Uzun lozim, atlas ko'ylak kiygan, malla sochlari ro'moli chetidan ko'rinib turgan ayol qo'shni darvoza oldini supurar, o'ziga quyib qo'yganday o'xshash o'zbekona kiyingan qizchasi yelim chelakda vodoprovoddan suv olib sepayotgan ekan.

Mashinadan tushib, ikki qadam yurishim bilan kutilmagan hol yuz berdi. Dunyoning narigi burchagidan kelgan ayolning ona tilimizda nazokat ila salomlashuvidan sezilar-sezilmas entikib ketdim. Uyga kirib, suyunchili xabarni aytay desam, xotinim allaqachon yangi qo'shni bilan tanishib olib, xursand bo'lib o'tirgan ekan.

Ikki kun o'tgach, ishxonada telefonga chaqirishdi. Tumanga bog'lanadigan telefon boshqa xonada bo'lganligi uchun “Tinchlikmikin?” deb o'ylab halloslab chiqsam, go'shakdan xotinimning ovozi eshitildi:

— Allo, dadasi… Anu yangi qo'shnilarimiz sizni “qaerda?” deb so'rashayapti. Hech tushuntirolmayapman… “Dejurstvo”ni o'zbekchasiga nima deydi?.. “Navbatchilik”? Ha, bo'ldi. Xayr.

Oradan hech qancha o'tmay, talaffuzidagi jinday sezilar-sezilmas g'alizlikni demasa, sof o'zbek tilida gapiradigan nazokatli, xushsuxan amriqolik ayolni qishlog'imizda deyarli hamma taniydigan bo'lib ketdi. Eri bo'lsa mahallaning to'yidan ham, ma'rakasidan ham qolmaydi. Bir marosimda oftoba bilan chilopchinni olib, oqsoqollarning qo'liga suv quyib qolsa bo'ladimi?..

— Barakalla, o'g'lim, — dedi oqsoqollardan biri hayron bo'libroq qarab. — Tanimayroq turibman, sen qaysi mahalladansan, bolam?

— Chikagodan.

— A-a?.. Bizda unaqa mahalla yo'q edi-yu…

Ana shunda yangi qo'shnim kelishining sababi-yu, dastlabki taassurotlarini o'zbekona lutf bilan bayon qilib, oqsoqollarning ham duosini oldi.

Uch-to'rt kundan keyin xotinim yana bir gap topdi.

— To'tixonlar mahallaga osh bermoqchi emish.

— To'tixoning kim?

— Anavi yangi qo'shnilarimiz-da. O'zlarigayam, bolalarigayam allaqachon o'zbekcha ism qo'yib olishgan. Eri siz bilan maslahatlashmoqchi. Detsaddan kelayotsam, povorotda turgan ekan.

— Kimlarni taklif qilganimiz ma'qul? — dedi. — Har qalay, siz bu yerning past-balandini bilasiz…

— Biz, odatda, huv anavi perekryostkadan banyaning oldigacha aytamiz.

Qo'shnim hech narsa tushunmadi.

— Hammomni deng, — eslatdi xotinim.

Darrov gapimni o'ngladim.

— Chorrahadan hammomgacha.

Shundagina gapimni anglagan Qoravoyning yuz-ko'zida tabassum zohir bo'ldi.

— Uchastkavoyniyam aytib qo'ying, — dedim.

— Kimvoy, — hayron bo'lib so'radi u.

Yana tilimni tishladim.

— Ha, anovi nozirimizni aytaman-da.

Bunaqa hollar tez-tez takrorlanadigan bo'lib qoldi. O'z yurtida sof o'zbek tilini ixlos bilan o'rgangan qo'shnilarimiz uchun chetdan kirib qolgan so'zlar guruchdan chiqqan toshdek g'ashga tegarli ta'sir qilardi. Sal o'ylabroq gaplashmasak, bo'lmaydiganga o'xshaydi. Har gal gapimni anglatishga qiynalganimda, xijolatdan ter bosadi. Biz o'zimiz sezmagan holda bunday qorishiq so'zlar bilan gaplashishga ko'nikib ketganimizni vaqt o'tishi bilan tushunib ham qolishdi. Lekin jilmayib turib beozorgina tanbeh berib, gapimni tuzatib qo'yganlarida, ichdan zil ketaman. Rus maktabida o'qigan, ko'p qavatli uyda o'sgan xotinimni-ku asti qo'yaverasiz.

— Qanaqa odamlar o'zi, a? “Obed” desang, tushunmasa. “Domkultura”ni bilmasa. “Optom”i nimasi, deganiga o'laymi?.. Naq davleniyam ko'tarilib ketadi-da!

— Qo'y, qizishma, ayasi. Axir ayb o'zimizda-ku. Men ham avvaliga shu kelib-kelib xorijdan ko'chib kelganlardan tanbeh eshitamanmi, deb g'ashim keldi. Ammo sal o'zimni bosib o'ylab ko'rsam, ular ikki yuz protsent… e, yo'g'-e, foiz haq ekan. Tilimizga bo'lgan hurmati bois ularga ixlosim benihoya ortib ketdi.

— To'g'ri aytasiz, — dedi xotinim ham sal hovuridan tushib. — Bahonada uncha-muncha narsani o'rganib ham olayapman. “Skovorodka”ning o'zbekchasi “tova” ekanligini o'ylamagan edim. “Soska”ning so'rg'ich, “bilet”ning chipta ekanliginiyam endi bildim. Bir jihatdan shu qo'shnilarimizning kelganiyam yaxshi bo'ldimi, deb o'ylab qolyapman, dadasi.

— Nimasini aytasan, ayasi, — dedim men ham kulib. — Amriqolik qo'shnilarimiz bizdan urf-odatlarimizni, biz esa ulardan o'z ona tilimizni o'rganayapmiz…

Habib SIDDIQ

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =