ISTARA

Istara haqida ko'p yozilmagan. Istara — Surxon vohasining qadimgi Sherobod hududiga qarashli, hozirda Qiziriq tumanidagi katta bir mahalla, qishloq. Bu makondan juda ko'p taniqli, iste'dodli va eng muhimi, yaxshi odamlar yetishib chiqqan. Bugungi kunda ham fozil, oqibatli odamlar yashashadi. Istaraliklar nihoyatda mehnatkash, bilimga chanqoq, lekin sodda va o'ziga xos el. Ammo birozgina xafa qiladigani aholisining ko'pchiligi Istara degan nom haqida ko'p ma'lumotga ega emas. Bunga sabab — bu makon tarixi, o'tmishi keng tadqiq qilinmaganida bo'lsa kerak. Afsuski, bu yerda yashagan eski odamlar, bilgichlarning ko'pi bugun oramizda yo'q, ular olamdan o'tib ketishgan.
“Istarali odamlar yashagani uchun”, “Is-ifor taratib turuvchi degani bo'lsa kerak?”, “Qadimgi Isfara degan nomdan olingan bo'lishi mumkin”, “Isparak” degan o't-o'simlik nomidan kelib chiqqan…” va h.k.
O'zlaricha ana shunday talqin qilishadi o'z makonlari haqida bugungi qishloq donishlari. Ehtimol, bu gaplarda ham jon bordir. Ammo yuqorida aytganimizdek, bir paytlar Sherobod zaminiga qaragan, biroq bundan 60 yilcha avval Bandixon va Qiziriq cho'llarida tashkil etilgan mazkur ko'p ming kishilik xo'jalik o'z tarixiga, o'tmishiga ega. Bu haqda bir paytlar arxeolog olim, Surxonning katta yozuvchisi bo'lgan Xudo rahmat qilgur Mengziyo Safarov bilan ham suhbatlashgan edim.
Ha, bu hududlar tarixi juda qadimiy. Istara tarixini ham Boysun va Sherobod cho'llari tarixi bilan ayro tasavvur qilib bo'lmaydi. Bilasiz, Boysun dunyo sivilizatsiyasining beshigi bo'lgan. Boysunda ilk neandartal odam — bola suyagi, bosh chanog'i topilgan. Bu esa bundan 40-50 ming yil avvalgi yashagan odamlarga taalluqligini allaqachon fan isbotlagan. Buyuk jahongirlar Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon, Amir Temur ot surgan bu zaminda. Va bu gaplar aslo afsona emas. Qadim go'shada yaratilgan “Alpomish” dostonini ham afsona deydiganlar yanglishadi. Chunki bu dostonni sel bo'lib bir buyuk oqin aytgan. U tildan-tilga o'tdi. Dildan dillarga ko'chdi.
Sekin-asta oradan yillar, o'n yillar, yuz yillar o'tdi. Ming-ming yillar ham shunday o'tib ketaverdi. Shu bois u buyuk shoir, oqinning nomi unutildi. “Alpomish” xalq dostoniga aylandi…
O'ylab ko'ring, odamlar jam bo'lib, to'da-to'da bo'lib qo'shiqlar kuylashgan. Lekin yuz yoki ming kishining bir bo'lib she'r yozganini, qo'shiq bitganini kim eshitgan, kim ko'rgan? Albatta, qanchadan-qancha xalq dostonlari, qo'shiqlari, termalarini ham shu eldan yetishib chiqqan iste'dodlar bitganlar!
Hatto xalq maqollari ham elning donishlari, ko'pni ko'rgan fozillari tomonidan aytilgan. Uzoq yillar davomida kuzatishlar, tajriba va sinovlar mahsulida aytilgan bu hikmatlar. Lekin aynan kim aytgan, qachon aytgan? Buni hech kim bilmaydi. Bu hikmatlar “xalq maqollari” deb yuritiladi-da.
Bu orada necha ming-ming, yuz minglab, millionlab odam yashab o'tib ketaverishdi. Ne-ne suronlar, qirg'inbarot urushlar, burilishlaru o'pirilishlar, yaratishlaru bunyodkorliklarni, qanchadan-qancha tabiiy ofatlarni, xullas, ne bo'lsa Yaratgan boshiga solgan sinovlarni kechirgan el yashashda davom etdi. Ularning barisiga sukutdagi ona zamin, baland-pastliklardan iborat qirlar, dalalar, jarliklaru tekisliklar, qoyalaru baland o'rkachli tog'largina guvohdir.
O'tmish hikoyatlarda aytilganidek, buyuk jahongir Aleksandr Makedonskiy o'z qo'shini bilan Jayxundan kechib o'tar ekan, hayratdan lolu hayron bo'lib qoldi. Qarasa, bu qadim Baqtriya yerlari shu qadar go'zal, maftunkor ko'm-ko'k dalalarga, yaylovlarga ega edi. U ko'zlari yonib, shunday o'yladi: “Nahot, olamda mening Makedoniyamdan ham go'zalroq, obodroq joylar bo'lsa?!”
