“Bangaliston xalq shoiri”
Zamonadan o'rgilay! Texnik va texnologik rivojlanish shiddati shu qadar tezkor kechyaptiki, 4-5 yil uzlatda bo'lib qaytgan odam ham o'zgarishlardan boshi aylanadigan davrlar keldi. Imkoniyat va qulayliklar — har sohada.
O'zini badiiy ijodga sal bo'lsa-da oshno bilgan yurtdoshlarimiz ham yaxshi niyatlar bilan telegram kanalida “Ijodmisan-ijod” guruhini tashkil qilishdi. Nazm, nasr degandek, nimadir qoralagan borki, o'z ijodini shu yerda boshqalar bilan baham ko'ra boshladi. Uning a'zolari vaqt o'tib ancha ko'payib qoldi. Kimdir yangi she'r yozib, guruhga tashlasa, uni o'qib, fikrlarini aytishga, kamchilik va nuqsonlari ustida ishlab, asarni puxtalashtirish bo'yicha maslahat berishga ishqibozlar uchun ham qulay maydon bo'ldi bu.
Yoshligida ismidan iymanib katta bo'lgan, lekin keyinchalik “ism — bu taqdir”, deya shu yo'nalishga bosh suqqan Shoir ham kimlardandir guruh ta'rifini eshitib, ijodkorlar hamjamiyatiga qo'shildi. Tug'ilganlik haqidagi rasmiy hujjatlariga ota-onasi ismini shunday qayd qildirishgan edi. Shoir bo'lsa, shoir-da, deb, she'r yozishga, unda-bunda mutolaa qilishga harakat qildi. Taxallus ham topdi — Shoiri Davron! Jarangdorligi o'ziga yoqdi.
Har kuni bo'lmasa-da, tez-tez yangi she'rlarini boshqalar bilan o'rtoqlashish zavqi Shoiri Davronga ko'ngil xotirjamligini in'om eta boshladi. To'g'ri, bitiklari saviyada oqsoqroq bo'lishi mumkin, lekin unga buning ahamiyati yo'q edi. Asosiysi, ijodini o'qishar va fikr bildirishardi.
Ijodi gurkuragan pallada bir kuni Shoirga shaxsiydan noma keldi.
“Assalomu alaykum, Shoir aka. Mening ismim Hotam, Hotamtoy desangiz ham bo'laveradi. O'zim siz bilan bir joydanman, ammo hozir xorijda — Bangladeshda yashayman. “Ijodmisan-ijod” guruhida she'rlaringizni maza qilib o'qiyman, ko'plarini yod olganman. Shu yerlik bir do'stim bor. Unga ijodingiz haqida aytgandim, tarjima qilib, mahalliy gazeta-jurnallarga chiqarmoqchi. Nima deysiz?”
Baxt qushi hammaning ham boshiga qo'navermaydi.
“Albatta, Hotamtoy. Faqat xursand bo'laman”, degan javob bo'ldi Shoirdan.
Yana noma keldi: “Aka, tarjimonga biroz qalam haqi kerak — 150 dollar. Hisob raqamimga o'tkazib bering, natija ko'p kuttirmaydi”.
Rostdan ham, bir haftada qandaydir ajnabiy tilda chop etilgan gazetamidi, jurnalmidi, Shoirning rasmi bilan elektron sahifa shakli shaxsiysiga kelib tushdi.
Shoiri Davronning quvonchi toshdi.
“Rahmat, do'stim, baraka toping”.
Bir-ikki o'tib, yana xat keldi.
“Aka, she'rlaringiz matbuotda e'lon qilingach, ijodingiz muxlislari juda ko'payib ketdi. Sizga “Bangaliston xalq shoiri” unvonini berishmoqchi”.
Shoirning halovati yo'qoldi, buni eng qulay imkoniyat va e'tirof sifatida qabul qilib, ijod zavqi bilan jo'shdi.
“Xursandchiligimni, minnatdorligimni qanday bildiray?”
“Aka, faqat to'g'ri tushuning, bu unvonning ozroq xarajati bor, 3000 dollar. Bitta suratingizni ham jo'nating”.
Shoirning yaylov to'la suruvi o'tlab yuribdi. Nari borsa, 7-8 tasining bahridan o'tib qo'ya qoladi.
“Mayli, oshna, 10 ta qo'yning ham puli emas ekan-ku”.
Ikki haftalarda surati tushirilgan va dumaloq muhr urilib, “xalq shoiri” bo'lgani to'g'risidagi guvohnomaning elektron shakli shaxsiysida ko'rindi.
“Mana, aka, guvohnomani jo'natdim. Sizga “Bangaliston xalq shoiri” unvoni berildi. Tabriklayman! Ijodga baraka”, deb yozdi Hotamtoy.
Shoiri Davron bu paytda osmonda parvoz bilan ovora edi. Asta pastga qaradi-da, so'radi:
“Katta rahmat. Guvohnomaning aslini qachon olsam bo'ladi?”
“Tez orada pochta qilib yuboraman. Jo'natma xarajatlari uchun taxminan 500 dollar ketadi”.
“Bo'ldi, gap yo'q, pulni hoziroq jo'nataman, tezlating. Yaxshi odam ekansiz, tashakkur”.
Oradan 1 yilcha o'tdi. Hotamtoy ham, guvohnoma ham izsiz yo'qoldi. Yaqinda “Ijodmisan-ijod” guruhida Shoiri Davronning bir bitigiga ko'zimiz tushdi:
“Azizlar, guruhimizdagi Hotamtoy bilan bog'lana olmayapman, bilgan va taniganlar bo'lsa, aytvoringlar, iltimos, menga aloqaga chiqsin”.
Demak, Shoiri Davron hamon Hotamtoyning hotamidan umidvor.
* * *
To'g'ri, biz ismlar va manzillarni o'zgartirdik hamda biroz badiiylashtirdik. Maqsad — zamon shiddati yurtimiz insonlari fe'lida aks etgan soddalik, ishonuvchanlik kabi fazilatlardan g'araz niyatda foydalanuvchi olg'ir kimsalarni ko'paytirib yuborayotganidan ogoh etish. Bitiklarimizdagi yumor, satira va hazilomuz iboralar o'z yo'liga, lekin hozir jiddiy bitta gapni aytish mavridi:
Joriy yil 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta'minlash bo'yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari shunday dedi:
“Qaerda hayot yaxshilansa, daromad ko'paysa, o'sha yerda “engil pul topish” harakatida bo'lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo'ladi”.
Jon kuydirib aytilgan ushbu mulohazalar bejiz emas, albatta. Ogoh bo'ling! “Engil pul topish” ilinjidagi jinoiy tuzilma va firibgarlarning talonchilik nishoniga aylanib qolmang!
Nodir MAHMUDOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
