Tarixda qoladigan xotin

Bahrom AKBAROV

Muallif haqida:

Bahrom AKBAROV – 1961 yili Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug'ilgan.

1983 yili ToshDU (hozirgi O'zMU)ning kimyo fakultetini bitirgan. Bolalarga atalgan “Mitti botir” nomli asari nemis va rus tilida, “Qo'rqmas botir haqida ertak” kitobi  rus tilida nashr etilgan. Shuningdek, “Kichkintoylar kitobi”, “Xayolimdagi hikoyalar” va “G'alati sinov” nomli kitob­lari nashr etilgan.

“Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

XARXAShALAR

Xotinimning keyingi paytlarda xarxashasi oshgandan-osha boshladi. “Gap”larining turi ko'paydi: sinfdoshlar, mahalladoshlar, qarindoshlar, kursdoshlar va yana ishxonadoshlar. Bularning bari tekin bo'lsa mayli edi-ya, hammasi pulli. Yarmini o'zi to'lasa, yarmi kaminaning bo'ynida.

“Er bo'lgandan keyin xotinning og'irini yengil qilish kerak!” Bu xotinimning qat'iy shiori. Yetmaganiga har oyda ko'ylak mojarosi. Sovchilikka yurgandan beri xarajatim oshsa oshyaptiki, kamaymayapti. Shularni o'ylab, bir hiyla ishlatmoqchi bo'ldim. U ham bo'lsa xarajatlarni kamaytirish uchun xotinimning tanobini tortib qo'yish. Boshqacha aytganda, qo'rqitish. Buni quyidagi usulda amalga oshirishni niyat qildim.

Oshxonada o'ng qo'limni peshonamga qo'ygancha yolg'ondan xayol surib o'tirardim. Bir payt beshik to'yiga ketgan xotinim qo'lidagi tog'orasini beliga qo'ygancha oshxonaga kirib keldi.

— Ha, boshlig'ingizdan gap eshitgan odamday hurpayib o'tirishingiz boshqacha. Nima bo'ldi? Qo'limdagi tog'orani olay ham demaysiz-a!

Xotinimning bu gapi juda qo'l keldi.

— Eshitadiganimni eshitib o'tiribman. Qo'lingdagi tog'orangni ko'tarib turmasdan, stolning ustiga qo'y. O'zing qayoqlarda yuribsan? — dedim yolg'ondan do'q urib.

— Mahmud so'fining o'g'li Husan novcha og'ayningiz bor-ku, o'shalarnikida beshik to'yi bo'ldi. Esingizdan chiqdimi? Aytuvdim-ku.

— Ha, aytuvding. Qalay, yaxshi bo'ldimi?

— Yaxshi ham gapmi? Zo'r bo'ldi. O'ziyam sakkiz xil ovqat tortsa bo'ladimi!

— Hammasini yedilaringmi?

— Qayoqda! Yarmidan ko'pi qolib ketdi. Isrofni ayting, dadasi, isrofni.

— Har tugul, isrofni o'ylab qolibsan. Aslida, uning xotiniyam senga o'xshaydi. Katta ko'zim.

— Iya, hali men shunaqa ekanmanmi? Ertayu kech yomonlaganingiz-yomonlagan. Hech mundoq maqtamas ekansiz-da, meni, a?

— Mana shunaqa janjallaringdan mahalla raisidan gap eshitdim.

— Qanaqa gap eshitdingiz?

— Yomon! Oilaviy janjallaringiz “Hurriyat”da chiqibdi, dedi.

Xotinimning yuzi tundlashdi. Qoshlari chimirila boshladi va alam bilan:

— Ajab bo'pti! O'zining xotini chiqolmaganiga alam qilgan-da, — dedi o'qrayib.

— Aytishiga qaraganda, janjallaring ijtimoiy tarmoqda, ya'ni “Feysbuk”da ham yoritilganmish.

— Yoritilsa yoritilar. U yerda siz ham borsiz. Menga nima?!

— Menga-ku, hech narsa emas. Erta-indin o'g'lingga qiz qidirmoqchi bo'lib turganingda, bu yaxshi emas-da, xotin. O'g'lingni o'yla, o'g'lingni.

Xotinim bu gapimdan keyin sal bo'shashdi va birdan:

— “Feysbuk” nima degani o'zi? — deb so'rab qoldi.

To'g'risini aytsam, xotinim shunday savol beradi, deb hech o'ylab ko'rmagan ekanman.

— Ana, bilag'on o'g'lingdan so'ra. Ja, maqtanasan-ku, o'g'lim hamma narsani biladi, deb.

— Bunaqa masalani, hartugul, o'g'limdan so'rashim kerak bo'ladi. O'zingizni boshqa paytda ja Aflotun hisoblaysiz-ku! Yo gapim noto'g'rimi?

O'ylanib qoldim. Aksiga olib, o'g'lim ham o'qishda edi. Tavakkal javob berdim.

— Bu nemischa so'z tarjima qilinmaydi. Gastronom deganday.

— Yo, tavba, — dedi xotinim qo'llarini beliga qo'yib, — bilmaganingizdan keyin topgan bahonangizni qarang-a!