Ha, shunday edi. Qadimgi Sherobod qishloqlari to Denovgacha fayzli va hosildor yerlarga ega bo'lgan zamin edi.
Bu yurt tarixi bugun agar o'rganilgan bo'lsa, balki o'n foizi tadqiq qilingan bo'lsa, ajab emas. Chunki bugungi cho'l va sahrolarday tuyuladigan Bandixonning kengliklari, Qiziriqning qumliklarida ne-ne sirlar, hikmatlar yashirin. Ushbu yerlarda bundan ming-ming yillar avval yashagan ota-bobolarimiz qo'nalgohlarining qoldiqlari topilgan. Eng qizig'i, bu zaminda sopoldan yasalgan suv quvurlari, oqova suvlar tizimi hozirgi tilda aytadigan bo'lsak, “kanalizatsiya”ning barpo etilganining o'zi bizni ko'p narsalardan voqif etadi.
…Mengziyo Safarov bilan bo'lgan gurunglarni va unda aytilgan ko'p qiziq gaplarni oradan 30 yillar o'tib xotiramning allaqaysi bir “burchak”laridan titkilab eslamoqdaman. Albatta, u kishi gapirib bergan ko'p dalillar, faktlar esimdan chiqib ketgan. Lekin shu narsa xuddi kechagidek yodimdaki, yurt tarixini, o'tmishini jondan sevgan yozuvchi bu haqda ko'zlari yonib so'zlagan edi.
Istara qishloqlari haqida, hatto Mengziyo aka ham aniq bir gap aytmagan bo'lsa-da, bu nomning kecha paydo bo'lib qolmaganini, kimdir o'yin qilib qo'ymaganini anglab yetish qiyin emas. Aytaylik, bu yerda “Ashirxonning qudug'i” degan joy bor. Qip-qizil Qiziriq cho'lida bu quduqni kim qazigan? Demak, nomining o'zi aytib turibdi. Ashirxon degan bobomiz bosh bo'lgan bu yumushga. Quduq qachon qazilgan, Ashirxon bobo qachon yashab o'tgan? Bular haqida ham bugungilar aniq gap aytolmaydi.
O'zini Istaradan chiqqan olim va yozuvchi deb biluvchi bir akamizdan shu haqda so'radim: “Siz hamisha o'zingizni qiziriqlik katta ijodkor-adibman deysiz. Buning ustiga istaralikman deb maqtanasiz. Xo'sh, “Istara” degan nomning ma'nosini bilsangiz, bizga so'zlab bering!”
Javob shunday bo'ldi: “Men tarixiy narsalarni bilmayman. Bir-ikki soat o'ylab ko'rib, keyin fikr bildirsam bo'ladimi?”
Ana shu bir-ikki soatlar oylarga aylandi hamki, Istaraning nomi haqidagi fikrlarni hamkasb akamizdan hanuzgacha eshitmadik.
Xuddi shunday. Yillar o'tib boraveradi. Odamlar ham abadiy emas-da. Bu Surxon vohasidagi Istara kengliklariga nom qachon qo'yilgan, qanday ma'noga ega, qaysi manbalarda bu haqda qayd etilgan kabi savollarga javob topish zarur, albatta.
Mana sizga oddiygina tuyilgan savol va uning mushkul jumbog'i!
Albatta, bu kabi Istaradan ham qadimiyroq manzillar yurtimizda juda ko'p. Ularning nomlari ham turlicha va ayrimlari ko'p ajabtovur. Masalan, Surxondaryoning Qumqo'rg'on taraflariga yo'lingiz tushganda katta yo'l yoqasida “Boymoqli” degan yozuvga ko'zingiz tushadi. Bu ham bir qishloqning nomi. Lekin ma'nosi nima? “Boyimoq” degan so'zidan olinganmi? Agar shunday sodda o'ylasak, bu xato bo'lsa kerak. O'zbek urug'lari, aymoqlari nomiga oid desangiz, to'g'riroq bo'lar. Yana shu narsa aniqki, bu nomlar juda qadimiy va hech birisi bekordan-bekorga qo'yilmagan.
Demak, kamina ham tug'ilib-o'sgan “Istara” mahallasining nomi, atamasi haqida bugun nima deyish mumkin? Haqiqatan ham “istarali odamlar yashaydi” degan ma'noga egami?
