Ilon zahrining foydasi

Bahrom AKBAROV
Muallif haqida:
Bahrom AKBAROV — Toshkent viloyatida tug'ilgan.
Uning bolalarga atalgan “Mo''jizalar olamiga sayohat” nomli ilk kitobi 1997 yilda nashr etilgan. “Mitti botir” nomli ertak kitobi rus va nemis tillarida dunyo yuzini ko'rgan. Bolalarga atalgan “Kichkintoylar kitobi” (1,2,3), “Husnixatim chiroyli”, “Xayolimdagi hikoyalar”, “G'alati sinov”, “Bibiqjonning jasorati” (o'zbek va rus tillarida), “Bahaybat kaltakesaklar” nomli kitoblar muallifi. 2024 yil “Mehribonlik” nomli hajviy hikoyalar kitobi chop etilgan.
2009 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
(“Mehribonlik” turkumidan)
Xotinlar pulning hidini qayoqdan bilishadi, hayronman. Shu sababli ulardan pul berkitishning iloji yo'q! Ammo so'raganda pul berish azob. Pul bermaslikning yo'lini topish mashaqqat. Pulni o'zingizda olib qolish esa san'at! Olib kelingan pulni sanash — rohat! Bugun ishonchim komilki, har sohada ustasi farang xotinim pul so'rashi aniq. Chunki oylik beriladigan kunni u juda yaxshi biladi. Shu sabab pul bermaslik maqsadida uyga ataylab qovog'imni uyib, o'zimcha to'ng'illab kirib bordim. Xotinim ahvolimni ko'rib, tabiiyki, pul so'rolmadi. Vaqt aksiga olib imillab o'tardi. Xotinim u deb ko'rdi, bu deb ko'rdi, ro'yxushlik bermay choyimni ichganimcha gazeta o'qib o'tiraverdim. Oxiri bo'lmadi. U endi boshqacha, o'ziga xos yo'l izlay boshladi.
— Ha, og'zingizga tolqon solib keldingizmi? Indamaysiz? Gap eshitgan bo'lsangiz, ishxonada eshitgansiz, muncha qovoq-dimoq qilmasangiz? Mundoq oila boshlig'iga o'xshab kulib o'tiring. Biz ham xursandchilikda ovqatlanaylik.
“Meni laqillatib bo'psan”, degandek indamadim. U yana avrashga o'tdi:
— Nima balo, juda qattig'idan tekkanmi deyman? Toshbaqa tuxumiga termilgandek gazetdan ko'zingizni uzmay o'tiribsiz. Ja, o'sha “Hurriyat”ingizda nimalarni yozishibdi? Biz ham o'qiylik.
Indamasdan gazetani uzatdim. Gazeta sahifalariga ko'z yugurtirayotgan xotinimning yuzlari birdan yorishib ketdi.
— Buni qarang, adasi, siz bu gazetani bekorga yaxshi ko'rmaysiz. Xotinlarni avrash sohasida kobraga o'xshatishibdi.
— Shundaymi? — dedim ming'irlab.
— Siz nima deb o'ylaysiz, xotinlar rostdan ham ilonga o'xshab avrashadimi-a?
— Bilmasam, — dedim ichimdan xursand bo'lsam-da.
— Nechuk bilmay qoldingiz? Ja, “hamma narsani bilaman. Onam meni dono qilib tuqqan”, deb maqtanardingiz-ku!
Xotinimning savollari qaysi tomonga ketayotganini bilmay boshim qotdi.
— Gazetada yozishsa yozishgandir. Menga nima?..
— Oho, — dedi u biroz kulimsirab. — Jurnalistlar haqiqatni yozishadi degan sizmi yo menmi?
— Aytgan bo'lsam aytgandirman.
Xotinim lanj javobimdan qoniqmadi. U endi rostakamiga hujumga o'ta boshladi.
— Bu fikrga siz qanday qaraysiz? Faqat to'g'risini ayting. Ijobiymi, salbiymi?
Nima deyishga hayron edim.
— Gapiring, nega indamaysiz?
Shuncha dag'dag'adan keyin boplab alamimni olmoqchi bo'ldim.
— Ijobiy! — dedim qat'iy.
— Tushunarli, — dedi u negadir biroz yengil tin olib. — Sizningcha ham xotinlar erini ilonga o'xshab avraydi va zahrini sochadi. Shundaymi?
— Xuddi shunday! — dedim nihoyat g'oliblik sari qadam tashlab. — Boyadan beri zahringni sochib, dag'dag'a qilyapsan-u! Indamay mo'min-qobil bo'lib zahringni yutib o'tiribman-ku! Yana senga nima kerak? — so'zimni tantanali va mag'rur ohangda tugatdim-da, unga o'qrayib qaradim.
Xotinim bu gapdan xafa bo'lish o'rniga nima uchundir chiroyli kulib qo'ydi. Hayronligim oshdi. Aslida, uning jahli chiqishi kerak edi.
— Ha, endi o'zingizga kelyapsiz. Mana endi asosiy savolga o'tsam bo'ladi. Siz doimo halol luqma yeyishni yaxshi ko'rasiz-a?
— Bu nima deganing? Albatta, yaxshi ko'raman va hayotimda doimo shunga amal qilganman! Bunga shubha qilmasang ham bo'ladi!
— Bu juda ajoyib va ko'nglimdagidek javob bo'ldi! Endi ikkinchi savolimni eshiting. Sizga turmushga chiqqanimga necha yil bo'ldi?
“Ha, endi qo'lga tushding, endi seni boplayman”, — deya o'yladim va hech ikkilanmay uni qari ko'rsatish maqsadida bir necha yillarni qo'shib:
— Qirq yil! — dedim.
— Adashmadingizmi?
— Nega adashay? Aslida, undan ham ko'proq bo'lsa kerak, — dedim g'olibona.
— Juda soz! — dedi u chehrasi yanada ochilib. — Gapni cho'zmayman. Boyadan beri berkitib o'tirgan oylikni cho'zing.
— Qanaqa oylik?
— Olgan oyligingizni aytyapman. Ro'zg'orga, o'g'limga, o'zimga qancha narsa olishim kerak. Qani, imillamay cho'zing-chi?
— Nega endi senga pul berishim kerak? Qaysi ko'rsatgan karomating uchun pul to'layman?
Gapim shunchalik dadil chiqqanidan xursand edim. G'olibona yurishim davom etayotgan edi.
— Mana bu siz sevgan gazetangizda bir kilo ilonning zahrining jahon bozoridagi narxi qancha dollar turishini yozishibdi. Siz jurnalist sifatida “Hurriyat”ga ishonasiz. Har yili meni, ya'ni ilonning zahrini ozginadan bo'lsa ham yutgan bo'lsangiz, hisoblab chiqavering. O'zingiz aytganingizday, faqat halol luqma yegansiz. Mening haqqimni to'lang. Qirq yillik zaharlarimning haqqini to'lang! Oylik-poyligingiz o'zingizga siylov. Tushundingizmi?!
Xotinim bir qo'lini beliga qo'yib, ikkinchisini haqqimni bering degandek cho'zib iljayib turishi hushimni boshimdan uchirdi. Uning bu galgi zahri ham o'ziga foyda berdi va mening g'olibona yurishimga nuqta qo'ydi…