— Topdim! Bu kitobning beti, varag'i degani, — dedim miyamga kelgan fikrdan quvonib.

— Nima? Hali men kitobda ham chiqibmanmi?

— Ha, — dedim o'zimni kulgidan zo'rg'a to'xtatib. — Janjallaring sabab kitobda ham chiqibsan.

Uning chimirilgan qoshlari birdaniga o'zgarib, qah-qah otib kulib yubordi.

— Voy, qandoq yaxshi! Uncha-muncha odamning nomi kitobda chiqmaydi. Demak, tarixda qolibman. Baraka toping, dadasi! Siz tufayli tarixda qoladigan bo'ldim. Ha, aytganday, oldingi safar “Hurriyat” gazetasidagilar yaxshigina qalam haqi berishgandi. Bu kitobingiz, hah, oti nimaydi-ya, ha, “Feysbuk”, bu ham yaxshigina pul to'lasa kerak. Qalam haqini to'g'ri o'zimga olib keling, tag'in birorta oyimtillangizga oborib yurmang-a!

Yo'q joydan o'zimga yangi mojaro sotib oldim. Yana qalam haqi, yana oyimtilla. Nima deyishimni bilolmay qoldim. Indamay turganimni ko'rib, xotin avjiga chiqa boshladi:

— Hoy, dadasi, nega tomog'iga narsa tiqilgan odamday miq etmaysiz?! Mayli, gap eshitsam, men eshitaman. Siz yozavering. Boshqa kitoblarda ham nomim qolsin. Endi otimni ham yozing. Xo'pmi? Sovchilikka borsam, “Hurriyat” gazetasiga qo'shib, o'sha kitobni ham olib boraman. Shu uchun yozavering. Qo'rqmang! Hamisha yoningizda men borman. Aytishadi-ku: “Do'st bo'lsang yonimda tur”, deb. Men sizning ajralmas vafodor do'stingizman. To'g'rimi?..

— A?!

— Ha!

BOLA QALBI

Ishdan kelib, uyga kirishim bilan xuddi shuni kutib turgandek, xotinim diydiyosini boshlab qoldi.

— Keldingizmi, dadasi? To'qqiz soatdan beri kutaman. Ishxonangizga necha marta telefon qildim, olmaysiz?

— Nima gap, tinchlikmi? Namuncha eshikdan kirmasimdan gap xaltangni ochmasang? Avval salom ber. Yaxshi keldizmi, deb so'ra.

— Ko'rib turibman. Otdaysiz!..

— To'g'ri, faqat gijinglashim qoldi.

— Kesatmang. O'zi shundoq ham asabim buzilib turibdi.

— Nima bo'ldi?

— “Ota o'g'lingiz” yana hunar ko'rsatibdi.

— Chumchuq poylayman deb yana Sobir akaning derazasini poylabdimi?

— Koshkiydi.

— Ninachiga cho'p tiqib, Salom xolaning uyiga qo'yib yuboribdimi?

— E… yo'q.

— Mahmud so'fining o'g'lini uribdimi?

— Qaniydi, shunday bo'lganda, hozir bezrayib uyda o'tirgan bo'lardi.

— Nima bo'pti o'zi, aytsang-chi asabni o'ynamay!

— O'g'lingizni tergab qo'ying, desam, tergovchimasman, deb qutulasiz. Mana, ahvol! O'qituvchisi shikoyat qilib telefon qildi. Oldi qatorda o'tirgan qizlarning sochini bir-biriga bog'lab qo'yibdi. Ular turaman deb boshini bir-biriga urib olishibdi.

— Keyin-chi…

— Keyin sinfda to'polon boshlanibdi.

— Undan keyin-chi?

— Ustozi ularni ajratib qo'yibdi.

— Oxirida…

— O'qituvchisi telefon qilib, o'g'lingizni rosa yomonladi.

— Yaxshi bo'pti! Hozir qani o'zi? Aytganingday bir tergab qo'yay.

— Urasizmi?

— Yo'q. Eskicha usulda tarbiyalayman. Kamar bilan savalayman.

Xotinim iltijoli nazar bilan qaradi:

— Unday qilmang, dadasi. Hali yosh bola-ku. Esi  kirib qolar.

Men esa yolg'ondan avjiga chiqdim:

— Tergang, tergang deysan. Yana, yo'q, tergamang, deysan. Yo'limdan qaytarma! Chaqir o'g'lingni! Bir adabini berib qo'yay! Qaerga ketdi? Top deyapman!

— Qurbaqa tutgani ketuvdi, — dedi u qo'rqa-pisa. — Hozir kelib qoladi. Jon, dadasi, shaxtingizdan qayting. O'g'limda ayb yo'q. Hamma ayb menda.

Jahlim chiqib yana baqira boshladim:

— Bilaman, hali ham hamma ayb senda. O'g'lingni taltaytirib yubording. Qurbaqani nima qilarkan? O'g'ling yana nimani boshlamoqchi?