Menga qolsa, bu fikrni yuz foiz qo'llab-quvvatlagan bo'lar edim. Chunki bu yerda rostdan ham istarali odamlar yashashadi. Biroq “is-ifor”li degan gap ko'proq haqiqatga yaqinga o'xshaydi. Sababi, bir paytlar keng va go'zal dalalarga, adirlarga ega bo'lgan bu yerlar ming xil gul-chechaklarga va chuchmomalarga to'la bo'lgan. Shuning uchun ham bobolarimiz “isini qarang, iforini qarang, ajoyib is taratar ekan, istara ekan” deyishgan bo'lsa, ne ajab!
Shubhasiz, bu haqda darrov bir xulosa yasashga shoshilmaymiz. Chunki Istara nomi, bu makon tarixi, buguni xususida bir nechta kitoblar ham chop etilgan. Ulardan biri shu yerlik oqsoqollardan biri va ushbu xo'jalikning bir qancha yillar rahbari (sovxoz direktori) bo'lib ishlagan G'affor Xoliqovning “Istaraning jamoli” degan mo''jazgina kitobchasida ko'proq shu yerdan yetishib chiqqan peshqadam dehqonlar, xo'jalikni obod qilishda mehnati singgan insonlar faoliyatiga o'rin berilgan bo'lsa, nafaqat Surxondaryoning mashhur shoiri hisoblanmish, balki respublikamizda ham juda ko'pchilik yaxshi biladigan, ne-ne mashhur zotlarning e'tiboriga tushgan baxshi-shoir Karim Mallayevning ham “Istaraliklar” kitobi 2013 yili Toshkentdagi “Tafakkur” nashriyotida chop etilgan. Shuni aytish kerakki, ushbu kitob juda kam adadda nashr etilgan bo'lsa-da, ancha pishiq, chuqur tahlillarga asosan yozilgan.
Karim Mallayevning “Istaraliklar” to'plami xususida quyida batafsilroq to'xtalish niyatimiz bor. Hozir esa biroz so'zimiz ana shu baxshi shoir haqida bo'lsin.
“Ijodkorlar va oddiy xalq orasida Karim Mallayev haqida gap ketganda lablarda samimiy bir jilmayish paydo bo'ladi:
— Boladay beg'uborligi bor, — deydi kimdir.
— Baxshilarga xos quvligi ham, gapni yotib otarligi ham bor, — deydi boshqasi.
— Eng muhimi, qalbi toza, shukronaligi bor, — yana birov mulohaza bildiradi.
— Hammada har xil fe'l bor. Qani endi hammaga ham Xudoyim halimlik, to'g'riso'zlik, ochiq chehralik fe'lini bersa, — deydi davradagilardan yana biri.
Qisqasi, qaysi davrada bo'lsangiz ham, u haqda salbiy baho eshitmaysiz, iliq so'z eshitasiz. Iliqlik esa tozalikka xizmat qiladi”.
Bu samimiy e'tiroflar Surxonning katta shoirlaridan biri bo'lgan Bolta Yoriyev tomonidan Karim Mallayevning hayoti va ijodi haqida yozgan “Baxshi-shoir olami” deb nomlangan kitobidagi kirish so'zlaridan olindi. Darhaqiqat, Istaraning Oqjar (nomga e'tibor bering, ajdar emas, oq-jar. Bu haqda ham ko'p to'xtalish mumkin) qishlog'ida yashab, bir umr halol mehnat qilib, hozirgi kunda ham ulug' yoshda bo'lsa-da, dala, ro'zg'or yumushlaridan ortib, yana ijod bilan mashg'ul bo'lib kelayotgan Karim Mallayev o'ziga xos iste'dodli shoirdir. Uning shu paytgacha o'nlab kitoblari nashr etilgan. U 1938 yilning 28 martida Oqjar qishlog'ida tug'ilgan. Bolta Yoriyevning kitobida yozilishicha, Karim akaning otasini Malla Toshboy, Malla chobag'on deyishardi. Istarada dehqon, so'ngra brigada boshlig'i bo'lib ishlagan. Karim akaning o'zi ham xo'jalikda brigada boshlig'i bo'lib ishlagan. Bolalik chog'larini xotirlar ekan, u Istara, Sherobod, Boysun dala-dashtlarida qo'y-qo'zilar boqqanini, umrining eng zavqli pallalari Istarada, Oqjarda kechganini hamisha mamnuniyat bilan ta'kidlaydi. Uning birinchi kitobi — “Erka sanamlar” Toshkentda 1991 yili G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida chop etilgandi.
Yonimda sen borsan, armonlarim yo'q,
Hali seni ko'raman deb yurganlarim yo'q,
To'rt tomonim qibla, yo'llarim yorug',
O'zin bilmas og'zi polvonlarim yo'q.
* * *
Bulbulni ko'raman bog'lar ichinda,
Quzg'unni ko'raman dog'lar ichinda,
Birisi yayratar, biri qaqshatar,
Goh murtad ko'raman sog'lar ichinda.
