“Hoji do'stingizdan salom!”

Valijon bugun o'ninchi kundirki, ko'ngil so'rab kelgan mehmonlarni kutib olib, kuzatadi. O'likning chachvoni uzun deganlari shu ekan. Ular ehson dasturxoniga o'tirmaydilar. Bir hovuch fotihani marhumga bag'ishlab, izlariga qaytadilar.

Nogahonda oq rangli “Neksiya” mashinasi ichkariga kirmay, yo'lak boshida to'xtadi. Valijon bir qarab olib, ko'ngil so'rab kelayotganlardan bo'lsa kerak, deb kitob mutolaa qilishda davom etdi.

Uzun bo'yli, barvasta, chehrasi yoqimtoy yigit qo'lida og'irgina yelim idishdagi yukni ko'targancha Valijonning istiqboliga yaqinlashdi.

Valijon sinchkov razm solib ham yigitni tanimadi. Demak, bu yerlik emas. Rostdan ham shunday bo'lib chiqdi.

Mehmon tavoze bilan so'rashgach, o'zini tanishtirishga shoshilmadi, avval qo'ng'iroqdek tovushda tilovat qildi. “O'tgan momomizning oxiratlari obod bo'lsin”, — dedi. Yuzlariga fotiha tortilgach, Valijon uzr so'rab:

— Uka, sizni tanimay turibman. Bu yog'i endi keksachilik-da, — deb boshini egib turdi.

— Aka, juda ziyrak odam ekansiz, meni tanimayotganingiz ayni haqiqat. Men Farg'onadanman. Ismim Jasur. Bir oyog'im poytaxtda, yumush bilan kelib turaman. Kechirasiz-da, vodiyda birorta yaqin jo'rangiz bormi? Toping-chi?

Valijon bir muddat o'yga toldi. Vodiydagi yaqinlarini bir-bir ko'z oldiga keltirdi. Mehmon shu alpozda hushyorlik qildi:

— Hojilardan yo'qmi, aka? — deya luqma tashladi.

— Albatta, bor-da! — dedi Valijon topqirligidan xursand bo'lib.

— Ismlarini ayting-chi? — so'radi mehmon xuddi topishmoq javobini kutayotgandek shoshilib.

— Malik hoji, uning tug'ishgan ukasi Dilshod hoji, — dedi Valijon.

— E, baraka toping, aka, xuddi o'sha Malik aka bilan Dilshod hojilar oilangizdagi qayg'uni eshitib, Sizga mendan duoi salom aytib yuborishdi. Ha, aytganday, mana bu asalni ham Malik aka sizga berib yubordi. Yana asal pulini olib o'tirma, deb qattiq tayinladi.

— Yo'q, men shuncha asalni ololmayman, — keskin rad etdi Valijon. — Birinchidan, u odam asalari boqmas edi-ku.

— To'g'ri aytdingiz, — mehmon yana gapni gapga uladi. — u kishi asalari boqmaydilar, mana, men boqaman. Necha yil, necha zamon Malik aka bilan og'a-ini bo'lib ketganmiz. Shuning uchun yumushni menga tayinladilar. Siz ishonavering.

Valijon cho'ntagiga qo'l solib, pul chiqarishga tayyorlanayotganda mehmon yana tilga kirdi:

— Aka, bu sizga tekinga, Malik akadan. Yana ozroq pulga sotib olmoqchi bo'lsangiz, ulovda asal serob. Qancha desangiz, topiladi.

— Yo'q, yo'q, uka. Aslida, shu ham bizga ortiqchalik qiladi. Kerakmas edi.

— Nega unday deysiz, aka? Malik akani sira xafa qilmang.

Shu soniyada u ulov tomonga qarab imo qildi. Barvasta yigit mashinadan tushib, u ham yelim idishda asal ko'tarib kela boshladi.

— Jasur inim, bu ortiqcha manziratu iltifotni hazm qilolmayman. O'zi ayriliq azobini… — Valijon u yog'ini aytolmadi. — Yaxshisi, bularni o'zlaring bilan olib ketaveringlar. Malikjonning o'zi olib kelsa yarashardi.

— Siz juda ta'bi nozik inson ekansiz. Qoyil qoldim! Mayli, mana bu idishdagi asalga haq bera qoling, men roziman. Tekin pishloq qopqonda bo'ladi, deb xavotirdasiz-da. Xohlasangiz, hammasini, Malik aka hurmati, tekinga tashlab ketamiz.

— Unaqasi ketmaydi! — keskin e'tiroz bildirdi Valijon biroz ranjigan bo'lib. — Hamma narsaning hisobi bo'ladi. Xo'p, bu idishdagisi qancha?

— Kilosiga yuz mingdan beravering, bozorda ikki yuz mingdan ketyapti. Albatta, baraka topasiz. Bozorda ikki yuz mingdan chaqqon sotyapman.

— Bilasizmi, Jasurjon, — ovozini pastlatdi Valijon, — men hali qator aza marosimlarini o'tkazishim kerak. Bunday ulgurji mahsulotni sotib ololmayman, meni tushuning.

— Bo'ldi, mayli, — dedi mehmon sal shashtidan tushgan bo'lib. — Yana bitta idishdagini olib kel, — dedi yonida angraygancha turgan sherigiga. — Bir million bersangiz bo'ladi, Malik aka hurmati. Keling, bor- baraka! Aka, rozi bo'lsangiz, men baraka topaman.

Valijon o'tirgan joyida pulni berib: “Baraka!” — deb yubordi.

Mehmon shoshib iziga qaytayotganida, Valijon ularni to'xtatib, oydinlik kiritmoqchi bo'ldi:

— Shoshmanglar, men Malik bilan telefonda gaplashaman, har holda…

— Aka, hozir shart emas, sizga sotganimizni eshitsalar, bizdan qattiq ranjiydilar. Iltimos, hozir qo'ng'iroq qilmay turing.

Valijon noiloj mehmonlarning ra'yiga qaradi. Shundoq yonginasida esa chorpoyada uchta idishda zil-zambil og'ir qiyom bashara qip-qizil suyuqlik o'zini ko'z-ko'z qilib oftob nurida yaltirab turardi…

Sobirjon INOMOV,

O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 19 =