— Bilmasam… o'g'limni kechiring, dadasi. Menga nima desangiz ham, mayli, roziman, faqat…

Shu payt ostonada uch litrlik banka ko'targan, chap ko'zining osti ko'kargan, tizzalari shilingan, bo'yniga rogatka osib olgan o'g'lim ko'rindi. Bankaning ichida ikkita qurbaqa. U yovqarash bilan yonimdan o'tdi-da, onasining oldiga borib turib oldi. Xotinim jangchi ayoldek o'g'lining oldini to'sdi.

— Hov, bu nima? — dedim o'g'limga jahl bilan qarab. — Qurbaqani nima qilmoqchisan? Faqat to'g'risini aytsang, urishmayman.

O'g'lim ishonmagandek qaradi-da, indamadi.

— Nega indamaysan? Qilg'iliqni qilib, onangning pinjiga tiqilishingga balo bormi? O'g'il bola degan bunaqa qo'rqoq bo'lmaydi.

— Qo'rqoq emasman. Onamni urishmang.

Bu gapdan keyin tomog'imga bir narsa tiqilgandek bo'ldi. Jovdirab turgan o'g'limga rahmim keldi.

— Shunday yer chizib turaverasanmi? Urishmayman dedim-ku.

Xotinim o'g'limning boshini silagancha dedi:

— Endi bunday ishlarni qilmaydi, dadasi, kechiring.

— Sen aralashma. Urushmayman dedim-ku.

— Rostdanmi? So'zingizda turasiz-a? — dedi o'g'lim ko'zlarini pirpiratgancha qat'iy ohangda.

— Ha, o'g'lim. Urishmayman.

— Onamni-chi? Onamni ham urishmaysizmi?

— Yo'q, o'g'lim, onangni ham urishmayman. Chunki onangni ham, seni ham yaxshi ko'raman.

O'g'lim ham, xotinim ham yarq etib menga qarashdi. Nazarimda, ular bu ichki nozik tuyg'ularimni endi bilishgan edi. Sababi shu vaqtgacha buni oshkor etmagandim.

— Ura! — dedi o'g'lim birdaniga quvonch bilan osmonga sakrab. — Dadam bizni yaxshi ko'rarkanlar, oyi. Men ham dadamni yaxshi ko'raman. Men ham so'z beraman. Endi yaxshi bola bo'laman. O'qituvchimizning sumkasiga qurbaqalarni solmayman. Mana, ko'rasiz, zo'r bola bo'laman!

U shunday deya qichqirib sakrar ekan, qo'lidagi banka yerga tushib ketdi va chil-chil sindi. Xotinim singan bankaga qaradi-da, jon holatda: — Kelgan balo-qazo shunga ursin! — derdi.

O'g'lim ikkalamizning qo'limizdan ushlagancha tinimsiz sakrardi. Shu topda xotinim nima uchundir piqillab yig'lay boshladi. Men esa o'zimni yig'idan zo'rg'a tutib turardim. So'z o'g'limga o'zgacha ta'sir etganini sezdim va bola qalbi qanchalar nozikligini, har doim ham ota mehri zarurligini tushungandek edim…

AQLLI MUShUK

Ishdan kelsam, xotinim odatdagidan ko'ra xomushroq ko'rindi. Hamisha quvnoq, shaddod, o'zicha ming'irlab ashula xirgoyi qilib yuradigan xotinimning o'zini bunday tutishida qandaydir xijillik bordek tuyuldi-da, so'radim:

— Ha, tuzukmisan? Ahvollaring yaxshimi?

— Himm, yaxshi, — dedi u sekingina.

Javob qoniqarsiz bo'lsa-da, indamadim. Choy ichayotgan vaqtimizda ham holat o'zgarmadi. U choynakdagi oxirgi choyni piyolamga quygach, xuddi meni birinchi marotaba ko'rayotgandek termilib qarab turdi-da:

— Dadasi, — deya g'alati ovozda gap boshladi, — kanareyka aqllimi yoki mushuk?

Savol juda noodatiy bo'lgani uchun hayron qoldim. U esa javobimni tezroq bilgisi kelayotganligi ko'zlaridan yaqqol sezilib turardi.

— Shuni bilmaganingni qara, — dedim kulib. — Albatta, mushuk aqlli. Nega qiziqib qolding?

— O'zim, bilgim keldi-da, — xotinimning ovozi ancha dadillashgan edi. — Sizningcha, jonivorlarning aqllisi yaxshimi yo…

— Bu savoling boyagi gapingdan ham o'tib tushdi-ku. Albatta, hamma narsaning aqllisi yaxshi-da. Masalan, aqlli er…

Bu gapimdan keyin xotinimning chehrasi yarq etib ochildi. Xuddi shu gapimni kutib turgandek:

— O'zim ham shunaqa gap aytasiz, deb o'ylovdim. Ofarin, dadasi! Sizga besh baho! Juda ko'nglimdagini topib aytdingiz. Hamma narsaning aqllisi yaxshi. Mushuk aqlli bo'lmasa, to'rsavatdagi menga o'xshab sayraydigan o'sha qimmatbaho ahmoq kanareykangizni yeb qo'yarmidi, a?

— Nima?!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − one =