Bu yanglig' o'tli, xalqona satrlar Karim Mallayev ijodida serob. U bugun tabarruk 85 yoshdan oshdi. Mabodo, shoirning Oqjar qishlog'idagi kamtarona uyiga borsangiz, u sizni o'zining shaxsiy muzeyiga, albatta, taklif etadi. Ha, ajablanmang, chinakam muzeyning o'zi. Unda kamida yuz yillik tarix bor. Erinmagan shoir Surxondaryodan yetishib chiqqan birorta ijodkorni ham, rahbarni ham qoldirmay, ularning har biriga bitta “plakat” yasagan. Unda ijodkor bilan yoxud mahalliy rahbar bilan qachon ko'rishgan, biror asari, hatto uning biror she'ri qachon va qaysi nashrda chiqqan… Bari bor. Bundan tashqari, u juda ko'plab xalq baxshichilik san'ati, milliy qadriyatlar, el orasida xizmati singgan turli kasb egalari haqida yuzlab maqolalar yozdi. Uning maqolalari, she'rlari, dostonlarini chop etmagan Surxondaryoda birorta gazeta-jurnal yo'q, desak xato bo'lmaydi. Yoki ancha yillar oldin Karim Mallayev 35-40 yoshlarda to'y-tantanalarda raislik qilar, davraga moslab she'rlar to'qir edi.
Endi uning yuqorida tilga olganimiz “Istaraliklar” kitobi haqida. Muallif shunday yozadi:
“Oqjarlik 92 yashar Ochil bobo Doniyorovning aytishiga qaraganda, 500 yil muqaddam Sherobod tumanining kunchiqar tomonidan adir bo'ylab ketgan yo'lning ustki tomonida Oqjar degan joyda uchta aka-ukalar yashagan ekanlar, kattasining oti Shayman, o'rtanchasining oti Bayman, kenjasining oti Hojiqul bo'lgan, bular shu joyda tug'ilib, shu yerda ulg'ayishgan…”
Shunday qilib, Karim Mallayevning yozishicha, ana shu aka-ukalar o'zlaridan ko'payishib boraverishgan. Bir kuni ular otlarini minishib, adir-qirlarni, havorliklarni tomosha qilib, butun hududni aylanib chiqishsa, bir joyda hamma tomoni sap-sariq bo'lib gullab turgan tabiiy o't-o'lanlar bosib yotgan emish. Bundan bahri-dillari ochilib, “shu joyga ko'chib o'tamiz” deyishib, shu yerga ko'chib o'tadilar. Ular bu o't-o'lanlarning nomini so'rashganda o'sha vaqtdagi Sultonbek degan peshvolardan biri “bu o't-o'lanlar isparak, bahor oylarida qiyg'os bo'lib gullaydi, juda xosiyatli o't” deb ta'rif beradi.
Xullas, keksa otaxon Ochil bobo Doniyorovning aytishlaricha, ana shu Isparak nomi keyinchalik Istara bo'lib ketgan.
“Bundan 500 yil oldin o'tgan uchta aka-uka, Shayman, Bayman, Hojiqullardan tarqalgan ajdodlardan istaraliklar kelib chiqqan ekan. Istara xalqidan tashqari, Gilambob, Gala, Qiyg'ochli, Xo'jaqiya, Cho'yinchi, Tallimaron elatlari ham shu aka-ukalardan ko'payganlar. Karmaki, Qishloq azon elatlari ham keyinchalik istaraliklar bo'lib ketgan”.
Karim Mallayevning kitobi yana shunisi bilan ham ahamiyatliki, unda qariyb bir asrdan ziyod avval yashab o'tgan qishloqdoshlar, bu yerga oqsoqollik qilgan kayvonilar, mashhur kishilar haqida hikoya qiladi. Bu ma'lumotlar esa hozir hatto muzeylarda ham yo'q. Aytaylik, muallif o'tgan asrning 20-yillarida mashhur Qoratog' kanalini qazishga borgan Mamatali bobo Jo'rayev, Malla bobo Toshboyev, Ollanazar bobo Qosimov, Xudoyqul bobo Pirimqulovlar bilan 1977 yilda qilgan suhbatlarini keltiradi. Ular Yo'ldosh Oxunboboyev bilan hamsuhbat bo'lganini, o'sha paytda O'zbekistonning birinchi rahbari bo'lgan Yo'ldosh otaning “Qoratog'” kanalining suvi Surxondaryoga quyiladi, Surxondaryoning suvi kanal orqali Sherobod tomon oqib, Istara degan joylarni obod qilib, bog'u bo'stonga aylantiradi. Istara cho'llarida ko'k choy yetishtirsa, mo'l hosil beradi. Hali ko'rasizlar, u joylar gullab-yashnaydi”, degan gaplarini o'z quloqlari bilan eshitganliklarini aytishadi.
Yoki 1930 yillarda istaralik Amir Obdalovning xo'jalikka rahbar bo'lishi, istaraliklardan yana biri Abdunazar Jo'raboyevning o'sha paytdagi kolxoz raisidan ham obro'si baland bo'lib ketgani sababli tuhmatdan jabr ko'rgani-yu, vaqtlar o'tib nomini tiklagani, bundan tashqari, Mamarajab bobo Abdushukurov, Hasan Allayorov kabi oqsoqollarning umr yo'llari hikoya qilinadi. Bu fidoyi insonlarning soni juda ko'p: Xushboq Qurbonov, Qora Xushnazarov, Xudoyqul oxun Xoliyor o'g'li, Marday Haydarov, O'zbekxon Ismoilov, Parda Boboqulov, Ochil bobo Doniyorov, Yoqub Alimov, mulla Mamashukur oxun, Mamarajab Abdushukurov, Nurmuhammad Xushboqov, To'ra Toshboyev, Abdusalom Sattorov, Ahmad Doniyorov, Chori Xudoyqulov, Abdurasul Mallayev, Mamatali Jo'rayev, Yo'ldosh Choriyev, Ahmad Xudoyqulov, Abduxalil Abdunazarov, Nomoz Xudoyqulov, Yoqub Alimov, Quvondiq Xushboqov…
Bu nomlar — ularning har biri elga mehnati singgan odamlar. Afsuski, ularning ko'pchiligi bugun hayot emas. O'tgan asrning eng buyuk suv inshootlaridan biri bo'lgan “Katta Farg'ona” kanali qurilishida ham, vohadagi “Sherobod”, “Zang” singari yirik kanallarning bunyod etilishida ham yuzlab istaraliklar qatnashganligi tarixiy ma'lumotlarda qayd etilgan.
Shoir Karim Mallayev kitobida hatto o'z mahalladoshi, bundan 15-20 yil avval nafaqat O'zbekistonda, balki butun dunyoda eng baland, novcha odam sifatida mashhur bo'lgan Isroil Xushboqov haqida ham ma'lumot beradi. Novchaning bo'yi qariyb 2,5 metrga yetgan edi.
— U istaralik “Gulliver” Normon pochtachining o'g'li, aniqrog'i, mening jiyanim edi. Bo'yi 2 metr 48 santimetr bo'lgan. Uni hatto yaponlar ham so'rashgan, yashashga taklif qilishgandi. U juda mashhur bo'lib ketgandi. Butun dunyo matbuoti u haqda ko'p yozdi. Lekin 2009 yili 30 yoshlarida vafot etdi, deb hikoya qilgandi istaralik jurnalist Jovli Xushboqov.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ham ayon bo'ladiki, Istara eli o'ziga xos xususiyatlarga, e'tiborga molik makonga ega.
Bir gal Istara nomi haqida gap ketganida surxondaryolik taniqli shoir, jurnalist Safar Omon ham fikr bildirgani esimda. Adashmasam, u shunday degandi:
“Istara asli turkiy so'z bo'lib, ista, istamoq, xohish, tanlash, tanlamoq ma'nolarini bildiradi. Masalan, turklarning mashhur shahri Istanbul so'zining ma'nosi ham xuddi shunday. Chunki Usmoniylar o'sha zamonlarda dengiz bo'yidagi bu joylarga boqib “biz istagan, biz xohlagan joy mana shu yer ekan” deya bu hududning nomini Istanbul deb atagan bo'lishsa, ajab emas. Endi mumtoz adabiyotni oladigan bo'lsak, Alisher Navoiy, Ogahiy, Maxtumquli, Boborahim Mashrab, Lutfiy, Furqat singari mumtoz shoirlar ijodida ham “ista, istam, istaram, istara” kabi so'zlar bot-bot ishlatilganiga guvoh bo'lamiz. Demak, shulardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, istara “ista” so'z o'zagidan bir nechta yangi so'zlar yaratilganki, bu mumtoz turkiy adabiyotning va mumtoz turkiy tillarning hosilasidan kelib chiqqan. Chunki bu nomdagi joylar nafaqat Surxondaryoning o'zida bir nechta hududlarda uchraydi, balki boshqa bir qancha turkiy ellarda ham mavjud. Shundan kelib chiqib aytish o'rinli bo'lardiki, Qiziriq tumanidagi Istara degan joy ham bir qancha asrlar oldin donishmand va zakiy bobolarimiz tomonidan makon tutish uchun mana shunday atalgan.”
Ko'ryapsizki, Istara to'g'risida bir-biridan e'tiborli, mazmunli, ishonchli fikrlar o'rtaga tashlanmoqda. Ularning har birida o'ziga yarasha mantiq, asoslar mavjud. Ammo nima bo'lganda ham bu makon tarixiy va o'z ildiziga, qadriyatlariga ega.
Shunday qilib, ushbu tadqiqotimizda Istara nomining ma'nosi va kelib chiqishi bo'yicha quyidagicha to'xtamga kelishimiz mumkin:
- “Istara” turkiy so'z bo'lib, istar, istak, istamoq, istaram, istayman kabi so'zlar o'zagidan hosil bo'lgan;
- Is-ifor, xushbo'y, go'zal, chiroyli, istarali ma'nolarini o'zida mujassam etgan;
- Isparak — tabiiy o't, chechak, o'simlik nomidan kelib chiqqan;
- Qadimgi “Isfara” nomi ham Istaraga juda yaqin so'z ekanligini ta'kidlash joiz.
Mayli, nima bo'lganda ham Istara kengliklari, bu yerda yashovchi el o'z makonlari haqida bugun ana shunday ma'lumotga ega ekanligi muhim. Bu haqda ayniqsa yoshlar, kelajagimiz egalari bo'lgan avlod ozmi-ko'pmi fikrga, ma'lumotga muyassar bo'la olishlari uchun ham ana shu mulohazalarni yuritdik, kichik tadqiqot o'tkazdik. Axir bugun ming afsuslar bo'lsinki, ko'pgina yoshlar faqat telefonga termulib na o'zi yashaydigan qishlog'i, na o'zining urug'-aymog'i, na bir ajdodlari haqida lom-mim deyisholmaydi. O'z tarixi, ota-bobolari, yetti pushtini bilmaslik, aslida gumrohlik belgisidir. Zero, bizning ota-bobolarimizni qattol siyosat “savodsiz” atab, aslida bugungi “o'qimishli” avlodni tarbiyaladi. Ammo avvalgi odamlarning hatto maktab ko'rmaganlari ham o'z ota-bobolari tarixini, avlod-ajdodini yaxshi bilishar edi. So'zlashganlarida faqat maqollar, matallar bilan gapirishgan. “Alpomish”, “Go'ro'g'li” dostonlarini, o'nlab xalq laparlarini yoddan bilishgan!
Bugun-chi, hozirgi avlod vakillarining necha foizi nechta she'rni yoddan ayta biladi, nechta xalq maqollari-hikmatlaridan boxabar? Shunday ekan, bu masalalarga jiddiy e'tibor qaratish zarur.
Istarada o'zbekning to'qson ikki urug'ining eng kattasi bo'lgan Qo'ng'irot elining Oqtamg'ali urug'iga kiruvchi Ochamayli aymog'iga mansub bo'lgan “Ko'sa”, “Irimi”, “Shixbacha”, “Qayg'i” dahalari yashaydi. Asosan, unga bugungi “Novbur”, “Oqjar”, “Karmaki”, “Chorvador”, “Qishloq azon” ovullari kiradi.
So'zni istaraliklar haqida yana davom ettirsak, kamina ham shu makonda o'sib-ulg'aygan bir inson sifatida aytishim joizki, bu yerda elga mashhur bo'lgan Norqobil, Rahmat, Xursand, Xurram, O'roz, Egamberdi va Tangir chabag'on singari nihoyatda epchil, ko'pkarida misli ko'rilmagan natijalarga erishgan kishilar yashagan. Aytaylik, Istarada Tangir Xudoyberdiyevni tanimagan odam yo'q edi. U hozirgi kunda ham umr kechirayotgan, 90 yoshdan oshgan Noray xolamning xo'jayini edi. Ya'ni bizga ham pochcha, ham bobo edi. Juda yaxshi eslayman, Tangir bobo nihoyatda so'zamol kishi bo'lib, 60-65 yoshlarida ham g'ayrati ichiga sig'maydigan odam edi. Xo'jalikda brigadir ham bo'lgan, to'ylarda bakovullik ham qilgan. Yoshligida kurash ham tushgan. Eng mashhur hayotiy hangomalar, latifalar ham bizning bo'lalarimizning otasi bo'lmish Tangir boboga tegishli edi. Ulardan ayrimlarini bolaligimda eshitganman. Bir kuni bobomizga xo'jalikdan yangi traktor berishsa, negadir u yaxshi yurmas emish. Shunda bobomiz “ustachilik” qobiliyatini ishga solib, yangi traktorning motorini qirq bo'lakka bo'ladi-da, qaytadan terib chiqadi. Ammo qarasa, yangi traktorning motoridan bir hovuch detallar “ortib” qoladi. Shunda bobomiz: “E, bu zavoddagilar ham qiziq ekan, bilishmas ekan, ortiqcha-ikkitadan qo'yishibdi” deya traktorni o't oldirsa, ko'p o'tmay motorining erib ketgani yoki yangi mototsiklni “bu jonivorni qancha bossa, shuncha yo'l deydi-ya” deb, tezligining bor ko'rsatkichi — 140 tezlikka chiqargani, yo'lda ulovning akkumulyatori tushib qolgani, qishloq bolalarini sunnat qilish uchun ustachilik ham qilgani, qishloqda qaysidir bolani sunnat qilayotganida esa o'tkir paki “yugurib” ketib to'y bolaning son qismini biroz “timdalagani” va shunga o'xshash hangomalar juda ko'p edi. Rahmatli Tangir bobomiz suhbatlashganda juda berilib suhbat qurar, bizning uyimizga kelganda esa rahmatli padari buzrukvorimiz, ya'ni bojalari bilan “shoshmang, shoshmang, polvon, avval men gapiray” deb bir-birlariga gap bermasdan gurunglashishlariga juda ko'p bora guvoh bo'lganman. Yana shuni aytish kerakki, Tangir bobomiz birovga yomonligi yo'q, ichida kiri yo'q, mard va tanti xislatlarga ega inson edi.
Aytgancha, Istara o'zining nomdor polvonlari bilan ham hamisha mashhur bo'lgan. Unda Yo'ldosh polvon, Yaxshiboy polvon, Norqobil polvon, Jovli polvon, O'sar polvon, Safar polvon, Qodir polvon singari kuragi yerga tegmagan kurashchilar nafaqat Surxon elida, balki butun qo'shni respublikalarda ham mashhur bo'lishgan. Hozirgi kunda esa bu polvonlarning farzandlari, nabiralari katta-katta davralarni o'ziga qaratishmoqda. Jumladan, Ulug'bekxon Ismoilov, Yusuf Abdurahmonov, Faxriddin va Nuriddin Shonazarov, Normo'min Poyonov singari polvonlar O'zbekiston chempionlari sanaladi.
…Men rahmatli otamizdan ko'p eshitganman, u kishi hamisha Fayzullaxon, Mo'minxon, Ismoilxon, Bo'rixon, O'zbekxon, To'xtamishxon, Ochildixon, Yusufxon, Ahmadxon eshon bobolar haqida qiziq-qiziq gaplarni aytib berardi. Bu eshon bobolarning karomatlari, ulug' fazilatlari haqida. Ular Istara qishlog'ining eng obro'li insonlaridan bo'lishgan. Bugungi kunda ham ularning farzandlari, nabira-yu chevaralari shu yerda yashashadi. O'z o'rniga, hurmatiga, obro'siga ega odamlar.
Karomatli insonlar, g'aroyib fazilatli kishilar haqida gapirganda, aytish kerakki, bunday qobiliyatli odamlar faqatgina chet ellarda emas, balki o'zimizda ham yashashadi. Aytaylik, Istarada ham shundaylar bor.
Bilsangiz, Toshkenti azimda kennayi deyishadi, Surxon elida, ayniqsa qishloqlarida yangani checha deyishadi. Kamina katta Abdimurod akamning turmush o'rtog'i Bibidona chechamdan bir g'aroyib fazilatli qiz haqida oldin ko'p marta eshitgan bo'lsam ham, har gal qishloqqa borganimda yana shu haqda qayta so'rayveraman. Checham ham erinmay men — qaynisiga u haqida so'ylayveradi. Xullas, Jumavoy aka degan odamning 1989 yilda tug'ilgan Feruza ismli qizi g'aroyib qobiliyatga, odam tushunmaydigan fazilatga ega ekan. U tilini chiqarib burniga tekkizar, odamlarning nima o'ylab turganini bexato aytar, kimning qanday kasal-dardi borligini ham aniq aytib berarkan. Garchi o'zi dalli-devonadek bo'lib yursa-da, lekin har bir aytgan gapi chippa-chin chiqar ekan. U qishloqda kim to'y qilsa, uni aytsa-aytmasa to'yxonaga kelar, to'y egasidan bitta ro'mol va bitta “Pepsi” yoki “Fanta” ichimligini so'rar ekan. Aytishlaricha, o'g'lini uyli qilayotgan qishloqdoshlarimizdan biri bir safar uni quvib solibdi. So'ragan narsasini ham bermabdi. Shunda u: “Qarab turinglar, bugun to'y bo'lmaydi”, deya ketib qolibdi. Ne ajabki, chindan ham to'y buzilibdi. O'z-o'zidan kuyov aynib qolib, to'yga chiqmabdi, to'y qoldirilibdi. Yoki boshqa bir voqea. Bundan 9-10 yilcha avval prokuror boshliq kattakonlar defoliatsiya qildirish uchun paxta dalasida turishgan ekan. U paytlar mahalliy xalq “Kukuruz” deb ataydigan kichik samolyotda dalaga dori sepilar edi. Feruza qishloqdoshimiz esa ular yoniga borib, “samolyotda uchgim kelyapti, men ham samolyotga chiqaman, sayr qildiringlar” debdi. Shunda kattakonlar Feruzani turgan gapki haydab yuborishgan. U: “Mayli, lekin aytib qo'yay, samolyotlaring uchmaydi” degan-u uyiga ravona bo'lgan. Buni qarang, bu afsona emas, aytishlaricha, rostdan ham samolyot uchuvchisi qancha harakat qilmasin, ucholmabdi. Samolyot motori o't olmas emish. Shunda kerakli mutaxassislarni chaqirishsa ham uni tuzatisha olishmabdi. Noiloj, bu qizning uyiga borishib, yalinib-yolvorishib, uni olib kelishsa, “buzuq” samolyot birdan soz bo'lib qolibdi. Albatta, g'aroyib qizning istagini ham bajarishlariga to'g'ri kelgan. U o'sha kuni maza qilib samolyotda sayr qilibdi.
Afsuski, bundan bir necha yil avval bu g'aroyib qobiliyatli qiz vafot etibdi. Lekin chechamning aytishicha, Feruza o'limi haqida ham o'zi oldindan bashorat qilgan ekan.
Endi muxtasar Istaraning bugungi odamlari haqida: bu yerda mohir shifokorlar, iqtidorli iqtisodchilar, huquqshunoslar, o'z kasbiga chin dildan mehr qo'ygan muallim-pedagoglar, san'at yo'lida o'ziga xos iste'dodga ega bo'lgan qo'shiqchilar, baxshilar yashaydi. Istaradan Soatmurod Norqobilov, Abdulla Jovliyev, Abdurashid Allanazarov, Abdimurod Xudoyqulov, Xudoyor Muhammadiyev, Jovli Xolmurodov, Xo'jayor Ibodov, Ismoil Mahmadiyorov, Zoyir G'afforov, Eshonqul Xoliqov, Tursunpo'lat Allamurodov, Toshpo'lat Mamathakimov, Eshdavlat Pardayev, Rayim Xo'jaqulov va boshqa ko'plab taniqli insonlar yetishib chiqqan. Ularning biri iqtisod fanlari doktori, professor bo'lsa, boshqa biri tibbiyot fanlari doktori, mashhur shifokor hisoblanadi. Yana boshqalari davlat va jamoat ishlarida, mas'ul vazifalarda mehnat qilgan taniqli kishilardir.
Istara — yorqin ijodkorlarga ega el. Yuqorida butun mamlakatimizga taniqli bo'lgan baxshi-shoir Karim Mallayev haqida biroz to'xtalib o'tdik. Uning “Istaraliklar” kitobida alohida ta'kidlanishicha, bu qishloqdan yetishib chiqqan katta iste'dodlardan biri 1866 yilda tug'ilgan va 1920 yilda vafot etgan mashhur oqin, shoir Sherna baxshi o'z davrida tillarda doston bo'lgan. Aytishlaricha, Sherna shoir Sherobod bekligining baxshilari aytishuvida g'olib bo'lgan, “Alpomish”, “Go'ro'g'li” turkumiga kiruvchi 40 ga yaqin dostonni yoddan bilgan. O'zi ham ko'plab she'rlar, termalar, o'lanlar to'qigan.
Istaradan yana bir baxshi — O'zbekiston xalq baxshisi Xushboq baxshi Mardonaqulov ham yetishib chiqdi. Alloh rahmat qilsin, o'tgan yili bandalik qilgan. Yana Yaxshiboy Jabborov, Jovli Xushboq, Qodir Norbo'tayev, Qurbongul Egamberdiyeva, Chori Jumaqulov va G'ayrat Xudoyberdiyev singari taniqli ijodkorlarni elu yurt yaxshi biladi. Ayniqsa, Yaxshiboy Jabborov katta shoir edi. U qand xastaligi tufayli bundan yigirma yilcha avval olamdan o'tgan. Shoirning kitoblarini chop etish zarur, albatta.
Ko'ngilga taskin beradigani shuki, bugun Istara elidan bir-biridan iqtidorli yoshlar yetishib chiqmoqda. Ulardan biri mashhur haykaltarosh O'rol Husanovdir. Uning yaratgan asarlari ko'pchilikning e'tiborini qozonmoqda. Istaralik mashhur san'atkorlardan Yomg'ir Suyunchaliyev, Qurbon Karimov, To'ra Mamatqulov, Umid Nazarov va boshqalarni aytish mumkin.
Darvoqe, Istara mohir fermerlar, ilg'or chorvadorlar, bog'bonlar yurti hamdir. Ularning erishayotgan yutuqlari, ishlari haqida ko'p to'xtalish mumkin. Nasib etsa, bu haqda keyingi so'zimizda yanada batafsilroq hikoya etish niyatidamiz.
Abdirasul JUMAQUL,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.